“OTA UYIMGA BEGONAMAN...”

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.02.2016
  • Просмотров : 393
  • Коммент: 0
Ba`zida shovqin-suron, yugur-yugurlar tinmaydigan, doim harakatda bo`lgan shahardan charchab ketaman. Qaerlargadir bosh olib ketgim keladi. Ammo qaerga? Bir paytlari tug`ilib-o`sgan, bolaligim kechgan, bugun men ancha olislab ketgan uyimgami? Ammo qanday qilib? Garchi oradan yigirma yil o`tgan bo`lsa-da, bemalol ota makonimga kirib borolmayman. To`y-hashamlarda ham panalarda o`tirib kelaman.

...Bir paytlari shu katta shaharga bir olam orzular bilan kelgandim. Odamlar gavjum, ko`rkam poytaxtni ko`rib bu erda o`qish istagi yanada kuchaygandi. Maktabni a`lo baholarga tugatganman. Imtihonlardan ham qiynalmay o`tdim. Talaba bo`ldim. Orzularim shu shaharda ushaldi, desam xato bo`lmaydi. Ammo ularning badalini bir umr to`lashimni xayolimga keltirmagandim.

Mirzohid aka bilan bir guruhda o`qiganmiz. O`ziga ishongan, bilimi, o`zini tutishi, fikrlashi bilan boshqalardan ajralib turadigan bu yigit guruhimizdagi deyarli barcha qizlar orzusidagi shahzoda edi. U esa malikalikka men tanladi. Ha, bir olam va`dalar bilan! Men uning yonida o`zimni haqiqatda malikadek his qilardim. Bora-bora bu olam faqat u va uning sevgisidan iboratdek tuyula boshladi menga. Ko`zlarim ko`r, quloqlarim kar edi sevgidan.

Va bu sevgi qimmatga tushdi. Ammo ortga yo`l yo`q edi. Yo`q, shahzodam meni aro yo`lda tashlab ketmadi. Ammo otam turmushimizga qattiq qarshilik qildi. Shuncha joydan o`qishga ishonch bilan jo`natgan qizi yuziga oyoq qo`yganini kechira olmadi. Kechira olmasdi ham.

Biz esa ota-onalarimizga qarshi borib, shaharda kichkina to`y qildik. O`zimizcha xursand edik. Mayli, butun dunyo bizga qarshi bo`lsin, bir kuni bizni tushunishar, kechirishar deb o`ylardik. Chunki u paytlari yosh edik, muhabbat ko`yida o`ynab-kulib yurardik. Erim ham o`qishni tugatgach, katta bir korxonaga ishga joylashdi. Ishbilarmonligi sabab mansab pillapoyalaridan ham tez ko`tarildi.

Men esa oradan ikki yilcha o`tib, ona bo`ldim. O`g`limni ilk bor bag`rimga bosganimda onamni qanchalik sog`inganimni his qilganman. O`shanda onam “bolamni bir ko`rib kelay”, desa ham otam ruxsat bermagan. Singillarim esa mening kasrimga qolib o`qiy olishmadi. Akalarimning boshi xam bo`ldi.

“Usmon akaning Toshkentga o`qishga ketgan qizi yashirincha erga tegib olibdi” degan gap-so`zlar otamning qaddini bukkan. Oriyatli, ko`pga bosh bo`lgan otajonim shu sabab ham meni uyga kirita olmagan.

Haliyam esimda: singlimni uzatishayotganda, ya`ni bu yuziqarolikdan besh yillar o`tib uyga bordim. Faqat shu singlim bilan o`sha paytlari xat yozishib turardim. Men to`yga kirib borsam, etaklab olgan bolamni ko`rib dadamning yuragi yumshar deb o`ylagandim.

Biroq afsuski bunday bo`lmadi. Darg`azab bo`lgan otam to`yni to`xtatmoqchi bo`lgan, hatto. Onam sho`rlik nima qilishni bilmay meni xolamnikiga jo`natib yuborgan. O`shanda qon yig`lab Toshkentga qaytgandim.

Erim esa ahvolimni ko`rib kinoya bilan kulgan: “Men senga borma degandim-ku!” O`shanda birinchi marta ota-onamdan, uyimdagilardan kechib bu insonni tanlaganimni ming bor pushaymon qildim.

Bora-bora erim uyimdagilar haqida gap ochishga ham qo`ymaydigan, meni esa mensimaydigan bo`ldi. Chunki ishlari yurishib, rahbar lavozimida ishlardi. Qaerga borsa, xizmatiga odamlar shay turardi. Men uydan chiqolmasdim ham.

Ketma-ket to`rt farzandlik bo`ldik. Qaynonamlar ham erimning obro`si, o`g`lining toparman-tutarmonligi uchun biz bilan bordi-keldi qilardi. Lekin meni doim begona hisoblashardi. Yilda bir-ikki marta turmush o`rtog`imning qishlog`iga borardik. Shunda ham qaynonam meni kelin o`rnida ko`rmas, “Bolamning boshini aylantirib tegib olgan-da” deb doim obdon ta`rifimni keltirardi. Nima ham derdim? Chidashdan boshqa ilojim yo`q... O`zim pishirgan osh...

Ba`zida kichkinalarim “bizning buvimiz, bobomiz qaerda?” deb savol berib qolishadi. Ularga olislarda juda yaxshi bobo-buvisi borligini aytanman-u, qo`llaridan tutib olib borolmayman. To`ylar bo`lsa ham, erim zo`rg`a, ming marta do`q urib ruxsat beradi. Boraman-u qaytaman. Ammo ota uyimga qadam qo`ya olmasdim.

Bundan ikki yil oldin otamning sog`ligi og`irlashganda, birinchi bor o`zi yo`qlatdi. “Uzoqqa bormasam kerak, Sanobarni aytinglar” degan ekan o`shanda. Singlim qo`ng`iroq qilib, vaziyatni boxabar qilgach, erimdan zo`rg`a ruxsat oldim-u, qishlog`imga ravona bo`ldim.

Borsam dadamning ahvollari og`ir, meni ko`rib, o`rnidan turmoqchi bo`ldi. “Sanobar yaxshimisan, bolalaring katta bo`lib qoldimi? Nevaralarimni ham ola kelmapsan-da”, dedi. Men esa ancha payt o`zimga kelolmay ko`zyosh to`kib o`tirdim. Otam aytganlaridek uzoqqa bormadi. Oradan ikki kun o`tgach, bu hayotdan ko`z yumdi. O`limlaridan avval “Sanobar, seni kechirganman” dedi. O`shanda u kishining ko`zlariga boqib, otamga qanchalik qiyin bo`lganini tushunib etdim. Oq yuvib oq taragan, kun kelib yuziga oyoq bosgan qizining taqdiri uchun bir umr kuyib yashaganini angladim. Ovozim qaltirib, “Kechiring” deya oldim xolos.

Mana bu shaharda yashayotganimga ham yigirma yil bo`lib qolibdi. Bolalarim shu erda tug`ildi, o`qishdi, katta bo`lishayapti. Bag`rimda omon yurishibdi. Ammo yuragim baribir kemtik. Erim uchun shunchaki uy bekasi, bolalarning tarbiyachisiman xolos. U meni farzandlarining onasi o`rnida ham ko`rmaydi. Chunki shunday o`ylaganda, bunaqa munosabatda bo`lmasdi. Yaqinlarim uyimga o`ynab-kulib kela olishmaydi. Onam biror marta ostonamdan hatlamagan. Bolalarim bolaligim o`tgan uyni ko`rishmagan ham. Chunki otasi ruxsat bermaydi. Yoshligimdagi birgina xatom meni o`zimdan, o`z uyimdan, yaqinlarimdan ayrigani uchun kuyinib ketaman. Ammo endi ortga yo`l yo`q...

Yuragimdagilarni sizlarga aytib berishimdan maqsadim, yoshlar men kabi adashmasin. Ota orini, oila nomusini asrashsin. So`nggi pushaymondan kuyishmasin...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.