Laylakqor, azizim

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 443
  • Коммент: 0
Yanvar oyidagi quruq ob-havo fevral kirishida ham o'zgarmadi. Yangi yilni ichki bir dilgirlik bilan qorsiz kutib olsak ham, ko'nglimizda hali ikki oy qish fasli bor-ku, degan umid yoʻq emasdi. Qishning so'nggi oyi qisqa bo'lgani uchunmi, kunlar ham bir tutamdek tuyulardi. Hademay bahor va uning birinchi kunidan Ojiz momo eshik qoqib turadi. Ojiz momo nari borsa, bir hafta, oʻn kuncha hukmronlik qiladi, xolos. Lekin irim-sirimlarga ishonadiganlar shu kunlari yuvinishmas, hatto bosh ham yuvishmas ekan. Ojiz momo havoni isitib, birdan izg'irinni ufurib yuborsa, bosh yuvgan odam qaltiroq bo'lib qolarmish. Hatto saratonda ham qalt-qalt titrab, sovuq urgandek, tomirlaring tortishaverarkan. Ayniqsa, Ojiz kampirdan singlim Chinnixol o'lgudek qo'rqadi. Ojiz momo kunlarini kalendardan topib, qizil to'rtburchakning ichiga olib qo'ygan.

Bizning Chinnixol o'zicha shoira. Rayonimizning «Bayroqli Oktyabr» gazetasida shapaloqdek surati va «Buvim 80 yoshdalar» degan she’ri bosilibdi. Kasallikdan iligi qurib, cho'zilib kolgan enam gazetani ko'rgach, umuman yotmadi, qurushqoq yelkalari toʻrtta parquv bolishga botib, dikkayib oʻtiraverdi. Enamning quloqlari ogʻir boʻlgani uchun, Chinnixol yozgan she’rini baland ovozda uch-toʻrt qayta o'qib berdi.

Enam xursandligidan hatto koʻzlariga yosh ham oldi. Keyin kulimsirab, opamga im qoqdi:
–Eshitdingma, Toshxol, Chinni qanday she’rlar jozayapti. Qizingni suratini koʻrib qoʻy. Ey, sen she'r nimaligini qanday ham bilgin, – deydi-da, uzun, sertomir qo'llarini cho'zib Chinnixolning yelkalarini silaydi, e-vay, qarqunoqdan chiqqan bulbulchamdan aylanay oʻzim.

Qarqunoq degan soʻzga opam xafa boʻlmaydi. Chunki enam uning qizini «bulbulcham», deb erkalab-suyayotgan boʻlsa, nimaga xafa boʻlsin.

Ayniqsa, enamning holini soʻragani qoʻshnilardan birortasi chiqib qolsa, enam suyukli nabirasini maqtash asnosida, bir-ikki ogʻiz yolgʻon soʻzlarini ham qoʻshib yuboradi:
– Gazetti raykomimiz kattasi oʻqibdilar. «Him-m, birinchi maktabning sakkizinchi a sinf oʻquvchisi Chinnixol Abdurahmatova kim boʻldiykan, kimning qizi ekan», – deb soʻrogʻlatib jotganmishlar. Raykomimiz, zoʻr odam-da, hi… Enam, ayniqsa, oʻzining hamqishlogʻi boʻlgan, y va o harflari yoniga j harfini qoʻshib ishlatadigan Ilashoy chechaga Chinnixolning maqtovini haddan oshiradi:
– Sen manov gazetti och! Chinnini surati, menga atab jozgan she’ri bor. Sen Chinnixol Abdurahmatova, deb jozilgan joyini tovib oʻqi!

Ilashoy checha gazetaning orqa-oldini aylantirib koʻrib chiqadi.
– Tojikcha jozilgʻan ekan.
– Voy, bir beti oʻzbekcha-ku. Sen ichini oʻqi. Ilashoy checha she’rni oʻqib, haqiqatan ham toʻlqinlanib ketadi.
– Voy, Chinnixol, bu she’rni oʻzing ichingdan toʻqib, jozdingma? Zoʻr-a, zoʻr! Koʻzingga oʻlay, Chinnixol, meni qizchamga ham she’r jozishni irgat. Men kelib, Toshxol opachamning ul-bul ishiga qarashib ketaman. Mingbulaqdan biratoʻlasi ikkita shoira chigʻsa-chigʻipti. Maylimi?
– Joʻq, boʻlmaydi, – choʻrt kesdi enam. – Shoirlar xudodod boʻlishadi. Ularga she’r jozishni irgatib boʻlamikan? Ularning qulogʻiga parishatlari aytib turib, jozdiradi. Seni hamjurtim, deb aytaman, shu qiz katta boʻlsayu, joyiga tushsa, katta shoyir boʻp ketadiyov.

Ilashoy chechadagi koʻtarinkilik tushib ketdi. Qovogʻini uydi. Gazetni toʻrt buklab, enamni yostigʻining tagiga tiqib qoʻydi.
– Qiz bolani shayirligi goʻr boʻlami?! – dedi enamga eshittirmay.

Enamning maqtanishi uchun bittagina she’r kamlik qilardi. Axir, yostiqdayin-yostiqdayin kitob yozsa, keyin uni hamma taniydi-da. Enam Chinnixolni oldiga chaqirdi. «Qogʻoz-qalamingniyam obke», – dedi.
– Men aytib turaman. Sen jangi-jangi she’rlar jozasan.

Chinnixol enamning yoniga yaxshilab joylashib oʻtirib oldi. Haqiqiy shoirlardek oʻyga botdi. Lekin ochgan daftariga nima deb yozishini bilmadi, shekilli, avtoruchkasining ketini ogʻziga tiqib, tishlari orasida aylantira boshladi.
– Joz, – dedi enam. – «Ey xudoyi mehribon! Qishing qishdek kelsin, qorlar yogʻsin, nonlar yogʻsin. Bahorda shigʻilatib-shigʻlatib jovirlar jovsin. Jozing jazillama boʻlsin. Kuzagingga baraka bersin». Shulardi juvar.

Hamon ruchkani aylantirib, bir nuqtaga tikilgancha baqrayib oʻtirgan Chinnixolning shoira boʻlishini astoydil istaganidan enam oʻzi she’r toʻqiy ketdi.
– Qishda qorlar jovsin,

Kuzda jovirlar…

Ana-a ! Koʻrding-ma? Shuytib jozaversang, keyin qoʻling oʻnglanib ketadi. Jurtimizga, elimizga laylakqorlar jovsin, deb joz.

Chinnixol baqraygancha oʻtirdi, oʻtirdi-da keyin birdan she’r toʻqib yubordi:

Laylakqor, azizim, nechun yogʻmaysan?
– Ha, ana, kelayapti. Oʻrta-oʻrtasiga xudoniyam otini qoʻshib joz. Bandalaringga rahming kelsin, deb, joz.

Chinnixolning avtoruchkasi qitirlashdan toʻxtab, oʻzi enamga umid-vor termuldi:
– Xudoni qaytib qoʻshib yozaman.
– Ey noshud bola! Qadimgi shoirlar, «Rahm aylayu, yomgʻir yogʻdir sultonim», deb qurgʻoqchilik jillari dostiqdayin-dostiqdayin kitoblar jozishgan.
–Hozir, Xudoni qoʻshsang, she’ringni chiqarishmaydi. Partiya, Leninni qoʻshib yozsang, keyin chiqarishadi, – bilagʻonlik qildim men.
– Laylaqqorni partiya bilan Lenin jovdirama, jibirjaqa! – meni urusha ketdi enam. – Jovir jovdir, sultonim, deb jozgʻanlarni kitabini chigʻaradi. Bizaram, ey xudojon, qor jovsin qishlarimizda, deb xudoga nola qilsak, nega chigʻarmaykan? Oʻsha chigʻarmaydiganini oldiga oppor meni, bir jigʻ-jigʻini ezib kelay.

Enam yelkasiga yostiqlar tirgak boʻlmasa, turib oʻtirolmasdi.

Koʻrmagan boʻlsa ham redaktsiyadagilarni ogʻzidan bol tomib, rosa maqtab ketadi.
– Bir odamlar ishlaydi, gazetaxonada aqllari koʻpligidan boshginalari tevakal. Kiyimlariyam biram orosta. Jaxsi maqolalardi, zoʻr-zoʻr she’rlardi tonlab-tonlab olib, gazetga jozishadi.

Endi esa shu aqli raso odamlarning «jigʻ-jigʻi» ni ezmoq boʻlib, mushtini iyagiga tirab. yanib oʻtiribdi.
– «Laylakqor, azizim», – deyishlaring ham xato, – deyman oʻzimni koʻp narsa biladigandek vazmin tutib, laylakqor odammi, «azizim» deysizlar.

Enam men tomonga oʻqrayib qaradi:
– Sen jibirjaqa. qoʻylardi suvorib keldingma? Aqalla, bozor kuni roʻzgʻorga qoʻl qoqishsang oʻlasanma? Putingdi koʻtarib jotganing-jotgan. Oʻzing biron misra jozolasanma, ikkinchi! Hananah urasan, odamdi. Hay, mayli, azizim dema, aziz qor, deb joz.

Chinnixol, «azizim»ni «aziz qor» bilan almashtirdi-da, navbatdagi misrani toʻqidi:

Yogʻmasang unmaydi na oʻt, na maysa.
–Endi orasiga Lenin va partiyani qoʻsh, – dedim, enamning qoʻllari shashtiroq, qaltirayotgani, lablarigacha pirillab ketayotganini sezib tursam ham, oʻjarlik qilib, turib oldim.
– Partiya bilan Leninni qoʻsh! Oʻv, garang!
– Qoʻshmaydi! – Chinqirdi enam. – Xudoni qoʻshmasa, Lelinniyam qoʻshmaydi. Lelin xudo emas!
– Lenin ham paygʻambar!
– Paygʻambar boʻlsa ham qoʻshmaydi! – Enam koʻkarib, yuzining burishqoq terilarigacha pirillay boshladi.
– Chinni, – dedi pirqirab, – dostiqlarni ol, meni jotqizinglar. Chap biqinimga jana sanchuv kirib qoldi.

Enam «nakaut»! Chinnixol Abdurahmatovaning ilhom parisi uchib ketib, enamning sapchib tushayotgan qoʻlini uqalashga tushdi. Men zerikib, yangi tugʻilajak buzoqcha uchun boshvoqcha tika boshladim.

Lekin enamning biqinidagi sanchiq darrov bosildi, shekilli, hamon shikasta ovozda «Chinni! Qani boyagʻi jozganlaringni baland-baland qilib oʻqi-chi!» – dedi.
Laylakqor – aziz qor , nechun yogʻmaysan?
Yogʻmasang unmaydi na oʻt, na maysa.
Yogʻmasang – yogʻmaydi nonlar samodan,
Rabbim, qor yogʻdir, deb zorlar har odam…

– Bu she’rlaring gazetda bosilib, keyin xudoga yetib borguncha, bahor keladi. Oʻsha laylakqorlaring, mevalarimiz qiygʻos gullaganda guppillatib yogʻib bersa, bormi, – ikki kaftimni hovuch qilib ochib, jimjiloqlarimni birlashtirib, yuzimga surdim, – omin! Ollohu Akbar! Mevalarning gulxonasi-yu baldoqlari yaxlaydi qoladi, – yana tilim qichiydi mening.

Enam qargʻaydi:
– Hah, shovshinginang jagʻangga jopishsin. Hali bir oy qish bor. Shu oy ichi jovsin, deyappiz-ku, kallang qursin seni handalakka oʻxshagan, jiblajibon!

Chinni qiqirllab kuladi.

Uyga sovuqdan qunishib, onam kiradi.
– Quruq sovuq joningni qaqshatadi-ya, oʻtiribsizlarmi, enangga she’r oʻqib.
– Ha, – deydi Chinni, – laylakqor azizim, nechun yogʻmaysan, deb she’r toʻqiyapmiz.
– Voy, muncha yaxshi she’r!

Enam indamaydi. Ixrab-sixrab, qaltirayotgan panjalarini bir-biriga kirgizadi.
– Otam qanilar, opa? – deyman, – boshvoqcha tikishni bilmayapman.
– Guzarga chiqib ketdilar.
–Bu mahmadona, qoʻylardi suvordimi? – gapga kirdi enam, – bekorchi gaplardi aytishga usta.
– Ha, sugʻorganku-ya, picha pechkaga oʻtin qilib bersang, ulim. Kunduzi shuncha sovuq, kechasi izillab ketsa kerak.
– Qorni isi kelayapti, laylakqorni isi, – dedi enam.
– Qorda is boʻladimi? – hayratlanaman.
– Isi bu – sovugʻi. Qorning sovugʻi kelayapti, – dedi enam.
– Koʻcha sovuqmi, Toshxol? Havo ayniganiga ayaxlarim zirqirab ovrib jotir. Manuv yerimda pichaq sanchgandek, sanchuv oralash ovruv bor… Enam biqinini koʻrsatdi.
– Ertalab eritganim quyruq moy, pechkani oldida iliqqina turibdi ekan, uqalab qoʻyaymi? – dedi opam.
– Mayling. Lekin avval qoʻlingni qirtishiga obdon moy ishqab, muloyim qil. Badanim hilvirab jotibdi, shilivolasan.

Opamning qoʻllarining qirtishi haqiqatan ham tikanakdek ekan. Moy surib, kaftlarini bir-biriga ishqalasa, gʻashga tegadigan «gʻish-gʻish» degan ovoz eshitildi.

Keyin malakali duxturlardek yeng shimarib, piyolachadagi moyni enamning biqiniga surib chiqdi. Uqalashning hadisini olgan qoʻllari, enamning «uh, boʻldi-ey!» deyishiga qaramay, biqin atrofini aylantirib uqalayberdi. Chaqqon qoʻllar bir zumda bir piyola yogʻni suyakka «chip» yopishgan teriga «egizib», uqalab boʻldi.
– Voy boʻldi-ey! Hah! Ilohi ilovando! Barakangni top!

Enamning olqishi qulogʻimga qargʻishdek eshitildi.

Lekin, enamning shugina duosigayam onam zor.
– Rahmat, rahmat, – deydi qoʻlini koʻksiga bosib, – menimas, bolalarimni duo qiling, rahmat, enajonisi rahmat!

Kechqurun osmon qorayib, qattiq izgʻirin turdi. Shomga yaqin muzdek shovottob yomgʻir tomchilay boshladi. Etigim tashqarida qolib yaxlab qolmasligi uchun uyga kiritib, pechkaning yonidagi qoʻlbola supachaga qoʻyib qoʻydim.

Onam pechkaga oʻtin qaladi. Lekin havo tortmay, tutun qaytardi. Uyni qoʻychalmaning achqimtil hidi tutdi.
– Toshxol! – shangʻilladi enam, – Voy oʻlaman-ey! Jana qoʻychalma jogʻayapsanma? Zormondani sositmay, tagidan bir-ikki kaltak tokzangini qoʻysang boʻmayma?
– Qoʻyuvdim. Karnayi toʻlganmi, tutun qaytarayapti – enamning yaqiniga borib, qattiq-qattiq soʻylandi opam. – Birpas ustingizzi oʻrab qoʻyib, eshikni ochsam maylimi, chalmani hidi uychaga oʻtirib qoladi.
– Mayling, paqat ustimdi ovir qima.
– Xoʻb boʻladi, – dedi opam va yana pechka bilan uyga izgʻirin yopirildi. Pech gurillab oʻt oldi. Opam eshikni zichlab yopdi. Bir zum oʻtmay uyga chakmoni hoʻl boʻlib, otam kirib keldi.
– Toshchiroqqa moy soldingma? Lampasini juvdingma? – Har kungi topshirigʻini opamga eslatdi enam. – Iliktor chiroq koʻzimni ovritadi.
–Toshchiroq tayyor. Suyuqtuppa qilganman. Ovqatingizni yegizdiraymi? – baqiradi onam.
– A! Ha, mayli, surib kelaver, Ablamid oʻzi ichiradi, sen toʻgib-chachasan, toʻshagimga.

Issiq sandalning chetida moʻylovini silab, ogʻir oʻyga choʻmib oʻtirgan otam bir qoʻzgʻalib oladi:
– Ha, ha, oʻzim ichiraman.

Otamning ismi Ablamid emas, Abdulhamid ekanligini yaqinda pasportidan oʻqib bildim. Lekin birov isming nima, kimning ulisan? – deb soʻrab qolsa, «ismim Absalim, Ablamid novvoyning uliman», deb burro javob beraman. Otam bir paytlar qishloqning toʻyu-ma’rakasiga non yopib, novvoylik qilgan. Hozir hamma nonni bozordan oladi.

Opam bilan Chinnixol ovqatdan keyin idish-tovoqlarni yuvgani oshxonaga ketishdi. Otam koʻrsatib turdi, men boshvoqcha tikishni davom ettirdim.
– Ablamid, – deydi enam, – qish chillada oʻlmadim. Joz chillaga jetib, tosh qizigʻida jumalab bersam, tayyargarliging bormi?
– Ey, apa! – deydi otam, – muncha qish chilla, yoz chilla, tosh qizigʻi, deb hammani qoʻrqitaverasan? Oʻlim haq! Tayyargarlik ham boʻladi-da. Endi sen quloq tut, men aytay, – otam enamning toʻshagi yoniga choʻk tushdi
– Kuzakda sotib olgan qoʻsh qoʻchqorcha yetilib qolgan. Bir playcha yogʻ-zapasda. Gurunch bor. Xoʻsh - non 300 kilo qayroqi bugʻdoyni bosib qoʻyibman. Sandigʻingda 30 metr oq surp, oshigʻi bilan. Bir toy gazlama bor. Kelining kecha bozorga borganida, jildiragan duxoba chapon olib keldi. Ming soʻm pulniyam, sandigʻingni ostiga tashlab qoʻyganman. Hali haybarakalla boʻb ketasan, apa. Hadeb ballarni qoʻrqitovurma, endi saksonga kirding. Otam rahmatli yetmishda ketuvdilar. Qarchigʻaydek edilar. Sen yasha, apa.
– Otang jannati ekan, vaqtida ayoh uzatdi. Jetmish-ketmish, ulim, sakson-jakson! Shuytib, jaksonim chigʻib jotaveramanma? Tayyargarligingni bilay, dedim.
– Koʻyniyni toʻq tutaver, apa, – otam qoʻzgʻalib joyiga kelib oʻtirdi.

Enam «hiq-hiq» yigʻlashga tushdi. Opamni duo qilgandek, yigʻlamsirab, otamni ham duo qildi:
–Hay, Absalim! Tosh qizigʻida oʻladigan boʻlsam, belginayni makkamgina baylab, jaxshi-jaxshi jila. «Voy enam! Voy beozorim enam-m!» – deb boqirib, dod sob jila, – qanday enam boridi-ya, jurganida jerlar zirillaridi-a, voy enajonim oyimimov». – deb tovutimni aylanib-aylanib jila. Aytib-aytib, jillab-jilab, Chinnixol ikkoving ma’rakaga kelgan xotinlarni jilatib-jilatib jilanglar.

Enam, oʻzi sannab, oʻzi yigʻlayapti. Men kulgim kelib, otamga qarasam, otam rostakamiga yigʻlab oʻtiribdi. Koʻzlari qizargan. Yuzini sal burib, koʻz yoshlarini kafti bilan sidirayapti.

Enam hamon aytim qilayapti:
– «Voy, enam, moxtasam moxtagulik enam bor edi-ya», – deb tovutimmi orqasidan goʻristonliqqacha boʻzlab bor. Otangni yakkaligini bildirma. Ertasi kuni qabrboshiga borsang, goʻrimni zichlab chimlab qoʻy. Ha, aytganday, goʻristonliqdan qaytarib keltirilgan toʻshaklarimni keltirib, simdorga ilib qoʻy. Tunda ham tursin, julduz koʻrsin. Keyin ertalab jiyishtirib, enamdan tavarik, deb taglaringga solib jotasizlar.

Ena, koʻrpalaringizni yulduz koʻrmasa, nima qiladi, deb savol bermoqchi boʻldimu, yer ostidan otamning qizargan koʻzlariga qarab, damimni ichga yutdim.
– Ablamid, shu ulingni diydasi qattiroq. Chinnixol mehribon. Muning oʻsha kuni tayaqqa tayanib, tayakdek qotib tura bersa kerak.

Otam iljayadi. Men ham otamning koʻngli yorishganidan xursand boʻlaman.

Suyuqtuppa ichib olganman, chanqab bir piyola iliq choyni simirib oldim-da, issiqqina oʻringa kirib, tarrakdek qotdim.

Ertalab tursam, hammayoq oppoq qor. Otam kurak bilan molxona tomonga yoʻl ochyapti. Uyga yugurib kirib, etigimni shosha-pisha kiydim.

Enamga nonpalla yedirib oʻtirgan onamdan ohista soʻrayman:
– Opa, qor qachon yogʻdi?
– Kechasi bilan laylakqor yogʻib chiqdi-ku, ulim. «Laylakqor azizim, nechun yogʻmaysan?»- deyverdilaring, mana yogʻdi-da.
– Oʻsha she’rni siz ham bilasizmi?
– Esa-chi?

Tashqariga otilib chiqaman-da, bir zumda hammayoqni kuzataman. Otamning qoʻlidan kurakni olib, darvozaxona tomini kurab tushdim.

Uyga kirib enamning toʻshagi yoniga choʻkib, qulogʻiga yaqin borib, baqirib soʻylayman:
– Enov! Laylakqor toʻpiqni qoʻmadigan. Rosa qalin yogʻibdi. Har bitta daraxtning shoxida ikkitadan-uchtadan qargʻa oʻtirvolib, yana – «qor! qor!» deb qagʻillab yotipdi.
– Qargʻalar? – Nursiz va namli mijjalarini qiyinchilik bilan ochib, men tomonga xiyol oʻgirildi enam. – Ular qor, demayapti. Ular xoʻrak izlab kelishgan. Uch-toʻrtta makkasoʻtani olgin-da, darvoza-xonaning tomiga tashab qoʻy.
– E, yoʻq, – deyman. Qargʻalarga makkayi? Kilosi ikki soʻm. Ana Shokirlarnikiga borishsin. Bu yil bir telejka soʻta olishgan.
– Unday, demagin-da, xudoyi taolo bu bezabon maxluqlarni «shular senlarga rizq beradi» deb bizi dargohimizga jugargan, ulim. Sen ularga uch-toʻrtta soʻta tashlasang, Tangri senga bir moshin makka soʻta beradi.

Xamirni sandalining chetiga oʻrab qoʻyayotgan opam enamning gapini tasdiqlaydi:
– Makkayi, chirik olma-noklardan ham tashlab qoʻy.

Boshqa payti boʻlganda, bu qora qargʻalarni itimga olkishlatib, hovlidan quvib chiqarar edimku-ya, lekin bugun laylakqor yogʻdi. Tilimda, hozirgina onam aytgan Chinnixolning she’ri aylana boshladi:

«Laylakqor, azizim, nechun yogʻmaysan?».

Mening aybim bilan «azizim» soʻzi «aziz qor»ga aylanib ketganidan pushaymon yedim. «Laylakqor, azizim…». Qanday chiroyli misra.

Piyola-choynaklarni yelim togʻorachaning ichidagi bugʻi chiqib turgan issiq suvga chayayotgan Chinnixolning tepasiga keldim:
– Chinni, «Laylakqor, azizim»ni redaktsiyaga yubordingmi?
– Yoʻq!
– Nega endi?
– Bilmasam, bahor yaqin. Bahor haqida yozish kerak.
– Chinni, sen «laylakqor, azizim» degan joyini «laylakqor - aziz qor» deb oʻzgartirma, xoʻpmi? Agar istasang, jondorniyam, bejonniyam azizim, desang boʻlaveradi.

Laylakqor, azizim, nechun yogʻmaysan,
Seni kutaverib sargʻaydi maysang.
Fevral ham oʻtmoqda, kunlar bir siqim,
Yogʻsang-chi, laylakqor, jonim, azizim!

Men singlimning oilamizda aytilaverganidan yod boʻlgan she’rini shunday toʻlqinlanib aytib beraman deb oʻylamagan edim. Goʻyo bu she’r bilan yuragimga qordek shaffof tuygʻular bostirib kirdi. Oppoq qordan bir siqim olib, yuz-koʻzimga bosaman, nurdan-da tozaroq qorni lablarimga yaqinlashtirib, shivirlayman:
Yogʻaver, laylakqor, jonim, azizim. ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.