Rejissyor Zebo Navro‘zova va aktrisa Asal Shodiyeva “Darakchi” tahririyatida mehmon bo‘ldi va ko‘plab qiziqarli savollarga javob berdi. Xususan, Zebo Navro‘zova o‘g‘li Shohruxxon va kelini Asalning sevgi tarixi haqida so‘zlab berdi.
– Bu voqeaning tarixi uzun… Bir boshidan gapirib bera qolay. Yodingizda bo‘lsa, Shohruxxon kliplaridan biriga Asalni taklif etgan edi. O‘sha hamkorlikdan so‘ng turli gap-so‘zlar “bolalay” boshlagandi. O‘sha paytlarda biz kinoijodkorlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan yozgi oromgohda yig‘ilgandik. Shunda birinchi marta Asal bilan yaqindan tanishganman. Ilgari munosabatimiz salom-alikdan nariga o‘tmagan. Xullas, o‘sha tadbirda, hamma o‘zi bilan ovora, men esa kelganlar orasidan kelin izlashni boshlaganman. Shu payt Asalga ko‘zim tushdi.
Xudo o‘zi ko‘nglimga solganmi bilmayman, nima qilmay shu qizga qarayverganman-da. Keyin o‘zimcha, oydakgina qiz ekan, odamlar bekorga gapirmas ekan, Asalni kelin qilib qo‘ya qolsam bo‘larkan, deb o‘ylab qo‘yganman. Eng qizig‘i, o‘sha tadbirda qaynonalardek uning nima ish bilan bandligi, nimalarga qiziqqanini poylaganman. Kechki payt hamma guruh-guruh bo‘lib yig‘ilib, kuy-qo‘shiq aytish bilan band bo‘lsa, u xonasiga kirib kitob o‘qirdi. Bir zum bo‘sh vaqtini behuda sarflamasligi e’tiborimni tortdi. Ana o‘shandan keyin unga bo‘lgan mehrim yana ham oshgan.
Ertasiga o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, “Men senga zo‘r qiz topdim” deganman. U esa “Oyi, o‘sha yerda ham tinch yurmang. Atrofingizda faqat artistlar-ku, kim ekan siz topgan qiz” deb so‘radi. Men esa “Ha, shu artistlarning ichidan topdim-da. Asal Shodiyeva” dedim. U to‘satdan “voy” dedi. O‘sha bir so‘zning ohangidanoq o‘g‘lim allaqachon Asalga ko‘ngil qo‘yganini sezgandim. Men bu yerda jon kuydirib kelin izlasam-u, u hamma ishni pishitib qo‘ygan ekan. Shunday qilib, bir vaqtning o‘zida ikkimiz ham bir nomzodni ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz (kuladi).
Shunday qilib, bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, “Oyi, tayyorlanib turing, mehmonga borasiz” deya sovchilikka yubordi. Eng qizig‘i, mening o‘zim ham to‘yga o‘n kun qolganda belgilangan sanani eshitganman. Konsertga tayyorlanish jarayonida hammamiz yelib-yugurib yuribmiz. Konsert kuni ham keldi. Parda ochilishiga 15 daqiqa qolganda “Ona 5-iyun to‘y! Tayyorlanavering” desa bo‘ladimi? Endi mening ahvolimni tasavvur qilavering. Sarpo-suruq degandek to‘yning o‘ziga yarasha tashvishlari, yugur-yugurlari bor. Qanday ulguraman deb rosa vahima bosgan. Ammo hammasi juda chiroyli o‘tdi. Ming shukr, – dedi Zebo Navro‘zova.
Eslatib o‘tamiz, aktrisa Asal Shodiyeva va xonanda Shohruxxonning nikoh to‘yi 5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi.