Nodon insonlar bilan do'stlashish sharmandalik keltiradi

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 26.12.2016
  • Просмотров : 435
  • Коммент: 0

«...Ularning dillarini (o'zaro) yaqinlashtirgan zotdir. Agar (Siz) yerdagi (hamma) narsani sarflaganingizda ham (ularning) dillarini (bir-biriga) boylay olmagan bo'lur edingiz. Lekin Alloh ularning o'rtasini boyladi. Albatta U qudratli va hikmatli zotdir» (Anfol surasi, 63-oyat).

Johiliyat davrida arablarda hamiyat, g'urur, mutaassiblik, gina, adovat juda kuchli bo'lgan. Bir qabila kishisi begona qabilaga mansub kishining yuziga bir tarsaki ursa, butun qabila oyoqqa turib, to o'ch olmaguncha qo'ymas edi. Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) payg'ambar bo'lgan vaqtdan boshlab Ul zotga iymon keltirib, sunnatlariga amal qilganlaridan keyin mazkur holat ijobiy tomonga o'zgardi. Gina, adovat, hasadgo'ylik o'rnini Alloh taolo yo'lida do'stlashish, hamjihatlik va mehr-oqibat egalladi.
 
Avs bilan Hazraj qabilalari o'rtasida bir yuz yigirma yillik adovat saqlanib kelar edi. Islom dini sharofati bilan ular do'stu birodarga aylanishdi.

Islom dini insonlarni doimo bir-birlari bilan yaxshi muomalada bo'lishga buyurar ekan, ularning muomalalari beg'araz bo'lishi uchun o'zaro munosabatlari ham samimiy bo'lishi lozimligini ta`kidlaydi. Zero, inson tabiatan kirishimli qilib yaratilgan, ya`ni u jamiyatdan ajralib, alohida yashay olmaydi. Shunday ekan, mo'min kishi diniy va dunyoviy ishlarini to'g'ri yo'lga qo'yishda solih do'stu yorlarni tanlashi lozim. 

Qur`oni karimda mo'minlar o'zaro bir-birlariga do'stu birodar ekanliklari bayon qilinib:

«Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardirlar…», - deyilgan (Hujurot surasi, 10-oyat). 

Agar bu do'stlik Alloh taolo uchun bo'lsa, u yana ham mustahkam bo'ladi. Chunki, Alloh roziligi uchun bo'lgan do'stlikka hech qanday dunyoviy g'araz aralashmaydi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoviy ishlar yuzasidan san-manga borib qolgan taqdirda ham ularning do'stligiga putur yetmaydi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Alloh taolo hech qanday soya bo'lmaydigan qiyomat kunida yetti toifa insonlarga O'zining arshisi soyasidan joy beradi. Ulardan biri Alloh taoloning roziligi uchun do'stlashgan insonlardir», - deganlar. Boshqa bir hadisda esa:

«Alloh taolo yo'lida do'stlashgan insonlar uchun oxiratda nurdan minbarlar barpo qilinadi. Ularni ko'rib hatto payg'ambarlar va shahidlar ham havas qiladilar», - deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Darhaqiqat, ahli solih kishilar bilan oshno bo'lgan inson hech qachon pand yemaydi. Bunday kishilar bilan do'stlashish nafaqat dunyoda balki, oxiratda ham foyda berishi Qur`oni karimda bayon qilingan (Zuxruf surasi, 67-oyat). 

Shuningdek, betavfiq, nodon insonlar bilan do'stlashish dunyoda sharmandalik, oxiratda esa xasratu nadomat keltirishi ham ochiq ravshan bayon qilingan (Furqon surasi, 27-29-oyatlar). 

Payg'ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) bir hadislarida: 

«Kishi o'z birodarining dinida bo'ladi», - degan bo'lsalar, boshqa bir hadisda esa: «Sen o'zing do'stlashayotgan odamning xulq-atvori, uning qanday odam ekanligiga e`tibor bergin», - deb marhamat qilganlar. Xalqimizda ham: Sen menga do'stlaring kimligini ayt, shunda men senga qanday odam ekanligingni aytaman, degan bir gap bor. 

Hadisi sharifda shunday deyiladi:

«Qiyomat qoim bo'lganida uning dahshatidan insonlar yaqinlaridan qochadi. Bu haqda Alloh taolo: «O'sha kuni kishi o'z birodaridan qochadi. Yana onasi va otasidan ham, xotin va o'g'illaridan ham (qochur). (Chunki) u kunda ulardan har bir kishida o'ziga yetarli narsa (tashvish) bo'lur» (Abasa surasi, 34-37 oyatlar). 

Bir bandaning amal daftari taroziga tortilganda zarra miqdoridagi savob kamlik qiladi va jannatga kirishiga yetmay qoladi. Shunda yuqoridagi oyati karimada ta`kidlanganidek yaqinlaridan yordam so'rar ekan. Najot chiqmagach Alloh taolo yo'lida do'stlashgan do'stini ko'rib qoladi. Do'sti undan: «Nega g'amginsan», deb so'rasa, u: «Jannatga kirishimga zarra miqdordagi savobim yetmay qoldi. Yaqinlarim o'zlari bilan o'zlari ovvora bo'lganlari uchun mendan qochishdi», deydi. Shunda do'sti unga: «Yetmay qolgan savobingga men o'z savobimdan beraman», deb, do'stiga o'z savobidan beradi. Shu payt Alloh taolo O'zi bilgan holda farishtalarni guvoh qilish maqsadida farishtalaridan: «U bandaning amal daftari tortilganmi? U o'z savobidan berib yubordi», deya so'raydi. Farishtalar: «Yo'q», deb javob berishadi. Alloh taolo: «Unday bo'lsa, nimani evaziga bunday qildi», deb yana so'raganida, ular: «Ey, Alloh! Bular Sening yo'lingda do'st tutinganlar», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Sizlar guvoh bo'linglar! Men ularning ikkisini ham gunohlarini avf qildim. Jannatimga kiritinglar!» deydi», deyilgan.

Darvoqe, biror insonga baho berishda uning yoru-birodarlari qanday odamlar ekanligiga qaraladi. Agar ular baobro', dinu diyonatli kishilar bo'lsa, o'zgalar nazarida uning haqida ham shunday fikr paydo bo'ladi. Bordi-yu, oshnolari Xudoni tanimaydigan, birovning haqqidan qo'rqmaydigan, muttaham kishilar bo'lsa, ularning kasofati tufayli birodari ham yomon otliq bo'lishi tabiiy. Shunday ekan, musulmon kishi dunyo va oxirati uchun manfaatli bo'lgan insonlar bilan oshno bo'lishga e`tibor bermog'i lozim.

Alloh yo'lida bir-birlari bilan do'stlashgan kishilar uchun jannatda hatto payg'ambarlar, shahidlar o'tirmaydigan taxtlarni tayyorlab qo'yilgandir.
      
Jahongir ChORIYeV 
Toshkent  viloyati  Zangi ota   tumani «Ayri-ota»  jome 
masjidi imom-xatibi   



Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.