Baland-baland bulutlar
Avval ular qishloqdagi eng baxtli oila edilar.
Baland-baland tog‘larning bag‘ridagi go‘shada yashaydigan yoshu qari borki, yaqindagina bunyod bo‘lgan oilaga — Mansurjon va Nozimalarga havas bilan qarashardi.
...Mansurjon panjarani mahkam siqarkan, o‘sha saodatli onlarni esladi...
* * *
To‘ydan keyin o‘zini jannatga tushib qolganday his qilardi. Hayot unga o‘zining eng yaxshi lahzalarinigina hadya qilib, noxush holatlarning barchasi uni chetlab o‘tardi go‘yo.
Ishga "yaxshi borib keling..." degan yoqimli ovoz kuzatib qolsa, ko‘p mehnat talab qilmaydigan ishidan qaytganda, "yaxshi keldingizmi?" deyilmish yurakni yoquvchi savol va jonni talvasaga soluvchi tabassumli chehra uni kutib olardi.
Darvozadan kira-kira, ishga ketganidan buyon o‘zini intizorlik bilan kutib turgan xotinining ko‘llaridan tutar, lablarini kuloqlariga yaqinlashtirgancha, "sog‘indim" deya shivirlardi. Uyda o‘tadigan har bir fursatdan baxt ufurardi. Bu koshonadagi har bir lahza uning uchun bayram edi. Qarshisida uyalinqiragancha ibo bilan kulib turgan nigohning faqat o‘ziga atalganini his qilar ekan, shunday takdirga ro‘para qilgani uchun Tangriga cheksiz shukronalar aytardi. Mana shunday kunlarini ko‘ra olmay dunyodan o‘tib ketgan ota-onasini eslaganda, biroz o‘ksinib qo‘yardi xolos.
Hammasi tuman markazidagi u ishlaydigan idoraga yangi xodim kelganidan boshlandi. Firma rahbari Mansurjonni o‘z xonasiga chorladi. Bordi.
— Keling, o‘tiring, — dedi direktor yonidan joy ko‘rsatgancha muloyimlik bilan, — o‘tiring, Mansurjon!
Sekin boshliq ko‘rsatgan joyga borib o‘tirdi. Toqatsizlik bilan direktorning og‘zini poyladi. Chunki xodimlarini hadeb huzuriga chorlayveradigan boshliqlar sirasiga kirmaydigan Qobiljon Quliev ne boisdan uni eslab qolganiga hayron edi.
— Bizga yangi kadr kelganidan xabaringiz bor, — yo‘tala-yo‘tala gap boshladi Qobiljon Quliev — Endi-i, uka, bilasiz, siz boshqarib kelayotgan bo‘limda ikki-uch oydan buyon ishlar juda sust ketmoqda...
Mansurjonning yuragi "shig‘g‘" etdi. Noxush bir voqeaning sodir bo‘lishini sezib, ko‘nglida tushunib bo‘lmas talotum boshlandi.
— Agar, ishlar shunday ketaversa, firmamizning inqirozga uchrashi tayin. Shunga ... vaqtinchalik yangi kelgan xodimimiz Jobirjon sizning o‘rningizga bi-ir ishlab ko‘rsa. — Boshliq bir muddat kerakli so‘zni topolmay gapdan to‘xtab qoldi. Keyin oldindan tayyorlab qo‘ygan gaplarini chamalab olib, gapida davom etdi. — Yo‘q, sizni yomon xodim demoqchimasman. Ishga tushib olishingiz qiyin bo‘lyapti-da. Agar Jobirjon ham ishni ko‘ngildagidek olib borolmasa, sizni o‘zimiz chaqirib olamiz... Agar yo‘q demasangiz.
Mansurjon boshliqqa hech narsa demasdan shitob bilan tashqariga jo‘nadi. Uni qishlokdagi ba’zi bir bekorchi o‘rtoqlaridan birgina afzallik tomoni ham markazdagi mana shu ish edi. Toshbaqa yurish bilan bekatga tomon ketarkan, ichida o‘zini "bekorxo‘jalar" safiga birato‘la qo‘shib qo‘ya qolgan boshliqni so‘kib borardi. Avtobusga o‘tirganidan so‘ng o‘zini-o‘zi picha yupatgan bo‘ldi: "Diplomim bor-ku, ishsiz qolib ketmasman..."
Darvozaga yaqinlashgan zahoti dilxiraliklarini tamoman unutganday bo‘ldi.
— Juda sog‘indim, — pichirladi o‘zini intizorlik bilan kutib turgan parivashga. — Judayam... — keyin esa yorining o‘ng kulog‘ini erkalagannamo beozor tishlab qo‘ydi.
— Ko‘ying-e, — Nozimaning yuzlari lovulladi. — Ko‘shnilar ko‘rsa nima deydi...
Nonushta mahali ikkalasi ham jim edi. Gap o‘rtasida Mansurjon bugun idorasida bo‘lib o‘tgan voqealarni ham qisman aytib o‘tdi:
— Meni vaqtinchalik ishdan ozod qilishmoqchi shekilli, — dedi u allaqachon yuz berib bo‘lgan gapni kelasi zamonda so‘zlab.
— Qaytaga yaxshi-da, uyda ko‘proq bo‘lasiz, — dilkashlik bilan so‘z qotdi Nozima.
— O‘rganib qoluvdim-da!..
— E-e, tashvishlanmang, o‘zlari chaqirib olishadi. Sizday mutaxassisni baribir topisholmaydi.
Ertasi kuni Mansurjon o‘ziga yangi ish topish maqsadida markazga yo‘l oldi. Diplomini qo‘ltiqlagancha kirmagan eshigi qolmadi hisob. Hammasida bir xil javob takrorlandi: "Bizda bo‘sh o‘rin yo‘q!"
Nihoyat, shaharcha chetidagi bir idoradan umid bag‘ishlovchi gap eshitganday bo‘ldi:
— Bir oydan so‘ng hisob bo‘limimizdagi bitta o‘rin bo‘shaydi. Xabarlashib turing!
Deyarli bir oy fursatni uyida, Nozimaning yonida o‘tkazdi. Hamma-hammasi ko‘ngildagidek edi. Faqat avvallari maosh oladigan vaqti kelganda yuragi xiyol ezildi. Oila "byudjetiga" faqat xotinining hissasi qo‘shilgani bois o‘zini noqulay his qildi. Ammo bunaqangi gap Nozimaning xayoliga ham kelmasligini u ich-ichidan his qilardi.
Oradan uch hafta vaqt o‘tgach, yana tuman markaziga bordi.
— Biror hafta kuting-chi, — dedi firmaning bosh hisobchisi qovog‘ini uyib.
Mansurjon bir haftani kun sanab-kun sanab o‘tkazdi. Keyingi dushanba kelishi bilan sabri chidamay shaharchaga jo‘nadi. Nazarida, shoshilmasa, o‘sha "o‘rin"ni boshqa birov egallab qo‘yadigandek edi. Ming bir hadik bilan yana o‘sha idora eshigini qoqdi.
— Ikki kundan keyin keling, — tundlik qildi bosh hisobchi — Buncha ichingiz tang bo‘lmasa, hali bir hafta o‘tgani yo‘q-ku!
Yana ikki kun kutish kerak. Ikki kun-a! Xotinining ishdan kelishiga erini kutgan ojiza kabi ko‘z tutib turish uning joniga tekkandi.
Soat sanab o‘tkazgan kunlarining behuda ketganligiga u shaharchaga keyingi borganida amin bo‘ldi.
— Boshqa odam oldik, — dedi tanish "mansabdor" umuman beparvolik bilan. — Ishni boshqa firmadan qidiring!
Shundan keyin jahl ustida bu odamga nimalar deganini eslolmaydi. "Buxgaltir" uning bir oylik kerakli vaqtini loqaydlarcha chippakka chiqargandi. Yana qaytadan ish qidirishga hafsalasi bo‘lmay, qaysi tomonga yurishini bilmasdan talmovsiradi. Doimo shoshiladigan uyiga ham borgisi kelmasdi. Borsa, hatto Nozima ham unga bekorchiga qaraganday nigoh bilan boqadigandek edi. "Ha, Mansur! Ketdikmi?" deya so‘z qotgan kirakash ko‘shnisi Zahriddin akaga o‘zi ham bilmagan holda baqirib tashladi:
— Bormayman o‘sha qishloqqa! Eshitdingizmi, bormayman!
— Mansur! — hayratdan qotib qoldi Zahriddin aka. — Xayoling joyidami, uka?!
— Joyidamas! — Mansurjonning tishlari g‘ijirlab ketdi.— Boravering!
Zahriddin aka nimalardir deb so‘kingancha mashinasini nariga haydadi.
Mansurjon kech tushgunga qadar joyidan jilmadi. "Endi nima qilaman?" degan savol butun miyasini chulg‘ab olgandi. Bevafo hayot unga bergan jamiki yaxshi narsalarni birin-ketin tortib olayotgandek edi.
Uyiga kirib borganida xotini xavotir olib o‘tirgan ekan.
— Aka, — dedi u erining yuzidagi horg‘inlikdan tashvishlanib. — Ishlaringiz yaxshimi, haligi ishingiz hal bo‘ldimi?
— Yo‘q-da! — Mansurjonning tomog‘iga allanechuk narsa tiqildi. — Bo‘lmadi-i...
— Obbo, — Nozimaning ko‘zlarida beparvolik qalqidi. — Shunga shunchami, qurib ketsin o‘sha ishlari. Kuyunmang!
— Tushunmayapsan-da, Nozima, — qo‘lidagi diplomiga ishora qildi u, — manavi endi umuman keraksiz matohga aylanib qoldi. Buning hech kimga keragi yo‘q!
— Qayg‘urmasangiz-chi, — erining kayfiyatini ko‘rgach, o‘zi ham yig‘lagudek bo‘lib Nozima, — hali hech qancha vaqt o‘tgani yo‘q-ku, ko‘rasiz, o‘sha ishlarning o‘zi sizni axtarib keladi!
— ... baxtimizni yarim qilishdi!
Nozima erining yuzlariga hayrat bilan boqdi:
— Baxt deganlari ish, pul bilan butun bo‘ladigan bo‘lsa... bilmadim, uni rostdanam baxt deb bo‘larmikan?
Mansurjon yalt etib xotiniga qaradi. Xayolining ikki-uch haftalardan beri faqat ish, pul topish tomonlarga o‘rlab ketganini o‘ylab, ich-ichidan ezildi. Xotinining tun kabi qop-qora sochlarini, zim-ziyo osmon bag‘rini o‘zining jilosi-la yoritib turguvchi hilol oydan-da oydin, tiniqroq yuzlarini siladi.
— Mening eng katta baxtim sensan! — shivirladi u. — Sening ismingdan ayro aytilguvchi boshqa barcha baxtlarga... tupuraman, ha, tupuraman!..
* * *
— Mansur aka, — tanish ovozni eshitib o‘ziga keldi u. — Aka, sog‘ligingiz joyidami?
Tepasida hamxonasi Tursunboy turardi.
Xonadoshini ko‘rganidan keyingina masrur lahzalarni eslab o‘krab yuborganini angladi.
— Biror joyingiz og‘rimayaptimi ishqilib? Nima bo‘ldi, akam?
— Hech narsa, ukajon, hech narsa,— hamxonasini tinchlantirdi u.— Xayolga berilib ketibman...
Tursunboy chukur uh tortdi.
— Uyni o‘ylayapsizmi?..
— Haa... O‘zim, mana shu qo‘llarim bilan xarob qilgan baxtimni o‘ylayapman...
— Ko‘ying... yig‘lamang, aka, sizga yarashmaydi.
— Sen... sen bemalol damingni olaver, Tursunboy. Uxlayver, ukam!
— Siz-chi, hademay tong otadi. Uxlamaysizmi?
— Men... meni qo‘yaver, baribir uxlolmayman...
Mansurjon bu joyning odamlariga umuman o‘xshamaydigan shoirsifat hamxonasini joyiga yotishga bir amallab ko‘ndirgach, yana xayolga berildi...
* * *
Bir oy baxt ufurib turguvchi lahzalar bilan yashadilar.
O‘sha kuni Nozima maktabdagi darslarini ertaroq tugatib qaytdi. Uyida yonboshlagancha televizor tomosha qilayotgan eriga jilmayib qaradi-da, sumkachasini kovlab, ichidagini unga uzatdi.
— Maoshim. Siz oling.
Mansurjonning kulib turgan chehrasi birdan tundlashdi. Keyin esa xotinidan sekin so‘radi:
— Nima uchun men olishim kerak?
— Niyat qiluvdim...— erining g‘ayriodatiy avzoidan hadiksiragancha javob berdi Nozima,— sizga kostyum-shim sovg‘a qilaman deb...
— Nima uchun?!
— Nima nima uchun? — tushuniksiz savoldan hayron bo‘ldi Nozima. — Shundoq o‘zim. To‘y kostyumingizning ohori ketinqirabdi. Qaytaga yaxshi bo‘ladi. Almashtirib kiyasiz.
— Ma, — pulni xotiniga qaytarib uzatdi. — Kostyum-shimgayam pul topilib qolar. Bunga o‘zing uchun biror narsa olarsan.
Nozima bir pas hech narsaga tushunmay turdi, keyin esa pulni oldi-da, jimgina narigi xonaga o‘tib ketdi. Shundan so‘ng tonggacha u yerdan chiqmadi.
Mansurjon ertasi kuni shaharchaga otlanib qoldi. Kechagi voqeadan keyin u qanday qilib bo‘lmasin biror tayinli ish topishga qaror qilgandi. U qilgan ishidan tuni bilan pushaymon bo‘lib chiqdi. Borib xotinidan kechirim so‘ramoqchi ham bo‘ldi. Ammo bunga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi.
Kechagi gaplardan keyin Nozimani ikki-uch kun arazlab yuradi, deb o‘ylagandi. Kiyinib tashqariga chiqayotganida orqa tomondan odatiy va yoqimli o‘sha ovozni eshitdi.
— Aka... — orqasida tuni bilan yig‘lab chiqqani uchunmi, bodom qovoqlari xiyol shishinqiragan Nozima turardi. — Yaxshi borib keling... — yerga qaragancha odatiy so‘zlarini takrorladi u.
Mansurjon ortga burilib, xotiniga tikilib turdi. Keyin esa uning yaqiniga bordi. Qo‘llaridan tutmoqchiydi-yu, kechagi gaplari uchun o‘zini bunga hozir haqsiz sezib to‘xtadi.
— Maoshingni ishlatmay tur, menga kostyum-shim olamiz... O‘zing tanlaysan!
Nozima hech narsa demasdan erining bo‘ynidan quchoqlab oldi. So‘ngra qilgan ishidan uyalib, ichkariga chopqillagancha kirib ketdi.
Shaharchadagi harakatlari yana behuda ketdi. Kech tushgach, oyoq-qo‘llari shalviragancha uyga qaytib keldi. Tag‘in o‘sha muqimlik, yana o‘sha bekorchilik...
Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar o‘tib borardi. Bir kuni Nozima bir gap aytib qoldi:
— Maktabda o‘qituvchilar yetishmayapti. Juda bo‘sh o‘tirgingiz kelmayotgan bo‘lsa, yangi ish topguningizcha maktabda ishlab turing. — U "noo‘rin gapirib ko‘ymadimmikan" degan xavotir bilan erining og‘zini poyladi. Mansurjon bu gapni eshitib, bir qalqib tushgandi. Katta idoraning havosini olib o‘rgangan odamning qulog‘iga bu xildagi gap, albatta, yoqinqiramasdi. Tongacha u yoqdan buyoqqa ag‘darilib shu haqida o‘yladi.
Ertasiga maktabga borib direktor bilan gaplashdi. Ammo...
— Hozircha buning iloji yo‘q, — dedi Qosim Samarovich quloqlarini uqalab.— Sizning mutaxassisligingiz pedagogik sohaga mo‘ljallanmagan. Yana bir xabarlashib ko‘rarsiz, ungacha men o‘qituvchilar bilan maslahatlashib ko‘raman.
"Uhh, — og‘zini kappa-kappa ochdi Mansurjon,— xabarlash, emish! Jonga tegdi-ku, bu kutish deganlari!"
Bu paytga kelib, ro‘zg‘ordagi yoriqlar ham ancha kattalashib qolgandi. Turmushlari kundan-kun g‘ariblashib borardi. Nozima yakshanba kuni kechlik nonushtaga mastava suzib kirdi. Odatda doimiy ravishda yakshanba kuni kechqurun palov qilinardi. Mansurjon bir kosaga, bir xotiniga qaradi.
— Nega osh qilmading?
— Do‘konga sal kechroq boribman, guruch tugab qolibdi...— Aybdorlarcha bosh egib javob qildi Nozima.
Mansurjonning ichidan zil ketdi. U hammasini sezdi: Do‘konda guruch borligi-yu, ammo uyda bunga yetgulik pul qolmaganini va xotini vaziyatni unga sezdirmaslik uchun yolg‘onlayotganini anglab yetdi.
— Nozima, — dedi xotiniga. — Sen ham tosh emassan-ku... Yorilsang-chi mundoq! Do‘konda guruch bor ekan de, uni sotib olishga pul yo‘q de! Aytsang-chi, bir mening oyligim yeyish-ichishimizga ham yetmayapti de! Gapir... gapir, jonim!..
— Aka-a! — Go‘yo baqirgudek gapira ketdi xotini. — Nimalar deyapsiz?! Shuyam gap bo‘ldimi?! Agar uyimizda har yakshanba osh bo‘lishini xohlasangiz... ertangi yakshanbada albatta qilaman!..
— Yo‘q, — Mansurjon o‘rnidan turdi. — Ertaga qilasan! Bozorga chiqib hammollik qilsam ham, ertaga uyimizda osh pishiriladi! Albatta qilinadi!
Aytar gaplarini aytib bo‘lgach, shart o‘rnidan turib tashqariga yo‘naldi. Nozima kipriklari pirpiragancha erining ortidan qarab qoldi.
Ertalab uyg‘onganida, eri kallai saharlab qaergadir ketgandi. Xavotirdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Kech tushib, eri kirib kelgunigacha xayolidan nimalar o‘tmadi.
Kechqurun darichani ochganida, Mansurjon bozordan shu yergacha yuklarini olib kelgan aravakash bolaga nimalarnidir tushuntirardi. Bola "tushundim" deganday bosh irg‘ib, turli xil oziq-ovqatlarga to‘la aravani hovliga tomon tortqiladi. Mansurjon mamnun qiyofa bilan uning ortidan yurdi. Nozima ich-ichidan quvonib ketdi. Yo‘q, u aravadagi narsalarni emas, yaqin o‘rtada chehrasi bunday ochilmagan erining ayni damda xursand ekanligidan shod edi. Aravakash bola ish haqini olishi bilan bozorga qaytib ketdi.
— Nozi, — Mansurjon quvnoqlik bilan qiyqirdi. — Qozonning tagiga o‘t yoq, hoziroq oshni sayratib tashla! — U aravadan tushirilgan masalliqlarga ishora qildi — Mana, o‘sha sabildan bir dunyo opkeldim!
Ularning xonadoniga avvalgi baxt shu lahzadayoq batamom qaytib kelgandek edi. Nozima axiyri yurak yutib eridan bu narsalarni qaerdan olib kelganini so‘radi.
— Yangi ish topdim, Nozi, yangi ish! Endi biznikida umuman yo‘qchilik bo‘lmaydi! Bunaqa narsalarni xohlasang, uyib tashlayman!..
Mansurjon endi har kuni tong-saharlab chiqib ketib, kech tushganda ikki-uch dasta pul ko‘tarib kelardi. Nozima avval boshida bunga unchalik e’tibor bermadi. Ammo bir kuni eri o‘ziga bahosi oilaning ikki oylik xarajatlariga bemalol yetguli kunduz yoqali palto olib kelganida og‘zi lang ochilib qoldi. Kechki nonushta mahali eriga yalina boshladi:
— Aka, jo-on aka, ayting, topgan ishingiz qanaqa? Yaxshi ishmi, harqalay? Aytaqoling.
— E-e, — beparvo qo‘l siltadi Mansurjon, — qo‘yaver, yaxshi ish. Men yomonini tanlarmidim...
* * *
...Mansurjon yutoqib tamaki tutunini tortar ekan, panjara burchagida xiyla ko‘rinish berib turgan yarimjon oyga tikilgancha, o‘sha uyiga arava to‘la xaridlar keltirgan kunini esladi...
Bozorga borgach, nima qilarini bilmasdan ancha vaqt o‘ylanib turgandi.
— O‘h-ho‘, — shu payt kimdir yelkasiga beozor shappatiladi. — Bizning shayton uya kurgan makonimizga ham qadam ranjida qilarkanlar-ku!
Bu uning maktabdosh o‘rtog‘i Hayitvoy edi. Ikkalasi yaqin orada umuman ko‘rishishmagandi, quchoqlashib ketdilar.
— Ha, Mansurbek, bozorga kep qopsan. Xaridgami?
— Yo‘-o‘q, tirikchilik... Pulga zoriqdim, jo‘ra, shu zang‘ardan topamanmi deb keldim!
Hayitvoy "hazillashayaptimi" deganday unga tikildi. Eshitganining chinligiga ishongach, qiyqirib yubordi:
— Yo‘g‘-e, senmi?! Qoyil, qoyil!
— Gapni chuvalashtirma, yo‘lini o‘rgat, pul topishim kerak!
— Shoshma-chi, — bamaylixotir so‘z qotdi Hayitvoy — avval iqtisod, keyin siyosat deyishgan!
Bozor atrofidagi oshxonalardan biriga kirishdi. Hayitvoy mehri tovlanib ketib, anchadan buyon ko‘rmagan o‘rtog‘ini rosa mehmon qildi. Taomlanish mahalida Mansurjonga mosroq ish xususida ham kelishib olishdi.
— Bu juda oson ish, — derdi Hayitvoy og‘zidagi luqmani huzur qilib chaynarkan, — o‘zim ham yaqindan beri shu bilan shug‘ullanayapman.
— Aytayotganing binoyi ishmi, hartugul?
— Binoyi bo‘lganda qandoq! — nash’a qilib gapiraverdi o‘rtog‘i. — Mardonov ko‘chasidagi Pavel degan o‘ris yigitdan bitta sumka olib, Samarqandlik Kamol degan aptekachi bolaga yetkazib berasan, tamom. Qarabsanki, cho‘ntagingga jaraq-jaraq pul kirib kelaveradi! Bu taklifni seni o‘zimga yaqin olganimdan aytayapman. Boshqa birov bo‘lganida nonining yarmini berib qo‘yadigan ahmog‘ini topsin edi!
— O‘sha sumkaning ichida... — ko‘nglidan kechayotgan savollarni ehtiyotkorlik bilan so‘radi u, — uning ichida nima bo‘ladi, o‘zi?
— Sumkaning ichida... — bir muddat gapidan to‘xtab qoldi Hayitvoy — ... ha, mayli aytaman, sen o‘zimiznikisan-ku. Eshit: sumkaning ichida qog‘oziga "Made in Germaniya" deb yozilgan, ichida esa aslida o‘zimizning kooperativda tayyorlangan arzon dorilar bo‘ladi.
— Yaroqsiz dorilar deyaver...
— Ee, hov bola, og‘zingga qara! Ishonasanmi, o‘sha sen aytayotgan "yaroqsiz" dorilardan ham tuzalib ketganlar son mingta! Asosiysi psixologiya! Bemorlarga o‘sha yozuvni o‘qib ko‘rishning o‘zi kifoya!
— Zaharlanganlar-chi?.. Zaharlanganlar qancha?!
— Qo‘y, — Hayitvoyning ensasi qotdi. — Qo‘ysang-chi. Diyonatdan menga ma’ruza o‘qima. Bu dorilarni o‘zimiz o‘tkazib bermaganimiz bilan, baribir, o‘rnimizga boshqa odam topishadi. Qo‘shilmasang, o‘zing bilasan. Men jo‘rachilik maslahatimni aytdim. Yaxshilab o‘ylab ko‘r!
Mansurjon uzoq o‘ylanib qoldi. Har qancha bu yo‘lga kirmaslikka o‘zini undamasin, xayoliga kecha uyida bo‘lib o‘tgan gaplar kelib fikrini chalg‘itaverdi. Oxiri, bir to‘xtamga kelib o‘rtog‘ining kaftiga kaft urdi.
— Bo‘pti... qo‘shilaman, faqat bitta iltimos bor. Xizmat haqining pichasini muddatidan avval olib berasanmi?
— Ay, Mansur, — Hayitvoy aftini bujmaytirdi. — Bu ishda muddat nima qiladi! Bu sening firmadagi ishingmidi? Sumkani olib kelishimiz bilanoq o‘sha jonivorning ikki dastasi ko‘limda deyaver! Gap sotmasdan turdik, bo‘lmasa, ha demay xabar berib qolishadi. Ungacha men kattalar bilan sen to‘g‘ringda bi-ir gaplashib olay...
O‘sha kundan boshlab Mansurjonning hayot kitobida yangi sahifa ochildi.
Dasta-dasta pul ilinjida bu ishga har ikki-uch kunda ko‘l urib turarkan, qiynalayotgan vijdoniga birgina gap bilan taskin berardi: "Buni men qilmasam ham boshqa birov qiladi-ku... Farqi pul kimning qo‘liga tushishida!.." Uning hamyoni kundan-kun to‘lib borardi.
— Aka, — deb qoldi bir kuni Nozima.— Negadir ko‘nglim g‘ash. Menga ham tuzukroq aytmay kelayotgan ishingizdan xavotirdaman.
— E-e, Nozi, — ko‘l siltadi Mansurjon — Buning hech qanday xavotirli joyi yo‘q. Ko‘ngling alag‘da bo‘lmasin.
— Baribir-da, hayronman bu ishni nega mendan ham sir tutayapsiz. Aytaqoli-ing, qanaqa ish edi u!
— Ha, mayli, — biroz o‘tib tilga kirdi Mansurjon.— Faqat esingda bo‘lsin, bu gapni boshqa hech kim eshitmasligi kerak!
Shundan keyin u xotiniga bor gapni aytdi. Azbaroyi, unga bo‘lgan muhabbatini har qanday boylikdan ham ustun ko‘ygani uchun shunday qildi. Gap so‘nggida o‘zining harakatlarini oklay oladigan yagona yupanch so‘zini ham takrorladi: "Bu ishni men qilmaganim bilan..."
Sir ochilib borgani sari Nozimaning shahlo ko‘zlari ham katta-katta ochilib boraverdi. U eri xotirjamlik bilan ta’kidlayotgan qilmishdan ma’qullab bo‘ladigan jihatlarni axtara ketdi. Ammo harchand qidirmasin, Mansurjonning "Men qilmasam ham..."idan tuzukroq vaj topa olmadi. So‘ng birdan hushiga qaytdi-yu, hovliqqancha gapira ketdi.
— Nahotki... Shu nopok ishlarga ko‘l urayotgan odam siz bo‘lsangiz!.. Ishonmayman, yo‘q, ishonmayman!
— Vahima qilmasang-chi, — kulimsiradi Mansurjon, — hali hech kim bu dorilardan ziyon ko‘rgani yo‘q. Vasvasangni yig‘ishtir!
— Aka, — Nozima erining bo‘yniga osildi. — Jo-on, aka, o‘tinaman, hamma qatori yashayveraylik. Ko‘rasiz, tez orada ish ham topilib qoladi. Siz... Siz bunaqa ishga qo‘l urmasligingiz kerak...
— Be-e, — lab burdi Mansurjon — buni qaranglar! Nega shu gapga yopishib olding! Birov orqamdan kuzatayotgan bo‘lmasa, shu ish tufayli turmushimiz yaxshilanib borayotgan bo‘lsa... Bo‘ldi. Meni xafa qilmayin desang, bunday gapni boshqa gapirma!
Nozima noilojlik bilan tilini tishladi. Uning "bir kuni insofga kelib qolar" deya o‘zini yupatishdan boshqa chorasi qolmagan edi. Kunlar shu taxlit o‘tib boraverdi. Bir kun hovli tashqarisidan allaqanday mashinaning "bib"illagan tovushi eshitilib qoldi. Yuragi bir qalqib oldi-yu tashqariga shoshildi. Darichani ochgani zahoti hayratdan og‘zi lang ochilib qoldi. Darvoza qarshisida qip-qizil "Neksiya" yal-yal tovlanib turar, rulda miyig‘ida jilmaygan Mansurjon turardi!
U xotinining karaxt bo‘lib qolganini ko‘rib, mashina oynasini tushirdi.
— Hoy qiz! — qiyqirdi quvnoq ohangda.— Ochmaysanmi darvozani! Moshin jonivorni rosa intiq qilding-ku!
Nozima dovdiragancha borib darvozani ochdi. Keyin ichkariga sekingina kirayotgan mashinaga sergaklanib razm soldi.
— Mana, “Neksiya”li ham bo‘ldik! — hayqirdi Mansurjon hanuz jilmaygancha.
Shundan keyin Nozima bidirlagancha, bu ulovning qaerdan kelib qolganini surishtira ketdi.
— Bilishing kerak bo‘lgani shu — bu mashina endi bizniki!
U xotinining qolgan savollariga mujmalroq javob berdi. Ko‘zlarini yumib, boshini osmonga tutdi. Chuqur-chuqur nafas oddi. Nazarida, baxt qushi shundoqqina yelkasiga ko‘nib turardi.
Nozima erining qilayotgan ishlaridan qanchalik norozi bo‘lmasin, ishga ketishi oldidan, kelganidan so‘ng doimiy shirin so‘zlarini kanda qilmasdi. Biroq ko‘zlaridan ilgarigi samimiylik yo‘qolib borayotganini o‘zi ham sezmasdi.
Mansurjonning o‘rtog‘i bilan boshlagan ishi kun sayin "gullab-yashnab" borardi. Bir kuni u o‘zlari biror marta ham ochib ko‘rishga musharraf bo‘lmagan dorilarni ko‘rmoqchi bo‘ldi.
— Kallang joyidami sen bolani! — baqirib yubordi Hayitvoy. — Ho-ov, galvars, sumkaning ichida muhr bor, yirtilib ketsa, baloga qolamiz!
— Hayronman, — Mansurjonning peshonasi tirishdi.— Shu aldam-juldam dorilarni shunchaga pullashsa-ya! Sirtiga tilla suvi yuritilmagandur!
— Anqov-a, bu yerda sotishayotgan narxlari holva. Kasalxonalarda bu dorilarning qanchaga ketishini bilasanmi, bir haftaga yigirma millionning ostiga borib qo‘yarov!..
Uyida xotini negadir, juda tang bo‘lib kutib turgan ekan.
— Bugun uyimizga kim keldi, bilasizmi, yo‘q, baribir topolmaysiz! Ish boshqaruvchilaringiz keldi!
Mansurjon xotini hovliqa-hovliqa aytgan xushxabarni beparvolik bilan eshitdi.
— Xo‘sh, nima uchun ekan?
— Nega bo‘lardi,— Nozimaning ko‘zlari shodliqdan chaqnab ketdi.— Sizni yana ishga qaytarish uchun! Oyligingizni ham oshirisharmish! Bo‘ldi. Nihoyat, haligi ishingizdan endi voz kechsangiz ham bo‘ladi!
— Hecham-da, boshida bo‘shatishdimi, endi o‘sha ishlarini pishirib yeyishsin! Bu yoqda bir kunda topadigan pulni deb, bir oy markazga qatnaydigan ahmoq yo‘q!
Nozimaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi...
Mansurjonning ishlari ko‘ngildagidek, silliq ketardi.
Uncha katta bo‘lmagan sumkani mashinasi bilan kerakli joyga eltardi-yu, shu onning o‘zidayoq ikki-uch dasta pulni "qurtday" sanab olardi. Keyingi paytlarda ko‘ngliga tugib qo‘ygan maqsadi, ayniqsa kishining g‘ashini keltirar darajada edi: bozordan sotib olgan kattagina sandiqni pul bilan to‘ldirish! Ustiga har kuni yangi-yangi pullar kelib tushavergani uchun sandiq ichidagi pullar'sathi ham anchagina ko‘tarilib qolgandi. Lekin pullar taxlami sandiq qopqog‘iga yaqinlashavergani sari o‘zi xotinidan sezilmas holda uzoqlashib borardi. Bunga uning o‘zidan ham ko‘ra Nozima ko‘proq qayg‘urardi.
Mansurjon bu "ish"ga o‘tganiga endi uch oycha bo‘lgani bilan mahallaning eng boy odamiga aylanib ulgurgan edi. Hatto qishloqdoshlari uni o‘zaro "Mansur boyvachcha" deb atay ham boshlashgandi. Boylik orttirishga butun fikru xayoli bilan kirishib ketgan bo‘lishiga qaramay, uning xotiniga muomalasi ham, muhabbati ham avvalgiga karaganda zarracha o‘zgarmagandi. Axir, to‘ylariga hali bir yil ham to‘lib ulgurmagandi-da!
— Aka-a, endi to‘xtatsangiz ham bo‘lar-a, yiqqan pullaringiz yuzga kirganimizda ham ado bo‘lmasa kerak!
— Yo‘q, — Mansurjon xotiniga kulimsirab qaradi.— Hali ozgina vaqt bor.
— O‘sha siz aytayotgan vaqt qachon keladi, axi-ir. Nima qilasiz bu-uncha pulni, to‘xtata qoling endi!
Nozimaning yalinishi javobsiz qoldi.
Mansurjon "sumka"lar sonini ikkitaga oshirdi! Mashinasida allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilgancha ketar, shohona turmushga yo‘g‘rilgan kelajagini o‘ylab borardi. O‘zi uy kinoteatrida sevimli filmlaridan birini tomosha qilib o‘tiribdi. Atrofida farzandlari chug‘urlashayapti. Nozima esa boyonlarnikidagina bo‘ladigan qimmatbaho mebelga o‘tirgancha bolalariga otasiga xalal bermasligini uqtiryapti... O‘ylagani sari qalbi quvonchga to‘lardi. Ammo bozorda...
Mashinadan tushishi bilan ikki novcha yigit kelib ikki qo‘ltig‘idan ushladi. Bular Hayitvoy va uning muntazam sherigi Mansurjonning kunba-kun qilayotgan jinoyatlaridan xabar topib, anchadan beri ularni pinhona ta’qib qilib yurgan huquqni muhofaza qilish xodimlari edi. Fuqarolik kiyimidagi boshqa bir bahaybat jussali kishi qo‘lini qulog‘iga tang‘igancha o‘zini tanishtirdi va yon cho‘ntagidan guvohnomasini olib ko‘rsatdi. Mansurjon hech narsani eshitmadi. Aniqrog‘i, bir zumda bo‘lib o‘tayotgan ostin-ustin voqealar uni gangitib ko‘ygandi. Haligi kishi qotib qolganidan hatto mijjalarini ham qoqmayotgan bu g‘alati odamga picha qarab turdi-da, oxiri ovozini balandlatmasa bo‘lmasligini angladi.
— Sizdan so‘rayapman, sumkalarning ichida nima bor?!
— Kiyimlarim...— deya oldi Mansurjon biroz o‘ziga kelganidan so‘ng zo‘rg‘a tili kalimaga kelib.
Organ vakili shubhalanuvchining so‘zlariga parvo ham qilmasdan sheriklariga buyurdi:
— Tintib ko‘ring!
Mansurjon dorilar solingan sumkalarini ayovsiz tintishayotganida boshqalar qatori tomosha qilib turmoqdan bo‘lagiga yaramadi. Dori olib kelayapman deb o‘ylagani — sumkaning ichidan chiqayotgan narsalarni ko‘rib uning o‘zi ham dong qotib qolgandi. Hozirgina allaqaerdan topib, ushlab kelingan Hayitvoy ham sumkalarga va ularning ichidan chiqayotgan narsalarga angraygancha tikilib turardi. Yuzasiga turli xil dorilar solingan bu sumkalarning ostki qismidan yaxshilab o‘rab chiqilgan mumsimon qop-qora narsalar yerga dumalab tushdi. Bular oddiy til bilan aytganda, qora dori edi... Mansurjon ko‘zlari tinib joyiga o‘tirib qoldi.
Qonun himoyachilarining jinoyatchilar uchun mo‘ljallangan panjarali mashinasiga nazoratchilar hamrohligida minishar ekan, Hayitvoyning do‘stiga aytgan so‘nggi gaplari shu bo‘ldi:
— Sumkalarning ichida nima borligini menam bilmasdim! Xudo ursin, bilmasdim!..
* * *
Barcha qilgan jinoyatlari uchun Mansurjonga o‘n olti yil berishdi! U halidan beri ko‘llari bilan siqib olgan panjaraga boshini qo‘ydi. "O‘n olti yil-a!.. Ungacha endi tug‘ilajak farzandim voyaga yetadi! U... sening otang jinoyatchi degan isnodni murg‘ak yelkalarida ko‘tarib ulg‘ayadi! U... uylarida shohona mebellari, uy kinoteatri bo‘lgan bolalarga emas, otasi borlarga havas qilib katta bo‘ladi!" Shu damda uning xayoliga beixtiyor suyukligi Nozima keldi. "Eh mening soddaginam-a, eh mening beozorgina jonim-a! Seni baxtiqaro qildim! Gulday baxtingni, baxtimizni yerga ko‘mdim!" Qo‘llari bilan gunohkor boshini siqdi. Old tomoni panjara bilan qoplangan "koshona"sining qorong‘uda ham xiyol sarg‘ish bo‘lib ko‘rinib turgan devorlariga bir-bir qarab chiqdi. Hayotining eng qaynoq davrlari mana shu qafasnamo joyda o‘tib ketishi esiga tushib, yurak-bag‘ri ezilib ketdi. Bu paytda asrlarga teng soatlar pinjidan surinib tong otib kelar edi. Qamoqxona noziri aristonlarni o‘zining odatiy so‘zlari bilan siylagancha bir-bir uyg‘ota boshladi.
— Tur! Turlaring hammang! Tepib uyg‘otish kerakmi?!
Bu paytda tungi bezovtalikdan so‘ng birozgina mizg‘igan Tursunboy ham ko‘zlarini ishqalagancha o‘rnidan turib kelgandi. U tuni bilan mijja qoqmay chiqqan hamxonasini ko‘rdi-yu, g‘ujmayib, kuyunchaklik bilan:
— Mansur aka, chindanam uxlamay chiqdingizmi, deyman? — deya so‘zlandi.
— Uyqu qayoqda...
Barcha mahbuslar qatori qamoqxonaning hovlisiga chiqayotganlarida nozir baland ovoz bilan chaqirib qoldi:
— Uch yuz qirq oltinchi, uchrashuvga! Hov, uch yuz qirq oltinchi, senga aytyapman! Karmisan!
Mansurjonning yuragi jig‘illab ketdi. "Nozima... — xo‘rsindi u,— yana keldi..." Har haftada ikki-uch marta shu ahvol. "Boshqa kelma" deyishiga qaramay, u kelaveradi. To‘siq ortida rostdan ham Nozima turardi.
— Nega kelding, kun osha... shartmi shu?..
— Nega kelmas ekanman?.. — yoshli ko‘zlarini eriga tikdi u. — Begonaning yoniga kelganim yo‘q-ku!..
Mansurjon egnidagi kiyimlaridan mulzam bo‘lib ko‘zlarini olib qochdi.
— Baribir-da... O‘zingni o‘ylashing kerak! Boshqa kelma!
— Kelaman, kelaveraman! Joningizga tegib ketsam ham mayli, kelaveraman!
— Bo‘ldi-da endi!— Mansurjon asabiylashdi.— Hadeb shu gapni takrorlayverasanmi! Aytyapman-ku, o‘zingniyam o‘yla. Hali... fursat bor!..
— Ko‘ying shunaqa gapni. Men... men kutaman! O‘n olti yil bo‘lmasa, yuz yil bo‘lmaydimi, umrim tugagunigacha kutaman, kutovraman!
Mansurjon titroq qo‘llarini yuziga bosdi. Butun vujudini ana shu titroq tutib borardi.
— Bo‘ldi, boshqa gapirma!— deya oldi faqat.
Nozima shitob bilan o‘rnidan turdi.
— Mayli, umuman gapirmayman. Ammo baribir kelaman. O‘zingizni ko‘rib tursam bas! Gapirish uchun emas, o‘zingizni ko‘rib ketish uchun, ko‘nglimga taskin olish uchun kelaman, kelaveraman!!! — Ayni yuragidan otilib kelayotgan so‘zlarni shartta-shartta tashqariga chiqardi-da, yig‘layotganini sezdirmaslik uchun ro‘molini yuziga tutgancha tashqariga jo‘nadi.
Mansurjon xotinining ortidan to chiqib ketgunigacha qarab qoldi. Ko‘zlariga yosh quyilgancha o‘ziga la’natlar o‘qidi. So‘ngra jamiki azobli xayollarining kuchog‘iga suqilib olib, bor ovozida uvvos tortdi. Yelkalari silkinib-silkinib yig‘layverdi.
Axir, avval ular qishloqdagi eng baxtli oila edilar...