Olislarga uchgan baxt qushi

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 404
  • Коммент: 0
- O'zi endi boshing balodan chiqdi. Shoshmasdan, hammasini obdan o'ylab, yetti o'lchab bir kesib, six ham, kabob ham kuymaydigan qilib bitkazsa bo'lmaydimi shu ishni?
- Sen ayol emassan, ona emassan! Hech qachon mening qalbimdan kechayotgan tuyg'ularni tushunmaysan! Yordam berasanmi-yo'qmi, shuni ayt!
- Juda qaltis ish-da, Zuhra. O'ylab ko'rish kerak...

* * *
Xonadon badavlat insonga tegishli ekani bir qarashdayoq bilinardi. Bugun urfga kirgan, allaqaysi davlatdan keltirilgan daraxt va gullar ming bir rangda tovlanardi. Muattar hidlari boshni aylantirib, ko'zni tindirardi. Lekin bu manzaralar Zuhraning ko'zidan bir lahzada o'tib ketdi. Hech biri ichki hayajondan kattarib borayotgan qorachiqlarida turib qolmadi.
- Keling, Zinnat opa, kelinglar, tinchlikmi? Kech qolganingizga xavotir olayotgandim, qo'ng'iroq qilsam, telefoningiz o'chirilgan, - dedi beka ularni ichkariga boshlab. Uning ovozi boy-badavlat odamlarniki kabi sokin va jarangdor edi.
- Men... menga xabar keldi. Onam... onamdan... Kasal bo'lib qolibdilar, qattiq. Birdaniga ketadigan bo'lib qoldim. O'r... o'rnimga mana bu dugonamni olib keldim. Odam qidirib ovora bo'lib yurmang, dedim. Ishonchli...

Beka "Zinnat opa", deb atayotgan xizmatchi ayol eng kerakli gapni tez-tez aytib olganidan so'ng bo'shashdi, shekilli, peshonasini marjon-marjon ter qopladi.
- Onangizga nima bo'libdi? Ishqilib, siz yetib borguncha qaraydigan odam bormi? To'xtang, tilingizning ostiga validol tashlab oling, rangingiz oqarib ketdi. Men Bosit akamga qo'ng'iroq qilay, bilet...
- Bilet oldim. U kishini ovora qilmang. Men tezroq ketsam degandim...

...Zuhra beka ichkaridan olib chiqqan dorini epchillik bilan Zinnatga tutqazdi. Shundan keyingi voqealar ko'z ochib yumguncha ro'y berdi.

Beka qaygadir qo'ng'iroq qildi. Kimlardir Zinnatga jomadon yig'ishtirishga yordamlashdi. Hayal o'tmay Zuhra nomini ham bilmaydigan allaqanday mashinalarning birida g'uv etib Zinnatni olib ketishdi. Beka ham kutilmaganda yuz bergan o'zgarishdan parishon tortdimi, Zuhrani ko'p ham so'roq-savolga tutmadi.
- Mana bu sizning xonangiz. Ikki-uch kunlik masalliq tayyor bo'lsa kerak. Menyu, oshxona, taom tartibi... Xullas, Zinnat opa bunaqa ishlarning piri bo'lib ketgan edi. Kutilmagan tashvishdan gangib, sizga hech narsani tushuntira olmadi chog'i. Mayli, so'rab-so'rab o'rganib olasiz. Zinnat opam o'rniga o'zi ishonmaydigan odamni tavsiya qildi, deb o'ylamayman. Bizga yoqmaydigan ish qilib, Zinnat opamni xijolat qilmaysiz, degan umiddaman, - dedi o'zini Malika deb tanishtirgan xonadon bekasi.

Zuhra esa uning hech bir gapini qulog'i ostidan o'tkazib yubormaslikka harakat qilar ekan, qalbi: "Qani u? Qayerda?" deya isyon qilayotgandek edi. Axir bu dunyoda hech bir intizorlik bolaning sog'inchiga o'xshamaydi.

* * *

- Nega bunday bo'libdi? Nega menga aytmading? - dedi Malikaning eri ishdan kelgach, xotinidan yangilikni eshitib.
- Zinnat opa juda shoshib qoldi. Onasi og'irroqmi deyman, nuqul dovdiraydi.
- Eshikdan kirib kelgan har kimni qabul qilib bo'larkanmi hozirgi zamonda?! Soddaligingiz qolmadi-da, Malika? - deya erining peshonasi tirishdi.
- Nega bunaqa deysiz? Zinnat opa tavsiya qildi-ku! Bechora shuncha tashvish ichida ham bizni o'ylabdi. Qolaversa, bu ayolning pasportini, tavsiyanomasini tekshirdim. Bog'chada murabbiya bo'lib ishlagan ekan.
- Nega kelibdi shaharga?
- Voy, Bosit aka-ey, dardi bordir-da, ayol kishi issiq o'rnini sovutib, bekorga shuncha yo'l bosib kelarmidi? Bilarmiz asta-sekin. Darrov: "Kimsan, nimasan?" deb yoqasiga yopishmayman-ku.
- Baribir, tekshirish kerak.

Boy-badavlat odamlar qurgan imorat bo'lsayam, devorlari yupqa ekanmi yo Zuhraning butun vujudi quloqqa aylangani uchun ship etgan tovushga ham sezgir bo'lib qolganidanmi Malika bilan eri orasidagi suhbatni bemalol eshitdi. Ammo xonadon sohibining: "Tekshiramiz" degan gapi unga unchalik qo'rqinchli tuyilmayotgandi. Chunki u o'g'li Temurni ko'rgan edi...
- Fotima opa, tushlikni o'g'lim kelganda berasiz, - dedi Malika oshxonaga bosh suqib.

Uning yuragini g'alati bir his chulg'adi. "Bolam, jonimning parchasi. Men senga ilk bor taom tayyorlayapman", dedi ichida. Hayal o'tmay, darvozada mashinaning gurillagani eshitildi.

Zuhra ichki sezgi bilan o'g'li kelganini bildi. Qo'lidagilarni otib, tashqariga yugurmoqchi bo'ldi. U eshikni men ochaman, deb o'ylagan edi, ammo Malika to'xtatdi:
- Siz ovora bo'lmang. Tushlikni hozirlayvering. Men o'g'limni birpasda sog'inib qolaman.

Zuhra ikki-uch qadam orqaga tisarildi-yu, ammo oshxonaga kirmadi.
- Oyijon, assalomu alaykum, - dedi o'g'li Malika tomon yurib. Ona bolaning ko'rishishini ko'rib turar ekan, Zuhraning yuragi qafasidan chiqquday gursillab urardi.
- Yaxshi keldingmi, bolam? Bugun bizni nechta "5" bilan suyuntirasan? Yana matematikadan "5" oldingmi, balli, ota o'g'ilsan-da!

Zuhra o'zini boshqara olmadi, ularga yaqin keldi. Bolaning katta-katta qora ko'zlariga hayrat ifodasi yoyildi.
- Temur, o'g'lim, tanish, bu kishi Fotima opa. Sen uni Zinnat xolang kabi xola, desang ham bo'laveradi. Bugundan boshlab biznikida yashaydi.
- Zinnat xolam-chi? - bolaning ovozi Zuhraning yurak devorlarida aks-sado bergandek bo'ldi.
- Onasi betob bo'lib qolibdi. Yurtiga ketdi.

Bola Zuhraga ham salom berdi. "Juda yaxshi tarbiyalashibdi. Chinakam aslzodalardek. Malika otasiga tortgan, deb qayta-qayta aytyapti, chindan ham, otasiga tortgan" deya o'ylardi Zuhra.
- Fotima opa, dessertni olib kelasizmi? Temur ozgina dam olib, basseynga ketadi, - Malikaning buyruqlaridan yiroq, shirin ovozi Zuhrani o'ylashga, quvonishga, rejalarini yangilashga qo'ymasdi...

* * *

Mana, necha kundirki, farzandining nigohlari ko'ziga tushadi. Ovozini eshitadi. Oppoq, nozik qo'llari bilan vilka, qoshiq tutganini ko'radi.
- Ovqatingiz shirin bo'libdi, Fotima xola, rahmat! - deganida ichiga quyosh kirgandek bo'ladi, lekin ichidagi intizorlik tuyg'usi o'lmaydi. "Xudoga shukr qilsang-chi, bolang o'n yoshga kiribdi. Sog'lom, chiroyli. Sabr qil, unga erishasan. U onasi ekanligingni, baribir, ertami-kechmi biladi", deya o'z-o'ziga yuz marta aytsayam, yuragi ko'nmaydi. "Bag'ringga bos!" deb isyon qilaveradi.

... Ana, dilbandi ikki xona narida uxlayapti. Koshki, yoniga kira olsa, boshida bir zumgina o'tirsa... Ammo bunga imkon yo'q. Malika bot-bot kirib, bolasidan xabar olib turadi. Uning bag'rikeng, oqko'ngil ayol ekanligini Zuhra allaqachon bilib olgan. Garchi Bosit aka o'sha kundan buyon Zuhrani savol-javobga tutmagan bo'lsa-da, har qaraganda ko'zlari badanini teshib o'tay deydi. Zuhra uning ishonchiga yuz foiz kirmaganini sezadi. Shuning uchun tezroq harakat qilishi kerak... Ali ham bezovta. Zuhra o'ziga yordam berayotgan, erta-indin bolani olib ketsa ham, yordam berishi mumkin bo'lgan yagona odam shu sinfdoshi Aliligini biladi, unga yomonlik tilamaydi, zarari tegishini istamaydi.

Allaqachon xonasining chirog'ini o'chirgan bo'lsa-da, Zuhra tikan ustida yotgandek edi. Nima qilsa, bolasini bu xonadondan olib chiqib ketadi?! Nega uning taqdiri bu qadar chigal? Nega o'n to'qqiz yoshidan hayot yo'llarida adashdi? Bor aybi unashtirilgan yigitiga to'ydan avval izn-ixtiyorini berib qo'yganimi? Yo Xudoyimga xush kelmagan bittagina nojo'ya ish ham odam bolasining yoqasidan tutib, o'sha xatoning javobini so'raydimi?

... Zuhra Akbarni o'ladi, o'zi homilasi bilan qoladi, deb o'ylabdimi? Ikkovi ham chiroyli, yosh edi, yuraklari bir-biriga talpinib turardi. Zuhra o'sha tun uzoq yig'lagandi:
- Xato qildik, Akbar aka. Har narsaning o'z o'rnida bo'lgani yaxshi edi, - dedi. Akbar uni bag'riga bosib ovutarkan:
- Yozga chiqib to'y qilamiz, axir unashilganmiz-ku, - dedi.

Lekin o'zi bir oy kasal bo'lib yotibdi-yu, Zuhrani homilasi bilan bu g'amli dunyoni yolg'iz tashlab ketdi. Doktorlar: "Miyasida o'sma bor ekan, ortiqcha gap-so'z kasalini og'irlashtirarkan", deyishgani uchun Zuhra boladan og'iz ocholmadi. To'g'risi, u so'nggi daqiqalargacha birorta mo'jiza yuz berib, Akbarning omon qolishiga ishongandi. Lekin mo'jiza yuz bermadi...

Akbarning o'limidan so'ng hech kim unga ishonmadi. Shaharga qishloqdagi ta'nalardan qochib kelganida endi qanday yashashini, kim unga panoh bo'lishini bilmasdi.

O'rindiqda har o'tganga javdirab o'tirgan kampirdan hol so'rab, uning qishloqdan shahardagi o'g'linikiga kelayotib, adashib qolganini bildi. Onaxonni o'g'linikiga yetaklab bordi. Shu-shu Zuhra onaxonning kelini xizmatchilik qiladigan xonadonga kirib bordi. Xonadon bekasi mehribon, kambag'allikdan davlatga yetgan oqila ayol edi. U Zuhrani bag'riga oldi. O'g'li shu xonadonda dunyoga keldi. Zuhraning erga tegishga istagi yo'q edi. U o'g'liga yaxshi ona bo'lmoqchi, Akbarning yodi bilan dunyodan toq o'tmoqchi edi.

"Hali juda yoshsan, o'n gulingdan bir guling ochilmagan, sen boradigan baxt qasri yurar yo'llaringda turibdi", dedi beka. Zuhra bu qasrni ham o'g'lida ko'rardi. Agar beka yo'g'ida ko'z ostidan o'qtin-o'qtin qaraydigan eri bo'lmaganida, bu qasrga yetarmidi, ehtimol...

Bir oqshom beka yo'g'ida shirakayf erkak uning ustiga bostirib kirdi. Shunda Zuhra hiyla ishlatib, hovliga chiqib oldi. Ammo qochay desa, bolasi o'sha uyda edi. Birovni yordamga chaqirish foydasiz. "Bir kara nikohsiz farzand ko'rgan ayolga kim ham ishonardi? O'zing ko'z suzgansan", deyishlari aniq edi. Zuhra ortiqcha o'ylay olmasdi, chunki erkak:
- Meni aldab ketsang, bolangni pora-pora qilaman! - deb o'kirdi.

Allaqayerdan qo'liga bolta ilindi...
(Davomi bor)


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.