1.Arqon uzildi
Bahor... Yonoqlarni mayin shabada silaydi. Daraxtlarning yosh surxlari qiyg‘os gullar ichida – oq zarga botirib olinganday...
Huv anavi do‘nglikdagi maysazorga bir qo‘y bilan echki bog‘lab qo‘yilibdi. Echkining ikki uloqchasi dikir-dikir sakraydi. Qo‘yning ham qo‘zichasi bor. Uloqchalar bilan yayrab, yugurishib yuribdi. Shunchayam do‘mboqki... Sakrashganini, yayrashganini ko‘rib, ular bilan birga o‘ynagisi keladi kishining... Bir mahal nimayam bo‘ldi-yu, o‘ynashibmi yo talashibmi, qo‘zichoq uloqcha bilan kalla qo‘yisha ketdi. Ona qo‘y "bo‘ldi, sho‘xlik qilma”, deganday ma’rab qo‘ydi. Qo‘zichoq esa parvo qilmadi. Ona echki ham maysadan boshini ko‘tarmay me-meladi. Bolachalar yana hazillarini qo‘yishmadi. Shunda qo‘y cho‘zib ma’radi. Bolasiga intildi. Lekin bo‘ynida arqon – qo‘ymas edi. Qo‘zichoqni ikki uloq o‘rtaga olib, goh unisi, goh bunisi turtar, uni ranjitardi. Ona qo‘y chidab turolmadi. U yer depsinib bolasini "odobsizlar” ozoridan qutqarishga intildi...
Uloqchaning biri qo‘zichoqning biqiniga behosdan kalla urdi. Qo‘zichoq "onajon, qutqaring!” degandek qattiq ma’rab yubordi. Shunda qo‘y arqonni yana zarb bilan siltadi...
Ona mehri arqonni uzdi.
2.Buvijonim
-Kenja nabiralari siz emasmisiz?-deb so‘radi hamshira Sarvarning qo‘lidagi tugunchani ola turib.
-Ha, men...-dedi Sarvar bu savoldan taajjublanganini yashirmay.
-Unda bir oz kutib turing.
U shunday dedi-da, ildam yurib, yuqori qavatga ko‘tarildi. Hamshiraning bu buyrug‘i Sarvarning ko‘ngliga g‘ashlik soldi. Har xil xayollarga borib, bemorlar ro‘yxatidan buvisining nomini izlay boshladi. Ro‘yxatdagi belgiga qaraganda buvisining isitmasi tushibdi, ahvoli bir muncha yaxshilanibdi. Bundan ko‘ngli taskin topgan bo‘lsa-da, hamshira chiqqunicha diqqat bo‘lib ketdi. Nihoyat zinada hamshira ko‘rindi. Xuddi Sarvarga kutib turishni buyurmaganday bamaylixotir tushib keldi. Bu ham yetmaganday Sarvarga qarab kulimsirab qo‘ydi. Yigitchaga yaqin kelgach, bir parcha qog‘oz uzatdi.
-Buvingiz berib yubordilar. Kecha sizni menga tasvirlab berib, kelsa ketib qolmasin, deganidilar.
Sarvar "shu gapni avvalroq aytsangiz bo‘lmasmidi!” degisi keldi-yu, ortiqcha gapdan o‘zini tiyib, qog‘ozni shoshilib ochdi. Buvisining o‘sha ravon-ravon tanish harflari:
"Jonim bolam. Buni qara-ya, bugun sening tug‘ilgan kuning-u, men bo‘lsam, xotirjam shifoxonada yotibman. Xafa bo‘lmaysanda, a? Sovg‘a ham qilolmadim... Agar uyda bo‘lganimda tandirda mazali qovoq somsa, piyozli non yopib berardim. Esingdami, bolaligingda men tandirga o‘t yoqsam juda-juda quvonib ketarding. Oying somsani menchalik yopolmaydi, to‘g‘rimi? Hozir ham shu odating bor... Endi taqdir, keksalik ekan, bu yerda yotibman. Toychog‘im, tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin! Baxtimizga ilohim o‘z panohida asrasin seni!
Duo bilan: buving.
Ha, aytmoqchi, oyinglarga tayinlab qo‘y: yerto‘ladagi qovoqni ishlatmay tursin. O‘zim chiqay, yaxshilab somsa yopamiz...”
Xatni o‘qiyotganida tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Yoshligida buvisining har xil shirinliklarni yenglarining uchiga yashirib, "akalaring ko‘rishmasin”, deb berkitib berishlari, dadasidan so‘kish eshitganda esa, boshini silab, erkalab uyiga olib kirib ketishlari, nasihat qilishlari ko‘z oldiga keldi. O‘zini tutishga harchand urinmasin, baribir ko‘ziga yosh kelaverdi.
"Buvijonim! Axir bujmayib qolgan qadoq qo‘laringiz bilan boshimni silashingiz, yuzimni mehr to‘la siynangizga qo‘yib tin olishim, oppoq sochingizdan o‘pib, ko‘zimga surtishimning o‘zi menga katta sovg‘a emasmi!!” degan xitob yuragini larzaga keltirdi. Hamshiraning hay-haylashiga qaramay, qoziqda ilig‘lik turgan oq xalatlardan birini olib, yelkasiga tashladi-yu, yuqoriga yugurdi.
Buvijonining ko‘ksiga boshini qo‘ydi.
3.O‘gay ona
-O‘qimas emishman,-dedi Oqil yana o‘jarlik bilan.
-Axir kim senga shunday dedi, bizga aytgin,-kuyundi direktor.
-Menga baribir endi... Hech kimning yordami kerakmas. Agar o‘zimning oyim bo‘lganlarida...
Oqilning lablari titradi, ko‘zlari yoshlandi. Burnini tortib qo‘ydi-da, o‘zin tutib olish uchun shiftga qaradi. Direktor gap nimada ekanini taxminan angladi. Biron xulosaga kelish uchun bu taxmin yetarli emasdi, shu sababli boladan yana so‘radi:
-Oqiljon o‘g‘lim, o‘jarlik qilma. Uyingda nima gap bo‘lganini menga ochiq aytaver. Biz seni xafa qildirib qo‘ymaymiz.
Oqil direktorga "rost aytyapsizmi?” deganday bir qarab oldi-da, nigohini derazaga qadab gap boshladi:
-O‘zim eshitdim,-dedi u yana burnini tortib qo‘yib.-Anavi... yangi oyim dadamga "o‘g‘lingiz katta yigit bo‘lib qoldi-ya, endi yoningizga olsangiz ham bo‘ladi”,-dedi. Tag‘in men uni...
Oqil gapini tugata olmadi. Eshik ochilib, bir yoshlar chamasidagi shiringina bolani ko‘tarib olgan ko‘hlikkina juvon kirib keldi.
-Mumkinmi, voy xayriyatey!-dedi u ostona hatlab ichkariga kirgach.- "Oqiljonni maktablariga chaqirib olib ketishdi”, deyishsa, nima gap ekan, deb jonimni hovuchlab yugurib kelaveribman. Tinchlikmi o‘zi?
Juvonning salomlashishni ham unutib kirib kelishi uning g‘oyat havotirda ekanidan darak berib turardi. Direktor buni tushundi. Uning kim ekanligini ham hayajonli so‘zlaridan angladi. Shu sababli gapni aylantirmay muddaoga o‘tishni ma’qul ko‘rdi.
-Tinchlik,-dedi u hotirjam ohangda so‘ng bolaga yuzlandi:-Oqiljon o‘g‘lim, sen tashqariga chiqib tur-chi.
Oqil qovog‘ini uyganicha "xo‘p”, dedi. Chiqayotganida ayolning qo‘lidagi bola "atta!” deb unga osildi...
Direktor Oqilning bir necha kundan beri maktabga kelmayotganini, bugun darsdan keyin uyidan toptirib chaqirtirib kelganini va nihoyat, bolaning oxirgi gaplarini aytib berdi.
Ayol ko‘ylagining yengi bilan ko‘z yoshlarini artib, piq-piq yig‘ladi. Keyin "Voy, gapirmaygina men o‘layin”, dedi-da, tashqariga chiqib Oqilni olib kirdi.
-Voy gapirmaygina men o‘layin, bolajonim. Men seni katta bo‘lib qolganingni aytib erkalatmoqchiydim-a! Sen o‘qib olim bo‘lsang, ukang ham izingdan boradi, deb doim duo qilaman-ku? Gapga no‘noq onangni kechir, bolajonim...-Ayol shu gaplarni takror-takror aytib Oqilni quchoqlab olganicha yuz-ko‘zlaridan o‘paverdi...
Oqilning qo‘lidagi ukasi bu holatdan ajablanib hayron bo‘lb turdi Avvaliga sal qo‘rqdi ham. Keyin bir akasini, bir onasini o‘pa ketdi.
4. Ko‘zlari ochiq edi
Bo‘yniga chekich urilganday "cho‘tir” bo‘lib qolgan musicha qayerdandir ovqat topib, iniga uchib keldi. U har galgidek bolalarining inlaridan bosh chiqarishib, og‘izlarini katta-katta ochib, chiyillashlarini kutgan edi. Biroq, inda bolalari ko‘rinmadi. Onaning ko‘zlari olazarak bo‘ldi. O‘zini har tomon urib, jigargo‘shlarini axtardi. Topdi! Hali parvozga yaxshi shaylanmagan jajji musichalar sho‘xlik qilib pastga tushishgan ekan. Ular hovli ro‘yasida bir-birlari bilan quvalashib, bamaylixotir o‘ynab yurishardi. Ona musicha ularni ko‘rib quvonganday bir-ikki qanot qoqib qo‘ydi. Pastak bir shoxga qo‘nib, bo‘ynini xiyol qiyshaytirib, ularning o‘yinini kuzatdi...
Birdan ona bezovtalandi. Bolalarining oldiga tushib, qanotini patillata ketdi: u burchakda pusib yotgan mushukni ko‘rib qolgan edi. Mushuk musichaning payqab qolganini sezib, o‘ljasiga sapchidi. Qushchalar qanot qoqishib pana tomonga o‘tishdi. Lekin yuqoriga, bexavotir inlariga uchib chiqishga qanotlari zaiflik qildi. Mushuk qushchalarni quva boshladi. Ular qancha urinishmasin, qanot qoqishmasin yuqoriga ko‘tarilishga qurbilari yetmasdi. Onalari atrofida aylanishdan o‘zga choralari yo‘q edi.
Ona bezovta. Ona ilojsiz! Bolalari ucholmaydi... Shunda u allaqanday ovoz chiqarib yuqoriga ko‘tarildi-yu, so‘ng birdan qanotlari singanday yerga gup etib tushdi. U "siniq” qanotlarini yerga shap-shap urgancha parvozga uringanday bo‘lib mushukning atrofida aylana boshladi. Mushuk qushchalarni quvib yurishdan ko‘ra tayyor turgan o‘ljani yeyishni ma’qul ko‘rib, uni tappa bosdi.
Musicha esa hamon qanotlarini patillatadi. G‘alati ovoz bilan faryod chekib, bolalarini uchishga undaydi...
Mushuk uning hiqildog‘ini tishlab, chekkaga sudradi. Onaning so‘niq ko‘zlari yarim ochiq: "bolalarim qochdimi?” deganday ularni izlaydi. Qanotlarini ahyon-ahyonda majolsiz silkitadi. Go‘y ochqab qolgan bolalari oldiga uchib borib, hozirgina topib kelgan ovqatini bermoqchi bo‘ladi...
Pastak butoqqa uchib chiqib qo‘nib olgan musichalar esa qo‘rquvdan dir-dir titrashadi.
5. Yovvoyi mushuk
Yana o‘sha yovvoyi mushuk paydo bo‘ldi. Avvallari odam sharpasini eshitib, junini hurpaytirganicha baqrayib turadigan, keyin qochib qoladigan mushuk negadir oldimizda bemalol yurishga odatlandi. Bu juda qiziq hodisa edi. Mushukning sirini bilishga oshiqdim. Unga bir bo‘lak go‘sht tashladim. U saxiyligimga ishonqiramaganday bir menga, bir go‘shtga qarab qo‘ydi. Keyin chaqqonlik bilan go‘shtni tishlab olib, uydan chiqib ketdi. Har gal yemish topsa yemay, olib chiqib ketishi ham ajablanarli hol edi. Mushukning izidan chiqdim. U hovli burchagidagi o‘tin turadigan bostirmaga kirib ketdi. Cho‘chitib yubormaslik uchun tirqishdan mo‘raladim: mushuk chalqancha yotib olgan, to‘rt mushukcha esa uni emardi... Mushukning birdan ko‘rinmay qolgani-yu, keyin begonasiramay qo‘ygani sababini endi angladim.
"Bitta bolasini jiyanlarimga olib bersammikin?” degan fikrda eshikni ochib, ichkari kirdim. Mushuk sapchib o‘rnidan turdi. Junini hurpaytirdi. Ko‘zlari yondi. Xunuk ovoz chiqardi. Yana bir qadam qo‘ysam menga tashlanishi turgan gap edi. Bunday holatda u o‘zini boqayotgan odamni ham tanishni istamasdi. Chunki yonida o‘z jonidan ham aziz bo‘lgan bolalari bor edi!
Izimga qaytdim. Shu-shu mushuk meni ko‘rsa bostirma tomon qochadigan bo‘lib qoldi. Mushukning bolalaganini eshitgan jiyanlarim bugun uning bostirmadan nari ketishini poylab turib, oladan kelgan chiroyli bolasini olib chiqishibdi.
Qosh qorayganda mushuk bostirmadan o‘qday otilib chiqdi. Nimanidir axtara boshladi. Keyin eshigimiz tagiga kelib, mendan ham hayiqmay zorlanib, cho‘zib-cho‘zib miyovlay boshladi. Eshikni ochdim. U uyga otilib kirdi. Dam o‘tmay bolasini tishlab olib chiqdi. Bostirma tomon ketdi.
Mushuk bizga o‘rganib qolgan bo‘lsa ham bolalarini ishonmas edi. ...