“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi yaqin vaqt ichida xonanda Tamilaning internetda tarqaligan noma’qul videosi yuzasidan katta yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda birlashmaning litsenziya bo‘limi boshlig‘i Odil Abduqahhorov “Darakchi” gazetasiga ma’lum qildi.
Odil Abduqahhorovning fikricha, san’atkorlarning ma’naviyatini oshirish bo‘yicha maxsus choralar ko‘rish shart.
“Yana bir holat: Instagram’da xonandalar Lola (Yo‘ldosheva) va Aziza Nizomova hamkasbi (Tamila)ning xatti-harakatini qo‘llab-quvvatlayapti. Bu uyat-ku! Tamilani tartibga chaqirish o‘rniga, aksincha, tarafkashlik qilishyapti”, — deydi “O‘zbeknavo” vakili.
“Yaqin kunlarda shu masala yuzasidan katta yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Unda nafaqat bu ikki xonanda, balki boshqa san’atkorlar ishtiroki ham ko‘zda tutilgan. Ularga bunday behayolikni qo‘llab-quvvatlashni qat’iyan man qilamiz”, — dedi Odil Abduqahhorov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tamila ishtirokidagi noma’qul video internetda tarqalib ketgan, shundan so‘ng xonanda Lola Yo‘ldosheva uning tarafini olib, Instagram’dagi sahifasida post qoldirgandi.