Yosh xonanda Kamillaning “Illyuziya” deb nomlangan qo‘shig‘iga ishlangan klip YouTube’dagi mashhur ELLO kanali tomonidan tuzilgan haftaning eng ommabop 10 klipi xit-paradida 5-o‘rinni egalladi.
Xonanda ijodidagi ilk klip YouTube’da xit darajasiga ko‘tarilib, o‘zining ommabopligi bilan mashhur — rossiyalik Polina Gagarina, Anastasiya Zadorojnaya, “VIA Gra”ning sobiq ishtirokchisi Tatyana Kotova kabi estrada yulduzlari tomonidan taqdim etilgan kliplarni ortda qoldirdi.
Kamillaning qo‘shig‘i ELLO kanalida 2015-yilning 27-dekabr kuni paydo bo‘lgan edi. Shu kungacha klipni 150 mingdan ortiq YouTube foydalanuvchisi tomosha qilgan.
Shuningdek, “Illyuziya” taronasi uchun ishlangan klip Estoniyaning ETV+ telekanali orqali ham uzatilgani ma’lum bo‘ldi. U Estoniyada mashhur “Kofe+” deb nomlangan ko‘rsatuv davomida taqdim etilgan.
Ta’kidlash joiz, “Kofe+” ko‘rsatuvi 2015-yilning sentabrida ilk bor efirga uzatilgan va bir hafta ichida 67 000 tomoshabinga ega bo‘lishga ulgurgan.