O'shanda ayni jazirama yoz edi. Oftob tandirdek qizigan, chor atrof ham odamlarga qo'shilib issiqdan og'ir-og'ir nafas olayotgandek edi go'yo. Shunday issiqda uch yigit baliq oviga chiqishgan edi. Baliq tutishniyam o'ziga yarasha gashti bor-da! Bir qiziqib qolsang, na issiqqa, na sovuqqa qaraysan kishi.
Yigitlar o'zlari yashaydigan tumanda joylashgan qo'riqxonaga yetib kelishganida yuz-ko'zlaridan terlari oqib, arang o'zlarini yulg'unlar soyasiga olishdi. Cho'l tabiati ham qiziq-da, shunday issiqdayam jonivorlari tinim bilmaydi. Katta echkiemar salqinda o'tirgan yigitlarga parvo qilmay, yonlaridan o'tib zovurga tushdi. Echkiemarlarni faqat kinolardagina ko'rgan yigitlar issiqni ham unutib, uning ortidan chopishdi.
- Zokir, Said! Ikkiga bo'linib echkiemar ortidan boramiz! - dedi Iqbol.
Yigitlar bir-birlariga qarama-qarshi holatda echkiemarni haydab chiqarish uchun zovur yoniga kela boshladi.
- Mana echkiemar, anavi uning dumi, - deya pichirladi Iqbol sheriklariga shox-shabba, qamishlar orasidan ko'rinib turgan qizg'ish bir narsaga imo qilib.
Zokir bilan Said oyoq uchida o'sha yerga borishdi. Iqbol echkiemarni cho'chitib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan qamishlarni qo'llari bilan yorib, oldinga intildi-yu, kutilmaganda g'ayritabiiy qichqirib yubordi. Uning rangi dokadek oqarib ketgan, qalt-qalt titrardi. Chunki echkiemar deb o'ylagani qimir etmay zovur ichida yotgan erkak kishining oyog'i edi. Jasad suvga bo'kib, shishib yotardi... Yigitlar toshdek qotib qolishdi. Xayollariga "Odam o'ldirib, tashlab ketilgan" degan o'y keldi. Baliq ovi ham yoddan ko'tarilib, sarosimada shitob bilan ortlariga qaytishdi. Tuman markaziga yetib kelishib, milisiyaga xabar berishdi.
* * *
"Erkak kishining jasadi zovur ichidan topildi", degan xabar olinganidan keyin milisiya, prokuratura xodimlari o'sha joyga darrov yetib kelishdi. Darhaqiqat, baliq oviga kelgan yigitlar adashmagan ekan... Odatda, bunday paytlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari issiqniyam, sovuqniyam pisand qilishmaydi. Kezi kelsa, kunni tunga ulashib, xizmat vazifalariga sidqidildan yondashadi. Bu safar ham shunday bo'ldi. Avval voqea joyi suratga olindi, jasad zovur yoqasiga olib chiqildi. Noma'lum erkak kishi kim yoki kimlardir tomonidan o'ldirilgani aniq. Qamishlar atayin sindirilib, jasad yopilgan, ustiga yulg'un shoxlari tashlanib, ko'zdan pana qilingandi. Zovurdagi suv kamligi uchun jasadni joyidan siljitolmagan ekan. Yolg'izoyoq, kimsasiz bu yo'lda velosiped izlarini hisobga olmaganda, boshqa hech qanday iz yo'q, hisob. Tabiiyki, ekspertiza o'ldirilgan kishining ust-boshlari, ichki kiyimlarini, badanidagi alohida alohida belgilarini, boringki tishining nechtaligigacha sanab chiqdi va rasmiylashtirdi. Jasadni ko'zdan kechirish, voqea joyidagi ahvolni mufassal aniqlash nihoyasiga yetkazilganda olovli quyosh ham uzoqdagi tog'lar ortiga berkinish taraddudiga tushib qolgandi.
Qum barxanlari orasidagi zovurga bu odam qanday kelib qoldi? Bu odam kim? Nima sababdan o'ldirildi? Bu kabi adog'i yo'q savolarning birortasiga hali javob yo'q, yakkash velosiped izlarigina qotillik yuz berganida kimlardir shu yerda bo'lgan degan taxminni tasdiqlayotgandek bo'lardi, xolos. Buning ustiga murdaning turishi, kiygan kiyimlari oddiygina bechorahol odamni eslatar edi.
Bu ish bilan tuman prokurori Halil Teshaboyevning shaxsan o'zi shug'ullana boshladi. Prokuror juda uddaburon bo'lsa-da, bunday vaziyatlarda faqat ish jarayonida orttirgan tajribasigagina tayanib ish yuritardi. Voqeaga oydinlik kiritish uchun eng avvalo jasadning shaxsini aniqlash lozim edi. O'sha kuniyoq bedarak yo'qolganlar haqidagi ma'lumotlar sinchiklab o'rganila boshlandi. Hudud nozirlariga alohida topshiriqlar berildi. Jasadning surati ko'paytirildi va kerakli joylarga yuborildi. Ammo murda haqida hech qanday ma'lumot aniqlanmadi. Aksiga olib, bu inson bedarak yo'qolganlar orasidan ham topilmadi.
Halil Sobirovich ertasi kuni yana murda topilgan joyga bordi. Atrofni sinchiklab kuzatdi. Afsus qotillik bilan bog'liq aytarli hech narsa topolmadi. Faqat birinchi kungi velosiped va odamlarning oyoq izlari...
Bir necha kunlik surishtiruvlardan so'ng bu shaxs tuman bilan chegaradosh Yangiobod shahrining O'rikzor mavzesida yashovchi To'xtasin Isoqov ekanligi aniqlandi. Surishtiruvlarga qaraganda, marhum ustachilik bilan shug'ullanar ekan. U o'zi yasagan duradgorchilik buyumlarini payshanba va yakshanba kunlari tuman hududidagi bozorga olib chiqib sotar, shu bilan tirikchilikni o'tkazarkan.
Marhumning yaqinlari uni "morg"dan olib ketishdi. Urf-odatlarimizga ko'ra, qabrga qo'yishdi. Ertasi kuni prokurorning shaxsan o'zi, tergovchi bilan To'xtasin Isoqovning xonadoniga borishib, uning yaqinlariga taskin-tasalli berdi.
- Aybga buyurmaysizlar, xizmatchilik, - dedi prokuror marhumning xotini Manzuraxonni savolga tutar ekan. - Ayting-chi, eringizning uydan chiqib qaytmaganiga necha kun bo'lgandi?
- O'tgan yakshanba kuni edi... - dedi Manzuraxon ko'zlaridagi alamli yoshlarini to'xtata olmay.
Ayolning beparvogina so'zlagan so'zlari, prokurorning ensasini qotirdi. Er bir necha kun yo'q bo'lib ketsa-yu, uyidagilar uni beparvogina kutib o'tirishsa?! Halil Sobirovich marhumning bevasini koyib bermoqchi bo'ldi-yu, ammo azadorligi uchun tilini arang tishlab qoldi.
- Eringiz o'sha kuni birontasi bilan ketganmidi?
- Xo'jayinim rahmatli beozor edilar, yakshanba kuni soat o'n birlarda bozordan kelib, "Tomarqaning pulini tashlab kelaman" dedi-yu, velosipedini minib yolg'iz chiqib ketib, qaytmadi.
- Kimdan tomorqa olmoqchi edi? Birortasi bilan janjallashib qolmaganmidi? - ayolning so'zlarini bo'ldi prokuror.
- Erim shu vaqtgacha hech kim bilan urishmagan, janjallashmagan. Dushmanlari yo'q edi. Keyingi kunlarda faqat tomorqa olaman, degan gapni ko'p takrorlaydigan bo'lib qolgandi. Kim erimga tomorqa sotmoqchi bo'lganini ham bilmayman. Faqat bozor tomondagi Qorasuv qishlog'ida yashovchi Siddiq akaning o'rtada turganini eshitganman, xolos. O'sha odamning ko'zlarini g'ilay deyishadi. Lekin uni tanimayman. Erimning o'sha kuni "Tomorqa o'ttiz million so'mga tushdi, o'n millionini berganman. Qolganini bugun berib kelaman", degani yodimda. Sumkasiga qancha pul solganiniyam bilmayman. U kishi topgan pulining hisob-kitobini o'zlari qilardi. Men aralashmayman.
Halil Sobirovichning nazarida kalavaning uchi topilgandek bo'ldi. Marhumning xotini bilan bo'lgan suhbatdan keyinoq yana surishtiruv ishlarini davom etdirdi. Prokuror eng avvalo qo'ni-qo'shnilar, bozorda marhum To'xtasin Isoqovni taniydiganlar bilan birin-ketin suhbatlasha boshladi. Ko'pchilik haqiqatdan ham marhum o'limidan oldin tomorqa olish harakatida yurganini, bu ishda Siddiq degan bilan Meliboy ismli shaxslar vositachilik qilganini tasdiqladi.
Shunday qilib, prokurorning buyrug'iga binoan tumanning Qorasuv qishlog'ida yashaydigan Siddiq Umarov bilan Meliboy Mirzayevlar gumonlanuvchi sifatida so'roqqa olib kelindi. Zero, bu o'tkir syujetli detektiv filmlarda jinoyatchilar og'ir qiynoqlar, psixologik olishuvlardan so'ng yengilganini bildirib, hamma ayblarini bo'yniga oladi. Lekin hayot boshqa ekan. Fosh bo'lish darajasiga kelib qolgan jinoyatchi qilmishlarini xaspo'shlaydi, kalavaning uchini chuvatib tashlamoqchi bo'ladi. Ikkovlon ham zinhor-bazinhor o'zlariga qotillikni yaqin keltirishmadi. Tomorqa olish uchun vositachilik qilganlari to'g'ri, ammo marhum bilan cho'lga borishmadi. Tamom-vassalom...
* * *
Halil Teshaboyev ikki gumonlanuvchi tuman IIBning vaqtincha saqlash xonasiga ushlab turishga ko'rsatma berib, o'zi tergovchi Rustam Karimov bilan avval Siddiq Umarovning xonadoniga bordi. Surishtiruvlar chog'ida Siddiqning xotini Qurbonoy oilaviy hayoti og'irligi, moddiy yetishmovchilik girdobida qolishganini aytib, diydiyo qila boshladi.
- Qiyin ahvolda qoldik, - derdi Qurbonoy. - O'g'lim uyimizdagi televizorni sotaman degandi, sotolmay keldi. - Xotin gapirardi-yu, aksiga olib hovlining bir burchagidan buzoqchaning mo'rashi eshitilardi. Shu damda prokuror ham ustalik qilib:
- Molxonangizdagi buzoqcha nega bezovta bo'lyapti yoki o't-suv berilmaganmi? - deb so'radi.
- O'tgan kuni erim bozordan olib kelgandi. Yangi joyga ko'nikolmay mo'ragani-mo'ragan...
Sodda ayolning so'zlaridan Halil Umarovich hushyor tortdi. "Iya, moddiy yetishmovchiliklar girdobidamiz deydi-yu, bozordan buzoqcha sotib olishibdi-ya?!"
- Nonga pul yo'q deyapsizu, buzoq sotib olgani pulni qayerdan oldinglar?
Prokurorning kutilmagan savolidan ayol qizarib-bo'zarib, tilini tishlab qoldi. Ammo kech bo'lgandi. Ayol taqdirga tan berib asta "yorildi".
- Erim yakshanba kuni kechqurun o'n million so'm ko'tarib keldi. Pulni qayerdan olganini so'rasam, urishib berdi. "Razborga bordim" dedi. Shu pulga buzoq, qo'y oldik, bolalarga ust-bosh qildik. To'rtta-beshta oqsoqolni chaqirib, is chiqardik... - Qurbonoy bor gapni aytishga majbur bo'lgandi.
Prokuror o'sha yerdayoq surishtiruvni rasmiylashtirib qo'ydi. Sinchiklab so'rab surishtirishlar shu tariqa o'z samarasini bera boshladi. Prokurorning buyrug'i bilan Siddiq Umarovning uyi tintuv qilindi. Tintuv chog'ida To'xtasin Isoqovning velosipedi Siddiq Umarovning molxonasidagi somon ostidan chiqdi. Siddiq marhumning velosipedini uyiga olib kelib yashirganu, ammo "gumdon" qilishga hali ulgurmagan ekan. Hattoki uning uyidan To'xtasin Isoqovga atayin yozdirgan, tomorqa olish to'g'risidagi ariza ham chiqib qoldi. Qolaversa, tuman IIBning vaqtincha saqlash xonasida ikki qotilning o'zaro so'zlashuvlari yashirincha mangnitofonga yozilganda, aynan To'xtasin Isoqovni o'ldirganlar shular ekanligi o'z tasdig'ini topdi.
* * *
Siddiq Umarovning tuman markazidagi bozorda do'koni bo'lib, payshanba-yakshanba kunlari savdo-sotiq bilan mashg'ul bo'lardi. Sotuvchilarning yuklarini do'konda saqlab, bundan ham daromad topardi. Bozorda yurib marhum To'xtasin Isoqov bilan tanishib qolgandi. To'xtasinni uy-joy qurish uchun tomorqa olish uchun yurganini sotuvchilardan eshitib, unga yanada yaqinroq bo'lib oldi. Aslida bu tanishuv ortida tubanlik yotardi. Uni zimdan kuzatib, har tomonlama sinab ko'rdi. To'xtasin deganlari juda sodda, hammaga ishonuvchan, har qanday tuzoqqa osongina ilinadiganlar xilidan chiqib qoldi. Bu Siddiqqa qo'l kelib, kunlarning birida To'xtasinning qo'liga qo'l solib ko'rdi.
- To'xtasin aka, sizni tomorqa oladi deb eshitdim. Bizga yaqin joyda bitta tomorqa bor. Narxi o'ttiz besh million so'm, olmaysizmi? - dedi Siddiq baliqqa xo'rak tashlagandek.
Tashna odamga suvni taklif qilsang, qanday xursand bo'ladigan bo'lsa, To'xtasin ham suyunib ketdi.
- Bormisiz, uka, ichimdagini aytdiz. Olaman-da! Narxiyam ma'qul. Siddiqboy yaxshilab surishtirib keling, agar o'ttizga bersa olaman, - dedi To'xtasin mamnun bo'lib.
O'sha kunlari To'xtasin shahardagi "dom"ini sotib, uning puliga tomorqa olmoqchi bo'lib yurgandi. Soddachilik qursin, To'xtasin Siddiqning so'zlariga laqqa ishonib, og'zaki kelishuvga ko'ra hali o'zi ko'rmagan tomorqa uchun o'n millionni qurtdek sanab berdi. Pul u qo'ldan bu qo'lga o'tdi-yu, qaytib chiqmadi. Pul ham Siddiqning allaqachon "oborot"iga kirib ketdi. Bu borib turgan tovlamachilikning o'zginasi edi. Ammo bir kun kelib siri fosh bo'lib, ish chuvalashishi aniq. Bundan cho'chigan Siddiqning ko'ngli bezovtalandi. Aslida, hech qanday tomorqa ham yo'q, hech kim bilan gaplashmagan ham edi. Uning nazarida biron yo'lini qilib, To'xtasin gumdon qilinsami, pul tamomila yoniga qoladigandek tuyuldi. Siddiq bir zum nafsining quliga aylandi. Pul uchun bir insonni o'ldirishdek, tuban rejani diliga tugdi. To'xtasinning soddaligidan foydalanib, unga tuzoq qo'ymoqchi bo'ldi. Faqat bu ishda yaxshigina yordamchi zarur edi unga. Bir necha kun o'ylanib yurgan Siddiq nihoyat ko'z ostiga olib qo'ygan Meliboyni yo'ldan urdi. Meliboy deganlari tekin bo'lsa har qanday joyni teshib chiqadiganlar xilidan edi. O'zi yolchitib ishlamas, bozordagi duch kelgan odamga yugurdaklik qilib, ro'zg'or tebratardi. Siddiq Meliboyga odam o'ldirish rejasi borligini aytganida bir cho'chib tushib:
- Yo'q!!! - dedi rangi oqarib, yeyman, ichaman, kiyaman deb turgan bola-chaqasini o'ylab, - yaxshisi pulini o'g'irlab qo'ya qolay, - degan taklifni kiritdi.
- Pulini o'g'irlasang xitlanadi, milisiya chaqiradi. Bir chekkaga borib gumdon qilsak, hech kim bilmaydi, - dedi Siddiq.
Shunday qilib, ular To'xtasinni bir chekkada, izlarni chalkashtirish oson bo'ladigan joyda tinchitish rejasini tuza boshladi. Reja pishgach, yakshanba kuni birgalashib, To'xtasin savdo qilib o'tirgan joyga borishdi.
- Tomorqa aytganingizdek, o'ttiz millionga to'xtadi, - dedi Siddiq To'xtasinni bir chekkaga chaqirib. - Vaqtingiz bo'lsa, pulni qolganini egasiga topshirib, cho'lda bir qovunxo'rlik qilib kelsak. Meliboyni ham o'zimizga sherik qilamiz. U ham biz bilan bir aylanib kelsin!
Hamrohlarining yovuz niyatlaridan tamomila bexabar To'xtasin yana aldovga laqqa tushdi. Polizdan o'z qo'li bilan qovun uzib yeyishga ne yetsin deb, rozi bo'ldi. Narsalarini darhol yig'ishtirib, uyiga borib, bir sumka pul olib keldi. Qabih rejaga ko'ra, uchovi velosipedlarida yo'lga chiqishi lozim edi. Shunday bo'ldi ham. Ular ancha yo'l yurishdi. To'xtasinning ko'ngli biror narsani sezdimi:
- Siddiqboy, oladigan tomorqam qayerda o'zi? - deb so'radi. Siddiq esa sir boy bermay:
- Tomorqa bizning qishloqda. Egasi esa qovunpoyada, cho'lda dehqonchilik qiladi. Biz pulni paykalga olib borib beramiz, - dedi.
Ular 15-20 kilometr yo'l bosishib, kun issig'ida nihoyat cho'l qo'riqxonasining xuddi o'ziga yetib kelishdi. Ikki nokasning ko'zi velosiped rulida osig'liq sumkada, xayollari esa sumka ichidagi millionlarda edi. Ular ham baliqchi yigitlardek, issiqda yo'l yurib charchashib, chanqab o'zlarini soyaga urishdi. Yo'l yoqasidan o'tgan beton ariq suvida yuz-qo'llarini yuvishib, salqinda nafas rostlashdi.
Birozdan so'ng Siddiq o'rnidan turib, o'zi bilmagan holda qo'riqxona tomonga yurdi. Yon-atrofga sinchiklab nazar tashladi. Hech kim yo'q. Siddiqning jug'rofiyani yaxshi bilmasligi ularga qattiq pand berayotganini bilmayotgandi. U o'zicha To'xtasinni qo'shni viloyat hududida o'ldiryapmiz degan xayolga borayotgandi. Vaholanki, bu joy aynan o'zlari yashaydigan tumanga tegishli qo'riqxona edi. Siddiq sheriklarini o'zi turgan yerga chaqirdi.
- Menimcha, yetib kelibmiz-ov! - dedi boshqa yurishga madori qolmay. - Meliboy, do'nglikka chiqib qara-chi, qovunpoya ko'rinadimi?
Bu o'ziga xos signal edi. Shu on Siddiq yonida olib kelgan arqonni chiqardi-yu, zudlik bilan To'xtasinning bo'yniga solib, bir uchini Meliboyga uzatdi.
- Meliboy, chaqqonroq qimirla! Ushla arqonni, tort!!!
Nima bo'layotganini anglab, To'xtasin o'zini rostlagunicha ikkalasi arqonning ikki uchidan torta boshladi. Bo'g'ilib borayotgan To'xtasin jon holatda qo'llari bilan bo'ynidagi arqonga yopishdi. Ilojini topa olmagach, orqasi bilan gupillab yerga quladi. Yuzlari ko'karib, ko'zlari kosasidan chiqib, og'zidan oq ko'pik sachradi... Ikki qotil uning o'lganiga ishonch hosil qilganidan so'nggina arqonni qo'yib yuborishdi.
Yerga o'tirib olib hansirayotgan Meliboy:
- Shu deyman bu ishni bekor qildik-da! - dedi qaltirayotgan qo'llari bilan yuz-ko'zlarini artib. - Bir begunohni bekorga o'ldirdik-da, Siddiq aka! Shundog'am pulini o'g'irlasam ham bo'lardi, ko'nmadingiz-da! Bechora To'xtasin endi yo'q, qaytib kelmaydi-a?! - Meliboy qo'rquvdan o'zicha g'ulduray boshladi. - Qo'rqib ketyapman, bizni topib olishsa qamashadi!
- O'zingni bos, Meliboy! Ko'rdingmi, To'xtasin akangni soddaligi, laqmaligi boshiga yetdi. Senam ko'p laqillayverma, tur yaxshisi buni tezroq gumdon qilaylik! Birontasi bizni ko'rib qolsa bormi, holimizga maymunlar yig'laydi.
Meliboy Siddiqning so'zlaridan biroz hushyor tortdi. Ikkalasi birgalashib murdani ko'tarib zovurga tashlab yuborishdi. Hech kim ko'rmaganiga yuz foiz ishonch hosil qilishgach, jasadning tepasini bilganlaricha xaspo'shlashdi. Odam yo'qligidan foydalanib, shu yerdayoq qolgan pulni sanab, ochko'zlik bilan bo'lib olishdi. Marhumga tegishli velosipedga Siddiq ega chiqdi... Bir qotillik tarixi shu tariqa o'z poyoniga yetdi.
* * *
Ikki qotil ayblariga to'liq iqror bo'lishgach, qamoqqa olindi. Ish nihoyasiga yetib, tuman prokurori Halil Teshaboyev yengil nafas oldi. Zero, begunoh kimsani qotillikda ayblashdan og'irroq gunoh yo'q. Qotilni fosh etish esa oson ish emas.