So‘nggi vaqtlarda aktyor va rejissor Alisher Uzoqovning vafot etgani haqida tarqalgan mish-mishlar qo‘shni mamlakatlardagi o‘zbekistonliklarning ham qulog‘iga borib yetdi, deb yozadi “Qalampir.uz”. Mish-mishlarga oydinlik kiritish uchun nashr aktyor Alisher Uzoqov bilan bog‘landi.
“Shukur tirikman! Muxlislar Alisher Uzoqov saraton kasaliga chalingan degan gaplarga ham yo vafot etibdi degan mish-mishlarga ham ishonmasin. Sog‘lig‘imdan hech qanday shikoyatim yo‘q. Odamlarni bilasiz-ku, ko‘rmasdan, bilmasdan turib yangi gaplarni o‘ylab topadi. Shu kunlarda yangi film ustida ish boshlaganman. Ayni vaqtda o‘z uyimda ssenariy yozib o‘tiribman”, — dedi Alisher Uzoqov.
Nashrning qayd etishicha, aktyor haqidagi turli mish-mishlarning tarqalishiga uning ikki yildan buyon TV orqali ko‘rinmay qolgani sabab bo‘lgan. Uzoqov so‘ngi bor 2015-yilda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan rejissor Yolqin To‘ychiyevning “Hayotda” nomli filmida suratga tushgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning oktabr oyida ham Alisher Uzoqovning hayotdan ko‘z yumgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalgan.