Do‘stimizning nikoh to‘yi munosabati bilan uzoq tog‘li qishloqlardan biriga yo‘l oldik...
Borgan kunimizning o‘zida o‘z-o‘zimizga to‘yni boshlab yuborgan bo‘lishimizga qaramasdan, baribir uch-to‘rt kun o‘sha yerda bo‘lishimizga to‘g‘ri kelardi.
Ex… Garchi hamma narsa to‘la-to‘kis, do‘stlar hammasi jamul-jam, toza havo, dam olish, hursandchilik avjida bo‘lishiga qaramasdan, shugina sanoqli kunlarda sevgilimni juda-juda sog‘inishimni o‘ylasam yuragim orqaga tortib ketardi...
Aksiga olib u yerlarda telefon qurg‘ur to‘lqinlarni ham ushlamas ekan. Na bir qo‘ng‘iroq, na ishqdan mastona SMS lar jo‘nata olmasam… Hech bo‘lmaganda internet ham ishlamaydi.
Sog‘inardim... Sevgilimni kulgularini, hazillarini, uni juda ham ko‘rgim kelardi...
Sog‘inardim... U bilan qo‘l ushlashib bog‘ aylanishni, kun botar mahal anhor bo‘yida yelkasidan quchib, xuddi sovuqdan bir-birini asrayotgan musichalardek o‘tirishni sog‘inardim...
Uning mayin, nafis sochlarini silagim, g‘uncha lablaridan qayta-qayta bo‘sa olgim kelardi...
Uni shunchalik sevganimdan, u ham meni sevishidan shunchalar baxtiyor edimki; xatto sevgi-sevgi deb, yoshlik-erkalik deb qilayotgan sho‘xliklarimizmi, to‘g‘riroq aytganda bexayoliklarimizmi hech, hech biri hayolimga ham kelmasdi...
Toki... Toki, o‘sha to‘y kunida yuz bergan voqeagacha...
To’y tugar mahal, yonimga bir o’rta yoshli ayol keldi-da, qo’limga bir tugunchani tutqazib:
– O‘g‘lim shu kampirni uyigacha kuzatib qo‘ying. O‘zlari narigi mahallada turadilar, qorong‘uda ko‘zlari o‘tmay, u-bu yerda to‘qishib yurmasinlar tag‘in. Yosh bolalar hammasi ko‘chada o‘ynab yurishibdimi, hech kimni topa olmadim, dedilar.
Ho‘p bo‘ladi-da, dedim-u qari onaxonni oldilariga borib:
– Buvijon yuring, uyingizga kuzatib qo‘yaman, dedim.
Ozroq yurganimizdan so‘ng odatiy past-baland, mayda toshlarga boy qishloq ko‘chasiga kirdik, shunda men:
– Buvijon, keling qo‘lingizdan qo‘ltiqlab olaman, deb qo‘llaridan endi tutaman deganimda:
– To‘xta! Mana yengimdan tut, deb kampir meni urishdi...
O‘shanda shunaqa kulgim keldiki. Zo‘rg‘a o‘zimni tiyib qoldim. Rostda, u kishi qari bir kampir, men esa nevaralari tenggi yigit bo‘lsam...
To‘yni ham tugatdik. Uyga qaytaman, sevgilimni ko‘raman… U bilan oxirgi kunlarda hech xabarlashmaganimiz uchun qaytishimni kutilmagan uchrashuv bilan uyishtirmoqchi edim.
Kelishimiz kun botar paytga yaqin bo‘lgani sababli u yashaydigan joyga qop-qora tunda yetib bordim. Uning mahallasi tomonga qayrilishda chiroq yorug‘lari ostida o‘tirib gaplashish uchun qulay kichikkina joy bor edi. U bilan bu yerda juda ko‘p marta o‘tirib gaplashganmiz.
Hayolimdan shularni o‘tkazib, o‘sha tomonga nigohimni burganimda qulog‘imga tanish kulgu ovozi eshitildi...
Sekin borib qaradim. Ha, afsuski, bu o‘sha men ko‘rishni orziqib kutgan sevgilim. Lekin, boshqa bir yigit bilan...
Balki, shunchaki tanishi yoki qarindoshidir, deb o‘ylab, o‘zimga tasalli berardim-u baribir borib, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmaguncha ishonchim komil bo‘lmasdi.
Ular yo‘lga teskari o‘tirishgani uchun ularga yaqinlashganimni payqashmadi. Tanish kulgu, tanish ovozlar, tanish erkalanishlar-u, tanish sevgi izhorlari...
Nahot shu uch kunginada shuncha o‘zgardimi yoki u doim shunaqa edimi!? Ko‘zlarim ko‘rmidi!?
Qadam tovushimni eshitib ikalasi ham ortiga o‘girildi. Daxshat...
Hech narsa demadim, indamadim; alvido iffatsiz sevgilim...
Iffat... Shunchalik ham bo‘ladimi nomussizlik!? Xuddi, avval bo‘lgandek, avval bormidi shu qizda o‘sha iffat!?
Tog‘li qishloqdagi kampir bilan bo‘lgan voqeani esladim...