Xonanda Lola Instagram’dagi sahifasida hamkasbi Tamilaning videotasvirlarini tarqatganlarga nisbatan o‘z fikrini bildirdi. Garchi xonanda bevosita Tamilaning ismini keltirib o‘tmagan bo‘lsa-da, gap aynan u haqida ketayotganini anglab olish qiyin emas, deya ma’lum qiladi “Darakchi.uz”.
“Kecha bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Unda kap-katta odamlar bir xonandaning ‘avval’ va ‘keyini’ aks etgan shaxsiy videosini mazza qilib tomosha qilayotgandi. Ishonuvchan va ahmoq qiz hamda adoyi tamom bo‘lgan inson bo‘lish, nazarimda, mazkur videoni tarqatayotgan achinarli sirtlon bo‘lgandan ko‘ra yaxshiroq, — deya yozadi Lola. — Mazkur videorolikni mag‘rurlanib o‘z saytida joylashtirayotgan va tarqatayotgan insonlarning o‘zi ham kun kelib, shunday holatga duch kelishadi. Ammo asl mohiyat bunda ham emas. Birov haqida yozishdan va biron narsa deyishdan oldin o‘sha insonning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring, bu narsaning sizga nima uchun kerakligi haqida o‘ylang!”
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tamilaning prodyuseri Najot Agzamov behayo videolar sabab u bilan hamkorlikni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.