Iroq harbiy-havo kuchlari Anbar viloyatidagi Barvana shahrida joylashgan IShID bazasiga aviazarbalar berdi. Mazkur hujumlar natijasida IShID harbiy vaziri ekanligi aytilayotgan Samir Muhammad Husayn al-Matlub Mahlaviy va uning uch nafar yordamchisi o‘ldirilgan. Bu haqda Al-Ahed manbalariga tayanib, Eronning Press TV telekanali ma’lum qildi, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
Iroq xavfsizlik kuchlari va ko‘ngillilar aviatsiya yordamida Barvana hamda Xadita shaharlarida hujumga o‘tgan va IShIDning 250 dan ziyod jangarisini yo‘q qilgan. Shuningdek, operatsiya davomida terrorchilarga tegishli 100 dan ortiq transport vositasi, jumladan, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobillar safdan chiqarilgan.