Ishxonaga eshikni taqillatib bir ayol kirib keldi. Yoshi ellik beshlar atrofida, uzun bo‘yli, qorachadan kelgan oddiy o‘zbek ayoli edi.
– Keling, xolajon, marhamat o‘tiring. Xo‘sh, xizmat, – dedim unga.
– Doktor bolam, shu yerda bir Ahmadjon degan massajchi yigit bor ekan. O‘sha yigitni qidirib keldim.
O‘zini Oydinoy deb tanishtirgan bu ayolga, u izlagan massajchi yigit men ekanligimni aytganimdan so‘ng uning maqsadini bildim. Aytishicha, turmush o‘rtog‘i ikki yildan buyon betob bo‘lib qolgan, olib bormagan shifokori, ko‘rsatmagan kasalxonasi qolmagan.
– Oxirgi olib borgan shifokorimiz uch oydan buyon erimga qarayapti, – dedi u. – Hozir ahvoli ancha yaxshi. Biroq shifokor menga aytdiki, erimga faqat ukol dori yordam bera olmas ekan. U kishiga massaj ham kerakligini bildirib, sizni tavsiya qildi. Shunga sizdan umid qilib keldim.
Oydinoy xola gapini tugatar ekan yana bir marta "borasizmi”, deb so‘radi.
Uning gapirishi, qarashlari, ko‘zlaridagi ma’yuslikni ko‘rib, o‘zimning har qanday zarur yumushim bo‘lsada "bormayman” deyishning iloji yo‘q edi.
Xola bilan birgalikda uyiga bordik. Oydinoy xolaning turmush o‘rtog‘i yotgan xonaga kirdik. Uy to‘rida krovat, unda xolaning eri – Ahror aka hayotdan ko‘ngli sovigan holda yotar, ko‘rinishidan o‘limga rozi ekanligini anglash qiyin emasdi. Ahror akaning tanasi qariyb quruq suyakka aylanib qolgan, ko‘zlarini ham zo‘rg‘a ochib yumardi. Lekin, aslo gapirmasdi. Gapirsangiz ko‘zlari bilangina zo‘rg‘a javob berardi. Oydinoy xola esa bir menga, bir krovatda yotgan turmush o‘rtog‘iga qarar edi. Shunda o‘zimcha "Agar shu insonni hayotga qaytarolsam, bu menga shuncha o‘qiganim uchun birinchi imtihonim bo‘ladi, deb o‘yladim va shu kundanoq ishimni boshladim.
Ahror akaning badanlari qurigan, qo‘l-oyoqlari muzdek. Shu kuni uni ilk marotaba massaj qilib, uyimga qaytdim. Shu-shu har kuni ularning uyiga borardim. Ahror aka kundan-kunga sog‘ayib borar, bundan, albatta, Oydinoy opa rosa xursand edi. Biroq, bemor hamon bir so‘z demas, yuz-ko‘zlari doimo xomush, meni qiynayotgan savol ham shu edi.
Ahror akaga qarayotgan, massaj uchun meni tavsiya qilgan shifokorning yoniga bordim. U Ahror akaning ahvolini so‘radi. Men unga bemorning ahvoli ancha yaxshilanayotganini, bir-ikki qadam tashlayotganini aytdim. Shifokordan Ahror akaning nega gapirmasligini, har doim xomush bo‘lib o‘tirishi sababini so‘radim
– Ahmadjon uka, Ahror akaning yiqilishi birinchisi emas, – deya javob berdi shifokor. – Bundan o‘n yil muqaddam ham ustaxonasida yiqilgan ekan. O‘shanda u kishining tili tishlarining orasida qolgan. Tilning asab tolalari zararlangan va shuning uchun ham gapira olmaydi.
Shifokorga rahmat aytdim va uyga ketdim. Biroq uning gaplariga unchalik ishongim kelmasdi. Ertasiga tong otsa Oydinoy xoladan ham xuddi shuni so‘rashga ahd qildim.
Tong otdi. Ularning darvozasi yoniga borib taqillatdim. Har doimgiday darvozani Ahror akaning ayollari ochdi. Men darvozadan ichkariga kirib, Oydinoy xolani savolga tutdim. Xola menga qarab turdi-da: "O‘zi shunchaki, kasalligini uylab shu ahvolga tushgan”, – dedi. Ishonmadim. Buni xola ham sezdi.
– Ahmadjon uka, Ahror akangizni vijdon azobi shunday kasallikka solib qo‘ygan. Bizning bitta-yu bitta o‘g‘limiz bor edi. U ham otasi singari ustachilik qilardi. O‘g‘limiz bora-bora yomon odamlarga qo‘shilib qolibdi. Bir kuni uyga kelib, "men uch kundan so‘ng chet elga ishlagani ketayapman, qachongacha bunday changga botib eshik-rom yasaymiz” – deb qoldi. Biz o‘g‘limizni bu yo‘ldan qaytarishga rosa urindik. Lekin ming afsuski, gapimizga kirmadi. Bir yil o‘tar-o‘tmas o‘g‘limizning o‘ligi keldi. Ahror akangiz ana shunga shu ahvolga tushgan.
Ahror aka Oydinoy xola bilan suhbatimizni eshitib turgan ekan. Uy ichidan uning yig‘lagan ovozi eshitildi. Yugurib uyga kirdik. Ahror aka yig‘lab turib menga qaradida, "Ahmadjon uka, siz menga shunchalik yaxshilik qildingiz. Sizdan yana bir iltimos qilsam bo‘ladimi?” deb gapirib yubordi.
Ahror akaning gapirganidan xursand bo‘lib yig‘lab yubordim.
– Uka, sizga iltimosim shuki, meni o‘g‘limni qabrini ziyorat qilgani olib borsangiz, – dedi u.
Biz o‘g‘lining qabriga ziyorat qilib kelgandan so‘ng Ahror aka menga shunday dedi:
– Ahmadjon, men o‘zimni ancha yaxshi his qilayapman. Endi uch kundan keyin kelsangiz.
Men Ahror aka nega bunday qilyapti ekan deb uyladim-u, biroq indamay uyimga ketdim. Uch kundan so‘ng yana Ahror akaning hovlisiga kirdim. Darvoza qulf edi. Qo‘shnilardan bilishimcha ikki kun oldin ko‘chib ketishgan. Qayerga ketganini qo‘shnilar ham bilishmas ekan.
Men Ahror aka va uning rafiqasini rosa qidirdim. Ammo topolmadim. Lekin angladimki, ular eski alamlarini unutish uchun bu yerdan ketishgan.
Oradan ancha kunlar o‘tdi. Bir kuni ishxonadan chiqib, uyga ketish uchun taksi kutib turgan edim, yo‘ldan bir mashina o‘tdi-da, yana orqasiga qaytdi. Mashina ichida yoshi katta bir kishi o‘tirar, negadir menga tanishroq ko‘rinardi. Lekin taniy olmadim.
– Ahmadjon uka, keling, o‘tiring, – dedi u menga. – Meni tanimadingizmi yoki sizni adashtirdimmi? Men o‘sha siz oyoqqa turg‘izgan Ahror akangiz bo‘laman.
Men Ahror akaning to‘lishib, bunchalik o‘zgarib ketganini ko‘rib, rosti judayam xursand bo‘lib ketdim. ...