Kechikkan dil izhori

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 543
  • Коммент: 0
Anvar har kundagidan erta turib, apil-tapil kiyindi-yu ishga otlandi. Ortidan onasi Xolida opa javrab qoldi:
— Hoy, o‘g‘lim, nima bo‘ldi senga, tong azondan turib, qayoqqa otlanding? Choy-poy ichib ket mundoq...
— Ichgim yo‘q, oyi. Mayli, yaxshi qoling.
Anvar shunday deya darvozani taraqlatib yopib ko‘chaga chiqib ketdi. U bekat tomon shoshilar ekan, "Ketib qolmagan bo‘lsin-da” deb qo‘ydi.
Hali erta bo‘lgani uchun bekatda yo‘lovchilar kam. Shu payt birinchi avtobus kelib to‘xtadi. Hamma o‘zini ichkariga urdi. Ammo avtobusning Anvarga umuman daxli yo‘qdek atrofga olazarak boqardi.
— Minmasangiz, anqaymay chetga o‘ting, uka, xalaqit bermay.
Bola ko‘targan o‘rta yoshlardagi ayolning zardali so‘zlaridan og‘ringan Anvar sekin chetroqqa o‘tdi. Xayolida "Nahotki, ketib qolgan bo‘lsa. Aniq ketgan, har lahzada bitta taksi bo‘lsa”, degan o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynardi.
Uning atrofga umidsiz boqayotgan ko‘zlari birdan charaqlab ketdi. "Ana u” Shundoqqina muyulishdan qizg‘ish harir kuylagi tonggi shabadada nafis hilpiragan, bitta qilib o‘rib tashlab qo‘yilgan sochlari gavdasi uzra to‘lg‘ongan oy yuzli, o‘sha Anvarning aqlu hushini o‘g‘irlagan qiz mardonavor qadamlar bilan yurib kelardi. Anvar uning tashrifiga mushtoq bo‘lsa-da, go‘yo e’tiborsizdek ko‘zini boshqa tomonga oldi.
Bekat yonidagi bir tup o‘rikning gullari duvillab to‘kilar, shabboda hozirgina bekatga kelgan qizning go‘zalligiga yana go‘zallik qo‘shmoqchi bo‘lgandek, o‘rik gullarini uning sochlariga, kipriklariga beayov qo‘ndirardi.
Yana avtobus kelib to‘xtadi, hamma chiqdi. Qiz ham. Anvar esa hammadan so‘ng. Nogoh bu parivash qiz bilan ilk uchragan kunini esladi. Shu bekat. Bir o‘zi turardi. Ortidan qo‘ng‘iroqdek ovoz eshitildi. "Avtobus ketib qoldimi?” Bu mayin ovozni eshitgan Anvar burilib uni ko‘rdi. Uning uzun kipriklari pirpirar, charosdek ko‘zlarida bezovtalik hukmron edi. U javob berish o‘rniga hayronlik bilan tikilib qolgan yigit yonidan asabiylik bilan nariroq ketdi.
Anvar uni xafa qilib qo‘yganini sezdi. Nimadir deyish kerak, savoliga javob beray desa oradan to‘rt-besh daqiqa o‘tib ketdi. "Endi yetib bordimi?” deb kulishi mumkin. O‘ylab, o‘ylab qizdan "Soat necha bo‘ldiykin?” deb so‘radi. Qiz qoshlarini chimirib javob qaytardi.
— Soat so‘rash urfdan qolib ketgan.
Undan bunday keskin javobni kutmagan Anvar biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Qizning qo‘lidagi bir dasta kitobga ko‘zi tushib:
— Unda kitob ko‘tarib yurish urfga kiribdi-da? — dedi.
Qiz yalt etib Anvarga qaradi. Yuzlarida yengilgina kulgu bo‘y ko‘rsatdi. Anvarning ham yuzlarida "Bopladim” degan ma’noni aks etgan tabassum jilvalandi. Shu qisqagina uchrashuvga ham o‘n kun bo‘libdi. O‘n kunki, Anvar qalbida kechayotgan tug‘yonlarga tushunmaydi. Yursa ham, tursa ham, xayolida o‘sha qiz. Uxlasa tushlariga ham kirdi. "U kim, ismi nima, qayerda turadi, qayerda ishlaydi yo o‘qirmikin?” degan savollar yopirilib kelaveradi-kelaveradi.
U qiz kundan-kunga hayotining bir bo‘lagiga aylanib borar, uni har tong uzoqdan bo‘lsa-da, bir ko‘rish istagi tinch qo‘ymasdi. Birga avtobusga minib qolgan kunlari, avtobusning hech qachon to‘xtamasligini, uzluksiz yura-yura baxt manzillariga olib borib qo‘yishini bor vujudi ila xohlaydi. Ammo o‘zi ishlaydigan idora yonidagi bekatda odamlar o‘zlari turtib-turtib tushirib qo‘yishardi. Ismini ham bilmaydigan, qalbining bir qismi bo‘lib qolgan qiz esa ketadi.
Anvar idorasiga kirib ish stoliga o‘tirgancha o‘ylaydi: "Qaysi bekatda tusharkan?”. Bir kuni bu qiziqish ustun kelib, avtobusda ishxonasini ham unutib, qizning qay bekatda tushishini kuzatmoqchi bo‘ldi. Avtobus har bekatda to‘xtaganda Anvar qizga o‘g‘rincha qarab qo‘yadi. Nimagadir avtobusda odam siyraklashib qolsa-da u tushishini xayoliga keltirmasdi. Nihoyat shahar chetidagi shifoxona bekatida qiz tushdi. U bu kabi kuzatishlarni to‘rt-besh marta o‘tkazib yubordi. Ammo haddi sig‘ib qizga biror nima demoqqa ojiz edi.
Tongda yana ko‘cha tomonga shoshayotgan o‘g‘lining qo‘lidan tutgan ona uni dasturxon boshiga olib keldi:
—O‘g‘lim, shu kunlarda seni hech tushunmay qoldim. Odamovi, bir boshqacha bo‘lib qolgansan. Ishing juda qiyinmi, bolam? Uyqungning ham tayini yo‘q, qachon qarasam qo‘shiq eshitib o‘tirasanmi-yay? Ilgarilari o‘n gapirib, bir kularding.
Anvar onasi ataylab u uchun pishirgan quymoqqa parishonxotir tikilib jim turaverdi.
—Uylan desam, xohlamaysan, o‘qishni bitirganingga ham mana, ikki yildan oshayapti. Uni aytsam ham, buni aytsam ham yo‘q deysan, bolam. Ana, tog‘angning sendan kichkina o‘g‘liga bir oyday qizni unashtirishibdi. Sen esa....
— Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, oyijon, — dedi.
U bekatga chopgancha yetib kelganda qizning turganini ko‘rdi. Nigohlar to‘qnashdi. Anvar negadir qizning ko‘zlarida o‘zgacha g‘amning soyasini, ta’maning sharpasini sezgandek bo‘ldi. "Nahotki, u ham menga befarq bo‘lmasa” degan totli tuyg‘u tonggi sabolar ila qalbiga urilgan Anvar unga tuyg‘ularini oshkor etmoqqa jazm etdi. Ammo qanday? Axir uni ko‘rsa tili aylanmay qoladi-ku. Bugun nima deyishimni obdon o‘ylayman. Ertaga bari bir aytaman. Shunda mening orzuim ushaladi. Yo‘q desa ham umidimni so‘ndirmasa bo‘ldi. Baribir darrov "Ha” demas-ov. U shu xayollar bilan kunning qanday o‘tganini bilmadi. Tuni bilan yana o‘yladi. Hech ayta olishga ko‘zi yetmay xat yozishga jazm etdi. Axir talabaligida jo‘ralari unga chiroyli so‘zlarni bilasan deb yaxshi ko‘rgan qizlariga xat yozdirardi-ku. O‘zini-o‘zi koyidi, xat yozish ham bachkanalikdek tuyuldi. Maktab o‘quvchisimanmi, xat yozib berib qochib ketsam…. U hech qachon bunday holga tushmagan.
Yigirma uch yoshida muhabbatning asiriga tushib qolgandi. Ertalab boshi og‘riqdan tars yorilayozgan Anvar bir qarorga kelolmadi. O‘zini juda ojiz va baxtsiz his etdi. U muhabbatini qanday izhor qilishni bilolmay garang edi. Shu payt ko‘zlari tuni bilan ochilgan nastarin gullariga tushib, ko‘ngli yayrab ketdi. Kalavaning uchini topgandek sevindi. Yuvingach bir dasta nastarin gullardan uzgancha o‘zini ko‘chaga urdi. Onasi ortidan hayron boqib qolganini hatto sezmadi.
Ko‘chani to‘ldirib, bir quchoq gul olib kelayotgan Anvarga qizning ko‘zi tushdi.
"Nahotki, ismimni bilgan bo‘lsa? Shuning uchun muhabbat guli bo‘lgan nastarinlarni olib kelayotganmikan? Bilaman. Siz bu gullarni menga olib kelayapsiz. Ko‘zlaringiz har kuni aytib, menga baxt ato etgan so‘zni bugun tilda aytmoqqa jur’at etdingiz. Men bu kunni qanchalik kutganimni bilsangiz edi. Ortimdan soyadek ergashganlaringizda dil izhoringizni kutdim”.
Nastarin Anvarga xayolan so‘zlar ekan, shundoqqina yoniga kelib to‘xtagan taksiga o‘tirdi-yu jo‘nab ketdi. Oyna ortidan Anvarga unsiz shivirladi: "Men uchun bu dunyoda borligingizning o‘zi katta baxt”.
Anvar bekatda turgan qizni uzoqdan tanib hayajon ila kelayotgan edi. Hozir gullarni unga tutqazaman. "Hovlimizda ochilgan. Sizga atab ataylab olib keldim” deyman. Uning xayollari zumda to‘zg‘idi. Qiz negadir shoshgancha avtobusni ham kutmasdan mashinaga o‘tiranicha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Anvar yurishdan to‘xtadi. Go‘yoki o‘ylashdan ham to‘xtagandek xayoliga hech narsa kelmas, oyoqlariga nastarin gullari bir-bir to‘kilardi.
Lablari shivirladi: "Nahotki, yana ertaga qolsa...”
Ertasi kuni oyisi uni ishga borgani qo‘ymadi. Qo‘lida bir quchoq nastarin bilan xonasiga kirar ekan, bo‘yinbog‘i qattiq, qisayotganini his etdi. Hovlidan onasining ovozi keldi:
— Axir yakka-yu yagona tog‘ang o‘g‘lini uylantiradi-yu, sen ish deysanmi? Men senga kecha javob olib kel, devdim bolam. Tog‘angning bizga ko‘p mehnati singgan. Otang rahmatli olamdan o‘tganda sen bilan opang yosh bola edilaring. Sening katta o‘qishlarda o‘qishingda, bugun nufuzli bir tashkilotda ishlayotganingda tog‘angning yordami katta. Axir tog‘angning sendan boshqa jiyani bormi? Boraqol bolam, ertalabdan xizmatda bo‘l. Ertaga to‘yingning boshida turadigan ham shu tog‘ang...
Anvarning dunyosi qop-qorong‘u edi. "Axir bugun aytmoqchi edim, oyijon. Qiynalib ketdim. U siz menga dunyoning qizig‘i yo‘q. U shu kabi so‘zlarni asabiy shivirladi. Ammo shu tobda to‘yxonaga ham bormasa bo‘lmasligini anglab turardi. O‘z-o‘ziga so‘z berdi”: "Ertaga albatta. Faqat nastarin gullari to‘kilmay tursa bas”.
U bor alamini ishdan oldi. To‘yxonadagi deyarli barcha ishni uddaladi. Goh samovarda choy qaynatgan, goh mehmonlarga qarashgan, goh oshpazu qassobga yordam bergan... Bazm allaqachon boshlanib, kelin-kuyov davraning to‘rida qur to‘kib o‘tirishardi. Hamma kelin-kuyovni bu baxtli oqshomi bilan qutlagan.
"Kelinning ismi Nastarin ekan-da, chiroyli ism ekan” degan xayollar bilan kelin-kuyovni qutlash uchun ular yoniga borgan Anvar chiroyli qadah so‘z aytib, kuyovga qo‘l uzatdi. Kelinni ham qutlash uchun qo‘l uzatgan Anvar taxtadek qotdi. Mayin shamol kelinchakning yuzidagi harir matoni ochib yubordi. Nigohlar to‘qnashdi. "Nahotki?” Ayni damda Anvarning xayolidan o‘tgan so‘z shu bo‘ldi. U Anvarning qalbiga muhabbat olovini tashlagan o‘sha qiz edi. Qizning ko‘zlaridagi g‘am va ta’na Anvarga tanish, juda tanish edi.
Anvar to‘yxonadan go‘yo yugurib chiqdi. Hovlilariga qanday kirib keldi, bilmaydi. Entikib-entikib nafas olar, havo yetishmayotgandek yuragi tipirchilardi. Hovli sathi nastarin gulining yaproqlariga to‘lib ketgandi. U shoshib nastarin tubiga boqdi. Hamma gullari to‘kilib ketgandi. U go‘yo oyoqlari ostida yer bilan bitta bo‘lib sochilib yotgan nastarin gullarini emas, orzularini, umidlari-yu ilinjlarini bosib o‘tardi. ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.