G'urur

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 392
  • Коммент: 0
Yoshi oltmishlardan oshgan, gardishi va oynasi qalin ko‘zoynagiyu sarg‘ayib ketsa ham boshidan tushmaydigan Marg‘ilon do‘ppisi bilan qishloqqa taniqli bo‘lgan Tohir domla endi yangi nom bilan odamlarning og‘ziga tushdi: uning to‘qqiz yashar nevarasi to‘p o‘ynatib, antiqa hunarlarni ko‘rsatayotganmish! Eng qizig‘i deng, nevarasiga Tohir domlaning o‘zi o‘rgatayotganmish! Umrida oyog‘i to‘pga tegmagan odamning bu ishi ko‘plarning hayratini oshirdi. Qishloq guzaridagi qassobxonadan go‘sht olayotganda Tohir domla: "Endi, ukam, bu bollar "zborniy” deganini onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib qo‘ydi! Bir mundog‘roq to‘p tepadigan, iligi baquvvatrog‘i bormi o‘zi! Ilgari bizzi davrimizda mahallamizdagi bollar tepadagi mahallaga yutqazib qo‘ysa, kechasi bilan uxlolmay, to‘lg‘onib chiqardi! O‘zicha bir-ikki pint o‘rganib, yutmaguncha qo‘ymasdi. Bu yilgi o‘yinlarni ko‘rdimu mana bu yerim kuyib ketdi”, — u shunday deb chap ko‘kragiga urib qo‘yibdi. "Endi-i, shu desang, haqiqiy o‘zbekning bolasini pitbolist qilaman deb, kenja nevaram bilan astoydil shug‘ullanyapman! Bu bola o‘ziga ikkita chiqadigan qolipda g‘isht quyib, o‘zidan katta aravada tuproq tashib o‘syapti. Bolapaqirga "shu ishni qilasan!”, desam hammasini qiladi. Ha, shunaqasidan chiqadi-da, qassob inim!”, deb qilgan ishini izohlabdi.
Keyinroq qishloq maktabining direktori, yetmishinchi yillar urfidagi keng yoqali ko‘ylagiga galstuk taqib, quyoshda ancha uniqib, sarg‘ayib qolgan o‘ris shlyapa kiyib yuradigan Abdurahmonov domla ham sobiq xodimini chorshanbabozorda uchratib qolib, gapga tutibdi. "Ha, domla, tinchlikmi?” "Tinchlik, domla, tinchlik, — Tohir domla bozorga olib tushgan qo‘yining arqonidan mahkamroq tortib gap boshlabdi. — Shu g‘urur degan narsa tinchimni buzganiga shunaqa bo‘p qoldi. Hammasiga ko‘nib ketaveradigan odam o‘zbekmi? Boksdan chempion bo‘ldikmi? Bo‘ldik! Kurashdan chempion chiqdimi? Chiqdi!.. Chiqmagani shu futbol qoldi, domla! Mana, domla, o‘zingiz matematiksiz, bir hisoblab ko‘ring-chi. O‘zbekistonda qancha odam bor? Ha, o‘lmang, yigirma yetti milliondan oshib qoldik. Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, shulardan nechtasi o‘g‘il bola? Shuncha qorako‘zlardan nahot o‘n bittasi mana-men deb chiqmaydi! Chiqadi, domla, chiqadi! Faqat, mana bu yerida bo‘lsa bo‘ldi! — Tohir domla yana chap ko‘kragiga asta urib qo‘yibdi. — Agar shu yeri jiz etsa bormi, jonini tikib o‘ynaydi!” Uning gaplaridan ko‘ngli ko‘tarilgan Abdurahmonov domla: "Maktabda ishlab yurganida ham shunaqa ideyalari bor edi, boyaqishning!”, deb o‘ylab qo‘yibdi.
Keyingi mish-mishlar oldingisidan ham oshib tushdi. Endi Tohir domla kampiri va o‘g‘illarining hay-haylashiga qaramay, uyidagi ikkita sigirini ham shartta sottirib yuboribdi. Kampirining: "Qariganda bu nima qiliq?”, deya bergan tanbehiga "Nevaralaring o‘rniga endi sen o‘t yulasanmi? Endi bu bollar jiddiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Yetar mol-qo‘y boqqani!”, deb gapni kesib beribdi. O‘g‘illar ham birdan to‘nini ters kiyib olgan otaga lom-mim deyolmay qolishibdi.
Maktabdagi fizruk — Sobir domla esa Tohir domlaning qilayotgan ishlarini ko‘rib ensasini qotiribdi, hatto ichida andak hasad ham uyg‘onibdi. "Fizkulturani o‘qimagan bola futbolni qaydan tushunsin!”, deb domlani bir ezib qo‘yishni diliga tugib qo‘yibdi. Xullas, Sobir domla o‘sha dong‘i doston bola o‘qiydigan uchinchi sinfni to‘rtinchi sinfga qarshi qo‘yib, futbol o‘ynatmoqchi bo‘pti.
Chorshanba kuni choshgohdan keyin qishloq ahli maydonga yig‘ilibdi. Maydonning bir tomoni terakzor, ikkinchi tomoni esa ko‘lmak. Sobir domlaning o‘zi hakam. Tohir domla o‘yindan oldin xuddi tajribali murabbiydek ko‘rsatma bera boshlabdi. Unga quloq solib turgan odamlarning kulgisi kelarmish.
— Endi, ota o‘g‘lim, bismillo, deb, o‘ng oyog‘iz bilan maydonga chiqasiz, — Tohir domla tushuntirarmish. — Ey xudo, shu o‘tirganlarning oldida yuzimni yorug‘ qilgin, deysiz, bo‘lmasam iloji yo‘q. Qo‘rqmasdan, nimani o‘rgangan bo‘lsayiz, uyalmasdan o‘ynayverasiz, tuzukmi?
May quyoshidan yanada qorayib ketgan, ozg‘indan kelgan, sochlari taqir qilib olingan Abdulla "xo‘p!”, degandek bosh irg‘abdi.
Sobir domla hushtagini chalib, ikki jamoani maydonga tizibdi. Rang-barang kiyimdagi bolalar saflanishibdi. Shundoq qilib, o‘yin boshlanibdi. O‘yin paytida Tohir domla deganini hech kim tanimay qolibdi. "Yo, piray! Shu o‘zimizning domlami?!” deganlar ham bo‘libdi. Ehtirosu qiziqqonlikka berilishda Skolariyu Mourinolarni ortda qoldirgudek emish. Go‘yoki o‘rtaga jahon kubogi qo‘yilgandek! "Ha, otam! Barakalla!”, deya maydon chetida u yoqdan-bu yoqqa borib kelarmish.
Avvaliga muxlislar Tohir domlaning antiqa xatti-harakatlarini kuzatishgan bo‘lsa, keyinroq maydondagi ajabtovur o‘yin hammani lol qoldirdi. Tohir domlaning nevarasi to‘p bilan shunaqa hunarlarni ko‘rsata boshlabdiki, asti qo‘yaverasiz! Abdulla kalta-kalta qadamlar tashlab, raqiblarini birin-ketin aldab o‘ta boshlabdi. U atrofini qurshagan besh-olti raqiblarga ham parvo qilmasmish. Xullas, o‘yin Tohir domlaning nevarasi "benefisi”ga aylanib ketibdi. O‘sha o‘yinni ko‘rgan Abdurahmonov domla keyinchalik gap-gashtaklarda, to‘y-u hashamlarda: "Odam bolasi ham shunchalik hunar ko‘rsatadimi, xuddi tsirkdagi artistning o‘zi!”, deyishdan charchamadi.
Odamlar hayrat va taajjubda edilar. Hammadan ham Tohir domla terisiga sig‘may quvonar, yosh boladek irg‘ishlardi. Qo‘yib bersa, maydonga yugurib kirib, o‘yinga qo‘shilib ketgudek edi. Qo‘ying-chi, o‘sha kuni qishloq ahli ko‘p g‘aroyibotlarni kashf qilibdi: futbol murabbiyi Tohir domla, yangi yulduzcha Abdullajon... O‘sha oqshom odamlar yosh futbolchi haqida turli taxminlarni gaplashib, uy-uylariga qaytishibdi. Ayrimlar agar bu bola shu ketishda bo‘lsa uzoqqa borishni ham bashorat qilishibdi.
Keyingi bozorda Abdurahmonov domla "yangi murabbiy”ni uchratib, ishning sirini so‘rabdi. Tohir domla boyagi mashhur do‘ppisini qo‘liga olib, boshini qashlab gap boshlabdi.
— Endi, domla, o‘zizdan qolar gap yo‘q. O‘ziz ham jahon chempionati boshlansa, televizorning tagiga yotvolasiz. Serial-perial degan narsaning nomi o‘chadi. Bir eslab ko‘ring, futbolni qanday o‘ynashadi, — Tohir domla Abdurahmonovning javobga og‘iz juftlaganini ko‘rsa ham, o‘zi davom etibdi. — Birinchi qandoq qiladi? Ha, o‘lmang! To‘p oshirib, oshirolmasa, aldab-aldab o‘ynaydimi? Shundoq! Xo‘sh, shundoq ekan, birinchi navbatda nima kerak? To‘pni sezish. Nevaramizni ko‘rdizmi o‘zi? To‘pga chayondek yopishadi. Uni aldab ketishlariga chidolmaydi. To‘pdan ajralgandan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolishni ma’qul ko‘radi. Uni mana shu g‘urur, oriyat pitbolist qilyapti. Mening hay-haylashim tuyaga madad-da. ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.