Etakdagi kulba

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 517
  • Коммент: 0
Jimjit qishloqqa sukunatni buzib o‘xshovsiz bir devona oraladi. U bir marom va bir ohangda nimalardir deb jar solar, ora-chora jinko‘chaning ikki tomonidagi pastqam uylarga va undan ham pastqam eshiklarga ko‘z tashlab, go‘yo o‘z jariga javob kutar edi.
Yer yuzida paydo bo‘lganidan beri qishloq bunaqa devonalarni, har turli kelgan-ketganni ko‘p ko‘rgan. Birda: "Qaychi-pichoq o‘tkirlayma-a-an! O‘roq-ketmon egovlayma-a-an!” deb charxchi jar solib o‘tadi. Qishloqda nima ko‘p, o‘tmas pichog‘u to‘mtoq ketmon ko‘p – bir zumda hammasi shaqir-shuqur qilib charxchining oldiga to‘planadi. Goho chegachi kelib qoladi: "Singan choynak-piyola chegalayma-a-an!” Qishloqliklar bolalarining qo‘llariga chaqa berib, singan choynak-piyola va kosa-laganlarini ko‘chaga chiqarishadi. Yana: "Jun olama-an!” degani qancha, "Uvada titama-an!” degani-chi! Boshqa kunlari qishloq qish bo‘lsa, qorasovuqdan diydirab, yoz bo‘lsa saratondan jizg‘inagi chiqib yotaveradi. Bahorda bir nafas oladi, kuzda bir nafas chiqaradi. Zerikarli.
Bunaqalarni ko‘raverib Qishloq ko‘nikib ketgan, har kungi hol deb qaraydi. Devonaga ham parvo qilmasligi mumkin edi, lekin uning so‘zlari bu gal sal bo‘lakcharoq tuyuldi. Devona odamlardan qotgan non emas, eski kiyim-bosh emas, nimadir boshqa narsa so‘rayotgan edi:
– Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Qishloq sergak tortdi, shubhalandi. Zerikarli va tussiz hayotiga sal bo‘lsa-da, o‘zgacha bir havo kiritishi mumkin bo‘lgan bu ishdan negadir quvonmadi, aksincha, bir oz qo‘rqinch bosdi qishloqni.
o‘alati tovush va undan ham g‘alati so‘zlar egasini ko‘rishga qiziqqan bola-baqraga ota-onalar o‘shqirib berishdi:
– Ha, qayoqqa?! Qayt orqangga!
– Eshikni tambala! Uyda tek o‘tir!
Diqqinafas ko‘chada hali ham Devonaning tovushi kezar, jimjitlik shovqinidan tom bitgan quloqlarga uning tovushi allaqanday yoqimli bir epkin bo‘lib kirar, hatto shirali eshitilar edi:
– Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Ming tiyilmasin, baribir maroq ustun keldi: qattiq tambalangan, zulfinlangan va kamiga yana ichdan qulflangan eshiklar orqasiga Qishloq asta-sekin va ixtiyorsiz ravishda surilib keldi, tirqishlardan ko‘chaga mo‘ralay boshladi.
Kim bo‘ldi bu odam? Nega birdan bunaqa narsalarni so‘roqlab qoldi? Usta bo‘lib ustaga o‘xshamaydi, kuygan uylarni butlab beray desa? Boy bo‘lib boyga o‘xshamaydi, moli kuyganlarga suyanchiq bo‘lsa? Kim bo‘ldi, axir?.. o‘irt devona! So‘zi turishiga, turishi so‘ziga uyg‘un kelmaydigan tentak!
Jinko‘chalar uzra momaqaldiroqdek tuyqus yangragan bu tovush, albatta, shubhali va qo‘rqinchli edi. Axir, momaqaldiroq ham bahorga yarashadi, kuzdayam mayli deylik, ammo yozning qoq o‘rtasida guldirashi…
– Nima deyapti? – deb so‘raydi qiziquvchan xotinlar.
– Ishing bo‘lmasin! – deb jerkiydi ehtiyotkor erlar.
Ichkarilarda hol bu ekan, tashqarida Devona hayron edi. O‘likmi bu qishloq, deb o‘ylaydi. Uzun umri ichida ne-ne yurtlarni kezdi, ne-ne odamlarni ko‘rdi, ammo bunaqa gung qishloqqa endi yo‘liqishi. Biron-bir ofatdan aholisi qirilib, kimsasiz sho‘ppayib qolgan shaharu qishloqlar o‘tmishda ko‘p bo‘lgan, albatta. Bu qishloqqayam yaqin orada biron ofat keldimikan yo? Unday desa, ko‘rinishidan juda unaqa tashlandiq makonga o‘xshamaydi: daraxtlar, mol-hol, tomorqa-tosh...
Lekin jimjitlik, xuddi o‘lik deysiz. Shunga qaramay, Devona qandaydir bir ichki sezgi bilan, qishloqda bironta tirik jonzot qolgan bo‘lishi kerak-ku axir, degan umidda jar solishdan to‘xtamasdi:
– Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Shu palla… etakdagi bir eshik g‘iyqilladi. Bunaqa so‘rovga javoban bironta eshikning ochilishini sira kutmagan qishloq sapchib tushdi, go‘yo. Shu damgacha jimjit kechayotgan turmushini bezovta qilgan bu g‘iyqillash tovushi guldira-guldira osmon toqilariga zarb bilan urilib, o‘sha zahoti qaytib tusharkan, shundoq tepasida osqiday osilib qoldi va nazarida, yana juda uzoq zamon boshi uzra qo‘rqinch solib yangrab turganday bo‘ldi. Eshiklarni qiya ochib, hadik-xavotirda, tovush chiqqan tomonga mo‘raladi.
Etakdagi kulbada eski zamonlardan beri bu qishloqqa begona bir odam yashardi. Qayerdan kelib qolgan, ota-onasi kim, qarindoshlari bormi, nima ish qiladi – qishloq ahli buni bilmas, uni tanimas edi. Keyingi paytlar hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketib, begona battar ko‘zga chalinmay qolganidan, o‘ldiga ham chiqarib qo‘ygandi.
Bor kishi o‘lsa, qishloq bilmasmi, odamlar to‘planib ko‘mmasmi?!.
Ha, odam to‘planmasa ham, o‘lgan kishini ko‘mmasa ham, kimningdir o‘lganini qishloq bilmay qolsa ham, bo‘laverarkan!
Yo‘q, unday emas ekan. Yog‘siragan eshigi ovoz berdi. Jimjitlikni buzib, bu pastqam eshik bu ulkan olamga jar soldi:
– o‘iy-y-yiq!..
Keyin ostonada begonaning o‘zi ham ko‘rindi. Bo‘ynini cho‘zib, picha tevarakni sinchikladi, nihoyat, ko‘ngli tinchlandimi, asta ko‘chaga oyoq qo‘ydi.
Devona to‘xtadi. Ko‘chada tuyqus paydo bo‘lgan bu odamga ajabsinib qaradi.
Uydan chiqqan odam devonaga yaqinroq kelib, to‘xtadi. Og‘zini xiyol ochdi, orada u yoq-bu yoqqa olazarak boqdi, hayiqdimi, gapirmadi, ammo nimalardir degisi kelayotgani yiltirab turgan ko‘zlaridan bilgili edi. Devona uzoq kutdi, hadeganda undan sas chiqavermagach, o‘zi bir nimalar deganday bo‘ldi.
Qishloq uning gapini eshitmadi, lekin ko‘chaga chiqishga, bu Devona bilan bu begonaga yaqinlashishga, gaplariga quloq solishga yuragi betlamadi ham.
Devona kutganiga erishavermagach, oxiri begonaning is bosgan qulog‘iga og‘zini qo‘ydi va…
…bir o‘kirdi!..
Bu o‘kiriqdan begona titrab ketdi, boshiyu qo‘llarini ixtiyorsiz qimirlatib yubordi.
Atrofdagi daraxtu yozgi uylarga osilgan o‘rgimchak to‘rlaridan ayrimlari chirt uzildi. Keyin... Devona ketdi. Jar ham solmay qo‘ydi, orqasiga ham qaramadi, Qishloqda qanday to‘satdan va sezdirmay paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday to‘satdan yo‘qoldi.
Begona yana eshigini g‘iyqillatib… kulbasiga kirib ketdi. Qishloq tag‘in jimjitlikka cho‘kdi. Bu sirli-jumboqli manzara ko‘zlardan tez o‘chgani singari eslardan ham tez o‘chdi. Xuddi aslida bo‘lmaganday… ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.