Arg‘imchoq

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 448
  • Коммент: 0
Arg‘imchoq
Derazadan mo‘ltirab turgan ko‘zlar yomg‘ir ostida qolgan eski arg‘imchoqqa uzoq-uzoq termulardi.
Arg‘imchoq ertalabdan beri tinmay yog‘ayotgan yomg‘irda ivib ketgan. Eski qayrag‘ochga osilgan bu arg‘imchoq akasi uchun Sabrinaning quvnoq xandalaridan yakkayu yagona yodgorlik. Bu bahorgi yomg‘irlar Behruzga yoshlik xotiralarini eslatardi. O‘sha kungi voqeaga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa-da, kechagidek ko‘z o‘ngida, yodiga muhrlangan…
Sakkiz yoshli Sabrina onasining oldida tinmay sho‘xlik qilar, kenja farzand bo‘lganligi sababli oilaning erkatoyi edi.
— Salom, sariq qo‘g‘irchoq, quyonchalar o‘tlarini yedimi? — so‘radi Behruz.
— Sizning kelishingizni kutishyapti, axir siz katta quyonsiz-ku, — dedi singlisi. Behruz uning yumshoqqina betlaridan silab: — Quyonchaning kichigi, bu yoqqa kel-chi, birga o‘t yeymiz, — deb hazillashdi.
— Arg‘imchoqda uchiring, — Sabrina doimgidek xarxasha qildi. Behruz jajji singlisining ra’yiga qarolmadi. Ishdan charchab kelganligi uchun Sabrina unga har qancha yalinsa ham arg‘imchoq uchirmadi.
Sabrinani “Tongda tursang, albata uchiraman, ertalab qayrag‘och osti ham juda chiroyli bo‘ladi”, deb ovuntirdi. Tongda uyg‘onganida bahorning mayin shabadasi yomg‘irning shitir-shitirini xonaga olib kirdi. Sabrina o‘rnidan sapchib turib, oynadan arg‘imchoqqa qarab afsuslandi:
— Bugun ham arg‘imchoq uchirmaysizmi? — deya yuvinib kelib yuzini artayotgan akasiga yuzlandi.
— Uchiraman, albatta uchiraman, faqat quyosh chiqsin, maylimi, — dedi-da, shosha-pisha choyini ichib, ishga shoshilayotganligini onasiga aytib chiqib ketdi va birdan eshikdan qaytib kirib, Sabrinaga qaradi-da:
— Bugun arg‘imchoq uchamiz, biror joyga ketib qolmagin, — deb xayrlashib chiqib ketdi.
Sabrina nonushta qilib bo‘lgach, yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramay, ko‘chaga o‘ynagani chiqib ketdi. Bir ozdan so‘ng Sabrinaning onasi oldiga bir ayol yugurib kirdi.
— Qizingiz, qizingiz… — degancha ayolni ko‘chaga boshladi. Onaning yuragi qo‘rqqanidan gursillab urardi. Jigarbandiga nima bo‘lganini yonidagi ayoldan so‘ray olmas, faqatgina uning orqasidan yugurib ketardi. Yo‘lning boshiga yetganda olomonga ko‘zi tushdi va ular qurshovida qolgan sariq sochlari loyga belanib yotgan farzandiga ko‘zi tushdi. Oyoq-qo‘li qonga bo‘yalgan farzandini ko‘rib, yuragi urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Yugurib borib, qizini bag‘riga bosdi. Qizchasining yuragi urmayotganini aslo his qila olmasdi…
Behruzga ham bu xabar yetib bordi. Behruz kelguncha faqat bitta so‘zni: “Men kelgunimcha, hech qayoqqa ketib qolmagin, kelganimda birga arg‘imchoq uchamiz”, degan gapnigina takrorlardi.
Sabrinani ko‘rgach esa beixtiyor shu so‘zlarni takrorladi:
— Turaqolgin, arg‘imchoq uchamiz. Arg‘imchoq, arg‘imchoq uchamiz, turaqol, eshityapsanmi, seni baland-baland uchiraman...
Behruz Sabrinaning hayotdan ko‘z yumganini tan olgisi kelmas edi...
Bu voqeaga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa ham, o‘sha arg‘imchoq haligacha eski qayrag‘ochga osig‘liq…


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.