O'n sakkizinchi bahor

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 432
  • Коммент: 0
O'n sakkizinchi bahor
Bahorning dastlabki kunlari edi. Qish "qonuniy” umrini yashab bo’lgan bo’lsa-da, chekinishni istamay, bahor qog’ozda qolib ketayotganday edi. Ammo har esgan shabada qish qahratonidan sog’-omon chiqqan dillarga bahor salomini eltardi.
Meniki hamon o’sha hayot:ertalab nari-beri nonushta qilib, maktabga otlanaman. Bir soat oldin yo’lga chiqsam ham,qo’ng’iroqdan 5-10 daqiqa oldin sinfga kiraman. 6-soat boshlanishi bilan yana yo’l qayg’usi: uyga qachon boraman?! Tushlikdan so’ng kun botguncha dala yumushlari…
Bir kuni darsdan ertaroq chiqib, kutubxonaga kirdim. Kecha o’qituvchim aytgan kitoblarni olib, eshikka yo’nalgandim, ichkariga kirayotgan qizni ko’rib, chetlanib turdim. Bu-sen eding. Bahor gullari kabi gul-gul ochilib kelarding.
Tashqariga chiqqach, qandaydir kuch meni biroz kutib turishga majbur qildi. Yonimdan o’tib ketgach, izingdan ergashdim. Oldimizda olovdan jizg’anak bo’lgan kimsasiz yo’l yastanib yotardi. Katta yo’lda oldinma-ketin yurishimiz noqulayligini o’ylab, senga yetishib oldim. Salomlashib, qo’lingdagi kitobga qaradim: muqovasiga "A.Oripov. Sohibqiron” deb yozilgandi.
- Amir Temur hayotiga qiziqasizmi?, - dedim tomdan tarasha tushganday.
- Ha, yaqinda Amir Temur kechasini o’tkazmoqchiydik, deding astagina. Shu bahona tanishib oldik. Men ham Temur haqida o’qiganlarimni, bilganlarimni aytib, maslahat bergan bo’ldim. Ko’prikka yetgach, chapga qayrilib, jilmayib xayrlashding.
Endi har kuni ko’prik yonida seni kutib, maktabgacha birga ketishga harakat qilardim. Qaytrishda ham apil-tapil daftarlarimni yig’ib, orqangdan yetib olaman. So’zlashib, sekin ketsak ham, yo’l ilgarigidan qisqarganday edi. Bahor ham oldingilardan boshqacha…
Bir kuni yo’l bo’yidagi tomarqani chopiq qilayotsam, yo’ldan o’tib qolding. Egningda yal-yal yonayotgan atlas ko’ylakda ilgarigidan ham chiroyli ko’rinarding.
- Hormang, dehqon bobo, - deding samimiy jilmayib.
- Bor bo’ling! - negadir hayolimga seni suratga olish fikri keldi. ”Biroz kutib turing”, - dedim-da uydan tayyor fotoapparatni olib chiqdim.
- Nima qilmoqchisiz?, - deding tushunmay.
- Suratga olmoqchiydim, yo’q demang, - dedim yalinib. Biroz o’ylab rozi
bo’lding. Hatto qo’lingdagi guldastadan bir gul olib, chakkangayam taqib olding.
- O’zim ham suratga tushmoqchiydim, - deding quvonib.
- Jusa soz, 2-3 kunga "yest” qilamiz!
Sen dugonangning tug’ilgan kuniga shoshayotganingni aytib, yo’lga tushding.
Anchagacha orqangdan qarab qoldim.
Uch kundan so’ng suratni tayyorlab, birini senga berdim. Bittasini qalin muqovali kitobim ichiga solb qo’ydim.
Bir kuni dars tugashi bilan ko’chaga otildim. Qarasam sen sinfimizdagi qizlar bilan ketyapsan. Darrov orqangizdan yetib oldim. Quloq solsam, Meksika teleserilai haqida gap ketyapti.
- Qizlar, - dedim gapingizni bo’lib, - nimasi yoqadi sizga shu kinoning? Masalan men shu serial boshlanganda dasturxon yozilsa, kechki ovqatsiz yotaman!
- Nega endi, ajoyib serial-ku, - dedi sinfdoshim Hurshida.
- Nimasi ajoyib,-dedim tutaqib,-Bir misol aytay, Meksikaliklarning g’alati odati bor ekan: Ular ertalab uyg’onishi bilan xotinining betidan o’pib, ”seni sevaman, azizam”, - derkan. Yuz qo’lini yuvib nonushta dasturxoni boshiga kelganda ham shu so’zni takrorlarkan. Kiyinib ishga ketayotganda ham xotinining betidan o’pib, ”unutma seni sevaman”, deydi. Yarim soatdan so’ng
telefon jiringlaydi. Xotini go’shakni ko’tarsa, yana eri: ”Ishga keldim. Seni sevaman. Xayr”. Tushlik paytida xotinining qo’lidagi telefonga eridan SMS keladi: ”Uzr,tushlikka borolmayman. Seni sevib qoluvchi ering!! ”Kechga yaqin qo’ng’iroq jiringlaydi. Xotin eshikni ochsa, yana eri kira solib uning betidan o’pib "seni sevaman”,deydi. Kechki ovqatga o’tirishdan, tunda o’ringa yotishdan avval ham shu so’zlar takrorlanadi. Biz shu so’zni aytmasak ham, bir-birimizni ulardan ortiq sevamiz, shunday emasmi, - dedim to’satdan sening ko’zlaringga boqib.
Hamma bizga sirli jilmayish bilan qarashdi.
- To’g’ri, - deding sen, - Bizning sharqda ota-bobolarimiz shu so’zni aytmay ham umr bo’yi totuv yashashgan, - gapni umumiy ma’noga aylantirib, meni hijolatdan qutqarding. Shunda ko’zlaringga boqib, menga befarq emasligingni his qildim.
Keyin 25 mayda biz maktabni bitirayotgan kunimiz seni sinfingda yolg’iz uchratdim. Avval 11-sinfga o’tganing bilan tabrikladim. Yurak yutib seni sevishimni aytdim. Sen qizarib yerga qarading. Shundan so’ng birinchi uchrashuv…
Maktabni bitkazib o’qishga kirolmaganimga ham afsuslanmadim: chunki, sen bor eding!!!
…Keyin…keyin seni o’zim yo’qotib qo’ydim. Qaydan keldi hayolimga o’sha fikr? Televizor ko’rayotib, yangi filmni suratga olish uchun tanlov e’lon qilingani, chiroyli va iqtidorli qizlar olinishi… sening doim maktabdagi bayramlarda ajoyib rollar ijro etishing yodimga tushgani… qalin kitob orasidan o’sha suratni olib, skanerdan o’tkazib, elektron pochta orqali tanlovga yuborganim… bir oydan so’ng javob kelib, seni quvontirganim… poytaxtga otlanishdan oldingi uchrashuvdagi va’dalaring-hamma-hammasi meni hijron o’tida qovuradi.
Tanlovning keyingi bosqichlarida ham g’olib chiqib, filmda suratga tushganing, shuhrat qozonib, san’at oliygohiga kirganingda ham terimga sig’may quvongandim. Onang har ko’rganda seni maqtaydi: qizining mashhur bo’lib ketgani, uyga borib kelay, desa "sponsor”lari ruhsat berishmayotgani, yangi filmdan takliflar tushayotganini aytib quvonadi. Bir kuni gap orasida senga shaharning kazo-kazo yigitlari oshiq bo’lib, ”repitasiya”dan so’ng yo’lingni poylayotganini qistirib o’tdi.
Men kundan-kun yolg’izlanib borardim. Sen haqingda o’ylamaslikka harakat qilsam ham hayolimda paydo bo’laverarding.
Bir kuni otam yoniga chaqirib, ahvoli og’irlashayotganini, to’yimni ko’rsa, armonsiz ketishini aytdi. Onam sevganim bor-yo’qligini so’radi. G’ururim seni sevishimni nafaqat boshqadan, balki o’zimdan ham yashirishimni talab qalardi. Ular o’zlari topib o’zlari uylantirdi. Men esa umid bilan bir yostiqqa bosh qo’ygan mas’uma ayolni sevishga majbur edim.
Bir kuni odatdagidau kunni botirib, daladan qaytsam, mehmon kelganini aytishdi. Mehmonxonaga kirsam, marhum otamning poytaxtlik do’sti shom namozini o’qiyapti. Namoz o’qib bo’lgach, omonlik so’rashib, g’arbga qarab namoz o’qiganini aytsam qaytadan qiblaga yuzlandi.
Sevgilim, birovni sevib, uni hayotining mazmuni deb bilgan, oxir-oqibat sevilmay, sevganiga yetolmay qolgan oshiq ham umr bo’yi g’arbga sajda qilib, umrining oxirida qibla qayoqdaligini anglab etgan obidga o’xshaydi. Men ham o’sha obid misol hayronaman, sevgilim…


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.