Chimildiqni aldagan kuyov Oliygohni uchinchi bosqichini tugatgan yilim uydagilar majburlab, dadamning do'stining qiziga unashtirib qo'yishdi. Ushbu nikohga tish- tirnog'im bilan qarshi bo'lganim uchun, to'ygacha kelin bilan bir marta ham uchrashmadim. Kelinni to'y kuni ko'rdim. Ko'rdim-u, yuragim uni itargandek bo'ldi. Ibo bilan uyalib turishlari ham, muloyim so'zlashi ham yuragimda iliqlik uyg'otolmadi. To'y bazmi tugagach, kelinchak bilan ikkimiz chimildiqda yolg'iz qoldik. Lekin suymaganingdan keyin qanday qilib yuraging ursin deya, burilib ham qaramadim. Tonggacha men ham, u ham uxlamadik. Ikki chetda bir-birimizga ters burilgancha o'tiraverdik. Qani endi shu tobda yonimda bu emas, Hilol bo'lsaydi, jon-jon deb bag'rimga bosardim, baxtdan sarmast bo'lgan bo'lardim deya ich-etimni yeyman. Nihoyat, tong otdi. Nima qilishni bilmay, boshim qotdi. Qanday qilib bo'lsa-da, yonimdagi kelinchakdan qutulsam, Hilolaning yoniga qaytsam degan o'y hukmron edi. - Kechirasan, mening sevganim bor. Sen bilan yashay olmayman!.. - dedim yig'lab yuborishdan o'zimni zo'rg'a tiyib. Kelinchak yalt etib menga qaradi. Uning ko'zlarida anglab bo'lmas hayronalik zohir etdi. Umrim bino bo'lib, shu darajada hayrat va alam bilan tikilgan nigohlarni ko'rmagandim. Shu bois ham darhol ko'zlarimni olib qochdim. - Shunday deng, - birozdan so'ng, nihoyat, uning tushkun ovozi eshitildi. Miyamda yana bu bilan emas, Hilola bilan birga yashash istagi charxpalakdek aylana boshladi. - Iltimos, meni to'g'ri tushun. Senga faqat ota-onamning majburiyati bilan uylandim. Axir mana shunday bir umr majburlik bilan yashab o'tolmayman-ku!.. - o'shanda hissiyotga berilib, bu gaplarim bilan hayotimni izidan chiqarayotganimni qayerdan ham bilibman deysiz. Xullas, kelinchak meni tushundi. Otamning yuragi kasal ekanligini bilgani uchunmi hamma aybni o'ziga olishini aytib, menga baxt tiladi. Xursandligimni yashirolmay, unga qaradim. - Sen-chi?! - deya so'radim garchi unga zarracha achinmayotgan bo'lsamda, o'zimni achingandek ko'rsatib. - Meni qo'yavering. Axir sizni sevganingiz bor, menga esa... Peshonamda borini ko'raman!.. - Ko'zlari yoshga to'lgan bo'lsa- da, zo'rma-zo'raki kulayotgani shundoqqina ko'rinib turardi. Uning gapi bilan o'zimni hafaqon, jahllangandek ko'chaga chiqdim. "Qani, kuyov bola, nima bo'ldi?" deya yangalar eshik oldida kutib olishdi. - E-e, boringlar-ey, - deya jahl bilan qo'l siltadim. Hammasining tarvuzi qo'ltig'idan tushgandek bo'lib, dong qotib qolishdi. Keyin birvarakayiga o'zlarini chimildiqli uyga urishdi. Bir pasda uydan kimningdir yig'lagan ovozi, yana kimningdir benomus kelinni ko'rishni istamay qarg'agani eshitildi. - Bolajonim-a, hammasiga biz aybdormiz. Agar seni majburlamaganimizda bunchalik boshing egilmasdi. Bu benomusni esa, hoziroq uyiga eltib tashlaymiz!.. - bir soat o'tar-o'tmas, barcha yuklarini yig'ishtirib, kelinni uyiga eltib qo'yishdi. Garchi vijdonim qiynalib turgan bo'lsa-da, yelkamdan tog' qulagandek bo'ldi va o'sha kuniyoq Toshkentga qaytdim. Poytaxtga qaytishga qaytdim-u, hammasi oshkor bo'lib qolmasaydi deya vahima ichida yurdim. Oradan ikki oycha vaqt o'tgan bo'lsa-da, qishloqdan hech qanday gap-so'z kelmadi. Hammasi tinchib ketganligiga amin bo'lib, uylanganim uchun mendan hanuzgacha arazlab yurgan kursdoshim Hilolaga yorildim. - Nima, siz hali meni deb bir qizni baxtsiz qildingizmi?! Qanday nomardsiz o'zi?! Nahot, o'z manfaatingiz uchun bir qizni sharmanda qilishni o'zingizga ep ko'rgan bo'lsangiz?! - u gapimni oxirigacha ham eshitmay, baqira ketdi. Keyin esa: - Bunday nomardga tekkandan ko'ra, toq o'tganim yaxshi, - deya mendan yuz o'girdi. Qanchalik yalinib- yolvormay Hilola meni kechirmadi... Bir qizning nomini benomusga chiqarib, sharmanda qildim, ikkinchisidan ayrildim, endi qanday qilib yigitman deb bosh ko'tarib yuraman deya o'zimni adoyi tamom qildim. Ishtaham bo'g'ildi, odamovi bo'lib qoldim. Bir haftada cho'pdek ozib ketdim. Tez-tez yuragim og'riydigan bo'ldi. Kursdoshlarim qo'yarda- qo'ymay kasalxonaga yotqizishdi. Oradan bir hafta o'tib, yelkasiga oq xalat tashlagan bir qiz kirib keldi. Yaxshilab razm solsam, bundan olti oy burun o'zim sharmanda qilgan - Nargiza. O'ziga pardoz berib olgan, menga kulimsirab turibdi. Yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim. "Ustimdan kulgani keldingmi?!" deb yuborishdan o'zimni zo'rg'a tiydim. - Sog'ayib qoldingizmi? - dedi Nargiza menga qaramaslikka tirishib. Ha degandek bosh irg'adim. U to'ydan keyin qishloqda yurguligi qolmaganini, ota-onasi uni nomusli qiz ekaniga ishonib, odamlarning gap-so'zlaridan uzoq yurgisi uchun shaharda yashab qolgan akasinikiga jo'natganini aytdi. Hozir kelgusi yili oliygohga kirish uchun imtihonlarga tayyorlanayotgan ekan. Mening kasalxonada yotganimni akasidan eshitib, uning ishga ketganidan foydalanib, yashirincha ko'rgani kelibdi. - Endi shaharda qolaman. Kelajagim uchun o'zim harakat qilaman. Uning iztirob, g'urur, alamzadalik aks etgan gaplarini eshitib, yuragimdan nimadir uzilib ketgandek bo'ldi. To'g'ri, u endi o'z hayotini qaytadan qurar. Lekin men-chi?! Nargiza meni kechirarmikan?