Muhammad Yusufning “Do‘lana” deb nomlangan she’ri O‘zbekiston Xalq artisti Nuriddin Haydarov tomonidan 1991-yilda go‘zal taronaga aylantirilib, kuylangan edi. Mana oradan yillar o‘tib, uning farzandi Hojiakbar Haydarov “Do‘lana” taronasini qaytadan ijro etdi. Bu haqda xonandaning matbuot kotibi “Daryo”ga xabar berdi.
Qo‘shiqqa zamonaviy ruh berish maqsadida bastakor Ilhom Mamatov muallifligida “Do‘lana”ga yangi musiqa yozildi. Tarona uchun klipmeyker Shuhrat Mavlonov tomonidan trek yo‘nalishida videoklip ham tasvirga olindi. Klipda Hojiakbar Haydarovdan tashqari, mashhur aktyorlar Tesha Mo‘minov, Erkin Komilov, Umid Iskandarov, Yigitali Mamajonov hamda opa-singil Muhabbat va Malika Qurbonova suratga tushdi.
Bundan tashqari, klip uchun katta-kichik shakldagi maxsus do‘lanalar tayyorlandi. Yaqin kunlarda “Do‘lana” yangicha ohangda jaranglab, ommaga taqdim etiladi.