KECHIR, SENI ASRAY OLMADIM...

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 775
  • Коммент: 0
KECHIR, SENI ASRAY OLMADIM...
Uning kunlari bir maromda o‘tardi. Qaerdanam, o‘sha qo‘shiqchi bilan tanishdi. Qaerdanam o‘zi Termizga bordi. Boradigan boshqa joy yo‘qmidi?
Xullas, mana o‘sha kunga ham bir yildan ko‘proq vaqt bo‘libdi. Bu vaqt orasida qanchadan-qancha ishlar bo‘lib, o‘tib ketmadi deysiz?
Asilaning eng yaxshi ko‘rgan opasi, talabalikning qattiq-quruq nonini yeb, birga besh yil zahmat chekkan Noila viloyat televideniesida ishlardi. Bir kuni telefon qilib qoldi. “Falon bayramga, katta tadbir o‘tkazyapman, sen yetib kelmasang bo‘lmaydi. Toshkentdan katta-katta artistlar keladi. Shunday katta, fayzli bayramda sen yonimda bo‘lmasang, ko‘nglim joyiga tushmaydi”, - dedi Noila.
—Bu yerda ishlarim ko‘p, bora olmayman, - dedi Asila ham o‘z navbatida. Lekin uning mana shu bayramga juda-juda borgisi kelayotgandi. Sababi u Noilani sog‘ingandi, mana ko‘rishmaganlariga ham bir yildan oshib ketibdi.
—Sen ham tuppa-tuzuk jurnalist bo‘lib qolding. Katta-katta artistlar bilan qilayotgan suhbatlaringni o‘qiyapman, men mashina jo‘nataman, sen eng yaxshi aktyorlarning to‘rt-beshtasini olib kelasan, - dedi Noila yana.
—Jinnimisiz Noila opa, men ularni nima deb taklif qilaman?
—Shunaqa-shunaqa viloyatda katta tadbir o‘tkazilayotgan ekan, agar vaqtingiz bo‘lsa borsangiz, mashina jo‘natishar ekan, desang, ular rozi bo‘ladi. Bir kunginaga kelib ketasizlar, ko‘p vaqtingizni olmayman. Qo‘shiqchilarni Nig‘mat olib keladigan bo‘ldi. Ular bilan Nig‘mat juda qadrdon ekanku.
Asila o‘zi yaxshi taniydigan, hurmat qiladigan aktyorlarni bu tadbirga taklif qilib ko‘rishini, lekin ular rozi bo‘lmasa, qo‘lidan hech ish kelmasligini aytib, Noila opasi bilan xayrlashdi.
Har tugul nomi chiqqan, elu yurtga tanilib qolgan aktyorlarning uch nafari Asilani juda hurmat qilishar ekan, “siz uchun mayli boramiz, sizdek yaxshi jurnalistning so‘zini yerda qoldirish odobsizlik bo‘lar, ozib-yozib bir marta iltimos qildingiz”, dedilar.
Belgilangan kuni viloyatdan yuborilgan ikkita Neksiya mashinasi Asila aytgan joyga yetib keldi. Asila aktyorlarni olib yo‘lga tushdi.
Nihoyat bayram boshlandi. Asila o‘zi ko‘pdan buyon yaxshi ko‘radigan, mana shu kishini bir suhbatini olaman-da deb niyat qilib yuradigan, keksayu yoshning sevimli xonandasi bilan ro‘parama-ro‘para o‘tirib qolibdi. Ularni Noila tanishtirib ketdi. Har ikkisining kursdoshi Nig‘mat ana o‘sha xonandaga prodyuserlik qilayotgan ekan. Gapdan-gap chiqdi. Hamma o‘ynab-yayradi. Suhbat rosa qizigan paytda Asila sho‘x, ichida gap turmaydigan qiz bo‘lganligi uchun, o‘ylagan gapini xonandaga aytib yubordi.
—Sherzod aka, meni yaxshi ko‘rib qoling.
—Xo‘p, - dedi Sherzod ham jilmayib.
Asila qovun tushirgani bilib, gapini boshqacha takrorladi:
—Xuddi singlingizdek.
—Men ham xuddi shunaqa deyapmanku.
Sherzod faqat qo‘shiqni yaxshi aytibgina qolmay, yaxshi suhbatdosh ham ekan. Tadbir tugaguncha bir-birlarini kuldirib, latifalar aytib o‘tirishdi. Asila o‘zi bilan borgan aktyorlarni ham unutib qo‘ydi. Bir payt uning yoniga aktyorlarning eng yoshi, Asiladan uch-to‘rt yosh katta G‘ofur kelib qoldi.
—Asilabonu, - dedi u aktyorlarga xos viqor bilan-mezbonlik qoidasini unutib qo‘ymayapsizmi?
—Voy G‘ofur aka, - dedi Asila ham xijolat bo‘lib, - nimaga, sizlarga yaxshi qarashmayaptimi?
—Eng yomoni shunda-da, - dedi G‘ofur yana jilmayib, - juda-juda yaxshi izzat-ikrom ko‘rsatishyapti. Yaxshi qarashyapti. Meni bu yerlik ayollar hol-jonimga qo‘yishmayaptiku. Agar yonimda siz o‘tirmasangiz bularning shirin gaplariyu, erkalashlariga uchib, mana shu yerda qolib ketaman, keyin kennoyingizga qanday javob berasiz?
Mana shu gapni gapirib bo‘lgachgina Sherzodni ko‘rdi. Sherzod ularning suhbatiga jimgina quloq tutib o‘tirgandi.
—Ie, Sherzod aka. Assalomu alaykum, - dedi G‘ofur. –Yaxshi yuribsizmi, ishlaringiz yaxshimi? Ikkimiz ham san’atkormizu, bir-birimizni tanimaymiz-a? Men sizning qo‘shiqlaringizni ashaddiy muxlisiman. Asilaga bergan intervyumda ham sevimli qo‘shig‘ingiz va qo‘shiqchingiz, degan savoliga sizning anovi qo‘shig‘ingiz borku, o‘shani aytganman, sevimli qo‘shiqchim deb, sizni ko‘rsatganman. Uchrashgan joyimizni qarang. Sizni ham hoynahoy Asila taklif qilgandir.
—Yo‘q, bizni mana shu ukamiz olib keldilar, - deya Sherzod Nig‘matni ko‘rsatdi. G‘ofur Nig‘mat bilan ham quyuq salomlashdi.
Yana o‘yin-kulgu, kuy-qo‘shiq avjiga chiqdi. Bir payt Sherzod qo‘shiq ayta-ayta kelib, Asilaning qo‘lidan tortib, davraga olib chiqdi. Asila chiroyli raqsga tushardi, shuning uchun o‘yin boshladi. U o‘ynardi-yu, hammaning ko‘zi o‘ziga qadalib turganligini his qilardi, shunday bo‘lsa-da, o‘ynayverdi.
Bayram nihoyasiga yetgach, Noila uni bir chetga tortdi-da,
—Toshkentdan kelishlaringda ikkita mashinani to‘rt kishi band qilgandinglar, shuning uchun sen bilan kelgan artistlar bitta mashinada ketsa-da, sen Nig‘mat, Sherzod aka bilan ikkinchi mashinada ketsang, to‘rt kishi bitta mashinada qisilishib qolasizlar, - dedi.
Asila bunday qilish odobsizlik bo‘lmasmikan, deb ikkilanib turgandi, G‘ofurning o‘zi unga yordamga keldi.
—Asilabonu, bizni Akrom akamning bir tanishi ziyofatga taklif qilyapti. Biz bilan ketaqolasizmi, yoki...
G‘ofurning bu gapidan Asila xursand bo‘lib ketdi. Lekin xursand bo‘lganligini bildirmaslik uchun
—Ie, birga kelib, birga ketmoq yo‘q deng. Men taklif qilgan ziyofat yoqmaganligi uchun, o‘zlaringni ziyofatlaringga meni taklif qilmayapsizlarmi, - dedi.
G‘ofur kulib yubordi.
—Yo‘q, hammasi zo‘r bo‘ldi. Shunchalik muxlislarim borligini bilmagan ekanman. Qarang Akrom akam bilan Botir akamning muxlislari haliyam ularni qo‘yib yuborishmayapti. Bechoralarning dastxat yozaverib qo‘llari og‘rib ketdi shekilli, - dedi.
Xullas, Asila Nig‘mat va Sherzod bilan ketadigan bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay ham Asila haydovchiyu, Nig‘matni, Sherzodni kuldirib keldi.
Sherzod qo‘shiqchi sifatida tanila boshlagan paytlarda Asilalar hali maktab o‘quvchi edilar. O‘shanda Asila “Xudo xohlasa, maktabni bitirib, jurnalist bo‘lib olsam, mana shu odam bilan albatta, uchrashaman, undan intervyu olaman“ deb niyat qilardi. Mana tanishib ham oldi, endi intervyu olsa bo‘lgani.
Yo‘l uzoq emasmi, gap ham qaynab chiqaverdi. Sherzod juda o‘qimishli, aqlli odam ekan. Har bir gapirayotgan gapini avval donolarning biror bir o‘giti yoki hadis bilan to‘ldirar, so‘ngra mana shu fikrlarga o‘z munosabatini bayon qilardi.
—Hamma narsa niyatga bog‘liq, - dedi bir mahal Sherzod. –Agar yaxshi niyat qilsangiz hammasiga yetasiz. Mana men shu paytgacha Termizga kelmagan edim. Termiz at-Termiziylar yurti, ulug‘ bobolarimiz makon tutgan maskan. O‘shanday kishilar yotgan joylarni ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim.
—Ha, to‘g‘ri aytasiz, - dedi Asila ham bidirlab. –Men ham siz bilan tanishishni, suhbat qurishni, aka-singildek qardonlashib ketishni bir paytlar niyat qilgandim. Mana tanishdim, niyatim to‘g‘ri bo‘lgan ekanda, a?
—Ha, - deya gapga qo‘shildi Nig‘mat. –Endi bemalol qadrdonlashib ketaversangiz ham bo‘ladi. U shunday deb Sherzodga murojaat qildi.
—Sherzod aka, Asila bilan biz birga o‘qiganmiz, u mening eng sevimli singillarimdan biri bo‘lgan. Yaxshi jurnalist.
—Bildim, yaxshi jurnalist bo‘lish bilan birga, yaxshi qiz ham ekan.
U yoqdan, bu yoqdan gaplashib ancha yo‘l yurib qo‘yishibdi.
—Yo‘l yurib, mo‘l yuribmizku, - dedi bir payt Sherzod. Bu paytda qorong‘u tushib qolgan edi. – Rosa qorningiz ochgan bo‘lsa kerak. Biror yerda ovqatlanib olsak, qalay bo‘ladi?
—Zo‘r bo‘ladi, - dedi shu paytgacha miq etmay kelayotgan haydovchi.
Hammalari kulib yuborishdi.
—Demak, indamay o‘tirib kelayotgan odamning qorni ham ochgan bo‘lsa, bizning holimiz haqida gapirmasak ham bo‘laverar ekan, - dedi Nig‘mat. –Shopir aka, bu yo‘llardan siz ko‘p yurgansiz, bizni ovqatlanadigan joyning eng yaxshisiga olib borasiz-da.
Ular bir oshxonaga kirishdi. Yo‘l bo‘yidagi ovqatlanadigan joy emasmi, o‘tgan-ketganning barchasi shu yerga tushar ekan. Sherzodni ko‘rgan kishilar uni o‘rab olishdi. Biri olib, biri qo‘yib dastxat so‘ray boshladilar. Sherzod ham tavoze bilan, muloyimlik bilan dastxat yozib berdi, ba’zilar bilan qadrdonlardek gaplashdi ham. Shu payt bir savlatli kishi kelib, Sherzod bilan quchoq ochib so‘rasha ketdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u kishi mana shu qahvaxonaning xo‘jayini ekan.
Dasturxonga hamma narsa tortildi. Xo‘jayin ularni izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘ydi. Shu tariqa Toshkentga yetib kelishdi.
Kunlar shu zaylda o‘ta boshladi. Bir haftalardan so‘ng Asilaning ishxonasiga Nig‘mat kirib keldi.
—Ha, yaxshi yuribsizmi, - dedi uni ko‘rgan Asila. – Sherzod akani zo‘r qo‘shiqchi desam, yaxshi odam ham ekan-ku. Uni qaerdan topib olgansiz?
—Bir kuni tanishib qolganman, xuddi sizga o‘xshab, keyin qadrdonlashib ketdik. Aka zo‘r odam, yaxshi, odamgarchiligi bor. Oldingizga bir maslahat bilan kelayotgandim. Bu ham akadan chiqqan fikr.
—Qanaqa maslahat?
—Aka, sizni o‘zi bilan birga ishlashga taklif qilyapti. Unga sizga o‘xshagan jurnalist kerak ekan. Qo‘shiq uchun tanlagan she’rlarini bir ko‘zdan kechirib beradigan, gazeta-jurnallarga suhbatlar uyushtiradigan, televidenie va radio bilan muloqot olib boradigan. Bilasizku, hozirgi shou-biznesning talablarini. O‘shanga Asilaga bir shu taklifni aytib ko‘ring, agar rozi bo‘lsa birga ishlardik, deyaptilar.
—Zo‘rku, - dedi Asila hayajonini yashira olmay. –Zo‘r ish bo‘lardi,- dedi yana xursand bo‘lganini yashira olmay. — Mayli men suhbatlar uyushtirib, barcha gazeta-jurnallarga chiqarib beraman. Muntazam chiqishini ta’minlab turishim ham mumkin. Lekin tele-radioga bir nima deya olmayman. Men faqat suhbat qilaman, uni qog‘ozga tushirib, tahririyatlarga olib borib beraman. Unda Sherzod aka bilan qachon birinchi suhbatni o‘tkazamiz.
—Agar xohlasangiz hozir chaqiraman, yetib keladilar.
—Yo‘q, yaxshisi ertaga kela qolsinlar, men sal-pal o‘zimga qarab kelaman. O‘shanday katta qo‘shiqchining yonida shunday shumshayib tursam bo‘lmasov?
—E, uning xotin, bola-chaqasi bor. Sizga qiz bola sifatida qaramaydi, faqat ijodkor sifatida muomala qiladi, xolos.
—Mayli-da, chiroyli bo‘lib kelsam, o‘zimga yaxshiku.
Asila ko‘pgina taniqli kishilar bilan suhbatlashgan, ulardan intervyu olgan edi. Lekin bu qadar hayajonlanmagandi. Dastlab diktafonini yoqish esidan chiqib qolibdi, keyin ruchkasini beixtiyor tishlab olib, chaynayverdi. Uning bu holatini Sherzod bilib turgan ekan, o‘zi Asilani xatolarini tuzatib turdi.
Xullas, suhbat gazetada bosildi, ko‘pchilikda iliq taassurot uyg‘otdi.
Asila suhbat chiqqach, Aka bilan emas, Nig‘mat bilan uchrashdi.
—Aka, juda xursand bo‘ldilar, - dedi Nig‘mat. Juda savodli yozilibdi, dedilar. Bilasizku akaning injiqligini, uncha-buncha narsa u kishiga yoqmasdi. Shuning uchun sizni bir piyola choyga taklif qilyaptilar. Yana o‘ylamang, bu pora emas faqat minnatdorchilik xolos. Aka hammani ham choyga taklif qilavermaydi.
Asila u odamning yana bir bor suhbatini olishga rozi bo‘ldi. Birga o‘tirib tushlik qilishdi. Tushlik to kechgacha cho‘zilib ketdi. Ana o‘sha suhbat chog‘ida ham ko‘pgina fikrlar aytildi, o‘zbek estradasining ertasi, bugungi kundagi saviyasi haqida Sherzod o‘z fikrlarini bildirdi. Og‘riqli mavzularni tilga oldi.
Mana shu suhbatdan so‘ng Asilaning ikkinchi suhbati ham markaziy nashrlarning birida chop etildi. Gazetani o‘qigan Sherzodning o‘zi Asilaga sim qoqdi.
—Go‘zal qiz, ismingiz ishingizga ham mos ekan. Juda chiroyli suhbat chiqibdi. Ishingizni puxta qilibsiz. Aynan mening gaplarim, mening fikrlarim. Shu paytgacha birorta muxbir bu qadar jonli, fikrlarimni xuddi men aytgandek qilib qog‘ozga tushirmagandi. Rahmat sizga. Mabodo o‘sha kuni diktafoningizga yozib olmaganmidingiz? – dedi Sherzod.
Sherzodning ovozini eshitgan Asila karaxt bo‘lib qolgandi. Shunday katta xonandaning o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishini kutmagandi.
—Voy, Sherzod aka, sizmisiz, suhbat sizga yoqqan bo‘lsa xursandman, - dedi shosha-pisha. –Sherzod aka, agar yana ruxsat bersangiz, suhbatning davomi ham bor edi, uni yana bir boshqa gazetaga bersak. Juda chiroyli fikrlar aytgansiz, gazetaning imkoni hammasini berishga yo‘l qo‘ymadi.
—Mayli, agar u suhbat ham mana shunday yaxshi, mag‘zi to‘q bo‘lsa, beravering, qarshiligim yo‘q.
Har ikkisi quyuq xayrlashdilar. Shundan keyin Sherzod bilan qilingan suhbatlar hamma gazetalardan o‘rin ola boshladi.
Asilani tanigan-bilganlar unga hazil, chin qilib gapira boshladilar.
—Ha, Asila Sherzod akangni topib olibsanmi, falon gazetada suhbatingni o‘qidim, qo‘shiqchilarning ichida ham shunaqa aqllisi bor ekanmi, yoki o‘zing aqlli qilib qo‘yyapsanmi, shuncha gazetga chiqarganingga biror nima beryaptimi, axir artistlarning puli ko‘p bo‘ladi-ku? Mabodo sevishib qolmadilaringmi, artistlar qizlarga juda o‘ch bo‘lishadi? Sherzod akang bilan tanishtirib qo‘y. Uni juda yaxshi odam deyishadi, haqiqatdan ham yaxshi ekanmi, bolasi nechta ekan, xotinining oti nima ekan?
Asila bu kabi kunda ming marotaba takrorlanadigan savollarga javob beraverib charchadi, ham.
Bir kuni yana Nig‘mat keldi. Nig‘mat ikkisining o‘rtasida vositachilik qilayotgandek edi go‘yo.
—Asila, Aka Buxoroga to‘yga ketayotgan edilar. Agar vaqtingiz bo‘lsa, sizni ham olib ketmoqchilar. Bir paytlar Buxoroni ko‘rganim yo‘q, falon-falon joylarini ziyorat qilishim kerak, degan ekansiz. Ham ziyorat qilib keladi, ham borib-kelgunicha mendan ko‘p savollariga javob oladi, dedilar. Rozi bo‘lsangiz, ertaga soat o‘n ikkilarda kelib, olib ketamiz. Uydan safarga otlanib chiqing, - dedi.
Asila rostdan ham Buxoroga ko‘pdan buyon borishni orzu qilib yurardi. Ham shanba kuni ishlashmaganligi uchun, ikki kun bo‘sh vaqti bo‘ladi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib qolishi kerak. Yana qachon bunday taklif bo‘ladi?
Asila ular bilan Buxoroga yo‘lga tushdi. Rulda Sherzodning o‘zi edi. Old o‘rinda Asila, orqada Sherzodning ikki nafar sozandasi va Nig‘mat. Asila shaddod, hech narsadan tap tortmaydigan, o‘rni kelganda otasini ham gap bilan chaqib oladigan qiz. U aytadigan, biladigan latifalarni ko‘pchilik bilmaydi ham. Keta-ketguncha latifa aytib berib, o‘zining hayotida bo‘lgan qiziqarli voqealarni hikoya qilib berib ketdi. Sherzod ham bu borada undan qolishmas ekan. Buxoroga borishdi, to‘yda Sherzod xizmatda, Asila izzatda bo‘ldi. Asilani hamma bu xonandaning raqqosasi deb o‘ylabdi.
Bir payt shirakayf bir kishi kelib, stol chetida o‘tirgan Asilaning yelkasiga qo‘l tashladi. Asila azaldan mast kishilardan qo‘rqadi, iloji bo‘lsa, ichgan kishilar oldidan emas, ulardan qirq chaqirim uzoqdan o‘tib ketishga harakat qiladi. Hozir ham qo‘rqib ketgan Asila darrov yonidagi sozandaning surilib oldi.
—Oyimqiz, sizga pul kerak emasmi, - dedi haligi kishi ko‘zlarini Asilaga shahvat bilan tikib.
—Oling qo‘lingizni, men o‘yinchi emasman.
—Unda kimsan, anovini “oyimisanmi”- dedi yana surbetlik bilan qo‘shiq aytayotgan Sherzodni ko‘rsatib.
Shu payt qaerdan paydo bo‘ldi, Asila bilmaydi, Sherzod haligi mast kishini yoqasidan olib turibdi-ku.
—Sizga nima kerak, aka – dedi Sherzod vajohat bilan. Uning haybatini ko‘rgan haligi kishining “sher”ligidan asar ham qolmadi. Shunday bo‘lsa-da:
—Manavi o‘yinching davraga chiqsin, nima u faqat bu yerga o‘tirishga kelgan xolosmi? Ishlasin, bizning ko‘nglimizni olsin, - deyishga kuch topa oldi.
—Menga qara, bu o‘yinchi emas, men to‘ylarga o‘yinchi olib yurmayman, bildingmi, bor endi yo‘qol bu yerdan.
Bu paytga kelib ularning oldiga to‘y egalari, mana shu to‘yning obro‘li mehmonlari yig‘ilib bo‘lgan edi. Bir amallab mastni olib ketishdi, Sherzodning jahli ham to‘y egalarining qayta-qayta uzridan so‘ng bosildi.
—Kechirasiz, - dedi u Asilaga gunohkorona termulib. Sizni to‘yga olib kelmasam bo‘lar ekan. Mast-alast bo‘lishini o‘ylamapman. Bu yerdan ketamizmi?
—Yo‘q. Bu to‘yga sizni umid bilan taklif qilishgan. Bitta mastni deb, ketaveramizmi? Mastlardan qo‘rqishim rost, lekin hozir negadir qo‘rqmayapman. Siz bemalol xizmat qilavering, men uyning ichiga kirib, o‘sha yerda ayollar bilan o‘tiraman.
Shunday deb, u kampirlar, bolali ayollar o‘tirgan uyga kirib ketdi. Qishloq ayollari juda sodda, bag‘rikeng, dili ochiq insonlar bo‘lishadi. Ular Asilani aziz mehmon sifatida kutib olishdi. Bir yoshi o‘tgan momo:
—Qizim, anovi televizorda chiqadigan artist bilan birga keldingmi?, - deb so‘radi.
—Ha.
—O‘yinchimisan?
—Yo‘q, jurnalistman, u kishi bilan tanishligim uchun meni ham olib kelgandilar.
—Ha, sen ham televizorga chiqasanmi?
—Yo‘q, men gazetada ishlayman.
—Maqola yozasanmi?
—Ha.
Shundan so‘ng suhbat mavzusi ancha o‘zgarib ketdi. Ayollar kim nechta xotin olganligini, bu to‘ydan keyin qishloqda kim to‘y qilishini, ana o‘sha to‘ylarga qaysi artistlar kelishini, narx-navoni, ob-havoni gapirib ketdilar. Asila ham ba’zan ularning gapiga qo‘shilib, ba’zida o‘z xayollari bilan bo‘lib o‘tirdi. Undan tez-tez Sherzodning sozandalari, Nig‘mat xabar olib turishdi. To‘y tugagach, ular uchun alohida dasturxon yozildi. Bazmu jamshid boshlandi.
—Yaxshiyamki men ichmayman, - dedi Sherzod kulib Asilaga.
Asila hayron bo‘lib unga qaragancha turaverdi.
—Agar men ham ichganimda, mendan ham qo‘rqib, yig‘lab o‘tirgan bo‘lar ekansiz-da?
—Ha, mast odamdan qo‘rqaman, dedim, a?
—Ha-da. Yuragingiz tovoningizga tushib qoldi shekilli? Bu to‘yda bizdan boshqa hamma ichgan edi.
—Yaxshiyamki, kasal bo‘lib qolmadim. Ichkilik ko‘p bo‘lgan joyda boshim aylanib, ko‘zim tinib ketaveradi. Ba’zan issig‘im ham chiqadi, - dedi Asila.
—Ichmasangiz ham ichganlardan yaxshi kayf qilar ekansizda?
—Shunaqa.
—Bo‘pti, bundan keyin sizni biror tomchi ham ichkilik ichilmaydigan joylarga olib boraman.
—Hali meni ko‘p joylarga olib bormoqchimisiz?
—Albatta-da, endi topib oldim. Qo‘ldan chiqarib yubormayman.
Asila kulib qo‘ya qoldi. Shundan so‘ng o‘zi aytgandek, negadir boshi og‘riy boshladi. Uning qayt qilgisi kelardi. Haqiqatdan ham Asila o‘zi biror gramm ichmasa ham, hatto ichgan odamning yonida bir zumgina o‘tirib qolsa ham, darrov kasal bo‘lib qolar, bir zumda qayt qilishni boshlardi. Hozir ham shunday ahvolga tushdi. Uni darrov bir chetga olib o‘tishdi. “Sherzod aka yonimga kelmasin, u kishidan uyalib, yaxshi qayt qila olmayman”- deb aytib yubordi.
Hamma narsa o‘z o‘rnida qoldi. Asilaning kasal bo‘lib qolganini bilgan Sherzod yaxshi ovqatlanmasdan ham yo‘lga otlandi. Bu ichkilik ko‘p bo‘lgan joydan ketsakkina Asila tuzalib qoladi, deb o‘yladi. Mezbonlarning hay-hayiga ham qaramay ular yo‘lga otlanishdi. Asilaning rangi o‘chgan, o‘zi bir ahvolda edi.
Ular Buxoro shahridagi eng yaxshi mehmonxonalardan biriga kelishdi. Darrov xona olib, joylashdilar. Kiyimlarini almashtirib bo‘lgan Asilaning eshigi taqillab qoldi.
—Kirsam bo‘ladimi, - dedi eshik tashqarisida turgan Sherzod.
—Kiravering, eshik ochiq edi.
Xonaga mineral suv ko‘tarib olgan Sherzod kirib keldi.
—Go‘zal qiz, - dedi u jilmayib, - bunaqa odamni qo‘rqitmaginda, - dedi u Asilani sensirab.
—Nima qilib qo‘rqitdim?
—Kasal bo‘lib qolib. Endi ancha yaxshimisan?
—Ha, otdekman, nimaga bunaqa bo‘ladi bilmayman, agar ichkilik ichgan odamning yaqiniga borsam ham kasal bo‘lib qolaveraman.
—Ruhing toza ekan-da, kirlanib ketmagan ekan. Ichkilik harom narsa. Ba’zi odamlar harom bilan halolning ajrata olmaydilar. Sen ajratar ekansan.
—Siz ham ajratasizmi, - dedi Asila Sherzodga.
Sherzod jilmayib unga qaradi. Bu qarashda “o‘zing bilib ol” degan ma’no bor edi. Asila indamay yerga qarab qo‘ya qoldi. Chunki u ham barcha qatori artistlarni, san’atkorlarni unchalik ham halol kishilar deb bilmasdi. Ular ko‘ngliga kelgan ishni qiladi, xohlasa ichadi, xohlasa yana boshqa narsalarni qiladi. Atrofida, uning ishqida parvona bo‘lib yurgan qizlar bilan birga ham “yurib” ketaveradi, deb o‘ylardi.
Shundan so‘ng ularning suhbati boshlanib ketdi. Bu safar intervyu oluvchi Asila emas, Sherzod bo‘ldi.
—Asila, - deya gap boshladi Sherzod, - sen men haqimda ko‘p narsani bilasan. Ammo men sen haqingda hech narsani bilmayman. O‘zing to‘g‘ringda, ota-onang, bolaliging, nimalarni yaxshi ko‘rishu, nimalarni yomon ko‘rishing haqida menga gapirib ber?
Sherzodning bu gapidan so‘ng Asila kulib yubordi.
—Siz so‘ragan hamma narsani aytaman desam, tong otib, kun botadiyu, yana Buxorodan ketolmay qolmaylik. Dushanba kuni men ishga barvaqt borishim kerak. Nimaga o‘zi bu yerda qoldik? Ketaversak ham bo‘lardiku?
—Ha, ketaversak ham bo‘lardi. Lekin seni yo‘lda charchab qolmasin, deb qolishga qaror qildik. Xo‘sh, menga nimalarni gapirib bermoqchisan?
Asila eng avvalo Sherzodni birinchi bor qaysi qo‘shig‘i tufayli yoqtirib qolganligi, shu qo‘shiq bilan bog‘liq bo‘lgan xotiralarini aytib berdi. O‘smirlikning beg‘ubor osmoni uzra charx urgan orzularidan biri Sherzod bilan tanishish, u bilan aka-singildek qadrdonlashib ketish bo‘lganligini aytdi. Sherzod uning gaplarini jimgina eshitib, unga termulib o‘tiraverdi. Shu tariqa soatlar o‘ta boshladi. Negadir Asila gapdan to‘xtay demas, Sherzod ham uni gapini bo‘lmay eshitib o‘tirardi. Soat bir vaqt bo‘lganini sezib qolgan Asila:
—Voy, ko‘p gapirib yubordim, a? Soat nechchi bo‘ldi ekan? Siz ham rosa charchagan edingiz, mening gaplarimni eshitib o‘tirib, badtar charchab ketdingizmi? Endi biroz uxlab olsangiz ham bo‘ladi, - dedi.
—Yo‘q, yo‘q, nimagadir sen xuddi mening bolaligimni, o‘sha o‘smirligimning eng pokiza davrlarini eslatyapsan. Shunaqa yaxshi qiz ekansan, nega biz avvalroq uchrashmaganmiz, - dedi Sherzod.
—Chunki men juda-juda kichkina bo‘lganman, Toshkentga kelolmaydigan darajada mitti bo‘lganman. Bilasizmi, Sherzod aka, men kichkinaligimda juda xunuk, yoqimsiz, xuddi ertakdagidek “irkit o‘rdakcha” edim. O‘sha paytda ko‘rmaganingiz ham yaxshi bo‘lgan. Agar kichkinaligimda uchrashganimizda menga bir qizaloqqa qaragandek qarar edingiz va e’tibor bermasdingiz. Ayni kunlarda uchrashganimiz esa, mening baxtim.
—Mening esa baxtsizligim, - dedi Sherzod mahzun jilmayib. –Sen kattaroq bo‘lganingda, yoki mening yoshim sen qatori bo‘lganida hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Mayli yaxshi uxlab tur, agar soat oltiyu nol-nolda uyg‘onmasang, Buxoroda qolib ketasan, - dediyu, Asilaga xayrli tun tilab chiqib ketdi. Bu paytda soatiga qaragan Asila, soat millari tungi uchni ko‘rsatib turganligini ko‘rdi.
Asila uxlay olmadi. To‘g‘rirog‘i uxlab qolishdan qo‘rqdi. U tunning qolgan qismini Sherzodni o‘ylab o‘tkazdi.
“Nega bu odam bilan bu qadar yaqin bo‘lib ketyapman, uning Asilaga yaqinlashishdan maqsadi nima, nima uchun uni Buxoroga olib keldi, Asila uni gazeta va jurnallarda reklama qilganligini minnatdorchiligimi bu yoki yana boshqa biror narsa ham bormi?” Ming o‘ylagani bilan Asila bu savollarga javob topa olmadi. Va voqealar rivojini kuzatishga qaror qildi.
Sherzod unga har kuni qo‘ng‘iroq qilar, haftada bir marta uni ko‘rishga kelar edi. Kelardiyu, uni xonasiga kirmay, bino tashqarisida uchrashib ketar, hol-ahvol so‘rar, “agar birorta muammo tug‘ilib qolsa menga telefon qil”, deya har safar tayinlab ketardi. Bir kuni ish bilan qayoqqadir chiqqan Asilani yo‘lakda hamkasbi, uncha-buncha odamni nazar-pisand qilmaydigan, o‘z bilimi va iste’dodiga juda-juda ishonadigan Botir ismli yigit kutib oldi.
—Sizning oldingizga Sherzod keldi, - dedi u allaqanday hayajonlanib.
—Qaysi Sherzod, - dedi Asila ham hayron bo‘lib, chunki uning xayoliga xonanda Sherzod kelmagan edi.
—Anovi artist borku, zo‘r artist?
—Ha, Sherzod akami?, - deya Asila xonaga shoshilib kirdi. Stullarning birida Sherzod unga qarab kulib o‘tirardi.
—Falon gazetadagi Shuhrat aka suhbat uyushtiraylik deb chaqirgan edilar, ana o‘sha yoqqa kelgandim, - deya so‘z boshladi Sherzod bu yerga nima uchun kelganligini sababini bayon eta turib. Seni ham bir ko‘rib ketay deb kiraqoldim. Yaxshi yuribsanmi?
—Rahmat, o‘zingiz yaxshimisiz, kennoyim, bolalaringiz yaxshimi? Ijodlar bo‘lyaptimi? O‘tgan kuni Nig‘mat bilan gaplashgandim. Yangi kassetangiz chiqibdi. Menga olib kelmadingizmi?
—Olib keldim, - deya Sherzod cho‘ntagidan ikkita kasseta olib unga uzatdi.
—Ikkitani nima qilaman, bittasi ham yetadi, - dedi Asila kassetalarga qo‘l cho‘za turib.
—Bittasini manovi ukamizga beramiz, - dedi Sherzod Botirni ko‘rsatib. Botir ham xursand bo‘lib ketib, ularning suhbatiga qo‘shildi.
—Sherzod aka, dastxat ham yozib bering.
—Bajonidil. Shunday deb Sherzod kassetaning ichidagi qog‘ozga o‘z tilaklarini bildirib dastxat yozib, Botirga uzatdi. Asila ham qo‘lidagi kassetani Sherzodga uzatib, dedi: - Menga ham dastxat yozib berasiz.
Sherzod Asilaga bir zumgina qaradi, ana o‘sha bir zumlik nigohda “dilimda senga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarim qaynab yotibdi, shu kichikkina qog‘ozga sig‘armikan?” degan ma’no bor edi. Asila uzatib turgan kassetasini sekingina stol ustiga qo‘yib qo‘ydi.
Sherzodni kuzatib qaytgan Asilaning kayfiyati birdan buzilib ketdi. Uni yana “nega, nima uchun, Sherzod menga nega o‘zini yaqin olyapti, uning ko‘zlagan qanaqa maqsadi bor?” degan savollar qiynayotgandi.
Umr deganlari ham shoshqin daryo. Tez fursatda to‘ylar mavsumi boshlandi. Sherzod taniqli, sevimli qo‘shiqchi bo‘lganligi bois, uni to‘yga taklif qiluvchilar ham juda ko‘p edi. San’atkorlar hayotini yaxshi biluvchilar to‘ylar mavsumida ularning uyiga ham bora olmasliklarini yaxshi bilishadi. Samarqanddan to‘g‘ri Farg‘onaga o‘tib ketishadi, Xorazmdan kelayotib Qashqadaryoga yo‘l olishadi. Ana shunday paytlarda ham Sherzod “men Qarshidaman, men Andijonning Shahrixonidaman, hozir Namanganga ketyapman” deya qo‘ng‘iroq qilib turdi.
Shunday kunlarning birida, shanba edi, o‘rnidan turishga erinib yotgan Asilani telefonning jiringlashi turishga majbur qildi. Qo‘ng‘iroq qilayotgan Nig‘mat edi.
—Asila, bugun nima qilasiz, - dedi.
—Bugun dam olish, shuning uchun mazza qilib uxlamoqchiman, - deya javob qaytardi u.
—Mazza qilib uxlamangda, mazza qilib biz bilan bir joyga borib kelsangiz bo‘ladimi?
—Biz deganingiz kim?
—Aka, men yana bir-ikki kishi.
—U yerda nima qilaman?
—Aka, bugun Angren tarafdagi bir tog‘li qishloqqa to‘yga ketayotgan edilar, agar Asilani vaqti bo‘lsa, biz bilan borsin, - degandilar. Hozir u kishi dam olyapti. Bir soatdan keyin jo‘nashimiz kerak. O‘sha yerda qolamizda, bir kun tog‘ bag‘rida dam ham olib kelamiz. Borasizmi?
Asila o‘ylanib qoldi. Nima qilsa ekan? To‘g‘ri bu tor, diqqinafas uyda, shaharda uning ham nafasi siqilib ketgan. Ayniqsa, yozning issig‘i tobora kuchaymoqda. Lekin qachongacha Sherzod bilan hali Buxoroga, hali yana bir qishloqqa to‘yga borib yuradi. Uning Sherzoddan boshqa ishi yo‘qmi? Shularni o‘ylagan Asila “yo‘q, bora olmayman, Sherzod aka mening odatimni biladilar, to‘yda kasal bo‘lib qolib, ularga ortiqcha yuk bo‘laman. Uzrimni aytib qo‘ying”, - dedi-yu xayrlashdi.
Biror soatlardan keyin Sherzodning o‘zi unga sim qoqdi.
—Go‘zal qiz, - dedi Sherzod, tanishganlaridan buyon u Asilaga shunday muomala qilardi. – Men bilan toqqa bormaysizmi?
—Assalomu alaykum Sherzod aka, to‘ylar charchatib qo‘ymayapti?
—Yo‘q, men bilan borasanmi?
—Toqqa borishim mumkin, lekin to‘yga bora olmayman. Bilasizku, ichkilik ichiladigan joyda qanaqa ahvolga tushishimni.
—Men seni ichkilik yo‘q joyga olib boraman, maylimi?
Mana shu Sherzod deganlarining qandaydir ohanrabosi bor. Hozirgina Nig‘matga rad javobini berib turgan Asila, Sherzodning qo‘ng‘irog‘idan keyin borishga rozi bo‘ldi. U ma’lum soatdan keyin ko‘cha boshiga chiqib turadigan bo‘ldi.
Haqiqatdan ham Sherzod uni to‘yxonaga yaqinlashtirmadi. To‘yxonadan besh-olti uy naridagi bir kishinikiga tushishdi.
—Biz xizmatni tugatgunimizcha mana shu yerda o‘tirib turasan. Uy egalari yaxshi kishilar. Bular bilan eskitdan qadrdonmiz. Biror nima kerak bo‘lsa tortinmay so‘rayverasan. Ie bular ham to‘yga chiqishadiku, demak sen o‘zing qolasan. Uxlab damingni olib olsang ham bo‘laverar ekan.
Shunday deb hamma to‘yga chiqib ketdi. Asila nima qilishini bilmay, yotib uxladi. U g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlardan uyg‘onib ketdi.
—Uxlab yotibdi ekan, - dedi bir ovoz.
—Mayli, uyg‘otmay qo‘ya qolaylik. Bechora doimo yugur-yugur qilib yurgani yurgan. Bir zum ham tinmaydi. Nig‘mat Asilani yaxshi ko‘rgan yigiti bormi? Bu savolni Nig‘matga Sherzod berganligini Asila bildi.
—Yo‘q, Asila hech kimni yaxshi ko‘rmasdi. Yigitlar uni “mujik” deyishardi. Asila yaxshi qiz, birovga yomonlik qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi, qo‘lidan kelgancha hammaga yaxshilik qilib yuradi. Ular oilada 8 tami 9 ta farzand. Oilasi qiynalib yashaydi. Shuning uchun o‘zi o‘lib-tirilib harakat qilib, pul topadi. Toshkentdagi uyini ham o‘zi olgan. Asila ham yigitlar haqida o‘ylarmikan, turmush qurishni istarmikan, deb hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman, - dedi Nig‘mat.
Sherzod ham nimalarnidir o‘ylab qoldi shekilli, uzoq jim bo‘lib qoldi.
—Demak, Asilaga yordamimiz kerak ekan-da, men bu qizni birinchi marta ko‘rganimda juda-juda yaxshi ekanligini bilgandim. Keyin Buxoroga to‘yga borganimizda yana bir marta kashf qildim. Negadir uni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadigan bo‘lib qolibman. G‘alati holatga tushib qoldim. Uni yaxshi ko‘rib qolganimni ham bilmayman, unga bo‘lgan munosabatimni ham. Faqat uni ko‘rgim, ovozini eshitgim kelaveradi. Ba’zan men ham boshqalarga o‘xshab ikkinchi marta uylanib olsamchi, deb o‘ylab qolaman. Lekin bilasizku men bunday qila olmayman, xotinim, bolalarim men uchun hammadan ham aziz bo‘lib ko‘rinaveradi. Asila ham bora-bora ana o‘shalar qatoriga kiryapti. Qani endi bu qiz baxtli bo‘lsa. Mayli uxlayversin, biz tashqarida o‘tirib turamiz. U uyqudan uyg‘ongach, birgalashib ovqatlanamiz.
—Siz ham charchab ketdingiz, Asila uyg‘onguncha uxlab ola qoling, - dedi Nig‘mat mehribonchilik bilan.
—Bilasizku, uyimdan boshqa joyda uxlolmayman. Tashqarida o‘tirib tura qolamiz.
Ular hovliga chiqib ketishdi. Xona suv quygandek jim-jit bo‘lib qolgach, Asila yana uxlab qolibdi. Bir mahal ko‘zini ochganida uning yonida, o‘ziga termulib Sherzod o‘tirgandi.
—Rosa uyquchi ekansanku, tog‘ning tepa qismidagi bir joyga borishimiz kerak edi. U yoqdagilar bizni kutib qolishmasin. Qo‘rqma, u yerda ichkilik bo‘lmaydi. Faqat bir piyola choy ustida gurunglashib qaytamiz. Tezroq bo‘la qol. Kech qolmaylik.
Asila o‘rnidan turib, sharqirab oqayotgan tog‘ suviga yuzini yuvdi. Uning ruhi juda tetik edi. Sherzodning o‘ziga bo‘lgan munosabatini bilib olgandi.
Oktyabrning ilk kunlarida Asila oyog‘ini sindirib oldi. Falokat qosh bilan qovoqning o‘rtasida turadi, deyishadiku. Bo‘lmasa kunda hatlaydigan ariqcha edi. Oyog‘i qayrilib ketdi va beton ariqcha ichiga tushgan oyog‘ining ustiga o‘zi o‘tirib qoldi.
Kasalxonada yotgan Asilani ko‘rishga ko‘pchilik kelmas edi. Chunki bu katta shaharda uning qarindosh-urug‘lari yo‘q, tanishlari ham sanoqligina. Uch-to‘rt nafar kursdoshini aytmaganda juda apoq-chapoq bo‘lib ketgan yaqinlari ham yo‘q.
Shiftga qarab yotgan Asilaning yoniga kasalxona bosh hakimi kirib keldi, uning orqasida esa oq xalatni yelkasiga tashlab olgan Sherzod va Nig‘mat turardi. Asila o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lib taraddudlandi. Ammo singan oyoq bilan turish oson bo‘libdimi?
—Yotaver, - dedi Sherzod ildam yurib kelib. – Singil degani ham shunaqa bo‘ladimi? Bir og‘iz qo‘ng‘iroq qilib, shunaqa bo‘lib qoldi, desang bo‘lmasmidi? Uch kundan buyon qidiraman. Meni kechir vaqtida kelib ko‘rolmadim. Bilasanku, hozir “sezon”ligini. Hozir yana Buxoroga ketaman.
Ie, gapirib yotishimni qara. Tuzukmisan, mana shunaqa qilib olsam, meni hech kim topolmaydi, deb oyog‘ingni ataylab sindirib olgan bo‘lsang kerak-a?
Shunday deya u bosh shifokorga qaradi.
—Shuhrat aka, bu mening eng yaxshi ko‘rgan singlim. Yarim kechasi, to‘ydan qaytayotib uni ko‘rishga kirsam bo‘ladimi? Yoki mumkin emasmi?
Shuhrat aka ham shunday katta san’atkorni o‘ziga iltimos qilayotganligidan g‘ururlanib ketdi.
—Sizga har doim eshiklarimiz ochiq. Faqat Asilaxonni hoziroq olib ketaman, deb qolmasangiz bo‘ldi. U hali uzoq davolanishi kerak. Oyog‘i jiddiy jarohatlangan.
—Qanaqa dori-darmon, nima kerak bo‘lsa Asilaga emas, menga aytavering. Qo‘l telefonimni endi Asila tuzalmaguncha o‘chirib qo‘ymayman. Uni majburlab ovqatlantiring, muolajalarini vaqtida qiling. Bilasizku, xizmatdan qochmayman. Asila tuzalib ketsa bas.
—Sherzodjon, sizni kasalxonamizga kelishingizni o‘zi har qanday xizmatdan ortiq. Siz bexijolat xizmatlarga borib kelavering. Asilaga o‘z qizimdek qarayman. Xudo xohlasa, hali ko‘rmagandek bo‘lib ketadi.
—Ilohim shunday bo‘lsin.
Do‘xtir va Nig‘mat ularni holi qoldirib chiqib ketdi.
—Qalaysan endi, - dedi Sherzod Asilaga kulib qarab.
—Zo‘r, - dedi Asila ham kulib.
—Zo‘ri shunaqa bo‘lsa, yomoni qanaqa bo‘ladi?
—Yomoni yomon bo‘ladi. Yomonida mening sizdaqa akam bo‘lmaydi. Hammaga taniqli, hammaga sevimli, hammaning hurmatini qozongan. Ana o‘shanda do‘xtirga tushishdan Xudoning o‘zi asrasin. Unda yomon bo‘ladi. Boringizga shukr, sizni menga duch keltirgan Allohga shukr, - dedi Asila ko‘zlaridagi sevinch yoshlarini yashira olmay.
—Jinnivoy, nimaga yig‘layapsan? Nasib qilsa tuzalib ketasan, hali sen bilan qiladigan ishlarim juda ko‘p. Xafa bo‘lmagin. Agar yig‘lasang, shu yerda tuzalguningcha sen bilan qolaman. Maylimi?
—Yo‘q, xo‘p yig‘lamayman. Shunday deb Asila ko‘z yoshlarini ichiga yutdi. Qaroqlaridan sizib chiqqan yosh tomchilarini Sherzod qo‘li bilan artib qo‘ydi. Va Asilaning peshonasidan o‘pdi.
—Alloh shifo bersin, men kechqurun qaytib kelaman, xo‘pmi?
—Yo‘q, ertaga kelsangiz ham mayli. Men ancha tuzalib qoldim. Xavotir olmang. Siz kelib ketganingizdan keyin menga yana ham yaxshi qarashadi.
Sherzod u bilan yarim soatdan ko‘proq gaplashib qoldi.
Ertaga ruxsat beramiz, degan kuni bosh hakim Shuhrat aka Asilaning yoniga kirdi. Hali gipsi olinmagan bo‘lsa ham, Asila o‘zi hakkalab yuradigan bo‘lib qolgandi.
—Asilaxon, - dedi Shuhrat aka. – Bir iltimosim bor edi?
—Do‘xtir qiziqsiz-a, iltimosni siz emas, biz qilishimiz kerak. Qarang meni tuzatib, yana odam qatoriga qo‘shdingiz. Siz endi buyruq bersangiz ham bo‘laveradi.
—Yo‘q, sizlardek biri jurnalist, biri el tanigan hofiz bo‘lgan odamlarga faqat iltimos qilamiz. Sherzodjonning vaqti bo‘lsa yaqin qarindoshimiz ertadan keyin to‘y qilayotgandi, birrovga bora olarmikanlar, hozir kelib qolsa kerak, shuni so‘rab berasiz-da?
Asila uning bu iltimosini bajarishga rozi bo‘ldi.
Sherzod kirib keldi-yu, Asilani xushchaqchaq holda ko‘rib, uni bag‘riga bosdi.
—Kulib turish senga qanchalik yarashishini bilasanmi? Kecha Namanganga borgandik. Juda kech qolib ketdim. Shuning uchun kelolmadim, uzr.
—Hadeb uzr deyavermang. Agar yana bir gap aytsam, yana bir marta uzr deyishingizga to‘g‘ri kelib qoladi. Men sizning nomingizdan bir kishiga va’da berib yubordim. Kasalmanku, injiqligimni ko‘tarib turasiz-da, - dedi jilmayib va erkalanib.
—Qanaqa va’da, birortasining to‘yida xolis xizmat qilishmi?
—Avliyo bo‘lib keting-ey, ha, shunaqa va’da. Shuhrat aka iltimos qilib qoldi. Ertadan keyin yaqin qarindoshi to‘y qilayotgan ekan. Birrovga o‘ta olarmikanlar, -dedi. Men “ha, boradilar” demadim, “mayli, so‘rab ko‘raman” dedim. To‘g‘ri javob beribmanmi?
—Ha, to‘g‘ri javob beribsan. Ammo Asila ertadan keyin mening hech ilojim yo‘q. Axir ertaga Denovga ketishim kerak, u yoqdan yetib kelaolamanmi, yo‘qmi. Mayli Shuhrat aka bilan o‘zim gaplashaman. Xo‘sh, qachon ketamiz, uyga?
—Ertaga.
—Zo‘r bo‘lar ekan-ku. Men seni uyingga olib borib qo‘yaman-da, keyin xizmatga jo‘nayman. Olib kelingan narsalarni yemabsanku, ovqat yemasang tuzalmaysan, bildingmi?
Ertasi kuni Sherzod zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yurayotgan Asilani qo‘ltiqlab kasalxonadan olib chiqayotganida, Asilaga shifokorlar ham, davolanuvchilar ham havas bilan qarab qolishdi. Shunday taniqli kishini qo‘liga osilib yurish, uning ko‘magidan foydalanish qanday yaxshi!
Asilaga kasalxonadan chiqqach, qishloqdan yetib kelgan onasi qarab turdi. Sherzod onasidan istihola qildimi, negadir Asilaning uyiga biror marta ham kelmadi. Lekin bir kun Nig‘mat, yana bir kuni boshqa bir bola Asilaga eng sarxil mevalarni, eng mazali taomlarni keltirib turdi.
Bunday e’tiborni ko‘rgan onasining ko‘ngliga shubha oraladi.
—Qizim, - dedi divanda cho‘zilib, televizor ko‘rayotgan Asilaga, - manovi narsalarni har kuni kim berib yuboryapti?
—Sherzod aka, - dedi Asila ekrandan ko‘z uzmay.
—Kim u Sherzod aka?
—Anovi qo‘shiqchi borku, televizorda ko‘p chiqadigan. Besh-oltita gazetaga o‘sha bilan suhbat qilganmanku.
—Nimaga u senga bunaqa mehribon?
—Shuncha gazetaga chiqarib, uni elga tanitib qo‘yganimdan keyin mehribon bo‘ladi-da.
—Sen ko‘p artistlar bilan gazetaga suhbat qilgansan, ko‘p artistlarni gazetga chiqargansan. Nimaga ularning birortasi xabar olmaydi-yu, faqat mana shu senga juda yaqin bo‘lib qolibdi?
—Qiziqmisiz, aya? Nimaga mehribonligini men qayoqdan bilay? Puli ko‘p, kimga nima qilishni xohlasa qilaveradi-da. O‘sha kimdir men bo‘lsam nima bo‘libdi?
—Ishqilib uning yomon niyati yo‘qmikan? Artistlarni uch-to‘rttadan xotini bo‘ladi, deyishadi. Tag‘in seni boshingni aylantirib olmasin. Bilasan-a, biz bunday isnodga chiday olmaymiz. Dadang, akalaring seni tiriklayin ko‘mib qo‘yishadi-ya.
—Aya, u unaqa odam emas. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Oshib-toshib ketayotgan pulidan menga ham arzimaganini sarflasa kamayib qolmaydi.
—Shunaqa deysanu, ehtiyot bo‘lginda. Qiz bola narsasan. Yana laqillatib ketmasin.
—Xo‘p, ayajon ehtiyot bo‘laman.
Rosa bir oy deganda Asila ishga chiqdi. Ishxonasidagilar ham uni zo‘r xursandchilik bilan kutib olishdi.
To‘ylar ham sekin-asta tugab qolayotgandi. Sherzod ham endi ko‘p vaqtini ovoz yozish studiyalarida o‘tkazardi. Bir qarasang televideniedaman, bir qarasang hozirgina radioga kelgandim, deya telefon qilib qo‘yardi. Ana shunday kunlarning birida Sherzod Asilaga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashib olishlari kerakligi haqida gapirdi. Asila ham u bilan ko‘rishishga rozi bo‘ldi.
Sherzod tanishganlaridan buyon uni biror marta restoranga olib kirmagandi. Asila bunday iltifotning ma’nosiga tushunmay qoldi.
Shinam, sokingina restoranning eng chetiga o‘tirib olishdi. Sherzod nimagadir hayajonlanar, gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlanardi. U ana shu hayajon bilan Asilaning qo‘lini mahkam ushlab oldi. Va yana qo‘yib yubordi.
—Asila , - dediyu, gapni nimadan boshlashni bilmay yana jim bo‘lib qoldi.
—Asila, - dedi yana birozdan keyin. – Bu yerga seni bekorga chaqirmadim. Sen menga keraksan, juda-juda. Shuning uchun munosabatlarimizni oydinlashtirib olishimiz kerak. Shu paytgacha sendan birorta sado chiqarmikan, deb kutib yurdim. Lekin sen men tomonga birinchi qadamni qo‘ymading. Bir qarashimga zor, bir marta shirin so‘z aytsam quchog‘imda to‘lg‘onishga tayyor qizlar borligini bilasan. Nega sen o‘sha qizlardan biri emassan-a? Shu paytgacha o‘zing menga xushomad qilasan, deb kutdim, shu paytgacha hech bo‘lmasa bir marta qo‘limdan ushlab, menga moyilligingni bildirib qo‘yasan, menga yaqinlashish uchun nimadir qilasan, deb kutdim. Sen shunchalik sabrni, shunchalik qanoatni qaerdan olgansan? Biror marta menga muhabbat nazari bilan boqmading-a? Buxoroga ham, toqqa ham seni bekorga olib ketganim yo‘q edi. Qiz bolaku, baribir tuyg‘ularini ikkimiz yolg‘iz qolganimizda aytadi, deb o‘ylab tuni bilan birga o‘tirib chiqqandim. Lekin sen biror marta hayajonlanmading ham, meni ko‘rganingda qalbing junbushga ham kelmadi. Nimaga bundaysan? Sen meni yaxshi ko‘rmaysanmi?
—Kim aytdi, yaxshi ko‘rmaydi,deb?
Sherzod Asiladan savol emas, javob kutgandi, unga angrayib qarab qoldi.
—O‘zing birinchi marta ko‘rishganimizda, Termizda meni yaxshi ko‘rib qoling deganding-ku?
—Sherzod aka, siz juda yaxshi odamsiz, siz balki eng zo‘r xonandadirsiz. Men sizga xuddi singlingizdek deganman o‘sha paytda. Oilangiz, bola-chaqangiz bor. Men hali qiz bolaman, o‘zimga yarasha orzu-umidlarim bor. Sizni inson sifatida hurmat qilaman, hatto yaxshi ham ko‘raman. Lekin erkak, o‘zga bir jins vakili sifatida qarayolmayman. Sizning ham bizga o‘xshab ovqatlanishingiz, uxlashingiz, yuvinib-taranishingizni tasavvur qila olmayman. Siz sahnada kuyib, boshqalarni ham kuydirib, yondirib qo‘shiq kuylovchi xonandasiz, sizning xuddi shundan boshqa ishingiz yo‘qdek, nazarimda. Siz chiroyli qo‘shiqlar yaratishingiz, ana o‘sha qo‘shiqlarni xalqqa havola etishingiz kerak. Men yoki menga o‘xshagan yo‘lingizda uchragan qizlar tufayli yomonotliq bo‘lish, el nazaridan qolish siz uchun emas. Siz doimo ardoqqa, e’zozga, e’tiborga, qarsaklarga, olqishlarga munosib insonsiz. Men kabi yo‘lingizda tasodifan uchragan qizlar ijodingizni faqat bo‘g‘ishi, sizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishi mumkin.
Men sizni yomon ko‘rmayman. Bir muxlis, bir singil qanchalik yaxshi ko‘rishi mumkin bo‘lsa, o‘shancha yaxshi ko‘raman. Lekin bu men sizga o‘zimni bag‘ishlayman, deganim emas. Men sevilishni, sevilganda ham yakkayu yagona malika bo‘lib, hali yuragiga ishq otashi kirmagan, kechirasizu, hali biror bir qiz bilan birga bo‘lmagan yigitning sevgilisi bo‘lishni niyat qilaman. Xudoyim meni siz kabi xotini bor, ayollar bilan munosabatda bo‘lgan erkaklar uchun asrab kelmayapti, deb o‘ylayman. Munosabatlarimiz shu kungacha samimiy, halol va pokiza davom etib kelyapti. Agar xohlasangiz bundan keyin ham men mana shunday munosabatda bo‘laveraman. Lekin bundan boshqa narsani sizga va’da qila olmayman. Bir shoiraning “sevilmoqning kelguncha gali” degan misralari bor. Men ham sevilmoq navbati kelguncha, kutaman. Hayotimga g‘irromlik, notozalikni aralashtirmayman. Shu paytgacha buning uddasidan chiqdim, bundan keyin ham qo‘limdan kelgancha mana shunday halol yashayman.
U yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi. O‘zini ko‘pdan buyon o‘ylantirib kelayotgan “Men Sherzod akani nima uchun yaxshi ko‘raman?” degan savoliga ham javob topgandek bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida Asilaga to‘g‘ri, hech qanday ta’malardan yiroq munosabatda bo‘lgan inson Sherzod ekan.
Uning gaplarini jimgina eshitib o‘tirgan Sherzod ham tilga kirdi:
—Asila, meni kechir. Men noto‘g‘ri o‘ylabman. “Gah” desam qo‘limga qo‘nadi. Falonchi, falonchilar menga ko‘z suzib, to‘shakka meni o‘zi taklif qilganida, bu qiz kim bo‘libdi, deb o‘ylabman. Haqiqatdan ham isming jismingga mos Asil qiz ekansan. Baxtli bo‘l, nimaniki orzu qilgan bo‘lsang Alloh albatta o‘shani senga bersin. Men niyatlaringga yetishingga ishonaman. Sababi sen begunoh, musichadek beozor qizsan. Yolg‘on gapirishni, birovni aldashni, birovga ozor berishni bilmaysan. Mayli, sen bilan qiyomatlik aka-singil bo‘lib qolamiz. Men har qanaqa og‘ir kuningga kamarbasta bo‘laman. Og‘ir kunimda sening yoningga borib, sendan dalda olib kelib turaman. Bu dunyoda borligingni o‘zi menga baxt bo‘lib qola qolsin.
Ular uzoq gaplashib o‘tirishdi. Ko‘ngillaridagi g‘uborlarni tarqatib olishdi.
—Sen nafaqat yaxshi singil, balki yaxshi suhbatdosh ham bo‘lasan menga, xo‘pmi, - dedi Sherzod xayrlashar chog‘larida.
—Xo‘p, - dedi kulib Asila va Sherzodni o‘ng yuzidan o‘pib qo‘ydi. Sherzod ham uning peshonasiga lablarini tekkizdi.
Shundan so‘ng Sherzodning qo‘ng‘iroq qilishlari kamaydi, sekin-asta Asiladan uzoqlasha boshladi. Ana shunday kunlarning birida Asilalar to‘y qilish harakatiga tushib qolishdi. Undan keyingi ukasini uylantirish kerak edi. Asila ishxonasidan bir haftaga ruxsat olib, uyiga ketdi. To‘y harakatlari bilan bo‘lib, uning ko‘p narsa esidan ham chiqib ketibdi.
To‘y kuni erta bilan shaddodroq ammasi Umida Asilaga shunday deb qoldi:
—Asil, sen katta-katta artistlar bilan tanishsan-a, birortasini to‘yga ham olib kelmabsan. Ayang “anovi Sherzod artist Asilani juda yaxshi ko‘rar ekan, hurmat qilarkan, qanaqa iltimosi bo‘lsa hammasini bajararkan”, degandi. U to‘yga keladimi, aytganmisan?,- dedi.
Asila hayron bo‘lib ammasiga qaradi.
—Nimaga uni aytishim kerak? Birortasi menga Sherzodni to‘yga olib kel, debdimi? Unga bir-ikki oy avval aytib qo‘yish kerak, o‘shanda ham pulga keladi, - deya javob qaytardi.
Asilaning holi uyidagilarga ham ma’lum bo‘lganligi uchun to‘y boshlanmasdan avvalroq uni qo‘shninikiga chiqarib yuborishdi.
—Tinchgina o‘sha yerda o‘tiraver, yana bir baloni boshlab yurma. Kasal bo‘lib qolsang, kimning sen bilan andarmon bo‘laman, deb ko‘zi uchib turibdi. To‘y bo‘lgandan keyin baribir ichkilik bo‘ladi, dasturxonga shu savilni qo‘ymasak, ukang o‘rtoqlarining oldida xijolat bo‘lib qoladi, - deyishdi.
Asilaga mazza bo‘ldi. O‘zi mana shu to‘yda ishtirok etaman, deb o‘lib turgani yo‘q edi. Ish, yugur-yugurlar bilan bo‘lib, juda charchagandi. Hech kim halaqit bermaydi, to‘yguncha uxlab oladi.
Qo‘shnisining kattakon mehmonxonasidagi divanga cho‘zildi-yu, uxlab qoldi. Bir payt xonada dadasi, akasi, Sherzodning ovozi kelayotgandek bo‘ldi. Asila ularni tushimda ko‘ryapman, Sherzod aka bu yerda nima qiladi, deb o‘yladi. Ovozlar uning qulog‘iga aniq kira boshladi.
—O‘zim ham o‘ylovdim-a, Asila to‘yxonada kasal bo‘lib qolmasmikan, deb? Darrov g‘amini yeb, bu yerga qochib olgan ekan-da. Mirzaali aka, ajoyib qizingiz borda, xo‘jayinini boy qiladigan, imon-e’tiqodini mustahkamlaydigan. Uxlashini qarang, shunaqa ham beg‘am qiz bo‘ladimi, qulog‘ini tagida karnay varanglab turibdi-yu, u ko‘zini ochmaydi-ya.
—Asila, Asil tur mehmonlar kelishdi, - dedi dadasi uni yelkasiga turtib. Asila shundan keyingina bu eshitayotgan gaplari tush emasligini bildi. Haqiqatdan ham Sherzod kelgandi, haqiqatdan ham Sherzod, Nig‘mat, dadasi unga qarab kulib turishardi.
Asila shosha-pisha turdi-yu, chopib tashqariga chiqib ketdi. Yuz-qo‘lini yuvib kelganida, mehmonlar ham joylashib o‘tirishgan edi.
—Assalomu alaykum, siz uyimizni qaerdan topib keldingiz, dedi Asila boshqalardan hol-ahvol so‘ramay ham Sherzodga.
—Sizdek odam uchun dunyoning narigi chekkasiga ham boramizku, bu yer nima bo‘libdi. Bizga indamay qochib kelibsiz, yuragim tovonimga tushib ketdi, o‘zining to‘yi bo‘lyaptimikan deb, - dedi Sherzod. —To‘y boshlab qo‘yibsizlar, ukang baxtli bo‘lsin, bu xushxabarni eshitib taklif qilmasang ham xizmatga kelaverdik.
—Zo‘r ish qilibsizlarda, juda xursand bo‘ldim. Dadam bilan ham tanishib olibsiz. Uydagilarning ham boshi osmonga yetadigan bo‘ldi-da, ayniqsa ukamning. Kimsan falonchi to‘yimga kelgan deb endi bir umr g‘ururlanib yuradi. Rahmat sizga.
—Rahmatning keragi yo‘q. Odatdagidek to‘yda o‘ynash baxtidan mahrum ekansan-da.
—Yo‘q. Siz ashula aytganingizda bir chiqib o‘ynab kelaman. Ukamning to‘yiku. Hatto sizga o‘yinchilik qilishim ham mumkin.
—Tinchgina o‘tiraver. O‘yinchi kerak emas.
Ular shunday deya hazil-huzul bilan anchagina gaplashib o‘tirishdi. To‘yni Sherzod ochib berdi va bu davraga kim uchun kelganliklarini, Asilaning yaxshi sifatlarini sanab ketdi. To‘yning boshidan oxirigacha o‘sha yerda bo‘lgan Sherzod ketar oldidan Asilani bir chetga tortdi-da, qo‘liga bir dasta pul berdi.
—Unaqa qilmang, meni xijolyat qilyapsiz, pul kerakmas, - dedi Asila pulni olmasdan.
—Bu to‘yona, shoshganimdan biror nima olish esimga kelmabdi. Kelin-kuyovga o‘zing mening nomimdan sovg‘a olib berarsan.
—To‘yga kelganingizning o‘zi biz uchun to‘yonaku, unaqa qilmang.
—Olaver, men senga butun boshli davlatimni berayotganim yo‘qku. Mayli, yaxshi qol. Toshkentga tezroq yetib bor. Yaqinda yakkaxon kontsert dasturimni o‘tkazmoqchiman. Besh kun. Besh kun ham yonimda bo‘lishing kerak. Xo‘pmi? Avval reklamasiga yordam berasan.
—Xo‘p.
Asilaning ota-onasi, tog‘ayu amakilari, akalari Sherzodlarni izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yishdi. To‘ydan so‘ng hammaning og‘zida Sherzodning yurish-turishi, yaxshi odamligi, insofli ekanligi gap bo‘ldi. Asila ham ikki kundan so‘ng Toshkentga jo‘nab ketdi.
Sherzodning yakkaxon kontsert dasturi katta shov-shuv qilindi. Uning surati gazeta va jurnallarning birinchi sahifasidan tushmaydigan bo‘lib qoldi. Bu ishlarning hammasini Asila va Nig‘mat qilishdi.
Kontsertning beshinchi kuni yakunlovchi so‘zni aytayotgan Sherzod tomoshabinlar bilan to‘la zalga qarab shunday dedi:
—Aziz muxlislarim, mening qadrdonlarim! Hayotda shunday paytlar bo‘ladiki, inson o‘zi xohlagan jamiki niyatlariga erishadi. O‘z yo‘lida u turli-tuman kishilarga duch keladi. Ularning biri yaxshi, biri aqlli, biri chiroyli va yana biri aksincha badahloq bo‘ladi. Hayot yo‘limda duch kelgan bir insonga mana shu katta sahnada turib rahmat aytmoqchiman. U tomoshabinlar orasida bor va mening gaplarimni eshitib o‘tiribdi.
Shunday deb oldingi qatorlarning birida o‘tirgan Asilaga qaradi.
—Senga hamma-hammasi uchun rahmat, go‘zal qiz. Eng sara qo‘shiqlarimning tug‘ilishiga sen sababchi bo‘lding. Hayotimga bir pokiza nur, toza havo olib kirding. Sen bilan meni bir-birimizga duch qilgan taqdirga, Alloh Taologa behisob shukr qilaman. Sen hech qachon meniki bo‘la olmaysan va buni o‘zing ham istamaysan. Sen shuni xohlaganing uchun oilamga, farzandlarimga xiyonat qilmadim. Turmush o‘rtog‘im ham meni tushunishini istayman. Bir gapni juda-juda aytgim kelyapti. Seni jonimdan-da ortiq yaxshi ko‘raman. Sensiz kunlarim juda qorong‘ulashib ketishini bilaman. Men seni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman. Kim bilan bo‘lsangda, kimga turmushga chiqsang ham doimo omon bo‘lgin. Sog‘u salomat yur. Bu dunyoda borligingni o‘zi men uchun baxt. Bu kontsertda kuylagan jamiki qo‘shiqlarim senga atalgan edi.
Shunday deya Sherzod jim bo‘lib qoldi. Zalda gulduros qarsaklar yangradi.
Shunday qilib yana kunlar o‘ta boshladi. Ikkisining munosabati qanday bo‘lsa shundayligicha qoldi. Sherzod yoki Asila qo‘ng‘iroq qiladi, hol-ahvol so‘rashadilar, o‘n-o‘n besh kunda biror joyda uchrashadilar, soatlab gaplashib o‘tirib, yana uy-uylariga qaytishadi. Sherzodning xotini ham turmush o‘rtog‘ining Asilaga bo‘lgan bunday munosabatiga ko‘nikdi. Har holda uyga kelyaptiku, boshqa artistlardek uch-to‘rttasi bilan “yurib” ketmaganku, Asila imonli qizku, - deya o‘zini-o‘zini xotirjam qildi.
Ana shunday kunlarning birida, qishning izg‘irinli bir tunida Sherzodning yuragi yomon siqildi. U uyiga sig‘madi. Hali eshikka chiqadi, hali uy ichiga kiradi, hali ko‘chaga chiqib ketadi. Negadir Asilani o‘ylayverdi. Soat tungi ikki yarim bo‘lishiga qaramay u Asilaga sim qoqdi. Go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. “Hech bunaqa odati yo‘q ediku” deb o‘yladi Sherzod va “balki birortasinikiga mehmonga ketgandir” deya o‘zini ovutdi ham. Ertasi kuni soat to‘qqizlarga yaqin uning qo‘l telefoniga Nig‘mat qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
—Sherzod aka, - dedi Nig‘mat mahzun ovozda, - Sherzod aka, - dediyu yana indamay qoldi. Nig‘mat yig‘layotgandi.
—Tinchlikmi Nig‘matjon, nima bo‘ldi, nega yig‘layapsiz, - dedi Sherzod va – Asilaga biror nima bo‘ldimi?, - deya o‘zi bilmagan holda hayajonlanib ketdi.
—Sherzod aka, - dedi Nig‘mat tag‘in. – Asiladan ayrilib qolibmiz, uni kecha mashina urib ketgan ekan, do‘xtirlar saqlab qola olmabdilar.
Nig‘mat boshqa gapira olmay aloqani uzib qo‘ydi. Sherzod eshitgan gaplarini hazm qila olmay, mashinasiga yugurdi. Nig‘matni ishxonasidan topdi. Ikkalasi birgalashib, kasalxonaga borishdi. Qishloqdan Asilaning ota-onasi ham yetib kelgan ekanlar, onasi Sherzodni ko‘rdi-yu, “dod” deya uning bo‘yniga osildi. “Bolam, ukangizni berib qo‘ydik, men sizga ishongandim. Uni mana shu katta shaharda siz asrab, avaylab yurasiz deb o‘ylagandim” deya yig‘lay boshladi. Sherzod ham ularga gunohkorona termulib turaverdi...
Oradan bir yil o‘tdi. Sherzod yana o‘zining yakkaxon kontsert dasturini o‘tkazdi. Kontsertni u shunday boshladi:
—Qadrdonlarim, mening aziz muxlislarim! Bugun men orangizda yo‘q, ammo ruhi bilan bizni kuzatib turgan, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan bir qiz uchun kuylamoqchiman. O‘tgan yili hayotimni quvonchga, qalbimni ilhomga to‘ldirib mana shu zalda o‘tirgan mening eng aziz, eng sevimli va eng pokiza insonim bugun orangizda yo‘q. Men hammangizni yaxshi ko‘raman va ardoqlayman. Uni esa hammangizdan ham ko‘ra ko‘proq sevardim, ardoqlardim, qadrlar edim. Ammo uni balolardan asrab qola olmadim. Men hamma qo‘shiqlarimni ana o‘sha beg‘ubor qiz, bu dunyoni bokiraligicha tark etgan eng ardoqli singlim Asilaga bag‘ishlayman. Uning ruhi tinch bo‘lsin. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
Kechir seni asray olmadim,
Balolardan, zimistonlardan,
Hayotingga haloskor bo‘lib,
Kirolmadim meni kechirgin.
Kechir seni sevdimu, ammo
Bir tumordek asray olmadim.
To o‘lguncha sevasanmi, deb
So‘rolmadim, meni kechirgin...1
U qo‘shiq kuylardiyu, ko‘z yoshlarini to‘xtatib turolmasdi. Tomoshabinlarning ko‘zidan ham shashqator yoshlar oqardi.


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.