Hozirgi tezkor rivojlanish davrida yoshlarning aksariyat qismi oliy ta`lim olish istagida va harakatida. Buni mamlakatimiz OTMlariga hujjat topshirgan abituriyentlar sonining beto'xtov o'sish dinamikasi ham ko'rsatib turibdi. Son bilan birga sifatning ham oshayotgani e`tiborga loyiq. 10 yil oldingi holat bilan solishtiradigan bo'lsak, hozirgi abituriyentlarning aksariyat qismi imtihonlar uchun anchayin sifatli va samarali tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu yo'nalishda repititorlik, nodavlat ta`lim muassasalari xizmatlari tahsinga loyiq.
Abituriyentlar sifatli tayyorgarlik evaziga o'qishga kirmoqda, lekin, ular buning evaziga 100 foiz sifatga javob beradigan ta`lim olishadimi? O'sha 100 foizga yetish yo'lidagi muammolarni o'z nuqtai nazarim asosida keltirib o'tsam.
Kirish imtihonlaridagi muammolar
Hujjat topshirish tizimini zamon talablariga moslash kerak. Bu o'ta dolzarb masaladir. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari asrida yashamoqdamiz-u, hali-hamon o'qishga hujjat tayyorlayotgan, boshqa viloyat OTMiga borib topshirib, imtihongacha yana sargardon yurganlarga ko'zimiz tushadi.
Vaholanki, AQSh va Yevropaning yetakchi davlatlari hujjatlarni elektron shaklda, masofadan turib qabul qilishga o'tganiga ancha bo'lib qoldi. Haqiqatdan ham g'alati holat. Bir tanishim bakalavrga kirish imtihoni uchun poytaxtga bir oy ichida 4 marta borib kelgani esimda. Bakalavrni tugatgach esa magistraturaga AQShning Kaliforniya shtatidagi bir universitetga okeanning bu tomonida turib hujjat ham topshirdi, onlayn imtihon ham topshirib o'qishga kirdi. Axir bu ajoyibku, to'g'rimi?
Xullas, hujjat topshirish elektron shaklga o'tkazilsa, abituriyentlarning ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Qabul qiluvchi komissiya ham birinchi 5 kunlikda kuniga 5tadan, oxirgi 5 kunligida esa 500ta hujjat qabul qilish muammosidan xalos bo'ladi. Bu ikki tomonlama foydali va zamon talabiga to'liq javob beradigan o'zgarish bo'lar edi, agar sodir bo'lsa.
Yildan yilga qiyinlashib borayotgan kirish imtihonlari abituriyentlarga yetarlicha muammolar va bir talay ish orttirmoqda. Imtihonlarni samarali tashkil etish degani bu savollarnigina qiyinlashtirish evaziga sun`iy to'siqlar yaratish, degani emas, menimcha. Chunki savol ob`yekti tobora maydalashib, mujmallashib abituriyentni keragidan ortiq qiynab yubormoqda. Bunday holatlarni ona tili va adabiyot hamda tarix fanlarida yaqqol kuzatishimiz mumkin, boshqa fanlar ham bundan mustasno emas.
Bundan tashqari, 36 talik 3 blokli test ham ba`zida samara bermayotganini kuzatishimiz mumkin. Misol tariqasida olsak, kirish balli 75-85 oralig'ida bo'ladigan yo'nalishga qanday abituriyent o'qishga kiradi degan savolni beraman. Ha, topdingiz, faqatgina omadli abituriyent! Lekin gap ta`lim haqida borar ekan birinchi navbatda ilm olgan abituriyent o'qishga kirishi lozim.
Ko'pchilik yo'nalishlarda (ijtimoiy gumanitar yo'nalishlar mustasno) ona tili va adabiyoti fani eng kam ball keltiradigan savollar hisoblanadi(1,1×36=39,6). Tabiiyki, dastlabki, ya`ni yuqori ball to'plash mumkin bo'lgan fanlardan yaxshi tayyorgarlik ko'rishning o'zi talabalikka yo'l ocha oladi. Xo'sh,endi o'ylab ko'ring, ona tili va adabiyoti fanidan hech qanday tayyorgarlik ko'rmagan talaba oliy ma`lumotli bo'ldi ham deylik, keyin-chi? Jamiyatda uchrayotgan savodsizlarcha yozilgan yozuvlar, hujjatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi qoldirilayotgan xabarlarning muallifi kim deb o'ylaysiz? Ha, o'sha oliy ma`lumotli savodsizlar! Demoqchimanki, kirish imtihonida ta`lim yo'nalishidan qat`i nazar, har bir fan uchun alohida muayyan talablarga javob beradigan abituriyentni qabul qilish kerak. Shundagina sifatli kadr tayyorlash mumkin bo'ladi. Bu — zamon talabi.
Sifatli oliy ta`lim olish sifatli abituriyentga nasib qilishi kerak. Ba`zida 1 avgust imtihonlarida xalq tilida aytganda «avtomat», ya`ni imtihon topshiriladigan fanni to'liq o'zlashtirgan, har qanday savollarga tayyor abituriyentlar «qovun tushurib qo'ygani» haqida eshitib qolamiz. Vaholanki u talabalik nasib qilgan «omadli»dan ko'ra kuchliroq tayyorgarlik ko'rgan va tabiiyki, bilimliroq bo'lib chiqadi. Demak, muddao shuki, butun boshli imtihonni bir kunning o'zida emas, xorij universitetlari singari, bosqichma-bosqich va qo'shimcha imkoniyat bilan topshira olish sharoitini yaratish kerak.
Men hatto shunday talabalarni bilaman, ular o'qishga topshirayotganida bu yo'nalishda ta`lim berishning maqsadini bilmagan, tushunmagan hattoki qiziqmagan. Bu kabi «talabalar» o'tish ballari orasidan o'ziga «mos»ini tanlab talaba bo'lishgan. Yuqoridagi 75-85 balli yo'nalishlar bu kabi «ziyoli»lar bilan to'lib toshgan, desam ishonavering. Bu misolni keltirishdan muddaom shuki, avvalo bo'lajak talaba faqat omaddan tashqari bilim va fikrlash doirasiga ega, jamiyatning faol a`zosi ekaniga ishonch hosil qilish kerak. Yaqinda bu omil haqida Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan berilgan axborotda ma`lumot berildi. Ya`ni hujjat topshirish jarayonida abituriyent suhbatdan o'tishi ko'zda tutilgan. Bu o'zgarish qachondan va qay tarzda amalga oshirilishi hali bizga noma`lum.
Bundan tashqari, xorijning yetakchi ta`lim muassasalari qo'llayotgan usullarni bizda ham o'zimizga moslab ishlab chiqish va tatbiq qilish lozim. Bunga misol tariqasida suhbat (interview) va sertifikatlar joriy qilishni keltirish mumkin.
Yuqoridagi keltirilgan qarashlar qabul komissiyasi tomonidan ro'yobga chiqarilsa o'z-o'zidan bo'lajak talabalar ham bunga mos tayyorgarlik ko'radi. Ta`lim sifati haqiqiy talabga javob beradigan darajaga olib chiqiladi.
O.Ozodov