Mashhur fransuz kino va teatr aktyori Mishel Galabryu 93 yoshida 4-yanvar, dushanba kuni hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda AFP agentligi bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Galabryu oila a’zolarining ma’lum qilishicha, o‘lim dushanba kuni ertalab, aktyor uyquda vaqti sodir bo‘ldi. So‘nggi vaqtlarda aktyor sog‘ligiga tegishli muammolardan qiynalib, turmush o‘rtog‘i va akasining bevaqt o‘limidan aziyat chekib kelgan. Shu sababli, u o‘zining ulug‘ yoshiga qaramasdan davom ettirib kelayotgan teatrdagi chiqishlardan butunlay voz kechishga majbur bo‘lgan.
Mishel Galabryu, hozirda bekor bo‘lgan Fransiyaning Marokash protektoratida 1922-yilda tug‘ilgan. Aktyorlik faoliyatini 1950-yilda boshlab, Parijning eng eski teatri hisoblangan Komedi Fransez truppasiga a’zo bo‘lgan. U sahnada yetti yil ishlab, klassik va zamonaviy sahna asarlarida rol o‘ynadi.
Galabryuga San-Tropelik jandarm (Le Gendarme de Saint-Tropez) ko‘p seriyali kinofilmida o‘ynagan Jerber serjantining roli haqiqiy shuhrat keltirdi. Filmning ilk namoyishi 1964-yilda bo‘lib o‘tib, ushbu mashhur kinokomediyada u Lui de Fyunes bilan hamkorlikda asosiy rollardan birini ijro etdi.