Odatda yakshanba kunlari allamahalgacha uxlardim. Bu safar negadir erta uyg‘onib ketdim. Tong yorishgan bo‘lsa-da, hali quyosh ko‘tarilmaganidan uy ichi nim qorong‘u, lekin kichkina derazadan ko‘kish-oq osmon ko‘ngilga ajib oydinlik baxsh etib, jilmayib turganday. Bu yerga kelganimga bir hafta bo‘lganiga qaramay, bunaqa manzarani hali biror marta kuzatmagan edim. O‘qishga boradigan kunlarimda erta tursam ham, bugungidek osmonga qarab o‘tirmasam kerak-da. Chunki darsga otlanishdan oldin yuvinish zarur, so‘ng nonushta deganday, kiyim-boshlarni tartibga solish esa men kabi cho‘ntagida hemiri yo‘q tolib uchun yashashning, tag‘inki, yoqimli yashashning eng muhim vositasidir. Shunaqa ekan, osmonga qarashu uning rangini aniqlashga vaqtim bo‘larmidi. Va eng asosiysi shuki, hech qachon bugungidek yengil, orombaxsh holatda uyg‘onmaganman, shuurim bu qadar oydinlikka ro‘para kelmagan.
Ana, qandaydir qush sayray boshladi. Avvaliga men bu qush miyamda sayramayaptimi, deb o‘yladim. Bir pas diqqat bilan xumor bosdi qilganday quloq solib turgach, qush hovlida ekaniga ishondim. Men qushlarning turlarini yaxshi bilmasdim, bilganim — chumchug‘u musicha edi. Ha, aytganday, qaldirg‘ochni ham juda yaxshi tanirdim. Boshqalarining esa ovozlarini tanish tugul nomlarini ham bilmasdim. Lekin hozir sayrayotgan qushning tovushi negadir tanishdek edi. Bu tanishlik shundayki, o‘sha qushning sayrashini go‘yo avval ham hozirdagiday maza qilib eshitgandim. Yo‘q, u bulbul emasdi, uning ovozini yaxshi taniyman. Haqiqiy bulbulni ko‘rmagan, sayrashini eshitmagan bo‘lsam-da, taqlidiy ovozlarini televizorda ko‘p bor tinglaganman.
Aytgancha, kampir nima qilayotganiykin, sayroqining xonishini u ham eshityaptimikin? Bu qushni balki kampir tanir? Shuni o‘yladimu, hali, albatta, qushning nomini so‘rab ko‘rishni dilimga tugib qo‘ydim.
Institutga kirgach, ikki yildan ortiq qishloqdan qatnab o‘qidim. Oxir jonga tegdi, qolaversa, hozir yo‘l haqlari ham falon pul. Ham har kuni yo‘lga ketadigan vaqtim tejaladi. Ertalab darsga kech qolishlar ham barham topsa, ajabmas. So‘rab-surishtirib, eski shahardan mana shu kampirning uyini topdim. Yolg‘iz yashar ekan. Nega yolg‘iz yashashini bilmayman, qismati shunday bo‘lsa kerak-da... Kampir yaxshi qarshi oldi, birinchi kuni quling o‘rgilsin osh bilan siyladi, go‘yo suhbat qabilida yetti pushtimni surishtirdi. Aksariyat shahar hovlilari kabi bu hovli ham kichkinagina edi, oldi ayvonli, alohida-alohida ikkita xonadan iborat pastak uy. Ana o‘sha uyning darvozaga yaqin xonasi menga berildi. Bu uyda avval ham talabalar turgan shekilli — uchta eski karavot tartibsiz turar, ikkitasi «yalang‘och» bo‘lib, bittasida o‘ngib ketgan bolishu ko‘rpa bor edi. Devorlar sarg‘imtir, ko‘p joylari ko‘chib tushgan, u yer-bu yeriga turli suratlar yopishtirilgan, ba’zilarining yarim-yortisi yirtib olingan. Hammayoqda chang. Xullas, kiyimlarimni almashtirib, xonani supurib-sidirishga tushdim...
Mana, o‘sha binoydek sarishtali xonada derazaga tikilib, notanish qushning xonishini tinglab yotibman. Endi turish kerak, deyman o‘zimcha. Hozir negadir tashqariga chiqib, butun olamni birvarakay quchib, bag‘rimga bosgim keldi... Ayvonga chiqdimu, eng avvalo, «hofiz» qushni nigohim bilan izlay boshladim, lekin u endi tinchib qolgandi. Hafsalam pir bo‘layotganda tongning salqin, xushta’m sabosi bag‘rimni yumshatdi. Bugun olamning rangi boshqacha edi, buni aniq sezdim. Sezdimu bu betakror fusunu huzurni kampirga ham ilinib, chapga — uning xonasi tomonga qaradim. U ayvondagi so‘rida bolishiga chig‘anog‘i bilan yonboshlab, ko‘zlarini yumgan ko‘yi tasbeh o‘girardi. Go‘yo bu olamdan bexabardek, meni ham sezmayotgandek edi. Kampirning holatidan zavqim keldimi, beixtiyor lablarim qayrilib, jilmaydim, mehrim jo‘shdi. Yana to‘rt devor osha olamga tikildim, ko‘ksimni to‘latib nafas oldim, boshim aylanib, sarxushlandim. Nazarimda, avj ololmayotgan ikki-uch tup daraxtli kichkinagina hovli ham bugun kengayib ketgandek edi. O‘ng tomondagi qo‘shnining hovlini bo‘g‘ib turgan baland g‘ishtin devori xuddi ancha nariga surilgandek. Hovlining narigi burchagiga har kuni ikki qadam tashlab, yetib olardim, bugun esa ancha uzoq yurdim. Qaytib, krandagi muzdek suvda maza qilib yuvindim, huzur bilan artindim. Uyga kirib, o‘zimni tartibga solib, ayvonga qaytib chiqqach, hamon ko‘zlarini yumgancha tasbeh o‘girib yotgan kampirga yana mehr bilan tikildim. Uning tasbeh shodalarida quyoshning qizg‘ish nurlari jilvalandi.
— Assalomu alaykum, ena! — dedim so‘riga yaqinlashib. Kampirning holati o‘zgarmadi, faqat ko‘zlarini qiya ochib, cheti bilan menga nazar tashladi.
— Ha, yaxshi yotib turdingmi, bolam? — deya so‘radi past, lekin xirgoyi qilayotgandek ovoz bilan. — Qandaydan, bugun erta turibsan?
— Bilmadim... Turgim keldi-da. — so‘rining chetiga — kampirning ro‘parasiga omonat o‘tirdim.
U ham o‘rnidan turib o‘tirdi. Qarilikning aksi ko‘ringan kulrangmonand yuzida va hiyla qisilgan ko‘zlarida quyoshning qizg‘ish nurlari o‘ynadi.
— Qani, omin, tinchlik-xotirjamligini bersin. Allohu akbar! — deya yuziga fotiha tortdi.
Men ham unga ergashdim.
— Choy ichdingizmi, ena?
— Yo‘q, sen bilan ichgim keldi-da, bolam. — So‘ng u bolishning tagini kavlay boshladi. U yerdan bir necha marta buklangan pullarni chiqarib, ming so‘m ajratdi-da, menga uzatdi: — Novvoydan issiq non obkegin, bolam.
Men beixtiyor o‘rnimdan turib ketdi.
— I-eye, pulim bor-e, ena.
Kampir ataylab qovog‘ini solib, xafa bo‘lganday dedi:
— Agar pulni omasang, noningni yemayman. Ma!
Pulni oldim-da, gazga choy qo‘ydim.
— Qaytgunimcha qaynab turadi, — dedim kampirga qarab, — tag‘in urinib damlab yurmang, o‘zim damlayman.
Shu payt qulog‘imga nayning ovozi eshitildi. Naymidi yo ?..
— Aytganday, ena, hali qanaqa qush sayradi?
Yana yonboshlavolgan kampir ko‘zining qiri bilan menga qaradi.
— Qachon? — deya so‘radi boyagidek past ovozda.
— Hali, sen uydan chiqmasdan oldinroq.
— Bilmadim, men eshitmadimu, — dedi u va jim qoldi.
Men olislardan kelayotgan nayning mayin xonishiga quloq solib, turib qoldim. Xayolimni kampirning ovozi bo‘ldi:
— Balki ko‘nglik sayragandir.
Avvaliga uning gapini tushunmadim-da, haligina bergan o‘z savolim esimga tushib, o‘zimcha «balki», deya miyig‘imda kulib qo‘yib, ayvondan tushgach, darvoza tomonga qayrildim.
Darvozadan chiqayotganimda nayning ovozi tindi. Aslida u nayning ovozimidi yoki?.. Bilmayman! Bilmayman!..
Ko‘chaga chiqiboq e’tiborimni, eng avvalo, chap tarafdagi qo‘shnining darvozasi oldida bir kampirni juda ehtiyotkorlik bilan «Neksiya» mashinasiga o‘tqazayotgan odam tortdi. Egnidagi oppoq ko‘ylagini shimning ichiga tiqmay, tushirib olgan, boshida san’atkorona tikilgan oq guldastadek do‘ppi, nur taralgan farishtali chehrasiga yanada joziba baxsh etgan qoshu kiprik, ixcham mo‘ylovi tim qora, go‘yo tovlanadi. Aslida e’tiborimni u kishining suvrati tortmadi. Yo‘q, meni yurishdan to‘xtatgan narsa boshqa edi: u munkillab qolgan kampirni (balki onasidir) shunaqayam ehtiyotkorlik, hafsala bilan, to‘g‘rrog‘i, erinmasdan mashinaga o‘tqazardiki, uning har bir harakatidan mislsiz mehr yog‘ilayotgandek edi. U kishining ortida boshiga oq ro‘mol yopingan ayol turibdi. Ayoldan beriroqda — menga yaqinroq tarafda esa o‘zga bir xilqat. U menga orqa qilib turar, boshida bo‘yniga aylantirib tang‘ilgan oppoq ro‘mol, ustida tovonidan sal teparoqqacha tushgan islomiy moviy ko‘ylak, oyog‘ida oq paypoq, guldor shippak. Uning ko‘ylagi keng edi, qaddi-qomatini namoyish etmasdi. Lekin moviyrang bu mato ichida o‘n olti-o‘n yetti yoshli go‘zal bir vujud yashiringani g‘oyibona sezilib turardi. Qiz ozgina qimirlasa ham, ko‘ylagiyu boshidagi ro‘moli xuddi buloq suvi mayin shabodada mayda to‘lqinchalar paydo qilib, jimirlagani singari nozik to‘lqinlanardi va bu har qanday uyg‘oq nigohni, dilni ham ana o‘shanday to‘lqinlantirishi shubhasiz edi.
Men tek qotgan ko‘yi qizdan ko‘zimni uzolmasdim. Qaniydi bir qarasa, bir bor nazar tashlasayu, deya umid qilardim, yuzini ko‘rishni istardim. Bu orada haligi ayol menga bir qaradiyu yana ko‘zini olib qochdi. Xuddi shu lahza qiz ham men tomonga qayrildi. Oppoq ro‘molning, moviy ko‘ylakning to‘lqinlari kattalashdi. Mana, men shu o‘tgan bir necha soniyalarda orziqib kutgan chehra: oq pushti atirgul monand yuz, o‘sik kipriklar, qaldirg‘och qanotidek jilvakor qora qoshlar, lablar. Bu yuzning mislsiz malohatidan uning boshidagi oppoq, top-toza ro‘molning ham ahvoli tang edi. Men sizga hozir ta’riflagan bu suvratni keyin — oromsiz tunu kunlarimda xotiramdagi mayda bo‘lakchalardan yig‘ib tikladim. Hozir esa men sarxush edim, boshim aylanib, ko‘zlarim tinib, oyoqlarimdan mador ketib, devorga suyanib qolgandim. Yelkamdan devor ham nari qochib borardi go‘yo... O‘zimga kelganimda qo‘shni darvozaning oldida hech kim yo‘q edi, hatto mashina ham g‘oyib bo‘lgandi. Bu tushmidi, xayolmidi — anglolmadim. O‘z holatimdan cho‘chib ketdim, birrov atrofimga olazarak ko‘z tashladim-da, xayolimni olib, shosha-pisha novvoyxona tomonga jo‘nadim.
* * *
Non chaynardimu o‘zim, xayolim boshqa yoqlarda edi. Ostimdagi so‘rini, og‘zimdagi qasir-qusir qilib yamlayotganim issiq nonni his qilmasdim.
— Nima bo‘ldi, bolam? — deya so‘radi qo‘lidagi piyolani og‘ziga olib borarkan, sinovchan tikilib kampir. — Yo sayroqi qushingni ko‘rib qoldingmi?
Men olis-olislardan qaytib keldim, kampirning gapini miyamning kovaklarida aylantirdim. Qush!.. Nima demoqchi bu ziyrak kampir? Axir!.. Men «yalt» etib, kampirga qaradim. Lekin u go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, boyagi gapni ham aytmagandek, erinmay non chaynardi. Nonni yamlaganida burishib ketgan jag‘i burniga tegib ketay derdi. Buni ko‘rib, hali o‘ylagan o‘yimdan qaytdim. Men kampirni avliyomi, g‘aybni biluvchimikiin, deya xayol qilgandim, endi esa hafsalam pir bo‘ldi.
Keyin kampirdan qo‘shnilar haqida so‘ramoqchi bo‘lganini esladim. Ko‘zlarimda moviy rang yolqinlandi. Buni enaga bilintirmaslikka urinib, bir burda nonni piyoladagi qaymoqqa botirdim va go‘yo gap yo‘g‘ida gap-da, qabilida so‘radim:
— Ena, manov uyda kimlar yashaydi?
Kampir bir pas indamay turdi, so‘ng,
— Ko‘rdingmi? — dedi sekingina.
Men yana o‘zimni beparvo tutishga urindim:
— Nimani?
— Hmm... — dedi kampir cho‘zib nafas chiqararkan. — Ular juda yaxshi odamlar. Hammalari xudojo‘y, taqvodor. O‘sha sho‘ro zamonidayam namozni kanda qilishmasdi...
Men kampirning gapira boshlaganidan xursand edim. Shu bilan birga, tezroq moviy ko‘ylakli qiz haqida gapirishini istardim.
— ... Juda tagli-zotli, saxovatpesha odamlar bu qo‘shnilarim. Dadalari katta savdogar, toparman-tutarman. O‘g‘illari ham shunaqa. Kenja qizi...
Ha-ha, tezroq gapirsangiz-chi, enajon, deya orziqib ketdi yuragim. Kampir menga zimdan qarab qo‘ydi.
— Kenja qizi judayam chiroyli, o‘zi otincha. Otini aytaymi?
— Ayting, ena, ayting, — deb yubordim ixtiyorsiz.
Kampir yoqimli jilmaydi-da, menga mehrli tikildi.
— Mumtozmahal...
Bag‘rim yonib ketdi, bo‘g‘zimga bir narsa tiqilib, ko‘zlarimga yosh sizganday bo‘ldi.
Kampir hamon jilmaygancha tikilib turardi. Men ko‘zlarimni qayerga yashirishni bilmay qoldim.
— Bu qushni juda ehtiyot saqlaydilar, uning oshyoniga (yoki ko‘ngliga dedimi, bilmayman) kirish juda mushkul, bolam, joningga jabr qilmasmikinsan?..
Men endi kampirning donishmandligiga chippa-chin ishondim, ishondimu uning har bir so‘ziga qul bo‘ldim.
— Ha, aytganday, yozuvchimiding, bolam?
Men boshim bilan tasdiq ishorasini qildim.
— Sen maktub yoz! Shunday yozki... — kampirning ovozi yanada mayinlashdi. — U oldimga chiqib turadi.
Men negadir ko‘zlarimni yerdan uzolmasdim...
Dasturxonga fotiha o‘qidik. Narsalarni yig‘ishtirarkanman, oyog‘u qo‘llarimning judayam og‘irlashib ketganini sezdim.
— Qishlog‘ingga bormoqchimiding, bolam?
— Ha, — dedim kampirdan ko‘zimni olib qochib, — endi borolmasam kerak...
Kampir bag‘rimdagi qovjirab borayotgan umid niholimga suv quydi. Ko‘zlarimdagi moviy rang sog‘inchi meni kulbamga — kichkinagina qo‘lbola xontaxtayu qog‘oz, qalamim sari yetakladi. G‘arib to‘shakka o‘tirib, xontaxtaga suyandim, boshimni qo‘llarim orasiga oldim. Boshmidi o‘zi bu? Meni og‘ushiga olgan mana shu huvillagan, sukunatning mislsiz shovqini yastanib yotgan uy kabi boshim ham ichi bo‘shligidan kattayib, shishib borayotgandek edi. Faqat qarog‘larimga talpinayotgan sim-sim ko‘nglimgina hali mening bor ekanimni anglatib turardi. Yozaman, derdim o‘zimcha, lekin nimani yozishimni bilmasdim, ne-ne qog‘ozlarni qoralagan, o‘zimcha qanchalab hikoyalar, bir necha qissalar yozib tashlagan va hatto bu yozganlarimning ba’zilari xayolchan suratlarim bilan gazetalarda bosilgan, yanaki, o‘zini yozuvchi deb bilmish men hozir qog‘oz oldida juda-juda ojiz edim. Kechagina meni osmonu falaklarga eltishga qodir ko‘ringan endi yupun va ma’nosiz tuyulardi. Nahotki shu so‘zlar bilan ko‘ngilni ifodalab bo‘lsa? Aslida shu vaqtgacha nimalarni yozgan edim. Shunda biz hozir nutqimizda qo‘llayotgan va hatto she’rlar yozayotgan so‘zlar naqadar dag‘allashib, g‘ariblashib ketganini anglagandek bo‘ldim.
Men talaba edim, shu zamonning oliy maktabida tahsil olayotgan so‘zamol talaba edim. O‘zim bilan o‘qiydigan, yuzu ko‘zlari pardoz mavjidan ollangan go‘zal qizlarga gap otishda o‘ylanib ham o‘tirmasdim, lozim bo‘lsa, muhabbat izhor qilishdan-da toymasdim. Ularning qarshisida hozirgi ojizlikni his qilmasdim, qo‘l berib ko‘rishganimda etim seskanmasdi, yuragim jizillamasdi, ko‘zlariga boqqanimda husnu latofatlaridan bir joylarim jimirlardiyu, biroq bu go‘zallik yuragimga botib, mijjalarimning chetlarini achishtirmasdi va men bu haqda bosh qotirib ham o‘tirmasdim. Hozir esa moviy to‘lqinlarga bitajak maktubimni nimadan boshlashni bilolmay garang edim, kipriklarimning osti achishib-achishib ketardi.
Va nihoyat, yuragimning o‘rtanishlariga bo‘yinsungan qo‘lim harakatga keldi:
«Mumtozmahal!
O‘shanda kunning rangi o‘zga edi va bu rang qayoqdan paydo bo‘lganidan bexabar edim. G‘arib darvozaning ostonasi anglatdi menga ul rangning boshini.
Men sizni bilmayman, lekin bilardim, men sizni tanimayman, lekin tanirdim. Bunga ko‘nglim guvoh.
Farhod — men, Otabek — men, o‘zim Anvar. Xayolingiz umrimga sochmish mushku anbar. Samolardan kelmishmidingiz?
Meni olamda bir mahvash giriftor ettiyu ketdi,
Boshimga soldi savdoni, xaridor ettiyu ketdi. (Suxanvar she’ri)
Devona gunohimdan o‘ting! Yashashga izn bering, bu moviy olamda yashamoqqa izn bering!
Shamsiddin.»
Bir necha bor o‘chirib-yozib, qancha qog‘ozlarni yirtib, kipriklarim silkinishidan siyohlar chaplashib bitgan maktubim edi...
Oradan bir hafta ztdi. Bu kunlar mobaynida maktubimga orziqib javob kutdim, deyolmayman, yo‘q, ochig‘i, javob olishimga umidvor ham emasdim. Faqatgina bir taskin mening yashashimga, umrimning davomiga umid bilan qarashga imkon berardi va shuning uchun ham doimiy tashvishlarimdan ayro tusholmasdim. Bu taskin shundan iborat ediki, nima bo‘lganda ham, har tugul qalbimdagini kimgadir, to‘g‘rirog‘i, aynan o‘sha odamga to‘ka olgandim va u dardimdan ogohligidan bir muncha huzurlanardim. Kunlarimni sanamasdim, men ularga sho‘ng‘ib ketgandim, har narsadan, voqea-hodisadan bir ma’no axtarardim va bu ma’no meni faqat va faqat o‘shal moviy to‘lqinlarga eltardi. Go‘zal kursdoshlarim endi xayolimni o‘g‘irlasholmasdi, ularning qiqir-qiqirlari ham chalg‘itolmasdi. Hech kim bilan gaplashishni istamasdim, o‘zim bilan o‘zim edim, dunyo esa bu holatimdan hayronu lol har yerda kuzatib turardi. Auditoriyada dars tinglab o‘tirarkanman, kuyunib gapirayotgan sho‘rlik domlaning ovozi uzoq-uzoqlarga sochilib ketardi. Bu darsxona emas, go‘yo keng dala edi, quloqlarimga so‘zlar emas, ularning shovqinlarigina kelib urilardi. Domla esa kichrayib-kichrayib ketardi...
O‘shanda kampir qo‘limga qog‘ozni tutqazdiyu tanish tabassumini ham hadya etdi. Bu mahal yuragim dukurlab, qinidan chiqib ketguday bo‘lar, bo‘g‘zim qurib, ichimdan olov chiqayotgandek tuyulardi. Shu alpozda kulbamga kirib, maktubni ochdim, ochdimu lol qotdim. Unda aji-buji yozuvlar turardi. Avvaliga hayajonlanganimdan shunday ko‘rinyaptimi, deb o‘yladim va ko‘zlarimni bir pas yumib oldim. Qayta ochganimda ham hamon o‘sha yozuvlar jilva qilardi, biroq endi o‘zimni hiyla bosib olgandim. Shundagina maktub arab yozuvida bitilganini ilg‘adim. Bu jumboqqa javob izlash asnosida yozuvga tikildim, lekin birorta so‘zni ham o‘qiy olmadim, yig‘lagim keldi, xatni xontaxtaning bir chetiga surib, peshonamni ushlagancha to‘zonda qolgan tuyg‘ularimga to‘zim istadim. Shunda yumuq ko‘zlarim ichra rahmatli opoqdadamning siymosi oqarib ko‘rindi va hozirgi mushkulimni oson qilguvchi umidbaxsh bolaligimni esladim: opoqdadam «men bu bolamga sochi uzun, otincha qizlardan olib beraman», deya menga «yeskicha» duolarni, arab imlosini o‘rgatardi. «Muallimi soniy»ni tugatib, «Haftiyak»ni yarimlatganimda u kishi olamdan o‘tgandi va shundan keyin men «yangicha» ilmlarga «sho‘ng‘ib» ketgandim. Nahotki unutgan bo‘lsam, nahotki shu o‘tgan besh-o‘n yil opoqdadamning orzularini xotirimdan o‘chirib tashlagan?!
Qarog‘imda oqarib turgan siymo — bobom xotirasi, xontaxtaning bir burchagida turgan va mening hayot-mamotimni hal qilishi mumkindek tuyulgan sirli maktubni o‘qish ishtiyoqi miyamning kovak-kovaklarini kavlay boshladi-da, qo‘limga qog‘oz-qalam olib, arabiy harflarni yoza ketdim. Yozaverdim, nomlarini eslayverdim. Yo‘q, unutmagan ekanman, oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmayman, o‘qiy olishimga ishonch hosil qilgach, maktubni qo‘limga olib, ochdim. O‘shanda uning go‘zal husnixat bilan yozilganini fahmladim. Jimjimador harflar bir-birlariga osongina qo‘shilaverdilar:
«Assalomu alaykum!
Men Sizni esladim.
Balki gunoh ish qilgandirman, lekin o‘z enamdek bo‘lib qolgan mehribon qo‘shnimizning ko‘nglidan o‘tolmay, maktubingizni oldim. Javob yozaymi-yozmaymi deb, bir haftani o‘tkazdim. Axir bu maktubning ortida inson ko‘ngli turibdi-ku, deb o‘yladim so‘ng. Allohning o‘zi kechirsin!
O‘sha kuni olamning rangi boshqacha edi debsiz va bu go‘zallikning ijodkorini xato aytibsiz. Hamma narsaga qodir faqat Allohdir. Alloh taolo beadad va betimsol husn sohibidir. Ul zoti mukarram o‘zining beadad jamolining beadaddan bir ulushini biz bandalariga ham ato etmish. Bizlar bundan iftixor etmog‘imiz va Yaratganga shukronalar aytmog‘imiz lozim. Biz barchamiz go‘zalmiz.
Hozirgi aytadigan gapimni nokamtarlikka yo‘ymagaysiz. Illo uning ma’nosini keyinroq tushungaysiz, inshoolloh.
Siz Farhod bo‘lolmassiz, men esa Shirin. Siz Otabek emassiz, lekin men Kumushlikka qodirman. Siz Anvar emassiz, ammo men Ra’no bo‘la olaman.
Men ham zaminiyman, emas osmonliq,
Vale shakkari sho‘r, biling, osonliq.
Namozlaringizda duo qilib turing. Ilohi, gunohlarimizni avf etsin!
Iltimosim — endi xat yozmang. Allohning o‘zi bir yo‘lga boshlagay.
Mumtozmahal.»
Bu sirli maktub meni xayol girdobiga g‘arq etdi, uning har bir so‘zidan ma’nolar axtara boshladim. Eng avvalo, u o‘z maktubini nega endi arabiy imloda yozganini tushundim va birinchi imtihondan o‘ta olganimdan yosh boladay quvonib ketdim. Bu qizning zukkoligini qarangki, u meni o‘zining shu birgina maktubi bilan necha-necha sinovlarga ro‘baro‘ etmish. «Siz Otabek emassiz, lekin men Kumushlikka qodirman». Bu bilan nima demoqchi? Men-ku mo‘min-musulmon bir kishining imon-e’tiqodli, sharm-hayoli bir farzandiman, siz esa Otabek kabi fozil, Islom kishisi emassiz, demoqchimi? Ha-ha, aynan shunday va uning Kumushlikka qodirligi ham rost. Men esa nari borsa, bir institutning talabasiman, xolos.
«Namozlaringizda duo qilib turing...» Qarang, «namoz o‘qiysizmi?» yoki «namoz o‘qing» emas, «namozlaringizda duo qilib turing», deb yozgan. Bu odob, bu hayo, bu bir necha ma’nolarda jilvalangan so‘zlar — mening ushalmasdek tuyulgan orzuyim emasmidi? Demak, uning vasliga yetmog‘im uchun namoz o‘qimog‘im, imonga qaytmog‘im shart. Hammasidan ham uning ta’bi nazmi borligi meni behad quvontirdi, adabiyotga oshno yarim ko‘nglim but bo‘lgandek tuyuldi. «Vale shakkari sho‘r, biling, osonliq» degan satri menga «maqsad sari shoshilmang» mazmunida eshitilgandek bo‘ldi. Maktubdagi bu tagdor jumlalar, undagi sirli joziba, so‘zlardagi haliymlik va ayonki, umidbaxshlik Mumtozmahalga bo‘lgan mehrimni yuz chandon oshirib yubordi. Tun bo‘yi maktubni qayta-qayta o‘qidim...
Ertasigayoq bozordan namozning tartib-qoidalarini o‘rgatuvchi kitob olib keldim. Avvaldan yod bilgan duoi suralarni qayta-qayta o‘qib, namoz tartibi bo‘yicha joy-joyiga qo‘yib, o‘rgandim. Kechqurun kampirdan toza mato olib, xufton namozini o‘qish uchun joynamoz qildim. Tahoratdan so‘ng yorug‘ dil bilan namozni boshladim. Ilk bor peshonam sajdaga tekkanda vujudim jimirlab, ko‘nglim shu qadar yumshab ketdiki, go‘yo tanamdagi har bir mo‘y ostidan bir nimalar sug‘urilib, chiqib ketayotgandek tuyuldi. Ko‘zlarimga yosh sizdi, tomog‘im achishdi, ostimdagi joynamoz xuddi ertaklardagi uchar gilam singari yuksaklarga ko‘tarilayotgandek bo‘ldi. Odatda bir yoki ikki haftadan so‘ng uyga borganimda va onajonim meni bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlarimdan silaganida shunga o‘xshash huzurni his qilib, erib-erib ketardim. Hozir ana o‘shanday tuyg‘u qo‘ynida edim. Ilk bor yuzimga fotiha tortganimda barmoqlarim, kaftlarim muloyimlashib, xushbo‘y bo‘lib qolganini his qildim va ulug‘ og‘ushdagi mislsiz huzurdan mastona-mastona tebrandim. Nihoyat umrim uchun yana bir ziynat kashf etdim. Kunlar o‘taverdi, har namozimni tugatganimda, vujudim yengillashib, havo tomog‘imga shirin-shirin urilgan paytlarda ko‘z oldimda o‘sha moviy to‘lqin, oq pushti atirgulmonand chehra namoyon bo‘ladigan bo‘ldi va men bu lahzalarning takrorlanishini orziqib kutardim, har namoz ortidan ko‘ringuvchi suvratni sog‘inardim.
* * *
Kunlarning birida shomga yaqin kampir chorlab qoldi. So‘riga borib, qarshisiga o‘tirdim.
— Bolam, sen kelib, uyimga fayz to‘lgandek bo‘ldi, ilohi, umring uzoq bo‘lsin! — dedi kampir ovozi titrab.
— Rahmat, ena, siz ham menga onamdek bo‘lib qoldingiz, — deya ko‘nglimdagi gapni ayta qoldim men.
— Baraka top, bolam! Shu-u... Bu uydan birov mahalla machitiga chiqmaganiga ham ancha yillar bo‘ldi. Vaqting bo‘lganida kechqurunlari machitga chiqib turgin.
— Xo‘p, ena, o‘zimam shuni o‘ylab yuruvdim. Do‘ppi olvolay, keyin, albatta, chiqaman. Machitga yalangbosh chiqsam bo‘lmas...
— Umringdan baraka top, bolam!..
Uydan pul olib kelgach, yakshanba kuni do‘ppi xarid qilish uchun bozorga bordim. Do‘ppi bozorning qaysi tomonida sotilishini bilmasdim, shuning uchun birovdan so‘rab ham o‘tirmay, shu bahona bir bozor aylangim keldi.
Bozorda odam tirband, bemalol yurolmaysan, goh u yelkang, goh bu yelkang bilan kimlargadir turtinasan. Bu yerda birov birovdan uzr so‘rab o‘tirmaydi, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, qayoqqadir shoshiladi. Latta-putta bozori cho‘zilgandan-cho‘zilgan, pastak qo‘lbola peshtaxtalarda dunyoning anvoyi matolari, atiru upalari, sovunu tish tozalagichlari. Bu narsalarning qorishiq qo‘lansa hidi dimog‘ingga uriladi, go‘yo havo emas, ana o‘sha narsalarni yutayotgandek bo‘lasan. Hamma yoqda baqir-chaqir, shovqin avjida, borliqda «bozor simfoniyasi» hukmron...
Sotuvchilarning aksariyati ayollar edi. Oriq, semiz, go‘zal, xunuk, novchayu pakana ayollar. Ular bor vujudlari bilan o‘z matolariga qorishib ketgandek, ularning rang-ro‘yini oldilaridagi narsalarning tusidan ajratib bo‘lmaydigandek. Barchasi kuyib-pishib savdolashishadi, ona tilidagi eng jarangdor bozorbop so‘zlarni topib gapirishadi, xaridor chorlashadi. Ko‘zlarining qoracho‘g‘lari g‘alati yaltiraydi, go‘yo ular ko‘z emas, chuqurdan-chuqur o‘ra, ularga qancha narsa tashlamang, baribir tushmaydigandek ko‘rinadi. Yuz, qosh, lablarning barcha-barchasi faqat bir narsaga — nima qilib bo‘lsa-da, molini o‘tkazishga xizmat qiladi. Ana, qip-qizil yuzidan hayot va nafs ufurgan bo‘la ayol o‘tiribdi. U bemalolroq o‘tirish uchun ko‘ylagining etagini beligacha tortib, oyoqlarini ikki tomonga kerib olganidan ko‘z tushishi lozim bo‘lmagan joylarigacha ko‘rinib turibdi. Alvon lozimining choki biroz so‘kilganini ham yo sezmaydi, yoki ataylab parvo qilmaydi. Lozimining yirtig‘idan lorsillagan sonining bir qismi oppoq bo‘lib ko‘zga tashlanadi... Bo‘g‘zimda nimadir qalqidi, bir tebranib qo‘yib, odamlarga turtina-turtina nari ketdim. O‘ng tomondagi peshtaxtada ayollarning katta-kichik va turli rangdagi siynabandalari go‘yo qishloq xotinlarining suprasidagi xamirturushlardek qator qilib terib qo‘yilgan. U yerda erkak zotining sirli jufti ichidan kiyadigan yana allambalo narsalar ham bor. Pastak peshtaxta ortida esa o‘ttiz yoshlardagi yigit saqich chaynab o‘tiribdi. Yoshgina ikki xaridor juvon bitta siynabandni obdon ko‘zdan kechirishdi-da, biri yigitdan so‘radi:
— Manovining razmeri nechchi?
Hafsala bilan saqich chaynayotgan sotuvchining jag‘i bir lahza tindi-da, «ikki» dedi va yana «kavsh qaytarishga» tushib ketdi. Ne ajabki, na bu yigit, na ular pinagini buzdilar, go‘yo mazkur savdo ular uchun oddiy salomlashishdek bir gap edi.
Mening boshim aylandi. O‘girilib, bir muddat ko‘zlarimni yumib oldim, ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Endi istar-istamas, yurishda davom etdim, tezroq bu yerdan chiqib ketishni istardim. Shu payt qulog‘imga ayol kishining andishasizlarcha shanqigani eshitildi. Beixtiyor o‘sha tomonga qayrildim, aslida u tarafga qaragan bir men emasdim, hammaning nigohi o‘sha yoqqa qadalgandi: chiroyli sotuvchi juvon titrab, hadeb oldinga siltanardi.
— Uyalmaysizmi aldagani!.. — derdi uning ro‘parasida turgan norg‘ul bir erkak.
— Kim aldabdi, hey? Og‘zingga qarab gapir! — deya shang‘illadi juvon. — Nega uyalarkanman? Nima, men senga ... sotyapmanmi uyalgani! — U eng sharmandali gapni sharmandalarcha baqirib aytib yubordi. — Tirikchilik deb o‘tiribman bu yerda!..
Mening ko‘nglim aynidi, bir o‘qchidim-da, odamlarga turtina-turtina xoliroq joyga yugurib ketdim...
Nima bo‘lganda ham o‘sha kuni do‘ppi sotib oldim, qaytishda sochimni do‘ppibop qilib kichraytirdim. Kechqurun mahalla masjidiga chiqdim. Turli yoshdagi odamlarning ba’zilari tashqaridagi so‘rilarda, bir qismi ichkarida takbirni kutib, past ovozda gaplashib o‘tirishardi. Ularga salom berib, ichkariga kirdim-da, bir burchakka o‘tirdim. Masjidning ichi juda salqin, huzurbaxsh, havosi xushbo‘y, ko‘ngilni yoritar darajada yoqimli edi. Tepadagi chiroqlar sarg‘imtir-qizg‘ish nur sochadi, bu balki devorlarning sarg‘ish qilib bo‘yalganidan shunday ko‘rinar. Atrofda huzurbaxsh sukunat hukmron, u odamlarning past ovozlariga qorishib, dilga ajib bir halovat olib kiradi. Mana, moviy to‘lqinlar nihoyat meni masjidga olib keldi...
Bir safar namoz tugagach, kattalar chiqib olsin deya odatdagidek odob yuzasidan o‘zimni chetga olib, chiqguvchilarga yo‘l berib turdim. Namozxonlar oqimi oxirlab qolganda bir kishi men tomonga burildi.
— Omonmisiz, qo‘shni? — Bu — Mumtozmahalning dadasi edi. Men uni o‘sha ilk marta darvozasi oldida ko‘rganimdayoq eslab qolgandim. Masjidga chiqa boshlaganimdan so‘ng esa har kuni ko‘radigan bo‘ldim, u kishi namoz mahali oldiroqda o‘tirgani uchun hamisha oxirida chiqardi. Qo‘shnim so‘rashish uchun ikki qo‘lini uzatib turardi. — Salomatmisiz?
Biz ko‘rishdik va birgalashib tashqariga chiqdik. Men bu kutilmagan diydordan esankirab qoldim, hayajonlanganimdan biron so‘z tilimga kelmasdi. Odamlar har tomonga tarqalishgach, biz tomonga yuruvchilar ham siyraklashdi va nihoyat, ko‘chada ikkimizgina qoldik. U kishi suhbat orasida mening qaysi qishloqdan ekanimni, qayerda o‘qishimni, ota-onam haqida surishtirdi. Men odob bilan javob berib boraverdim. Mana, ularning chiroq yoritib turgan hashamatli darvozasiga ham yetdik.
— Qani, qo‘shni, bir piyoladan choy ichaylik, — deya taklif qildi u.
— Rahmat, darslarim bor, — dedim muloyimlik bilan taklifni rad etib.
— Unda, mayli. Mabodo biror narsa kerak bo‘lsa, tortinmay, biznikidan so‘rayvering, bo‘ptimi... — Uning ovozi juda samimiy va muloyim edi.
Biz xayrlashdik. Men bu muomaladan o‘zimcha ma’nolar kashf etib, qanot boylagancha kulbamga — qog‘ozimga oshiqdim...
* * *
O‘shanda shanba kuni edi. O‘qishdan qaytib, darvozaxonadan o‘tib, uyga burilayotganimda ajib bir xilqatga ro‘baro‘ keldim — bu Mumtozmahal edi. Ularning oilasi kampirning issiq-sovug‘idan xabar olib turishardi, Mumtozmahal bu uyga qariyb har kuni chiqib, kampir bilan gaplashib o‘tirishini orqavarotdan yaxshi bilardim. Lekin hamisha men yo‘qligimda chiqardi, shuning uchun uni uchratishdan ko‘pam umidvor bo‘la olmasdim. Bugun esa... Ne baxtki, mening orzu-umidlarim, armonlarim, xayollarim o‘g‘risi va ayonki, taqdirim qarshimda turardi. Va bu uchrashuv ham bejiz emasligini tushungandek bo‘lardim. O‘sha moviy ko‘ylak, o‘sha oppoq ro‘mol, o‘sha yuz, o‘sha kipriklar — meni orziqtirgan o‘sha moviy olam butun bo‘y-basti bilan qarshimda turardi. Ichimda bir narsa uzilgandek, boshim huzurbaxsh aylanar, ostimda yer yo‘qdek tuyulardi.
— Assalomu alaykum! Nega qotib qoldingiz? — Bu ovoz uzoq-uzoqlardan eshitildi.
Men nimadir demoqchi bo‘ldim:
— Mum... — Lekin tilim aylanmadi.
— Mum tishladingizmi? — dedi u xiyol jilmayib va lablarini ro‘moli bilan to‘sib oldi. Bu tabassum men bilgan tabassumlarga o‘xshamasdi. Bomdod mahali ufqning oqarishini ko‘rganmisiz — hijob ortidan ma’sum tabassum ila iboli bir chehra mo‘ralayotgandek tuyuladi, uning jilmayishi ana o‘sha tong jamoliga o‘xshardi.
Endi men o‘zimni biroz o‘nglab oldim va uning so‘zlaridagi zarif tagma’noni angladim.
— Keling!.. Men... — Ming chiranmay, baribir gapira olmadim.
— Enamni ko‘rgani chiquvdim... Xayr!.. — Kipriklar bir silkindi, qop-qora ko‘zlar nigohimni joduli siypab o‘tdi.
Men karaxt edim, ko‘zlarimda moviy to‘lqinlar chayqalardi, xolos. Shu ko‘yi ancha turdim va chuqur bir xo‘rsinib, ayvonga o‘tdim.
— Assalomu alaykum, ena!
— Vaalaykum assalom. Ha, keldingmi, bolam? — dedi yonboshlab yotgan kampir va mayin jilmayib, buklog‘liq qog‘oz uzatdi. Bu maktub edi. Shoshib uyga kirdim-da, yuragim qinidan chiqquday bo‘lib, arabiy imloda yozilgan maktubni o‘qiy boshladim.
«Assalomu alaykum!
Omonmisiz?
Otabeklardek irodangizga Alloh ulug‘ ajrlar bersin. Ko‘tarilgan samolaringiz muborak bo‘lsin!
Kecha dadam ayamga siz haqingizda yaxshi gaplarni aytibdi. Tanishib olibsizlar shekilli?..
Enamizdan mehringizni ayamang!..
Gunohlarimizni Allohning o‘zi kechirsin.
Xayr...»
Bag‘rimdan mislsiz bir quvonch bo‘g‘zimga otildi, hozir go‘yo butun jonu jahonim qahqaha otardi. Yutoqib, xatni yana qayta o‘qishga tushdim. Shu payt tashqaridan kampirning ovozi eshitildi:
— Shamsiddin! — Bu ilk bor ismimni aytib chaqirishi edi.
— Labbay, ena, — dedim ostonada to‘xtab.
Ne tongki, kampir ham mening quvonchimdan boxabardek ko‘zlari charaqlab boqib turardi.
— Bu safar uyingga borasanmi, yuolam?
— Ha, ena.
— Onangni oldimga oldib kelgin, bolam. Onang bilan bi-ir tanishib, gaplashgim keldi.
Kampirning qo‘lidagi tasbehga ko‘zim tushdi, uning shodalari cho‘g‘dek yaltirab ketdi.
Shu payt azon ovozi eshitildi.
— Xo‘p, ena, — dedimu azonning yoqimli ohangi og‘ushida tebrana-tebrana yuksaklarga ko‘tarila boshladim. Ko‘z o‘ngimda moviy to‘lqinlar mavjlandi, juda-juda namoz o‘qigim keldi, men sajdani sog‘inganmdim. ...