Kattalarni kim tarbiyalaydi?

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 479
  • Коммент: 0
Tarbiya deganda, asosan yoshlarni tarbiyalashni nazarda tutamiz. Go'yoki hamma qonun-qoidalaru ahloqiy, ma'naviy tartibotlar barchasi faqat yoshlar uchun o'ylab chiqarilgandek. Barkamol avlod tarbiyasi, deya jar solamiz. Lekin kattalar-chi? Ularni kim tarbiyalaydi? Ma'lum ma'noda, kattalarni yosh bolalar tarbiyalar ekan.

Esimda, qizimni bolalar bog'chasiga berib ishga ketardim. Shanba kunlari ham ishlardim. Bilsam, ana shu shanba qizim uchun eng og'ir kunlardan biri bo'larkan. Sababi, boshqa bolalar bu kun bog'chaga kelmas, faqat ayrim sanoqli - onalari ishlaydigan bolalargina kelar va bu kun juda zerikarli o'tarkan. Soat 12 dan kech qolsangiz, tarbiyachilar bolangizni qorovulga qoldirib ketib qolishadi. Sarsonlik, mavhumlik, muhimi, qo'rquv bola qalbini egallaydi. Shanba kuni ertalab bog'chadan ketar ekanman, qizim qayta-qayta tayinlardi:
- Vaqtli kelib olasiz-a meni?
- Albatta, vaqtli kelaman.
- Aldamang, yolg'on gapirganlarni Xudo jazolaydi, - ogohlantirdi qizim. 3-4 yoshli bolaning tafakkuri meni o'ylantirdi. Unga hech qachon yolg'on gapirmaslikka urinaman. Axir bolam oyim Xudodan qo'rqmas ekan, yolg'onchi ekan, deb o'ylashi yaxshilikka olib kelmasligini bilaman. Bolam meni rostgo'ylikka o'rgatdi.

"Aldagani bola yaxshi" degan gapni yomon ko'rib ketaman. Lekin hayotda bolaning himoyasiz, kichikligidan foydalanib aldayotganlar qancha? Oddiy misol: qassob do'koniga o'zingiz chiqsangiz, go'shtni chiroyli qilib tortib berishadi, agar bolangizni chiqarsangiz, xuddi shu pulga go'sht qilib berishmaydi. Bola-da, u nimani bilardi, aldasa bo'laveradi. Lekin shu bolaning ortida ota-onasi turibdi-ku. Bolaning qalbi-chi?

"Seni ertaga kinoga, boqqa olib boraman yoki morojniy olib beraman" deb bu va'dani bajarmasangiz, sizga odatiy holdek tuyulishi mumkin. Bolaga esa bu katta zarba keltiradi. Bolalar, ko'pincha, biz kattalardan ko'ra tartibliroq tuyuladi menga. Yana o'zimning hayotimdan misol keltiraman.

Yuqorida aytgan qizim ikki yoshga bormagan edi chamasi, chunki hali gap tuzib, kelishiklar o'rnini to'g'ri qo'yib gapirolmasdi. Dadasi ishdan kelganida: "boyottani tettik" ("morojniyga ketdik") dedi. Tarjima qilib berdim. Dadasi, bugun charchadim, ertaga ishdan kelib olib boraman, dedilar. Shu bilan bola indamadi. Ertasi kuni xuddi shu vaqtda bir sutka davomida xarxasha qilmagan bola ishdan kelishlari bilan yana: "boyottani tettik" dedi. Bu ahamiyatsizdek tuyular balki, lekin ikki yashar bolada bor bo'lgan sabr biz kattalarda bormikin, deb o'ylab ham qolaman. Bolam meni sabrga o'rgatdi.

Birinchi marta aldangan bola ko'zida ma'yuslik, yuragiga cho'kkan og'ir toshning vaznini his etib ko'rganmisiz? Ba'zan ijodkor bolalar turli tanlovlarda, tadbirlarda qatnashishadi. Ba'zilariga kattalar sen chiqib she'r o'qiysan yoki falon tanlovda qatnashasan, deb aldab keyin o'rniga boshqasini chiqarib yuborganda bu bolalarning qalbi vayron bo'lgani haqiqat emasmi? Dunyoda haqiqat yo'q ekan, degan xulosani biz paydo qilmayapmizmi? Himoyasiz bola, kattalar qarshisida ahamiyatsiz, murg'ak vujud bag'rida isyon, alamzadalik va yomonlik ulg'aymasligiga kim kafolat beradi? Yoki boy o'rtog'i o'ynab turgan kambag'al bolaning kamsitilgan holatidagi ahvolini tasavvur qilganmisiz?

Bir qo'shnimiz bo'lardi, boy edi. O'sha vaqtning eng yaxshi mashinasi bo'lgan "Jiguli"(06)si bor edi. Ishdan qaytar ekan, ko'chada o'rtog'i bilan o'ynayotgan o'g'lini mashinaga chiqarib oladi. "Dada, o'rtog'im-chi, u qoladimi?" degan savolga dadasining: "Mashinamni sening kambag'al o'rtoqlaringni chiqarish uchun olmaganman!" degan javobidan ikkala bolaning ham qalbi vayron bo'lgan edi.

Ha, kattalar bolalardan ko'ra tarbiyali emas, degim keladi shunaqa paytlarda! Hamma pandu nasihat, hamma va'zlar yoshlar uchunmas, balki, avvalo, kattalarning o'ziga tegishli ekanini unutmasak edi. Balog'atga yetib qolgan yoshlar ham ba'zan kattalardan aqlliroq va odobliroq, tarbiyaliroq tuyuladi. Ko'chada mast bo'lib tentiragan katta odam kitob mutolaa qilayotgan boladan tarbiyali bo'lmasa kerak. Biz esa ommaviy madaniyat degan balodan farzandlarimizni saqlaymiz, ularni g'arbning xurujidan asrash kerak, deb yotibmiz. Yo'q, hamma narsa asosga, ildizga bog'liq. Agar ildiz baquvvat, tuproq unumdor, parvarish yaxshi bo'lsa, boshiga yoqqan jalayu qorlar unga ta'sir etolmaydi.

Bir maktabning peshtoqiga "Tarbiya nasihat emas, ibratdir" deb yozib qo'yilganini ko'rdim. Bajarilishi eng oson va yomon qabul qilinadigan ikki narsa bor: biri maslahat berish, ikkinchisi nasihat qilish. Maslahat berib, nasihat qilib birovga yomon ko'ringandan, ibrat ko'rsatib mehrga sazovor bo'lgan afzalroqdir. Yoshlarga doim pandu nasihatdan tinmagan, diniy tarbiya berayotgan, e'tiqodli deb bilganim ayrimlarning ham sudxo'rlik bilan shug'ullanayotganini ko'rib qolsam, o'sha odamlar haqidagi barcha muqaddas sanagan tuyg'ularim parcha-parcha bo'ladi. Bundan yomoni yo'q axir, siz intilayotgan, siz bilgan muqaddas odamlar, ya'ni e'tiqodingiz parchalanib ketsa, dovdirab qolmaysizmi? Ilmiga amal qilish shu qadar mushkul ekan, yoshlarga nasihat qilib nima qiladi, degim keladi. Asling kabi ko'rin, yo ko'ringaning kabi bo'l, hikmatining mag'zini chaqsak, kattalarni sarakka emas, puchakka chiqarib tashlagimiz kelib qolmaydimi?

Davrlar kechdi. Rangim somon bo'ldi. Yaxshi va yomon kunlarni ko'rdim. Omon-omon bo'ldi. O'zimdan ko'paydim. Bag'rimni to'ldirgan bolalarim bilan dasturxon atrofida o'tirar ekanman, nabiram Abdulla kompyuteringizni o'ynagani bering, deb xarxasha qiladi. Unga birozdan keyin berishimni aytaman. To'rt yoshga bormagan nabiram esa onasining bolalikdagi gaplarini takrorlaydi:
- Aldamayapsizmi, buvi?! Aldasangiz, Xudo jazolaydi!


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.