Bryus Li tufayli Gollivud kung-fu nimaligini o‘rgandi. Jang san’atlari ustasi va instruktori, faylasuf, rejissor hamda Jit Kun Do asoschisi Bryus Li juda erta — 32 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
“Interesniye fakti” sayti uning favqulodda iste’dodini isbotlaydigan faktlarni yodga oldi.
1. Sekinlashtirilgan syomka
Bryus Lining tezligi shu qadar yuqori ediki, u ovqatlanish tayoqchasi yordamida havodagi guruchni tutib olishga qodir edi. Tomoshabinlar uning harakatlarini farqlay olishi uchun filmlarda jang sahnalari biroz sekinlashtirilar edi.
2. Tanga yordamida ko‘rsatiladigan fokus
Bryus Li birovning kaftidagi tangani olib, uning o‘rniga boshqasini qo‘yishni shu qadar tez bajarardiki, tangani ushlab turgan odam buni payqamay qolishi mumkin edi.
3. “O‘lim o‘yini”
Bryus Li “O‘lim o‘yini” filmida vafotidan so‘ng bosh rolni ijro etgan. Filmda uning dafn marosimida olingan sahnalar mavjud. Aktyor syomkalar yakunlanishidan oldin olamdan o‘tgani bois ayrim sahnalarda montaj va dublyorlardan foydalanilgan.
4. Jahlimni chiqarma
Jang sahnasidagi sherigi Bob Voll yo‘l qo‘ygan xato tufayli shishada qo‘lini kesib olgan Bryus Li raqibiga shunday zarba berganki, uning himoya uchun ko‘tarilgan qo‘li sinib qolgan. Jarohat olgan qo‘lini ishlatmaslik uchun Li boshqa qo‘li bilan zarba bergan, ammo zarba kuchini to‘g‘ri hisoblay olmagan edi. Voll esa zarba bu qadar kuchli bo‘lishini kutmagan.
5. 11 sekund
1962-yilda Bryus Li 11 sekund davom etgan jangda raqibiga 15 ta zarba berib, uni nokautga uchratgan. Muxlislari haligacha uning “bir dyuym naridan” turib beriladigan zarbasini takrorlashga harakat qiladi.
6. Bir qo‘lda 50 marta yotib turish
Bryus Li bitta qo‘lining katta va ko‘rsatkich barmoqlarida turib 50 marta, boshqasida yana 50 marta yotib tura olardi.
7. Gongkong chempioni
Bryus Li 1958-yilda cha-cha-cha raqsi bo‘yicha Gongkong chempioni bo‘lgan. O‘shanda u 18 yoshda edi.
8. Umurtqa pog‘onasi jarohati
Bryus Li umurtqa pog‘onasidan olgan jiddiy jarohatni yengib o‘ta olgan. Mashg‘ulotdagi muvaffaqiyatsiz harakat tufayli uning to‘rtinchi umurtqasiga zarar yetgan. Bu amalda sport karyerasining yakuni degani edi. Shifokorlar Bryus yarim yil davomida boshqatdan yurishni o‘rganishi lozimligini, umrining oxirigacha og‘ir yuklamalardan qochishi kerakligini aytgan. Lekin u o‘z terapiyasini ishlab chiqib, nafaqat tuzalib ketgan, balki ilgarigidan ham baquvvatroq va epchilroq sportchiga aylangan.
9. Jeki Channing adabini bergan
Bir kuni Bryus Li tasodifan Jeki Channi do‘pposlagan. “Ajdarning chiqishi” filmida u Jekining yuziga aso bilan zarba bergan. Ammo yosh Jeki bu voqeani hazilga yo‘ygan va o‘zi muxlislik qiladigan afsonaviy aktyor bilan yaqinroq tanishish imkoniyatidan foydalanib qolgan.
10. Sinib qolgan boks grushasi
Jeyms Kobern Li tomonidan jang san’atiga o‘rgatilgan kino yulduzlaridan biridir. Bir safar u bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish paytida Bryus Li 68 kilogrammlik boks grushasini sindirib qo‘ygan.
11. Bryus Li Chak Norrisdan kuchliroq bo‘lgan
Chak Norris bu haqda gapirishni yoqtirmaydi, lekin bir safar do‘sti Bryus Li jangda uni osonlikcha yengishini tan olgan.
12. Yengilmas jangchi
Bryus Li dunyodagi yagona yengilmas jangchi — Buyuk Gamning muxlisi edi. Buyuk Gamning faoliyati 50 yil davom etgan.
13. Bryus — tinchlik ramzi
Bosniyaning Mostar shahrida Bryus Lining haykali o‘rnatilgandi, negaki u aholining barcha etnik qatlamlariga birday yoqardi. Keyinchalik haykal buzib tashlandi.
14. Bryus Li boks texnikasini o‘rgangan
Bryus Li Muhammad Alining muxlisi bo‘lib, uning janglarini videotasmada qayta-qayta ko‘rgan. Li uning harakatlarini sinchiklab o‘rgangan.
15. Equagesic
Bryus Li 32 yoshida Equagesic og‘riq qoldiruvchi preparati bergan allergik reaksiya oqibatida vafot etdi.
16. 0,05 sekund
Bryus Lining tezligi rasman qayd qilingan: 1 metr masofadan beriladigan zarbaga 0,05 sekund sarflangan. Ayrim jang sahnalarida u 50 nafar raqibini bir necha sekundda yiqitgani aks etgan.
17. Nemis qoni
Uning onasi katolik e’tiqodida bo‘lib, bir tomondan nemis edi.
18. Yip Men va Bryus Li
Bryus Liga jang san’atini o‘rgatgan kishi — Yip Men afyunga pul topish uchun o‘z sport maktabini ochgan edi. Bryus Li unga kung-fu texnikasini faqat xitoyliklar uchun saqlab qolib, chet elliklarga oshkor qilmaslikka va’da bergandi, lekin u so‘zining ustidan chiqmadi.