Zuhrani xotiralar qisib kelsa, hansirab, qora terga botardi. To'qqiz yillik mahbuslik uning jismi-joniga ta'sirini o'tkazgandi...
Zuhraga yotgan yumshoq karavoti ham qattiq botayotgandek tuyildi. Turib o'tirdi. Nima qilsa ekan? Tezroq harakat qilmasa bo'lmaydi.
Ali orqali Fotimaning pasportini oldi. Egizagiga ikki tomchi suvday o'xshaydi u. Lekin Fotima ham omi emas-ku, xorijga chiqish uchun ikki-uch haftaga ruxsat tegishini biladi. Pasportini bahona bilan so'rab olgan sobiq maktabdoshi Aliga: "Pasportimga xorijga chiqish uchun muhr bostirgan bo'lsang, qaytarib ber", deyishi aniq. Zuhra o'sha xatarli daqiqalar kelmasdan avval bolasini bu xonadondan olib chiqishi kerak.
- So'rab-surishtirdim. O'g'lingni o'ziga to'q xonadon farzandlikka olibdi. Sen o'z hayotingni o'yla! - degandi Ali uni shashtidan qaytarish uchun. Ammo Zuhra ko'nmadi.
- Men uni o'zim tarbiyalashim kerak. Bu dunyoda boru yo'g'im shu bola . Muhabbatu dardimdan yodgorligim, menga boshqa hech narsa kerak emas. Usiz menga yashashning qizig'i yo'q, - dedi. Ali esa uning o'jarligini bilardi.
- Keyin qiynalasan. Begona pasport bilan birovning uyiga kirib olganing fosh bo'lsa, yana tiqib qo'yishadi, - dedi. Ammo Zuhrani ahdidan qaytara olmadi...
Mana, endi u o'ziga: "Tez, juda tez harakat qil!" deb buyruq beradi, xolos...
* * *
- Siz yangi xizmatchisiz-a? - dedi qo'ng'iroq qilgan kishi Zuhra go'shakni ko'tarishi bilan.
- Ha, - negadir biroz dovdirab qoldi Zuhra.
- Temur uyga bordimi? "Ha" yo "Yo'q" deb javob bering, vahima ko'tarmang.
Zuhrani so'rovchining savolidan ham ko'ra, ko'proq ovozidagi tahlika qo'rqitdi.
- Y-o'q, - dedi nafasi ichiga tushib, - unga nima bo'libdi? Qayerda u?
- Bola-da, hadeb qafasga solingan jonivordek bir chiziq bo'ylab aylanavermaydi-ku, u yoq-bu yoqqa chiqqandir, vahima qilmang, dedim-ku, onasi bilmasin! - qo'ng'iroq qilgan erkak o'zini bosib oldi, shekilli, endi ovozi bir tekis chiqa boshladi.
Zuhra uning Temurni o'qishga, sport mashg'ulotlari va yana allaqayerlarga olib yuradigan haydovchi ekanini ovozidan tanidi.
- Onasi bilib bo'ldi, - dedi bo'shashib.
- Kim ekan? Nima deyapti? - Malika tez-tez soatiga qarab qo'yar, bot-bot Temurga qo'ng'iroq qilardi.
- Adashib tushibdi, - dedi Zuhra imkoni boricha muloyim ovozda.
- Negadir o'g'lim kechikyapti. Telefonini ham olmayapti, - Malika nimaningdir ilinjida Zuhraga termildi.
- Kelib qolar, bola-da, - dedi Zuhra parishonroq holda.
- Shu haydovchini almashtirish kerak o'zi, dunyoni suv bossa, to'pig'iga chiqmaydi. Shit etgan tovushdan yuragim titrab turishini biladi-ku!
- Biror narsaga chalg'igandir, xabar berib qolishar, balki, maktabida ushlanib qolgandir. Ovqatingizni beraveraymi? - Zuhra bu savolning javobini bilsa-da, chalg'ish va chalg'itish uchun Malikadan so'radi.
- Temursiz tomog'imdan ovqat o'tarmidi? Kelsin, keyin...
Zuhraning yuragi achisha boshladi. "Axir men bolamni olib ketaman-ku. Keyin nima qilasiz? Och yashamaysiz-ku? Qolaversa, bu bolasiz ham sizning quvonchingiz yetarli-ku! Mehribon eringiz, davlatu savlatingiz bor. Mening esa Temur (u birovlar qo'ygan otga endi o'rgana boshlagan edi, axir u bolasiga "Yodgorjon" deb ism qo'ygan edi-da)dan boshqa hech kimim yo'q!" deya so'zlandi ichida.
* * *
"Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi", deganlaridek, shumxabarni ham yashirib bo'lmaydi. Telefon simlaridan boshlangan noxushlik hayal o'tmay dang'illagan hovlining to'rt tarafiga sochildi.
- Onasi bilmasin, yuragi yomon, ko'tara olmaydi, - deya Bosit aka bu xabarni yashirmoqchi bo'lsa-da, ammo Malika botiniy bir sezgi bilan o'g'li yo'qolganini his qildi...
... Bosit aka qo'l telefonini changallab yog'och o'ymakorli maxsus taglikka o'rnatilgan allaqanday oppoq yaltiroq ashyodan ishlangan uy telefonining yonida o'tirar, asabiylashganidan ketma-ket chekardi. Lablari ko'kimtir tusga kira boshlagan Malika qo'li bilan yuragini changallagancha divanga o'tirardi.
- O'rtoqlari bilan yurgandir, deb meni ovutmoqchi bo'ldingiz. Vaqtdan yutqizdik. Uni o'g'irlab ketishgan, o'zi ikki-uch kundan buyon tushlarim alag'da edi, - Malikaning ovozi yuz yillik bemornikiday shikasta edi.
- Balki, rostdan o'rtoqlari bilandir. Kimdir men bilan bu borada savdolashishga ishonmayman. O'zingni bos. O'g'lingga sog' holingda keraksan. O'hho', hali qancha ishlar bor, - Bosit aka shunday deb damba-dam xotinining yoniga kelar, yelkalarini silab qo'yardi...
"Ular hech kimga xabar qilishmadi. Haydovchiga ham o'zimiz aytmaguncha hech kimga og'iz ochma, deyishdi. Men nima qilay? Alining shaharning to'rt tomonida qo'l, ko'z, oyoqlari bor. Sekin xabarlasammikan? Bu yaxshimi yo yomon? E, Xudoyim, rostdan Temurga bir gap bo'lgan bo'lsa-chi? Ba'zi kasalliklar suyak suradi, deyishardi. Otasining xastaligi unga o'tgan bo'lsa-ya?" degan o'ydan tobora kichrayib borardi Zuhra. U Temurni bir burchakda hushidan ketib yotgan holda tasavvur etar, qimmatbaho sumkasi, kiyimlarini kimdir o'g'irlayotgandek tuyilardi.
- Bositxon, - Zuhra uy egasining ismini birinchi marta tilga oldi. Ammo qizarib, terlab ketdi aytgunicha. - Temurjonning boshi og'rimasmidi?
Bosit akadan avval Malika tilga kirdi:
- Bu nima deganingiz? Siz biror narsani bilasizmi? Bilsangiz, yashirmay ayting.
- Yo'-o'q, o'zim... Mabodo, deyman-da...
... Uydagi sukunat ko'pga cho'zilmadi. Malika yanglishmagan ekan. Kimdir qo'ng'iroq qilib, katta pul so'radi. Qo'ng'iroq qilgan kishi joyini va vaqtini aytmadi.
- So'raganimizni topganingdan so'ng uchrashuv joyini aytamiz. Tilingga mahkam bo'l. Xabar tarqalsa, bolangni tirik ko'rmaysan! - degan tahdidlar bu voqeada hech qanday hazil yo'qligini anglatar edi,
- Malika, jon Malika, o'zingni qo'lga ol! Pul topiladi. Mashina, juda bo'lmasa, uy bor-ku! Jon so'ramayapti-ku! Pul topiladi! Men hozir! - deya hovliqardi Bosit.
"Malika taqinchoqlarini qutisi bilan olib chiqib qo'ydi, demak, Temur ularga shuncha aziz" o'yladi Zuhra uy ichida g'imirlab, qandaydir bir mo'jiza sodir bo'lib, bolani o'zi topib olishni, uni uzoq-uzoqlarga olib ketishni o'ylarkan.
- Bekangizga hushyor bo'ling. Bizning yetti yosh qizalog'imiz ko'chada avtohalokatda halok bo'lgan. Malikaning ko'z o'ngida. Maktabga kuzatib qo'yayotib... U hanuzgacha o'zini kechira olmaydi. Hamshira chaqirdim, tinchlantiruvchi ukol qiladi, - dedi Bosit aka ketayotib Zuhraga.
... Hamshira kelgani bilan Malika ukol olishga ko'nmadi.
- Meni uxlatib qo'yasiz, men xohlamayman, - dedi. Hamshira bir Zuhraga, bir Malikaga qaradi, ammo hech narsani tushunmadi.
- Qon bosimingiz ko'tarilibdi, tinchlikmi? - deb so'radi, nihoyat.
- Bo'lib turadi, dori berib ketavering, ukol kerakmas!
Zuhra vaziyatni qo'lga oldi. Hamshira o'zicha qandaydir muolajalar qilgan bo'lsa-da, chiqib ketdi.
Zuhra Malikaning boshi sajdaga tekkani, biror kalima oyat o'qiganini ko'rmagan edi. Hozir u mehmonxona javonida turgan Qur'onni olib, bag'riga bosganicha ko'zlarini yumib, iltijo qilardi. Zuhra uning lablari qimirlashidan "Alloh, Alloh" kalomi qanday aytilayotganini sezardi.
"Men nima qilay? Axir men bu yerda poyu-patak bo'lib nima qilib yuribman? Mening pulim yo'q, lekin mehrim bor-ku! E, Xudo, yo'l ko'rsat, men ham nimadir qilay. Ana, Bosit aka qora terga botib, pul topib keldi. Mashina, uy, deyishyapti. Demak, ular so'ragan pul uchun uy ham, mashina ham ketdi". Zuhrani qarama-qarshi xayollar qiynay boshladi. U bu uyga ilk bor kelganida: "Begona ota-ona bolani, baribir, o'zinikiday yaxshi ko'rmaydi, kerak paytda kuyunmaydi. Osongina olib chiqib ketaman" deb o'ylagan edi. Ammo hozir yanglishganini his qildi...
Hadeganda qo'ng'iroq bo'lavermas, er-xotin tiq etgan tovushni intizorlik bilan kutishardi. Qosh qoraya boshlaganda telefon emas, eshik qo'ng'irog'i jiringladi. Zuhraning yuragi oyog'idan avval chopdi. Ostonada Temur turardi, horg'in...
- Temurbek, o'g'lim! - dedi Zuhra uni bag'riga bosib.
* * *
Er-xotin Temurni o'rtaga olib, divanda o'tirishar, bo'lib o'tgan gaplarni qayta-qayta eshitishardi.
- Aniq Muhsin akang edimi? Balki, adashgandirsan?
- Aniq Muhsin akam edi, adajon, begona mashinaga chiqarmidim? Oyim rosa tayinlaydilar-ku, o'g'lim, men uchun o'zingni ehtiyot qil, senga bir narsa bo'lsa, o'lib qolaman, deydilar-ku, - derdi Temur hovliqib.
Zuhra goh choyni yangilar, goh kofe damlab kelarkan, Temurning hikoyasidan uni begona emas, o'z haydovchilari Muhsin aka olib ketgani, ancha yo'l yurgach: "Shu yerda o'tira tur", deb bir uychaga kiritib, qulflab ketganini bildi.
- Muhsin akam telefonimniyam olib ketdi. Shuning uchun sizlarga xabar qila olmadim. Keyin o'g'illari Asqar akam keldi, eshikni ochib kirdi, keyin meni uyga tashlab ketdi.
- Asqar hech narsa demadimi?
- "Soat esingdami, Temur, bu o'sha soat uchun", dedi.
- Qanaqa soat? - er-xotin savol berishdi unga.
- Oyi, ada, meni urishmanglar. Tilla soatimni yo'qotib qo'ydim, deb bahorda yolg'on gapirgan edim. Asqar akam birovning mashinasini avariya qilib qo'ygan ekan, pul berishi kerak edi o'sha odamga. Asqar aka pul topolmay qiynalib yurganida o'sha soatimni bergandim.
- Ahha, Muhsinda yo'q yurak o'g'lida bor ekan-da! Qo'ynimda ilon asragan ekanman-da! O'zi o'g'irlab, pul undirmoqchi bo'libdi-da. Kimni sherik qildi ekan? Qay ablahga qo'ng'iroq qildirdi ekan? - shunday deb Bosit aka o'rnidan turib ketdi-da, telefonidan raqam terdi.
- Qo'ying, adasi. O'g'limiz keldi-ku. O'g'li Temurni uyga olib kelganini bilgandir, endi telefonni ko'tararmidi? Qo'yavering. Har yomonning jazosi o'zi bilan. O'g'li yaxshi ekan-ku, baribir, - Malika Temurning sochlarini silab gapirarkan, ko'zida yosh yiltirar edi. - Fotima opa, siz ham biz bilan birga charchadingiz, kirib yotavering. Stol ertaga yig'ishtirilar. Bu dunyoda to'rt ko'z tugallikdan a'lo baxt yo'q ekan. O'g'limni sog'-omon bag'rimga bosganim uchun hech narsadan xafa bo'lmayman endi. Xudoga shukr, o'g'lim keldi! Yoting, ertaga ham kun bor.
Bosit aka hiyla tinchigan bo'lsa-da, pir-pir uchayotgan qovog'i haydovchisining xiyonatini og'ir olganligidan dalolat berib turardi...
Zuhra yuvinib, yotog'iga kirdi. Qulog'iga Bosit akaning:
- Odamga ishonib bo'lmas ekan. Shuncha yillik haydovchim-a! Ranjitganimni eslay olmayman. Yaxshiyam, otasi bunaqa bunaqaligiga o'g'li tuzuk ekan, balki, onasi yaxshidir. Manovi xizmatchi ayol ham osmondan tushgandek to'p etib tushdi, tekshirish kerak uniyam, - degan gapi kirdi.
Yuragi uvishdi. "Ketishim kerak. Izimga tushishsa, qamoqdan chiqqanim, Fotimaning pasportini o'g'irlaganim fosh bo'ladi. Alining sha'ni bor o'rtada, ketishim kerak". Zuhra shunday derdi-yu, katta-katta ko'zlari Akbarnikiga o'xshash Temurdan uzoqlashishi kerakligini o'ylasa, jonida mislsiz bir og'riq his etardi.
"Hali meni tekshirishmas, yana bir-ikki kun turay, balki, shu bir-ikki kunda Xudoyim menga o'g'limni qaytarar", deb umid qilar, lekin umidini shamol uchirib borayotgan pufakdek ekanligini ham his etib turardi...
Tun yarimdan og'gan. Bir-birining bag'riga kirib ketgan ota-ona va o'g'il hanuz mehmonxonada edi. Ular o'rinlaridan turib, chiroqni o'chirishsa, xonasiga kirsa, yana bir ko'ngilsizlik yuz beradigandek bir-birlaridan ayrilishmas edi.
Zuhra esa hamon hayot yo'lining boshida bir nafaslik ehtirosni yengib o'tolmagan boshqa qizlar kabi qismatning yangi zarbasiga - bolasi bilan abadiy ayriliqqa hozirlanar edi...