Devona

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 392
  • Коммент: 0
Devona
Qishlog‘imizning chetidagi bir kulbada qandaydir odam yashar, lekin unga hech kim parvo qilmas edi. U yolg‘iz edi. Hamma uni devona deb chaqirardi. Sochi o‘sgan, qorasidan ko‘ra oq tolasi ko‘proq, egnida qaerdandir topib olgan yirtiq-yamoq to‘n, boshida esa yag‘iri chiqqan qalpog‘i bor. Yoshini aniq aytish mushkul. U navqiron bir yigitdek tuyulsa-da, yuzidagi ajinlar, sochidagi oqlar qarimsiq ko‘rsatardi. Keksayib, yoshi o‘tib qolgan desam, harakatlari, g‘ayratu shijoati kuch-quvvatga to‘laligidan dalolat berardi. Menga o‘xshab boshqa bolalar ham u bilan gaplashishga rosa qiziqardik.
Ayam esa “Unga yaqinlashma, uzoqroq yur”, deb koyirdi. “Nega?” desam,
— Uni hech kim yoqtirmaydi, yomon odam. Yaqin borma degandan keyin, borma! — deb yana dashnom berardi.
Bir kuni do‘stlarim bilan maktabdan kelayotsam, o‘sha devona ko‘chamizdagi qirg‘og‘iga yangi kesilgan teraklar taxlab qo‘yilgan katta ariq bo‘yiga qandaydir ko‘chat ekayotgan ekan. Hayron bo‘ldik. Bir sherigim: “Nima qilyapsan, jinni?” deb savol ham tashladi. Devona esa biz tomonga qarab tirjaydi. Og‘zida ikkita tishi yo‘q ekan, basharasi qo‘rqinchli ko‘rinib ketdi.
Savolimiz javobsiz qolgach, uy-uyimizga tarqaldik. Men ham darvozadan kirib, ko‘rpa qavib o‘tirgan buvimga salom berdim. Ular katta ko‘zoynaklari bilan menga qarab, “Keldingmi, bolam?” deb qo‘ydi.
— Buvi, anavi odamni nega jinni deyishadi? — deya unga yaqinlashdim.
Buvim miyig‘ida kulib, javob berdi:
— Jinniligi uchun jinni deyishadi-da, bolam. U jinni emas, devona aslida.
— Nima, haqiqiy oti yo‘qmi? — yana qiziqib so‘radim.
— Asli ismi Abdurahim. Aqlini yo‘qotgani uchun devona deyishadi. Bor, endi menga xalaqit berma, — deb buvim mendan qutulmoqchi bo‘ldi.
— Unga nima bo‘lgan o‘zi? — dedim yana qiziqqonligim tutib.
— Hey, zumrasha, kiyimingni almashtir, — shudgor tomondan ayamning ovozi keldi. — Buvingga xalal berma, undan ko‘ra menga yordamlash.
Kiyimimni almashtirib chiqqach, ayamning yoniga bordim. Pomidor o‘toq qilayotgan ayam:
— Ha, ikkichi, bugun nechchi olding? — deb hazillashdi.
— Bugun yaxshi dars bo‘lmadi. Domlamiz kasal bo‘ppopti. Shunga maza qilib to‘p o‘ynadik, — dedim zavqlanib.
— Ha, qutulib qobsan-da. Tominglarni yopdinglarmi?
Bu gapdan keyin zavuchimiz tayinlagan gap esimga tushdi.
— Aya, pul berishinglar kerak, shu tomni yopishga. Hammadan pul yig‘isharkan.
— Obbo, yana pulmi? Bu domlalaring to‘yadimi o‘zi? Bo‘pti, ma, manov o‘tlarni etakka tashab ke.
Bir kuni maktabimizga ustalar kelishdi. Darsdan chiqib, ularning ishini tomosha qilardik. Ustalarning yonida o‘ralashib yurgan devonaga ko‘zim tushdi. To‘g‘rirog‘i, u yordam berayotgandi. Uning yelib-yugurgani menga g‘alati tuyuldi. Yaqinroq borib, devonani kuzata boshladim. Shunda o‘rta yoshlardagi ustalardan biri kelib:
— Ha, bolakay, tikilib qolding? Uning turgan-bitgani shu. So‘kibam, uribam haydolmayappiz. Jinni-da, nima qilsa, qilovrsin. Sen darsingga bor, bizga xalal berma, — deb bir taxtani olib, bino ortiga o‘tib ketdi.
Har kuni kuzatadigan odat chiqardim. U tezkorlik bilan ishlayotganidan lol edim. Yana tekinga! Tomga taxtalar qoqilgach, shiferni uzatishda u kabi jon kuydirib ishlagan odamni ko‘rmadim. Ikki kishining mehnatini qilayotgani uchun ustalar ham indamasdilar. Tekin yordamchi-da.
Bino tomi yopilgan kunning ertasigayoq havo aynidi. Maktabga yomg‘irpo‘sh bilan keldim. Chiroyli ko‘rinib turgan yangi tom ustidan sekin-asta yomg‘ir tomchilay boshladi. Shu mahal skameykada o‘tirgan devonani ko‘rdim. Nimadandir xavotirlangani ko‘zlaridan sezilib turardi.
Bir payt shovqin ko‘tarildi. Xonaga bir o‘qituvchi kirib:
— Bollarga javob bering, uyga ketishsin. Sel kelarkan, — deb ustozimizga tayinlab chiqib ketdi.
Hammamiz xursand bo‘lib, kitob-daftarlarni yig‘ishtirdik-da, tashqariga otildik. Haqiqatan ham chaqmoq chaqib, momaqaldiroq dahshatli gumburladi. Uyga tezroq yetib olish uchun yugurishga tushdim. Ko‘chamizga yetib kelgach, o‘zi ekkan olma ko‘chatlari yonida o‘tirgan devonaga duch keldim. Beixtiyor to‘xtab qoldim. U ariqdan nigohini uzmasdi. Katta ariq esa to‘lib-toshib oqmoqda edi. Osmon yana “qars” etdi-da, shovullab yomg‘ir quya boshladi. Birozdan keyin jalaga aylandi. Go‘yo kimdir ustimdan paqirlab suv quyayotgandek bo‘ldi. Devonani qo‘lidan tortib, chetga olib o‘tmasam, qirg‘oqda ivib o‘tiraveradi shekilli. Yoniga borib, yelkasiga turtdim. U “bor ket” degandek qo‘l siltadi. Bu orada onam chaqirib qoldi. U qo‘lida odeal bilan men tomonga kelayotgandi. Ayamga boraman deganimda nogahon oyog‘im sirpanib ketdi. “Shalob” etib, ariqqa quladim. Oqim juda kuchli ekan, o‘zimni o‘nglay olmadim. Kallamni suvdan chiqarib, havo olishga urinardim. Shu payt kimdir belimdan ushladi va dast ko‘tarib, qirg‘oqqa qo‘ydi. Daraxt shoxiga tirmashib, suvdan chiqdim. Orqamga qaradim. Sochlari yuzini to‘sgan devona ham shoxga tirmashdi. Unga yordam bermoqchi edim, ayam qo‘limdan mahkam tortdi:
— Senga aytovdimu, undan uzoqroq yur, deb!
Lekin bu gaplar qulog‘imga kirmadi. O‘zimni tutib turolmay, yig‘lab yubordim. Devona esa harchand urinmasin, qirg‘oqqa chiqa olmadi.narigi tomondan chiqmoqchi bo‘lib, qulochini yozdi. Shu payt suvda katta g‘o‘la paydo bo‘ldi. Tezlik bilan oqib kelib, devonaning biqiniga urildi. U “hiq” dediyu suvga sho‘ng‘idi...
Onam meni odealga o‘rab, uyga olib kirib ketdi...
Bu o‘n yil avvalgi voqea. Har gal ko‘chamizdan o‘tayotganimda suv bo‘yidagi ikkita katta olma daraxtiga qarayman. Soya joy bo‘lgani uchun tagiga so‘ri qurilgan. Otaxonlar shaxmat o‘ynab o‘tirishibdi. Yozning boshi bo‘lgani uchun olmalar hali xom.
Uni hozir ham “devona” deb eslashadi...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.