Bolamni qo'rqitsang, o'zingdan ko'r!

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 418
  • Коммент: 0
Yomon tush ko'rib uyg'onib ketdim. “Tavba qildim, bu nimasi? Yaxshilikka bo'lsin” deb o'yladim xo'rsinib. Qorong'uda paypaslab telefonimni topdim. Qatorasiga beshta SMS turardi. Shoshib, ochib o'qiy boshladim. Ikkitasi SIM-kartaning kompaniyasidan ekan, o'qimasdan keyingilariga o'tdim. “Bolamga kun bermayotgan ekansan. Seni Xudoga soldim...” Xatning davomi qarg'ishga to'la edi. Yuragim siqilib telefonni o'chirdim, qolgan ikkita SMSni o'qishni istamadim. “Men bu ayolga nima qildim?” degan savol yuragimni o'rtay boshladi. Jahl ustida unga javob yozmoqchi bo'ldimu, lekin erimning “og'irroq bo'l” degan gapi esimga tushib, alamimni ichimga yutdim. O'rnimdan turib tinchlantiruvchi dori ichib, uxlashga harakat qildim. Bo'lmadi. Tonggacha kiprik qoqmadim. Ertalab ishdan kelgan erim kayfiyatim yomonligini sezib “tinchlikmi?” deb so'radi. Indamay unga telefonni uzatdim. O'qimasdan nima gapligini tushungan erim, uf tortib telefonni kresloga tashladi.

— Senga necha marta aytganman, uning gaplariga e'tibor berma, deb... Bolalar qani?
— Ovqatlanishyapti.
— Bog'chaga qo'yib kel, keyin gaplashamiz.

Kechgacha bu mavzuda gaplasha olmadik. Erim “smenad”dan charchadim deb o'zini uxlaganga solib yotib olgani uchun men ham indamadim. Bog'chadan kelgandan buyon injiqlik qilib turgan Boburning orqasiga bir tarsaki tushurgach, chidab turolmadim. Bolani qo'lidan tortib oldim. Ko'zidan miltillab oqayotgan yoshlarni mitti kaftlari bilan artayotgan Bobur va akasining kaltak yeganidan qo'rqib joyida qotib qolgan Lobarni qo'lidan tutib, xonasiga yetakladim.

Bolalarni uxlatib kelganimda ham erim joyidan jilmagandi. Xona tutunga to'lib ketganidan nafas olib bo'lmasdi.
— Balki Boburjonni bir-ikki haftaga uning yoniga yuborarmiz... — dedim qo'rqa-pisa.
— Nima?! Oxiri ichingdagini aytding-a! Qutulolmay yurganingni biluvdim!
— O'ylab gapiryapsizmi... Axir uni o'z bolamdek...
— Yolg'on! Bilasanmi, seni Loladan farqing nimada?! U qanday bo'lsa, shundayligicha ko'rinadi. Sen esa ikkiyuzlamachisan! U bizni yomon ko'rishini yashirib o'tirmaydi, sen esa o'zingni Boburni yaxshi ko'rgan qilib ko'rsatasanu, lekin ichingda o'gaylik qilasan!

Oyog'imning uchigacha muzlab ketdim. Men nima dardda gapiryapmanu, u nima deyapti. Alam qilganidan tilim tutilib qoldi. Erim “bolamga o'gaylik qilmayapsanmi?” deb hazil-chin aralash bir-ikki marta gapirgan, bu gapga unchalik xafa bo'lmaganman. Hamma ham bolasi uchun xavotirlanadi-da, bir kun kelib tushunib qolar, deb o'zimni ovutardim. Lekin bugun meni Lolaga tenglashtirgani, shuncha yillik mehnatim, bardoshim evaziga “ u sendan yaxshiroq” degani yuragimga tig'dek botdi.

— Nima?! M-meni kimga tenglashtirayotganingizni bilasizmi? Axir... — xo'rligim kelganidan erimning yuziga ham qaragim kelmay, eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdim. Bolalarning xonasiga kirib ham tinchlana olmadim. Nima qilishni bilmay u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladim. Shayton “qizingni ol-da, chiqib ket, o'g'li bilan bilganini qilsin” deb ko'tara boshladi. Darrov bu xayollarni miyamdan haydadim. Boburni o'zim katta qilganman, qanday qilib uni tashlab ketaman.

Yig'lay-yig'lay bolalarning yonida uxlab qolibman, ko'zimni ochsam, erim ustimga ko'rpa yopib ketibdi. Shuncha gapni eshitib, hech nima bo'lmagandek yura olmasdim. Lekin bolaga jabr qilish ham qo'limdan kelmasdi.
— Zaxro.. kechir, jahl ustida gapirib yubordim.
Indamadim.
— Nima qilay, bolani unga bergim kelmaydi-da... Lekin qaytarib berishga majburman shekilli...
Qo'rqib ketdim.
— Esingizni yedingizmi? Nega bunday deyapsiz? Men faqat bolasini sog'ingan bo'lsa, ko'rsin demoqchiydim...
— Boshqa ilojim yo'q... Bunday yashab bo'lmaydi. U ham ona-ku, o'z bolasiga yomonlik qilmas. Shunday qilsam, balki tinch qo'yar, biz ham odamdek yasharmiz...
Ovozi titrab ketganidan bu gaplarni aytish unga qanchalik qiyinligini tushunib turardim.
— Yo'q, unday qilmang, iltimos. Nahotki tushunmayapsiz, axir uning maqsadi ham shu! Bizni urushtirib qo'yib, bolani olib ketmoqchi.
— Hozircha bu gapni hech kimga aytmay tur, men yaxshilab o'ylab olay, keyin bir qarorga kelaman.

Nima qilishni bilmay ich-etimni yeya boshladim. Bu gapni eshitganimdan keyin kecha eshitgan haqoratim ham esimdan chiqib ketdi. Erim bolalarni bog'chaga olib ketgach, shoshib qaynonamga telefon qildim.

— Voy, o'lsin, u menga ham telefon qilgandi, sizlarga aytmay turuvdim... Ering bekorini aytibdi, Lolaga beradigan nabiram yo'q! U haqida eshitgan gaplarni aytsam, tepa soching tikka bo'ladi. Kuni-kecha qo'shnim keldi, o'sha shahardagi mehmonxonalardan birida oshpaz bo'lib ishlarkan. “Keliningizni ko'rsangiz tanimaysiz, sochining yarmini qirdirib olib tashlagan, orqasida to'rtta kokil qoldirgan. Qopa-qora shim va kurtkalar kiyib, allaqanday temir-tersaklarni taqib yuradi. Ishonsangiz, uning turqidan ot hurkadi. Meni tanisa ham tanimaganga olib o'tib ketadi. Ko'rinishimni o'zgartirsam, hamshaharlarim tanimaydi deb o'ylasa kerak-da. Bir ishlar qilib yuribdiki, aytishga tilim bormaydi” dedi. “U mening kelinimmas, o'g'lim ajrashganiga besh yil bo'lyapti, bilganini qilib yuraversin, menga nima dedim”. To'g'risi-da, hozirgi zamonda chet elda ishlaydigan yoki o'qiydigan odam bitta umi? Hammaning ham ortidan bunaqa gap eshitmaymiz-ku. Odamning o'ziga bog'liq hammasi, deb qo'shnimni koyib berdim. Bir yoshga to'lmagan bolasini tashlab, “men boyvuchchalardek yashashni istayman” deb ketvorgan ayoldan nimani ham kutish mumkin. Menga desa, o'lib ketsin...

— Qo'ying, oyi, qarg'amang. Men uni o'ylamayapman, o'zi shu ahvolda yashasa, Boburga qanday qaraydi?.. O'g'lingizni bir amallab bu fikrdan qaytaraylik.
Kun bo'yi shu xayol bilan yurdim. Bog'chadan bolalarni olib kelish uchun otlanayotganimda Boburning tarbiyachisi telefon qilib qoldi. Xavotirlanib go'shakni oldim.
— Zaxro opa, tez kelmasangiz bo'lmaydi, bir ayol kelib “men Boburni onasiman” deb janjal qilib yotibdi. Qanday qilib bog'chaga yetib borganimni bilmayman.
Bog'cha mudirasi va tarbiyachilar qurshovida shang'illayotgan bir ayol tarbiyachilarning ortidan menga o'girildi.

— Boburjon qani? — dedim hech kimga e'tibor bermay.
— Yotoqxonaga kirib yashirinib olgan, — aybdorona yerga qaradi tarbiyachi.
Otilib bolalar uxlaydigan xonaga kirdim. Lolaning yonidan o'ta turib, uning usti-boshiga nazar soldim. Qaynonam ta'riflaganidek otni hurkitadigan darajada kiyinmagan, boshida shapkasi bo'lgani uchun soch turmagi ko'rinmasdi. “O'zini sipo ko'rsatmoqchi bo'libdi-da” degan xayol o'tdi miyamdan...

Bolaginam eng chekkadagi karavotda yig'lab o'tirardi. Eshik ochilganidan cho'chib tushib qo'rquv to'la ko'zlari bilan menga qaradiyu, baqirib yig'lab yubordi. Keyin quchoq ochgancha menga otildi. Shu lahza haqqi, bolaginam mendan madad kutgandek ikki qo'lini cho'zgancha yugurib kelayotgan lahza haqqi, ikki dunyoda ham bolani unga bermayman deb qasam ichdim! Bag'rimga otilgan bolaginamning yurak urishi eshitilib turardi. “Bolani qo'rqitibdi” deb o'yladim va ovutish uchun uning ko'zlaridan o'pa boshladim. Shu payt tarbiyachi hech gapdan xabari yo'q qizimni ham yetaklab keldi.

— Zaxro opa, boshqa eshikdan chiqing, anovi ayol shallaqilik qilib yotibdi...
— Yo'q, to'g'ri yo'ldan chiqaman, — dedim va o'g'limni ko'tarib, qizimni qo'lidan tutdim. Bu jur'at menda qaerdan paydo bo'ldi bilmayman, ayollar yig'ilib turgan bog'cha hovlisiga chiqdim. Ayolga ko'zi tushgan Boburjon yuzini bo'ynimga yashirdi.

Hamma menga qarab turardi. To'g'ri ayolning yoniga bordim va boshimni baland ko'tarib:
— Qancha gapingiz bo'lsa, erim bilan gaplashing! Agar yana bolalarimni qo'rqitadigan bo'lsangiz, militsiya chaqirishadi! — dedim e'tirozga o'rin qoldirmaydigan ohangda va yo'limda davom etdim.
Ayol miq etmadi. Bog'chadan chiqqanimdan keyin esa qo'rqqanimdan oyog'im qaltirab ketdi.

Erim va sobiq xotini o'rtasidagi tortishuv anchagacha davom etdi. Men bu ishlarga umuman aralashmadim, bolalarimni ham aralashtirmadim! Lolaning qilmishlari isbotlanib, onalik huquqidan mahrum etilgach, u yana kelgan joyiga qaytib ketadigan bo'ldi.

Bu xabarni eshitib, endi tinch yashasak kerak, deb yengil tin olganimda telefonimga begona raqamlardan SMS keldi. “Bolamni o'z bolangdek ko'rishingga ishontirganing uchun ham rahmat. Bolamni senga, seni Xudoga topshirdim” deb yozilgandi xatda. Shu damda ayolga emas, onaga achinib yig'lab yubordim. Ichimda “agar bir kun kelib Boburjon onasini ko'rishni istasa unga qarshilik qilmaslik uchun menga kuch berishini Xudodan so'radim...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.