O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva 23—27-fevral kunlari “Istiqlol” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Xonandaning o‘zi konsertiga qalbaki chiptalar sotilayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.
Kecha, 21-yanvar kuni xonanda Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali konsertga kirish huquqini beruvchi qalbaki chiptalar sotilayotganini aytib, bunday chiptalarni sotayotgan uddaburonlarning nayranglariga aldanib qolmaslikdan ogohlantirdi.
“Qalbaki taklifnomalardan ehtiyot bo‘ling! Bu qalbaki!”, — deya Rayhon soxta chipta suratini postga ilova qilgan.
“Istiqlol” san’at saroyidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Rayhonning bu yilgi konsert dasturiga chiqarilgan chiptalar narxi 20 000 mingdan 180 000 minggacha etib belgilangan.