ALVON ATIRGULLAR

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 426
  • Коммент: 0
ALVON ATIRGULLAR
Shosha – pisha maktabga ketayotgan Gulrux kattakon guldasta ko`tarib ketayotgan o`rta yoshlardagi, muloyim chehrali ayolni ko`rdi-yu, bir dam esini yo`qotdi. Juda nafis did bilan tayyorlangan guldasta onasining eng sevimli guli - alvon rangli atirgullardan iborat edi. Bir dam o`zi ham nima qilayotganiga tushunmay qoldi. Shundoqqina ayolning ro`parasidan chiqdi-yu, guldastaga qo`l cho`zdi. Ayol birdan jiddiylashdi, lekin orastagina kiyingan, jajjigina qizaloqning rayini qaytargisi kelmadi – guldastani unga uzatdi. Qizaloq bir dam uzun kipriklarini pirpiratib, katta-katta mungli ko`zlarini atirgullardan uzolmay termulib turdi. Keyin chuqur xo`rsindi-yu, gullarni mahkam bag`riga bosib, ohista ko`zlarini yumdi. Bir-biriga qapishib ketgan o`siq kipriklari orasidan marvariddek yosh tomchilari sizib chiqdi. Atirgularning muattar hidlarini to`yib hidladi. Onajonisidan doimo xuddi shunaqa atirgullarning ifori urib turadi. Hovlilarini to`ldirib turgan gullarning ichida onasi alvon atirgullarni alohida mehr bilan parvarishlardi. Erta bahordan to kech kuzgacha guldonlarni ham xuddi shu atirgullar bezab turardi.
Qizaloq guldastani quchog`idan bo`shatdi.
- Iltimos, meni kechiring. Rahmat sizga … - dedi-yu, maktabga kech qolmaslik uchun yugurib ketdi.
Ayolning guldasta ushlagan qo`llari titragancha, qizaloqning ortidan tikilib qoldi. Shu choq yonginasidan o`tib ketayotgan yo`lovchi gap qotdi:
- Kechirasiz, nabiram sizni cho`chitib yubordimi, deyman.
- Yo`q- yo`q, nimalar deyapsiz? Shundoq, o`ylanib qoldim, jimitdekkina vujudni shuncha g`am bosib turgani meni hayratga soldi. Avval sizni bu ko`chada ko`rmagandim, bu yerga yaqinda ko`chib kelganmisiz?!
- To’g`ri topdingiz, qizalog`imni xotiralar girdobidan xalos etish maqsadida shu yaqin oradagi bir uyni vaqtincha ijaraga olib yashab turibmiz.
- Xotiralar…
- Ikki oy muqaddam, katta tezlikda ketayotgan avtomobil yo`ldan chiqib ketib, trotuardan ketayotgan kelinimni urib ketdi… Kelinim sho`rlik ikki kun o`ziga kelmay yotdi-yu, uchinchi kun doktorlarning shuncha say’i-harakatlariga qaramay, jon berdi.
- Nabirangizga bu haqda aytganmisiz?
- Eng yomoni, bu voqea nabiram Gulruxning ko`z o`ngida sodir bo`lgan. Qo’lingizdagi guldasta unga onasini eslatdi – alvon rangli atirgullar kelinimning eng sevimli gullari edi… kechirasiz, qizim, odam qarigandan keyin ezma bo`lib qolarkan, sizni ham yo`ldan qoldirdim.
Ayol e`tiroz bildirmoqchi edi-yu, bo`g`ziga tiqilgan og`riqdan tovushi chiqmadi. Bu og`riq ko`zlaridan toshib chiqqan qaynoq irmoqqa aylandi-yu, uning bejirim yuzlariga ajib iz solgancha shitob bilan pastga intildi. Tonggi shudringdek yaltirab turgan ikki tomchi yosh atirgul bargini bezadi…


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.