Cho‘lda ketayotgan ikki do‘st, bir payt nima bo‘ldi-yu, bir-birlari bilan g‘ijillashib qolishdi. Shunda do‘stlarning biri ikkinchisining yuziga tarsaki tortib yubordi. Tarsaki yeganning joni og‘ridi, lekin hech nima demasdan yerga egildi va qumga shunday deb yozdi: “Bugun eng yaqin do‘stim menga tarsaki tushirdi”. Yana yo‘llarida davom etishdi va bitta vohaga chiqib olishdi. U yerda ko‘zlari suvga tushdi. Chanqoqlarini qondirish uchun shoshilishdi. Shunda boya tarsaki yegan do‘st suv bo‘yidagi botqoqqa tushib ketib, cho‘ka boshladi. Do‘sti darrov yordamga shoshilib, uni o‘limdan qutqarib qoldi. O‘ziga kelgandan keyin, bir oz muddat o‘tgach, bu safar bir toshga shunday deb yoza boshladi: “Bugun eng yaqin do‘stim hayotimni saqlab qoldi»”. Uni kuzatib turgan sherigi so‘radi: –Tarsaki tortgandim qumga yozding, endi esa toshga yozapsan, nima uchun? Do‘stining javobi quyidagicha bo‘ldi: –Birovdan og‘ringanimizda qumga yozishimiz kerakki, salgina shabboda esganda ham o‘chib ketsin. Ammo birovning qilgan yaxshiligini toshga bitishimiz kerak; Toki hech bir shamol, bo‘ronlar uni o‘chira olmasin…