Muhabbat yasagan qayiqcha

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 531
  • Коммент: 0
Muhabbat yasagan qayiqcha
«Faqat bir narsadan baxtliman jonim,
Sen men yashayotgan dunyoda borsan».
Hammasi juda sokin… osuda damlar edi o‘shanda…
Hayot biz o‘ylaganchalik yengil bo‘lmaydi, uning qora kunlari inson boshini egib qo‘yishi, o‘y-fikrini ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas. Odam taqdirning chig‘iriqli so‘qmoqlaridan qadam tashlar ekan, bilib-bilmay qilgan xatolari, gunohlari evaziga tanholik, yolg‘izlik, sukunat dunyosiga g‘arq bo‘lganini o‘zi ham sezmay qoladi ba’zida… Butun umr qalbning oliy hakami – vijdon oldida, muhabbat, ishq qarshisida o‘zini g‘arib sezadi.
O‘shanda sarmast ko‘ngillar Yaratganning IShQ deb atalmish tuhfasi oldida o‘zlarini ojiz sezishdi. Ular ko‘ngliga shuur, poklik, ziyo olib kirgan muhabbatning qadriga yeta olishmadi. Agarda taqdir ularga muhabbat bir yolgon sabab yuqqa chiqishini, buyuk tuyg‘u birgina noo‘rin tashlangan qadam orqali ro‘yoga, yoinki xiyonat sabab nafratga aylanishi hech gap emasligini oldindan ayon etganda edi, ular bu bebaxtlik, saodatsizlikni oldindan sezganlarida edi… Mumkin qadar ishq asrab qolinarmidi?! Lekin, ular hijron, yo‘qlik tomon yetaklagan xatoning yagona vorisiga aylandilar. Ular muhabbatdan voz kechgani ondan boshlab… Yo‘q! Ishq ularni tashlab ketgan daqiqadan boshlab muhabbat, sadoqat, nafrat, o‘kinch ne ekanligini anglab yetishdi. Yolg‘on va xiyonat ularni yoshlikning, beg‘uborlikning, muhabbatning bokira osmonidan uloqtirib tashladi. Ishq-muhabbat olamini tark etish ularning taqdiriga bitilgan desak, noo‘rin bo‘lar, zero, ikki ko‘ngilni hali-hamon muhabbat rishtalari bog‘lab turardi. Mahbublar yuragini muhabbat hali tark etganicha yo‘q…
Bir-biriga hamon talpinayotgan ikki qalb birga sayr etgan onlarini, yomg‘ir ostida ularga mudom muntazir bo‘lib turuvchi g‘aribgina yog‘och o‘rindiqni, olamning g‘ubor yuzini berkitgan musaffo qor quynida quvlashmachoq o‘ynayman deb bolalarcha o‘yinkaroklik bilan o‘ynaganlarini, bexosdan yiqilib tushib, poklik olamida o‘zlarini bir on bo‘lsa-da ko‘rganlarini, hijrondan darak berib turuvchi kuzgi xazonlar ustida soatlab sayr qilganlarini yoddan chiqarish, unutish oson emas, axir…
Kim chiroyli qayiqcha yasash o‘yini beg‘ubor davrning ularga qoldirgan yagona yupanchi edi. O‘shanda yigit atayin qiz ko‘ngli o‘ksimasin uchun qayiqchani undan-da xunukrok, ko‘rimsizrok yasardi. Bog‘da adashib qolgan yig‘loqi qizni qayiqcha berib ovutishga uringanlari-chi?! Hamma-hammasini hozirgidek xotirlashadi. Ayni shu shirin-achchiq xotiralargina muhabbat mantig‘ini tushuna olmagan ko‘ngillariga taskin beradi. Bu xotiralar azob-uqubat olamiga ularni g‘arq etishini bilishsa-da, ishq sarobga aylanganiga ishonishsa-da, eslashdan, yodga olishdan, xotirlashdan charchamaydilar. Ularga yolg‘iz shu azoblargina hayot baxsh etadi, zimiston qalb olamiga yorug‘lik olib kiradi. Taqdir hukmimi bu… Yoinki ko‘ngilga quloq solmagan insonning ayanchli umr yo‘limikin?! Umr bo‘stoniga chiroy baxsh etib turuvchi ishq g‘unchasini bevaqt uzgan bog‘bon, dunyo so‘ngiga qadar qalbida tuygan po‘shaymonidir balki… Ne uchun hijron va vijdon azobi kabi ikki qirg‘oq boshida turgan ikki ko‘ngil rutubatli kunlarni yo‘q qilishga qodir muhabbat quyoshiga tik qarashni xohlamadilar. Nurdan baxramand bulish uchun talpinmadilar?!
Faqat ularnigina mehmonnavozlik bilan qarshi oluvchi yog‘och o‘rindiq yonida o‘zlarining majnuntoli bor. Ularning muhabbati yoshi bilan teng ushbu niholning tolim sochlari ishq tarixini olamga doston qilgandek tuyulardi. Ayriliqdan so‘ng majruh qalblar juda ko‘p bor o‘sha majnuntol yoniga kelishdi, biroq, avval baxtdan sarxush bo‘lib, keyin mas’um ayol ko‘rinishini olgan majnuntol oldida bir-birini uchratish maqsadida kelgan ikki insonning barcha umidi oxir-okibat sarobga aylanardi. Qayta uchrashish ularning achchiq taqdirida bitilmagandir balki?!
Yigit o‘sha majnuntol bargidan kitoblari orasiga solib quyibdi, ularning adog‘i yo‘q… Uzoq kechalar bo‘yi u o‘sha barglarni qo‘llarida tutgancha, yuzlariga surtgancha oyga termuladi, u bilan suhbat kuradi. Suyganining savollariga javob qidiradi. Bir paytlar berolmagan javoblari endi taxt, faqat… Faqat uni oydan boshqaga aytolmaydi. Qiz ham sevgilisi hadya etgan qirqdan ortiq gullarni kitoblari orasiga solib quritgan, asrab quygan. Balki, qachonlardir muhabbatlari shu gullar singari qurib qolishini bilganida, shu gullar singari so‘lg‘in xotiralarga aylanishini bilganida edi… Muhabbatni, gulni asrab qolishning boshqa yo‘llarini qidirib topgan bo‘lardi, balki.

***

Muhabbat saroyiga xiyonat tashrif buyurgan kun sevishganlar o‘rtasidagi so‘nggi suhbatga ham o‘sha majnuntol guvoh bo‘ldi.
-Kechir…
-…
-Kechirgin!
-Nimaga?!
-Ko‘zim ko‘r ekan!!!
-Men eshitgandimki… Men eshitganmanki, muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi! Demak, sizda ayb yo‘q. Ayb muhabbatda. Ayb faqat muhabbatning o‘zginasida. U sizning ko‘zlaringizni ko‘r qilib qo‘ygan.
-Qaysi muhabbat?!
-O‘zga…
-Sening ko‘z yoshlaring muhabbat emasmi?!
-Bumi? Bu – armon…
-Men-chi, men… Muhabbat emasmi?!
-Siz… xiyonat.
O‘shanda ham qiz yigitdan o‘ksimadi, xafa ham bo‘lmadi, imkon ham bermadi. Hammasi ana shunday sokin, ana shunday og‘riqli nihon topdi. Lekin ikki ko‘ngil ham o‘z muhabbat kuylarini bir soniyaga bo‘lsa-da esdan chiqarmadi. Ishq navosining bemisl ohanglarini kuylayverishdi… Kuyaverishdi…

***

Ikki kuz mavsumining barcha kunini yigit va qiz oyok ostida shitirlayotgan barglarga nigohlarini tikkancha o‘tkazdilar.
Ikkinchi yanvar. Hammasi odatdagidan boshqacharok. Juda erta uyqudan uyg‘ongan yigit erinmasdan kiyimlarini dazmolladi. Ko‘ngli allanimadan xursand bo‘lgan chog‘i yaxshilab, ishtaha bilan nonushta qildi. Anchadan buyon bunday ishtaxa bilan ovqatlanmagandi… Anchadan beri bunday ishtiyoq bilan kiyimlarini dazmollamagandi… Uydan chiqar ekan, ko‘zguga juda uzoq tiqilib turdi. Necha yillar davomida yolg‘iz yashab kelayotganini, faqat o‘sha go‘zal onlardagina o‘zini yolg‘iz, tanho his qilmaganini, balki umrining shu davrida o‘zini baxtiyor sezganini, biroq ming afsuski, bu baxtiyorlikning qadrini kech anglab yetganini, baxtini, saodatini ushlab qololmaganligini yana bir bor esladi…
Keyingi yillar davomida yigit yaratgandan u bilan uchrashtirishini juda ko‘p bor o‘tinib so‘radi. Har doim ko‘ngil uni qo‘msab hayot kechirdi. Nigohlar mudom bir insonni izlab yashadi. O‘zini topmasam-da, izlarini toparman deb o‘yladi. Shu o‘ylar bilan necha martalab tanish yo‘lkalar bo‘ylab qadam tashladi. Necha martalab… Lekin topmadi, topolmadi.

***

Bekatda trolleybusni uzoq kutmadi. Toshkentning oppoq qorga burkangan ko‘chalariga termulib, yana xayol, uy dunyosiga shungidi. Beixtiyor cho‘ntagidan qog‘oz chiqarib qayiqcha yasadi. Ikkita qayiqcha. Biri xunuk, biri chiroyli.
Uning xayollarini oldingi o‘rindiqlardan birida o‘tirgan ayol qo‘lidagi bolaning yig‘isi tuzgitib yubordi. Yigit cheksiz hayrat og‘ushida qolgandi… Uning qo‘llarida ikki qayiqcha turardi: biri xunuk, biri chiroyli.
Ayol qo‘lidagi go‘dak yig‘idan to‘xtamasdi. Yigit o‘rnidan turdi-yu, ular tomonga yurdi.
-Ma ol, bu qayiqcha senga! Buni muhabbat yasagan. Faqat yig‘lamagin, xo‘p?!
…Bola allaqachon yig‘idan to‘xtagan bo‘lsa-da, ayolning nigohlari uzoq o‘tmish sahifalaridan ko‘ngliga yaqin misralarini qidirish bilan band edi. Qachonlardir sevgilisi bilan bir qizalokni yig‘idan to‘xtatishga rosa o‘rinishganlarini, o‘shanda ular ham qayiqcha yasab qizaloqqa berganliklarini, lekin… Lekin qizaloq baribir yig‘idan to‘xtamaganligini yodga olgan ayolning chehrasini hayrat aralash tomchi yosh yuvar edi…

II

Bu voqea bo‘lib o‘tganiga ham to‘rt yil to‘ldi. Shu yillar davomida yigit biror bir qizga nisbatan qalbida iliqlik sezmadi. Hayotini bog‘lashi mumkin bo‘lgan, uni baxtli qila oladigan oydek qizlar uchradi. Yigit o‘z taqdirini qaysidir ma’noda uz qo‘liga olgan, faoliyatida juda ko‘p, juda katta yutuqlarga erishgan, insonlar muhabbatini qozona olgan, el og‘ziga tushgan bo‘lsa-da… yo‘qotilgan yarimta yurakni topishga ehtiyoj sezmadi. Aqli yetardi… Inson bir umr yolg‘iz yashab o‘tishi fojea ekanligiga, ota-onasining ham katta-katta orzulari borligiga, ularni umrlarining so‘ngigacha azobga qo‘yishga haqi yo‘qligiga aqli yetardi. Siz o‘ylamang yana,-Bir vaqtlar sevgan qizidek qizni boshqa uchratmagandirda,-deb. Uchratdi, biroq o‘zini ularga loyiq deb bilmadi.
U faqat birgina istak bilan yashardi. Kanday istak deysizmi? Hozir yozaman. Mahbubasi bilan bo‘lgan so‘nggi suhbatlaridan birida shunday dedi:
-Bilaman, hammasini tushunaman, xato qildim… kechirolmaysan!-Yigit gapirardi-yu, yuragida umid uyg‘onardi, xayolida,-axir meni sevadi, nima uchun kechirolmaydi yoki bir gulni shuncha tez toshga aylantirdimmi?! Nahotki kechirilishga loyiq bo‘lmasam. Hamma ham xato qiladi-ku!
Bu xayollar bolaning qaddini biroz bukib qo‘ygan bo‘lsa, qizning to‘satdan aytgan gaplari bukilgan qadni butkul sindirdi. Va bu qad haligacha o‘nglanmadi.
-Bilasizmi bu hayotda joningni ham berishing mumkin bo‘lgan kimingdir bo‘lishi kerak deyishadi. Mening ham anna shunday insonim bor edi. Bu siz edingiz. Biroq men shuni angladimki… siz jonni fido qilishga arzimas ekansiz. Siz yetkazgan ozorlar ko‘ksimda qora tosh bo‘lib kotdi. Bu tosh sizga bo‘lgan muhabbatimni bosib qoldi. O‘ldirdi. Qoraga bo‘yadi,-qiz bu gaplarni aytayotganda ko‘zlarida eng so‘nggi yoshlari qotib qolgandi. Uning qiyofasida muhabbat va nafrat oralig‘idagi bo‘shlikni, jovdirab turgan muhabbatning eng so‘nggi uchqunlarini, g‘alaba qozonayotgan nafratning qahrli qiyofasini ko‘rish mumkin edi.
-Nahotki meni kechirish uchun biror bir ilinj bo‘lmasa?!
-Yo‘q! Sizni oqlaydigan hech bir nimani topolmayapman… Siz eng yomon odamsiz… Yomonsiz!-bu so‘nggi so‘zlar, ko‘zlarida qotib qolgan yoshlarni eritib yubordi. Bu muhabbatning g‘alabasimi, nafratningmi bilib bo‘lmasdi. Mana shu ko‘z yoshlar yigitni bir umrga indamas, odamovi, badjahl, qat’iyatli qilib quydi.
-Men eng yaxshi odam bo‘laman…
Yigit yana nimalardir demoqchi bo‘ldi. Lekin aytolmadi. Tomog‘iga kelib tiqilgan «nimanidir» o‘tkazib yuborolmadi. Hozir ham mahbubasi yodiga tushgudek bo‘lsa nimadir yoqasidan oladi, tomog‘iga tikiladi, nafasi qisiladi. Bu nima ekan? Muhabbatmi, nafratmi, armonmi?
Yuqorida aytmoqchi bo‘lganimiz, yigitning hayotiga hukmronlik qilayotgan istak, eng yaxshi odam bo‘lish istagi edi. «Men eng yaxshi odam bo‘laman» bu so‘zni yigit har bir nafasida, har bir qadamida takrorlardi. Sevgilisiga bergan qancha va’dalarini ustidan chikolmadi. Hech qursa eng so‘nggisining ustidan chiqsin.

***

O‘shanda troleybusda, oldingi o‘rindiqlardan birida o‘tirgan ayol qo‘lidagi bolani ovutish uchun beixtiyor yasagani qayiqchani berdi-yu hayratdan entikib ketdi. Yuragi to‘xtab qolishiga ozgina qoldi. Bir kalima so‘z topishga ojizlik qildi. Yaratgandan u bilan uchrashtirishini juda ko‘p bor so‘ragandi. Lekin bu uchrashuv bo‘lishiga, yana taqdir yo‘llarini tutashtirishiga ishonmasdi. Iymon keltirdi.
Beixtiyor yasagani qayiqcha… Yana ikkita – biri xunuk, biri chiroyli. Bolaning yig‘lagani… Hamma-hammasi hayratlanarli.
Ular bir og‘iz ham gaplasholmadilar. Trolleybus Pedagogika institutidan o‘tgandan so‘ng ayol tushishga chog‘landi. Ortidan u ham tushdi. Nima deyishni, nima qilishni bilmaydi. Batomom gangib qolgan. Ayol pastkam, ko‘rimsizgina uyga kirib ketdi. To‘xtatishga, nimadir deyishga qurbi yetmadi. Gung bo‘lib qolgandi. Aybdor odam xafa qilgan, o‘ksitgan kiminidir ko‘rsa hech qursa kechirim so‘ray oladi. Yigit shuni ham eplolmadi. Ayol-chi? U nega indamadi. So‘rashmadi xam. Mahbubidan shu qadar ranjiganmidi? Hatto nigohini ham ayadi. Yerdan ko‘z uzmadi… Yigit mashuqasining yo‘llariga yotib olgisi «Bu menman taniyapsanmi?! Yog‘och o‘rindiq… mayus majnuntol… kuzgi xazonlar… ikkita qayiqcha?! Taniyapsanmi meni?!»,-degisi keldi.
Yo‘q, ayol uni tanimadi.
Ayol uyga kirib ketgandan so‘ng biroz behush turib qoldi, chekdi. Keyin xotiralar qurshovida uyga qaytdi. Ko‘p narsalar haqida o‘yladi. Ilk tanishgan kunlari, qo‘l ushlashib yurganlari, ko‘nglidagini aytganida qizning yig‘lagani… yigitga sezdirmay uzoq-uzoq termulishi… Hamma-hammasi yodida.
Oradan olti yil o‘tdi. Juda ham o‘zgarib ketibdi. Ancha ulg‘ayibdi, jiddiylashibdi, ona bo‘libdi, O‘sha vaqtlarda yosh bolaga o‘xshardi. Oddiy narsalardan shu qadar kuvonardiki… Ammo… Yigit uni bir kunda «ulg‘aytirdi».

***

Qorong‘u tushdi. O‘z yog‘iga o‘zi qovrilayotgan yigit ayolning oldiga borishga jazm qildi. Shu paytgacha uni nima ushlab turgandi. Nimaga o‘sha zahotiyoq gaplashmadi. Nega necha yildan beri biror marta yo‘qlamadi. «Xatlarimga javob bermayapti, meni ko‘rishni xohlamaydi»,- deb yuraverishi to‘g‘rimidi?! Yo‘q, albatta! Imkoni, vaqti, hammasi yetarli edi. Yo‘llarini tusib turgan biror nima yo‘q edi.

***

Hech bir qiyinchiliksiz ayol kirib ketgan eshikni topdi. Sekin taqqillatdi. Ichkaridan ayolning ovozi eshitildi, o‘sha ovoz, Uning ovozi. Qachonlardir yig‘latgani, bug‘ib qo‘ygani, o‘zining ovozi.
Eshik qiya ochilib u ko‘rindi.
-…Meni kimgadir o‘xshatdingiz, shekilli?
-…
-Men siz o‘xshatgan AYoL emasman.
-…
-Aytadigan gapingiz bo‘lmasa…- Ayol yigitning ko‘zlariga shu qadar iltijo bilan tikildiki, u bu nigohlarni ko‘tara olmadi, boqolmadi, boshi egildi.
«Nega sen boshqa bo‘larkansan?! Boshqa bo‘lsang trolleybusda bolangga qayiqcha uzatganimda, uni ovutmokchi bo‘lganimda, meni ko‘rganingda… Nega ko‘zlaringdan yosh tomchiladi? Agar sen o‘zga bo‘lsang…?!». Bu savolni endi bermoqchi bo‘lib bosh ko‘targanida qarshisidagi eshik yopilib bo‘lgandi.


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.