WhatsApp va Facebook messenjerlari dunyoning 109 mamlakatida Android bazasidagi eng ommabop mobil dasturlarga aylandi, deb yozadi “Mobinfo.uz”. Undan keyingi o‘rinni Telegram egalladi. Bunday ma’lumotlar dunyoning 187 mamlakatini qamrab olgan Similarweb tahlil kompaniyasi hisobotida keltiriladi.
Unga ko‘ra, WhatsApp 109 ta davlatda, jumladan, Braziliya, Meksika, Hindiston, Rossiya hamda Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo va Okeaniyaning ko‘plab mamlakatlarida yetakchilik qilmoqda.
O‘z navbatida, Facebook Messenger 49 ta mamlakatda yetakchilik qildi. Ular orasida Avstraliya, Kanada va AQSh bor. Bepul Viber messenjeri Belarus, Moldova, Ukraina, Iroq, Liviya, Shri-Lanka kabi o‘nta mamlakatda eng ommabop bo‘lib chiqdi.
Line, WeChat va Telegram messenjerlar tegishli ravishda Yaponiya, Xitoy va Eronda eng ommabop hisoblanadi. Janubiy Koreyada KakaoTalk messenjeri, Kubada Imo, Vyetnamda Zalo, Indoneziyada BBM messenjerlari yetakchilik qildi.
Hisobotga ko‘ra, Telegram dasturi O‘zbekistonda eng ommabop mobil messenjer hisoblanadi. Dastur yana 14 ta mamlakatda ham yetakchidir.