Rejissor Rustam Sa’diyev “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “Baron” nomli film suratga oldi. Alisher Navoiy nomli kinosaroyida 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan filmning yopiq premyerasi gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.
“Baron”ning aktyorlar jamoasiga nazar solib, har qanday rejissorning havasi kelishi aniq. O‘zbekistonliklardan Javohir Zokirov, Ulug‘bek Qodirov, Jamila G‘ofurova, Dilorom Egamberdiyeva, Ra’no Shodiyeva, Dilnoza Kubayeva, Shahzoda Matchonova, Yoqub Ahmedov, rossiyaliklardan Andrey Smolyakov (Rossiya xalq artisti), Viktor Verjbitskiy (Rossiya xalq artisti va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist), Farhod Mahmudov (Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist) kabi o‘z ishining ustalari va hatto Gollivuddan aktyorlar bor (asli suriyalik Hasan Mas’ud). Ridli Skottning “Muqaddas zamin” filmida sulton Salohiddin Ayubiy obrazini jonlantirgan Hasan Mas’ud, Rustam Sa’diyevning kinoloyihasida tojikistonlik o‘zbek narkobaroni Mardonboyning jiddiy hamkori — Istanbuldagi yaxtada yashaydigan Sulaymoniyga aylandi.
Film ibtidosida ko‘zlarimizni quvontiradigan aktrisa Jamila G‘ofurova latofatli va ayni vaqtda juda yovuz ayol obrazini a’lo darajada ko‘rsatib bergan, deyish mumkin. Umuman, (qariyb) mallasoch Ro‘zigulni u shu vaqtgacha ijro etgan salbiy qahramonlari orasida o‘ziga xos cho‘qqi, deyish ham mumkin. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning gazetalarida bir necha hafta davomida berib boriladigan kriminal yangiliklardagi to‘g‘ri yo‘ldan adashgan o‘nlab ayollarning barcha qilmishlarini Jamila G‘ofurovaning bir qahramoni bir filmda, bir o‘zi, to uni otib o‘ldirmagunlaricha, amalga oshirishga ulguradi — giyohvand moddalar sotadi, o‘zini ham sotadi, odam savdosi bilan shug‘ullanadi, o‘z opasi (aktrisa Ra’no Shodiyeva)ni o‘ldirishga urinadi va hokazo.
Rustam Sa’diyevning avvalgi filmi — “Sotqin”da Andijondagi bezorilar va terrorchilarning boshlig‘i sifatida gavdalangan Javohir Zokirov bu safar aynan shunday qonunbuzarlarga qarshi kurashuvchi, Ichki ishlar vazirligining-da yuqori martabali mulozimlari: “Salomatlik tilayman!”, — deb kutib oladigan maxsus xizmat xodimi sifatida qarshingizda namoyon bo‘ladi. U — superagent. Bir qarasang, Surxondaryoda kirakashlik qiladi, boshqa safar esa “svechalari”ning yaroqsizligi sabab “eski ‘Jiguli’si” yo‘l o‘rtasida to‘xtab qoladi. Film intihosi yaqinlashavergani sari, Rustam Sa’diyev sizga shunday bir sahnani tuhfa etadiki, undagi Javohir Zokirovni ko‘rib, Amerika blokbasterlaridagi Yerni qutqarish masalasi hal bo‘ladigan siyqasi chiqqan lahzalar yodingizga tushsa-da, beixtiyor qarsak chalasiz.
Biroq, eng asosiy superagent Javohir Zokirov emas. Yo‘q, Javohir Zokirov bor-yo‘g‘i uning boshlig‘i. Superagentning kimligini orada birrov ko‘ringan Dilnoza Kubayevaning qahramoni “fosh etishga” urinadi, o‘sha kadrlarni ko‘rganingizdayoq, yuragingiz bir jiz etadi: “Bu yerda bir gap bor!”, — deb. Film ma’no-mazmuni boshidan ma’lum — narkotiklar yomon, ularni sotish undan-da yomon, yo‘qolsin og‘ufurushlar! “Kelgindi film”laridan bir kalla yuqori sakrashga erishgan rejissor Rustam Sa’diyev, butun film davomida go‘yo ikkinchi planda yurgandek ko‘ringan bir qahramonni so‘nggi lahzalarda mash’aladek olib chiqib, tomoshabinni hayron qoldirish yo‘lini topa olgan.
“Baron” — yuksak badiiy asar emas (bundan bir necha yil avval “Oskar”ni qo‘lga kiritgan “‘Argo’ operatsiyasi”da ham yuksaklik yo‘q, masalan), kerak bo‘lmagan o‘rinlarda javobsiz qolgan savollarni tug‘diradi (ukasini O‘zbekiston qamog‘idan ozod qilish uchun har narsaga tayyor narkobaron, birdan jahon miqyosida narkobiznesmenga aylangisi kelib qoladi); mualliflik filmlariga mo‘ljallangan xalqaro kinofestivallarda g‘oliblik uchun kurashmaydi, albatta; lekin oldiga qo‘yilgan ikki asosiy vazifadan kamida birini (biri haqida yuqorida aytdik — narkotiklar yomon!) yaxshi uddalagan: O‘zbekiston eng yaxshi mamlakat — uning Milliy xavfsizlik xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmatini-da ogohlantirmasdan, o‘zicha harakatlar qiladi, uning qamoqxonalaridagi ma’murlarni Tojikistondagi kabi sotib olib bo‘lmaydi, bunga hatto Qozog‘istondagi eng zo‘r “qonundagi o‘g‘rilar” ham aralasha olmaydi. Va bu hali hammasi emas.
“Daryo” ekshn-sahnalari bilan ommaviy kinoga qiziquvchi tomoshabinlarni, kassa yig‘imlari bilan esa “O‘zbekkino”ni xursand qila oladigan bu filmni hech bo‘lmasa bir marta tomosha qilishni tavsiya etadi.