Ushbu sahifamizga murojaat qilganlarning aksariyati ko`zlarida yosh bilan so`zlashadi. Biz ularga na tasalli, na maslahat bera olamiz. Chunki ularga bu kerak emas, faqat yuragida saqlab kelayotgan dardlarini to`kib solishsa kifoya. Ana shunday muxlisalarimizdan biri uzoq viloyatlik onaxon bo`ldi. Ismini sir tutishimizni iltimos qilib quyidagilarni hikoya qildi...
— Xalqimiz bejiz “Kambag`alni tuyaning ustida ham it qopadi”, demas ekan. Nochor, ojiz bo`lsangiz, sizdan hamma foydalanishni ko`zlarkan. Yolg`izgina o`g`limning baxti barbod bo`lgani yuragimni vayron qildi.
Ona o`ziga yetgan har qanday balo-qazoga chidaydi, toqat qiladi. Ammo bolasiga yetgan ozor jon-jonidan o`tib ketarkan.
Hammasi mazam bo`lmay, o`zimni shifokorga ko`rsatgani shaharga borgan kunimdan boshlandi. Bilasiz, bunday joylarda navbat katta bo`ladi. Menam o`z navbatimni kutib o`tirgandim, yonimdagi ayol gap qotdi:
— Shaharda turasizmi?
— Yo`q, — dedim-da, qayerdan kelganimni aytdim.
— Menam uzoqdan kelganman, — deya uyam o`zi yashaydigan tumanni tilga oldi. So`ng yana so`radi: — Bolalaringiz bormi?
— Ha, bir qiz, bir o`g`lim bor. Qizimni chiqarganman.
— Voy, ikkitagina tug`dingizmi? — gurungimiz qiziy boshladi.
— Agar erim hayot bo`lganida yana tuqqan bo`larmidim? Bolalarim juda kichikligida u vafot etib ketgan. O`zim katta qildim.
— Taqdir-da, endi rohatini ko`ring.
— Shukr, hamma qiyinchiliklar ortda qoldi. O`g`lim ham katta yigit bo`ldi, ishlayapti. Endi uylantirsam bo`lgani.
— Yo`g`-e, shirin tashvishdan ayirmasin. Ortda qolgani rost bo`lsin. Yaxshi, eringiz uy-joy qilishga ulgurgan ekan.
— Qayda? — dedim xo`rsinib. — Ota-onamdan qolgan hovlida yashayman. Opa-ukalarim taqdirim bunaqa bo`lgach, uyni menga berishgan.
Biz anchagina suhbatlashdik. Shifokor huzuriga kirib ham chiqdik.
— Opa, telefon raqamingizni bering. Menga yoqib qoldingiz. Ahvolingizni so`rayman-da. Endi xayolimdan ketmaysiz. Tuzalib ketdimikan, yo`qmikan, deb o`ylanib yurmay, — dedi u.
Shu bilan ikki-uch bor qo`ng`iroq qilib, hol so`radi. Bir kuni esa kutilmaganda dedi:
— Opa, uyingiz qaerda? Men ish bilan sizlarning tumanga kelgandim. Ko`rib ketay. Uydamisiz?
— Ha, uydaman. Qaerda ham bo`lardim? Kelavering, — deya manzilimizni tushuntirdim.
Uyda ancha o`tirdi. Mehmon qildim. O`g`lim ham smenadan qaytib qoldi. U bilan so`rashgach, og`zidan bol tomdi:
— O`g`lingiz muncha chiroyli, kelishgan yigit ekan. Unga dunyodagi eng chiroyli qizni olib bering.
— Surishtirib yuribman. Lekin hali birortaning eshigiga bormadim.
— Mening ham chiroyligina singlim bor. Agar ota-onam uzoq demasa, o`g`lingizga juda mos, — dedi u kulib. — Ikkalasini bir uchrashtirsak bo`larkan.
Indamadim. U esa keyin ham qo`ng`iroq qildi:
— Opa, men singlim bilan shaharga kelgandim. O`g`lingizga ayting, bir kelib ketsin.
Odam bunday paytda “yo`q” deya olmas ekan. O`g`limga qaerga borishini tushuntirdim.
— O`sha qiznikiga sovchilikka boravering, — dedi o`g`lim uchrashuvdan qaytgach, terisiga sig`may.
— U tuman bizga uzoq bo`lsa, yana yaxshi bilmaymiz ularni.
— Boshqa qizga uylanmayman!
O`g`limning avzoyidan bildimki, qiz ko`ngliga o`tiribdi.
Yolg`izgina o`g`lim bo`lgani uchun sovchilikka borganda surishtirgan bo`ldim.
— Yaxshi oila. Qizning otasi o`qituvchi. Onasini sal o`tkir demasangiz... — dedi bir ayol.
“O`g`lim qaynonasi bilan yashamaydi-ku! Qizi yaxshi bo`lsa, bo`ldi-da!” dedim o`zimcha.
Hash-pash deguncha to`yni ham boshlab yubordik. To`g`rirog`i, biz emas, ular tezlashtirdi. Kelinim shunday sep bilan keldiki, ko`rgan odamning hayratdan og`zi ochilardi. O`g`limning bir ko`rib sevib qolganicha bor ekan. U shunchalar chiroyli ediki, bir qarab ko`z uzmay tursam derdingiz. Tag`in kelinlik kiyimlarini aytmaysizmi? Har bir ko`ylagiga moslab, boshiga do`ppi, oyog`iga poyafzal olgan. Kiyinib chiqsa, tikilib to`ymaysiz.
— Bu kelinni qaerdan topdingiz? O`g`lingizga biram mos. Bir ko`rib, yana qarasam deysan, kishi, — ko`rgan odam borki, shu gapni aytardi.
O`zim ham “Ko`z tegib qolmasaydi”, deya xavotirga tushib qo`yardim. O`g`lim ham atrofida girdikapalak. Ammo hali kichkina chillasi ham chiqmay turib, ular g`ijillashib qolishdi. O`g`lim hatto unga qo`l ko`tardi. Darrov uni yonimga o`tqazib, koyidim:
— Hozir urishadigan emas, eng shirin yashaydigan paytlaring. Unaqa qilib, kelinning ko`nglini qoldirma. Baxti bo`laman, desang, hamma gapni yaxshilikcha tushuntir. Yana qo`l ko`targaningni ko`rsam, nima qilishni o`zim bilaman!
Ular bir kulib, bir tumtayib chillasini ham chiqarishdi. Roppa-rosa qirq ikki kun deganda kelinim og`rib qoldi. Rangida rang yo`q. Qaltiraydi.
— Kirib yoting, — dedim.
Ertasiga esa o`rnidan turmadi. Men “Uxlab qolibdi-da”, deb o`ylabman.
— Keliningizning oldiga kiring, mazasi yo`q! — dedi o`g`lim qovog`idan qor yog`ib.
Kirsam, kelin bir ahvolda yotibdi.
— Qaeringiz og`riyapti? Do`xtir chaqiraymi? — dedim qo`rqib.
— Mening kasalim do`xtirlik emas! Men bu uyda yashay olmayman. Uyga ketaman. Yana ozgina yashasam, o`laman. Yashamayman, bu uyda! — dedi u tap tortmay.
Battar qo`rqib ketdim:
— Tinchlikmi? Nega yashay olmaysiz?
— Uydan bir nimalar topib olyapman. Yana ozroq qolsam, o`lib qolishim mumkin.
— Nima topib olyapsiz? — hech narsaga tushunmasdim.
U qo`limga bir nima tutqazdi:
— Mana, menga kimdir “amal” qilyapti...
— Tugilgan soch-ku! — dedim hayratlanib. — Sizga kim “amal” qiladi? Uyda ikkimizdan boshqa odam bo`lmasa. Eringiz ishga boradi-keladi.
— Ortiq chiday olmayman, ketaman! — dedi u qat`iy.
Nima qilishni bilmay, haligi opasiga qo`ng`iroq qildim. Darrov etib keldi.
— Turmush senga o`yinchoqmi? Muncha vahima qilmasang. Endi shu sening uying. Hech qaerga ketmaysan! — urishdi opasi ham.
Kelinim esa xuddi hozir ketmasa o`lib qoladigandek yig`lab-siqtardi. “Rostdan bir nima bo`layotgandir?” degan hadik bilan opasiga tushuntirdim:
— Mayli, urishmang. Olib keting. Bir-ikki kun dam olsin. O`qitingizlar...
Shu bilan ular ketishdi. Ertasiga uy yumushlarini qilib yursam, darvoza taqqilladi. Ochsam, uchastka inspektori turibdi, ortida kelinimning akalari, opalari...
Ular birdan uyga yopirilib, endigina ishdan kelgan o`g`limga, menga tashlanib qolishdi. Urib-turtib, hamma narsani olib ketishdi. Kelin-kuyovning uyi ship-shiydam bo`ldi.
O`g`lim ham, men ham o`zimni yo`qotib qo`ydik. Ko`chaga chiqolmay qoldim. Odamlar so`rasa, nima deyman, axir? Endigina chillasi chiqqan kelin-kuyov, ajrashishga arzirli bahona ham yo`q. “Uydan tugilgan soch chiqqani uchun ajrashishdi”, deya olmayman-ku! Or-nomusdan o`lay dedim.
O`g`lim esa xotinini sevib qolgan ekan.
— Oyi, borib olib kelaylik. Usiz yashay olmayman, — dedi o`pkasi to`lib.
Bolangiz uchun hamma narsaga tayyor bo`larkansiz. Shuncha gapdan keyin ham bosh egib bordim.
“Nikoh — muqaddas. Yoshlarni yarashtiraylik. Aslida urishishgani ham yo`q!” degan gapimga olgan javobimdan qotib qoldim.
— Turgan hovlingizni o`g`lingizning nomiga o`tkazib bersangiz, boradi qizim, — dedi qudam.
— Uyni men go`rimga orqalab olib ketmayman-ku! Shu o`g`limga qoladi-da! Topganim shularniki-ku! — dedim bosiqlik bilan.
Bo`lmadi. Kelinim kelmadi. O`g`lim parishon bo`lib qoldi. Bir kuni kechasi smenasiga ketib, kelmasa deng. Avvaliga kutdim. Keyin ishxonasiga bordim.
— O`g`lingiz yarim kechasi chiqib ketgandi. Haliyam yo`q, — dedi sherigi.
Telefoni o`chiq. Hech kim “ko`rdim” demaydi. Adoyi-tamom bo`ldim. Qaerga borishimni, qaysi eshikka bosh urishimni bilmayman. Uch kun o`tgach, uchastka inspektori qidiruvga berishimizni aytdi.
Men butkul es-hushimdan ayrildim. Telbalar kabi ko`chada u yoqdan-bu yoqqa yuguraman.
— O`g`limni yo`qotib qo`ydim! Qaerga ketdi u? — yig`lab baqiraman.
— O`g`lingizning xonasini ko`raylik, — dedi qidiruvga ariza berganimdan keyin milisioner.
Hamma narsani ko`zdan kechirdi. Shkafini ochsak, bir dona ham kiyimi yo`q. Esim og`ib qolay dedi. Nimalar bo`layotganini tushunmas, ko`zimga o`g`limdan boshqasi ko`rinmasdi.
Ishonsangiz, sakkiz kun o`tgandigan keyin kelinimning opasi telefon qildi:
— Opa, nega qidiruvga berdingiz? O`g`lingiz xotini bilan Rossiyaga ketdi-ku!
Bu gapdan angrayib qoldim. Nahot, o`g`lim shu daraja bordi? Bir og`iz aytib ketsa bo`lardi-ku. Xo`p, mening jo`natmasligimni bilgan ekan, meni tiriklay qabrga tiqmay, qo`ng`iroq qilsin, edi!
Har xil xayol keldi, miyamga. Oxiri o`g`lim telefon qildi:
— Oyi, arizangizni qaytarib oling. Men olti oyda yoningizga mashina minib boraman, — dedi u menga quloq solmay.
— Kim olti oyda mashina minibdiki, sen minsang! Mashinaga havasing ketgan ekan, aytsang bo`lardi. Olti oyda olmasang, amallab bir yilda olardik, ikki yilda olardik. Orqangga qayt...
U meni eshitmadi. Aytgani ham bo`lmadi. Bir oyga bormay, uyga kirib keldi. Ko`rib dahshatga tushdim: askarlar kiyadigan shimda, uyam yirtiq-yamoq, kir-chir kurtkada, ozib ketgan...
Yig`lab yubordim.
— Seni kim bu ahvolga soldi?
U miq etmadi. Vaqt o`tib, barcha kiyimlarini o`zi olib ketganini, tilla uzuk va “broslet”laridan ham ajraganini bildim. Aytmasligini bilib so`ramadim ham.
— Ajrashaman, oyi, — dedi u.
O`zim ham bu balolardan tezroq qutilishni o`ylab, rozi bo`ldim. Ariza berishga kelgan kelinimni tanimasam deng: qimmatbaho va o`ta zamonaviy kiyimda, mashinada...
Oddiy oilaning qizi bo`lsa, bularni kim olib bergan bo`lishi mumkin? Hammasini anglagandek bo`ldim. Muzladim. Nahot, u yuzini “yorug`”, yo`lini “ochiq” qilib olish uchun o`g`limdan foydalandi?
Gumon — iymondan ayiradi. Birdan yomon xayolga bormay, deya bir tanishimning o`g`lidan iltimos qildim:
— Siz hujjatlar bilan ishlaysiz-ku. Iltimos, kelinimni surishtirib bering.
Surishtiruv ko`pga bormadi.
— Keliningiz to`ylaridan o`n kun avval o`z nomiga uy olgan. Uning nomida uy va mashina bor. Menimcha, unga xushtori olib bergan... — dedi u dilimni tilkalab.
O`sha kundan buyon o`zimga kela olmayman. Mening, o`g`limning gunohi nima edi? Nega bizning boshimizga bu savdolar tushdi? Ne-ne orzu-niyatlarda kelin qilgandim. Bu dardni ortiq ichimga yutolmayman. Yuragimda saqlab yurolmayman. Azizlar, farzandingizning boshini bog`lashdan avval yaxshilab surishtiring. Ota-bobolarimiz bekorga etti pushtini surishtirmagan ekan. Menga o`xshab kuyib qolmang...