O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 2017 yilgi mavsumda konsert bermaslikka qaror qildi.
Mazkur qarorga Ozodbek Nazarbekovning matbuot kotibi oydinlik kiritdi, deb yozadi Daryo.uz nashri.
«Nazarbekov so`nggi yillarda taqdim etgan konsertlarining barchasida yuz foiz jonli ijroda kuyladi, kuchli bosim bilan mehnat qildi. Bu esa o`z ta`sirini ko`rsatdi, unda ham ruhiy, ham jismoniy tomondan toliqishlar bo`ldi».
Qayd etish kerak, Ozodbek Nazarbekov «O`zbeknavo» estrada birlashmasi tomonidan tashkil etilgan «Mavsum xitlari» konsert dasturida qatnasha olmadi, ikki kundan so`ng esa Turkmanistondagi konsertda qatnashdi.
«‘Mavsum xitlari’ taqdirlash marosimida istmasi ko`tarilib ketgani uchun ishtirok eta olmadi. Biroq Turkmanistondagi konsertga borishi oldindan belgilab qo`yilgani uchun, betob bo`lishiga qaramay uni o`tkazib qaytdi», — deb vaziyatga tushuntirish bergan qo`shiqchining matbuot kotibi.
Dilbahor Xudoyberdievaning ta`kidlashicha, Ozodbek Nazarbekov konsert berishdan tanaffus qilgan bo`lsa-da, ijod qilishdan to`xtamagan.