Leonardo Di Kaprio Vladimir Putin haqida hikoya qiluvchi filmda Rossiya prezidenti rolini o‘ynashga rozilik berdi. Bu haqda filmni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan Knightsbridge Entertainment’ga (Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan va Amerika, Yevropa, Osiyoda vakolatxonalariga ega mustaqil kinokompaniya) yaqin ikki manba ma’lum qildi, deya xabar beradi “Dojd” telekanali.
“Putin” deb nomlangan film loyihasi kompaniya saytida joylashtirilgan bo‘lib, unga Mark Deymon prodyuserlik qilmoqda. Kinokompaniya vakili Valeriy Saaryanning ta’kidlashicha, hozirda yakuniy ko‘rinishi ustida ishlanayotgan film ssenariysi uch muallif tomonidan yozilmoqda, uning rejissyorini esa “hamma biladi”.
Film kastingida Gollivudning bir necha yulduzlari ishtirok etmoqda. Suratga olish ishlari 2016-yil bahorida boshlanib, Rossiya, Amerika va Yevropada bo‘lib o‘tadi. “Putin” 2017-yil bahorida ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan.
Saaryanning aytishicha, film janri siyosiy triller bo‘lib, unda “dunyoning eng qudratli insonlaridan biri shaxsiy hayoti va karyerasiga nigoh tashlanadi”.