— Bilmadim... Yillar davomida asrab yurgan sirimni bugun oshkor qilib, xato qilayotgandirman... Ammo baribir bardoshim etmadi. Oila qurish ostonasida turgan qizimning mungli ko`zlariga qaray olmadim... Bir kuni ko`za sinishini yuragim sezardi. Hamma haqiqat oshkor bo`lishini bilardim... Ammo qorlar yog`ib, izlar bosilishidan umid qilgan ekanman.
Yaqinda to`ng`ichimiz, yagona qizimizni uzatayapmiz. Ilk murodimiz, eru ko`kka ishonmay o`stirgan qizimizni o`zga xonadonga uchirma qilayotganimizdan hayajondamiz. Otasi ham qizini hozirdan sog`ina boshlagan. O`tirsa ham, tursa ham, “Zulayho birpasda ulg`ayib qoldimi? Turmushga berishga shoshmayapmizmi?” deydi. U kishining farzandiga bo`lgan mehrini ko`rib, ko`zim yoshlanadi. Ham shu kunlarga etkazganiga shukr aytaman, ham eski dardim qalbimni tirnaydi. Shunday shirin tashvishlar bilan o`tayotgan kunlarimizga qora qayg`umiz soya soldi. Biz necha yillardan beri tinch turgan vulqon oxiri otildi.
***
Murod aka bilan sinfdoshmiz. O`n bir yil birga o`qidik. Bolalikning beg`ubor kunlarini birga o`tkazganmiz. Qorachadan kelgan bu yigitning zimdan meni kuzatishlarini sezardim. Ro`para kelib qolsak, uyalardim. Maktabni tugatgach, Murod aka poytaxtga o`qishga otlandi. Shifokor bo`lish orzularim esa armonga aylangan. Murod aka bilan ahdu paymon qilgandik.
Ammo qiz ko`ngliga kim ham qarardi. Otam xuddi opalarim kabi meni ham majburan turmushga uzatdi. Qo`shni qishloqlik uzoq qarindoshimizning o`g`liga teng ko`rishdi. Yig`ladim, ammo onamga-da dardimni yorishga uyaldim. Balkim o`shanda mushtiparimga ko`nglimni ochganimda taqdirim boshqacha bo`larmidi?
To`ygacha bo`lajak umr yo`ldoshim biror marta uchrashuvga kelmagan. Men ham ko`nglim o`zgadaligi sabab beparvo bo`lganman. Kattalarning hay-hayi bilan to`y ham bo`lib o`tdi. Palaxmon toshidek otilib ketdim. Ammo borgan joyimda toshdek qotmadim. Erim arzimagan baxona sabab do`pposlar, deyarli har kuni uyimga haydardi. Birinchi homilam uning kaltaklari ostida nobud bo`ldi. Biroq baribir insofga kelmadi. Qaynonam ham tinchini o`yladi shekilli, bizni “dom”ga chiqarib yubordi. Men nomusning kuchidan erimning barcha qiliqlariga chidardim. Toki... taqdir ustimdan achchiq kulgunicha...
O`shanda ikkinchi bolamga homilador edim. Yaqin kunlarda chaqalog`imni bag`rimga bosib ovunishimni o`ylab o`zimni yupatardim. Turmush o`rtog`imning bir kun uyga kelsa, uch kunlab yo`qolib ketishlariga ham ko`zimni yumardim. Shunday kunlarning birida eshigimiz taqilladi. Eshikni ochsam, chiroylikkina juvon chamasi uch yashar qizchaning qo`lidan ushlab olgandi:
Assalomu alaykum, Zulayho sizmisiz?
Ha, — hayron bo`lib javob berdim notanish ayolga.
Mening ismim Manzura! Bu qizim Malika, — dedi u biroz ovozi titrab.
Keling, opa, — deya uni uyga taklif qildim. Ayol ham hech nima demadi-da, ichkariga kirdi.
Siz meni tanimaysiz, kimligimni bilmaysiz ham chog`i, — dedi u erdan ko`zini uzmay.
U bir qarashda o`ziga ishongan ayolga o`xshar, ammo gapirganda lablari titrardi. Buning sababini keyin tushundim. U qappaygan qornimni qo`rib ikkilangan va hayotidan nomus qilgan ekan.
— Men, men... Tursun akaning ... — deya duduqlandi, — Bu Malika, — qayta takrorladi qizining ismini. — Tursun akaning bolasi...
U gapini davom ettira olmadi. Piqillab yig`lashga tushdi. Men esa toshdek qotdim. Qizcha bir yig`layotgan onasiga bir menga tikilib turardi. Uning ko`zlari hech qachon esimdan chiqmaydi. U ko`zlar bir umr menga tikilib yashadi. Qizimning ko`zlari ham xuddi shunday boqadi menga.
Ayol birozdan keyin o`ziga kelib, shum taqdiridan yozg`irdi.
Tursun aka bilan ko`p yillardan buyon tanishmiz. Sevardik bir-birimizni. Onasi yillar davomida bizga qarshi chiqdi. Uydagilar esa meni uzatib yuborishdi. Ammo Tursun aka to`yimdan keyin ham tinch qo`ymadi. Kelinlik xonadonimga ichib janjal qilib borgach, erim meni haydab soldi. Ikki oylik kelinchak ota uyimga yig`lab qaytdim. Ammo uyga ham sig`madim. Keyin Tursun aka ijaraga uy oldi. Mana, to`rt yildan buyon o`sha uyda yashaymiz. Bolali ham bo`ldik. Ammo na ularning ota-onasi, na mening uyimdagilar bizni kechirdi. Bilaman, gunohim og`ir. Endi, mana, sizning ham baxtingizga chang solayapman... Axir, Zulayho, bunaqa yashab bo`lmaydi-ku, to`g`rimi? Men hammaning nafrat bilan boqishlaridan to`yib ketdim, — dedi.
Men hammasini tushundim. Baxtingizga chang solayapman, dedimi? Qanaqa baxt? Bir yillik turmushimda baxt neligini his qildimmi? Yo`q! Bolam tug`ilsa, deb umid qilayotgandim, erimga bolaning ham qizig`i yo`q! Axir uning qizi bor! Notanish kundoshim yana nimalardir haqida gapirdi, nimanidir iltimos qildi va ketdi. Men esa endi nima qilishni bilmay boshimni changallab qolaverdim. Tursun aka o`sha kuni uyga keldi-yu, hamma narsasini yig`ishtirib ketdi. Ajrimga ariza berganligini aytdi.
Shu bilan biz ajrashdik. Sud ajrim bergan kuni qizimiz tug`ildi. Tursun aka esa biror marta qizini ko`rishga kelmadi.
***
Murod aka o`qishni tugatib qaytganda qo`limda uch yoshli qizim bor edi. U so`rab-surishtirib hamma gapdan xabar topgan. Muhabbati kuchlimidi yoki menga achindimi, ustma-ust sovchi jo`natib uylandi. Onam qizimni o`zi bilan olib qolmaoqchi bo`lganda, mendan ham ko`p Murod aka qarshilik qilgan. Ikki o`g`illi bo`ldik, u kishi qizimni o`z bolasidek ko`rdi. Hech qachon o`gaylik qilmadi. Hammasi yaxshi, biz baxtli oila edik... Toki, o`tmishga aylangan taqdirim hayot yo`llarimizda bo`y ko`rsatguncha.
— Oyijon, ishxonamda bir qiz bor, xuddi menga o`xshaydi, — deb qoldi bir kuni viloyat markazida shifoxonada ish boshlagan qizim. — Hamma bizga egizakmisizlar deydi. Malika opa haqiqatda menga o`xshaydi.
Yuragim shuv etdi. Malika, qizimga o`xshaydigan qiz. Erimga bu gapni aytgandim, u qizimizni ishdan bo`shatib olishga harakat qila boshladi. Ammo Shohista ishini juda yaxshi ko`rardi. Buning ustiga, bo`lajak kuyov ham markazda ishlardi.
Bir kuni esa uyga ko`zlari qizargan, xayoli parishon bir alfozda kirib keldi.
Tinchlikmi, bolam, — dedim jonim chiqqudek bo`lib.
U esa titrab, zo`rg`a:
— Mening otam, otam... — derdi.
Otangga nima bo`ldi, bolam, — dedim xayolim Murod akaga ketib.
Oyi, men o`gay qizmanmi? — deya yig`lay boshladi u...
Ma`lum bo`ladiki, sobiq turmush o`rtog`im shifoxonaga tushib qolibdi-yu, qizini taniydi. Va, va yillar davomida asrab yurgan sirimiz ochilib qoladi.
***
Shohistaning to`yi keyingi haftaga belgilangandi. U esa bo`lgan voqeadan o`ziga kela olmayapti. Otasi uni yupatishga, ko`nglini ko`tarishga harakat qilsa-da, baribir ich-etini alam tirnayapti. Yuragida qo`rquv paydo bo`lgan. Men esa dardimni kimga aytishni bilmay qiynalib ketdim. Tursun aka uyimizni izlab keldi. Ammo Murod aka o`zi alohida gaplashib oldi. Bizni tinch qo`yishini iltimos qildi.
Ba`zida yopig`liq qozon yopig`ligicha qolgani yaxshi. Shohista hamma sirdan voqif bo`lib, o`ksib qoldi. Yo`q, u Murod akaning o`gayligidan emas, bu insonning qanchalik mehribonligidan, o`z otasining esa beburdligidan kuyinayapti. O`z taqdirini, tug`ilajak bolalarining kelajagini o`ylayapti...