Bolaligim. Avji saraton
Dala. Tog‘u toshlar kuymakda.
Onam ishga otlanadi tong,
Rangi o‘ngib ketgan ko‘ylakda.
Naq taqimda sochini sochib,
Boyovutning shamoli sang‘ir.
Vafo qildi birgina sochi
Eplayolmay ro‘molda tang‘ir.
Borar baland bo‘yli, kulcha yuz,
Bo‘y-bo‘y juvon, sirli siyoqda.
Suyolmadik uni qilcha biz
Xudo suysin endi u yoqda.
Eshitaman tovushlarini
Borar jannat malaklariday.
Tuproq to‘la kovushlari-yu
Rangi o‘nggan ko‘ylaklarida...
Ruhim ko‘taradi bayroqlarini...
Dunyo kambag‘alni kamsitib, g‘ajib
Tag‘in boyitarkan boyroqlarini
Ruhim olib qo‘yar boshimdan tojni