2015-yilda Germaniyaga boshpana izlab kelgan muhojirlar soni 1,09 million kishini tashkil etdi. Bu haqda Germaniya hukumatidagi manbaga tayanib, Reuters ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Ma’lum qilinishicha, 2015-yilning dekabr oyida mamlakatga 127 320 qochoq kelganidan so‘ng muhojirlar soni bir milliondan oshgan.
Xalqaro migratsiya tashkiloti 2015-yil 21-dekabrda Yevropaga quruqlik va dengiz orqali kelgan muhojirlar soni bir milliondan oshganini ma’lum qilgan edi.
Muhojirlarning katta qismi aynan Germaniyaga kelishga harakat qildi. Kansler Angela Merkel Yangi yil murojaatida muhojirlarning integratsiyasi nemis jamiyatiga foyda keltirishini alohida qayd etib o‘tdi.