Qaynonamga aytmoqchi bo'lganlarim...

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.02.2016
  • Просмотров : 438
  • Коммент: 0
Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan Dilbar ismli muxlisamiz avvaliga dilidagilarni ayta olmay ancha sukut saqladi. Lekin hayajoni bosilgach, quyidagilarni so`zlab berdi...

— Bu gaplarni har doim keksa, nuroniy qaynonamga aytishni istaganman. Lekin odamzoddagi g`ururmi, istiholami, nimadir yuragingizdagini aytishga to`sqinlik qilarkan.

Men ham uch yildirki, bu gaplarni dilimda saqlab yuribman. U kishining oldida qarzim ham, burchim ham juda ko`p deb o`ylayman.

Xalqimizda “Qari bilganni pari bilmas”, degan naql bor. Bunga men o`z hayotimda ishonch hosil qildim. Keksalar bizga turmush yumushlarida balki ko`maklasha olmas, bunga kuchi-quvvati etmas, ammo oltinga teng nasihatlari har qanday yordamdan a`lo. Men buni bilgunimcha, qaynonamning boshiga ko`p ko`rgiliklar soldim...

Tan olaman, ko`zim ochilgunga qadar yaxshi kelin bo`lmaganman. Etti kelinning kenjasi edim. Meni uzatib kelishganda qaynonam etmishdan oshgan, nevaralarini ovutib o`tirishdan boshqasiga yaramasdi.

— Bolaginamning bolasi, qanddak o`rikning donasi, — deya ovsinlarimning bolalarini yoniga to`plab o`ynatib o`tirardi.

Katta ro`zg`or, ish, homiladorlik meni charchatardi. Shuning uchunmi, uydagi bolalarni yoqtirmasdim. Nazarimda, ular men ishdan qaytgunimcha hamma joyni ag`dar-to`ntar qilib, tashvish tug`dirib o`tirgandek.

— Uylarida o`tirsa bo`lardi! Kelavermay... — to`ng`illay boshladim asta-asta.

Avvaliga qaynonam indamadi. Bu qilig`im tez-tez takrorlangach, boz ustiga ularning ovqatlanishiga yo`l bermay qo`yganimdan so`ng chidab turolmadi:

— Bular bola, kelin. Men tirik ekanman, kelishadi. Men bo`lmay-chi, oyoq bosisharmikan?

— Kelmasin, demayman. Kelishsin, ammo sal tartib saqlab o`tirishsa bo`larmidi?

— Bolali uy — bozor. Bola bo`lgandan keyin o`ynaydi, chopadi, sakraydi. Nonni balandga olib qo`yganingiz nimasi?

— Yugurib yurib non eyishadi. Hamma erga ushoq tushadi. Menam charchayman, oyi...

— “O`tirib eng”, desangiz shular ham tushunadi. Uylariga borib, “Kelinoyim bizga non bermadi”, desa nima bo`ladi? Uyat-a, uyat!

Bu gaplarni eshitmagandek, qovoq osib uy yumushlarini qilaverdim. Tag`in nima qilibman, deng?! Kech bo`lganda erimga gina qilibman. Kim bilsin, balki rostdan charchagandirman, ehtimol, yoshlik qilgandirman?! Bugun shularni o`ylab o`zimdan uyalaman, o`zimni koyiyman. Buni qarangki, erim ham jon qulog`i bilan tinglagan ekan.

— Tongdan turib hovlini supuraman, sigir sog`aman, ishga boraman. O`zi ko`nglim aynib, qusib, ichimga ovqat tushmay, sillam qurib yuribman. Bu ham etmagandek, onangiz har kuni nevaralarini boshiga yig`ib, uyni to`zg`itib o`tiradi. Yig`ishtirib ulgurmayman. Ovqatni zo`rg`a pishiryapman-u, oyim “Bolalarga ovqat bermadingiz?” deb xafa bo`ladi. Bir-ikki oy tushunib tursa bo`ladi-ku, meni...

Birinchi farzandning shirin orzusida yurgan turmush o`rtog`im ham chiqib onasiga gapirdi:

— Oyi, kelinoyimlarning o`zi qarasin, bolasiga! Nega o`zingizni charchatib hammasini olib o`tirasiz? Zarilmi, sizga? Keliningiz ham hozir o`zi haligidaqa... Sal ichingiz achisin-da...

— E-e-e, bolam... — jilmaydi qaynonam. — Jiyanlaringning o`zi keladi, meni qo`msab. Men ham ularsiz tura olmayman. Hali o`zingning ham bolang tug`ilsin, bilasan, ularning qanday ohanraboligini. “O`rigidan mag`zi shirin” deyishadi. Qanday qilib kelmanglar, deyman?

Qaynonam shunday degani bilan boshqacharoq yo`l tutdi. Ya`ni, o`zi bizdan sal narida turadigan katta ovsinimnikiga ketib qoladigan odat chiqardi. Tabiiyki, bolalar ham o`sha yoqqa borishardi. Endi uyimiz osoyishta, tinch, toza... Ammo fayzsiz edi.

Keng, huvillagan hovliga ham sig`maydigan bo`lib qoldim. Qaynonam men ishga ketayotganimda chiqib ketar va kechga qaytardi. U kishiga “Uyda o`tiring”, deyishga g`ururim yo`l qo`ymasdi.

Ana shunda “bolali uy — bozor” degan gapining mag`zini chaqqandek bo`ldim.

Vaqt o`tib o`zimning qizim ham dunyoga keldi. Ana shunda yana uyimizda yoqimli to`polon, shovqin-suron hukm sura boshladi. Endi menam qaynonamning ko`ngliga qarar, u esa qizimni avaylab parvarishlashdan charchamasdi.

Oradan bir yarim yil o`tib, keyingi qizim ham tug`ildi. Men ikki bola bilan o`ralashib, ro`zg`ordan chiqolmay qoldim. Ayol kishi har qanday sharoitda o`ziga qarab yursin ekan. Afsuski, men buning uddasidan chiqmadim. Tag`in erim farzandlarim o`g`il bo`lmaganidan xafa edi. Har gapida jerkib beradi, muomalasi sovuq.

— Bor, qizlaringga qara! Yog`ning hidi kelyapti, sendan!

— Nari tur, kampirlardan farqing qolmagan!

— Qizingning ovozini o`chir!

Bular har kuni eshitadigan va ko`nglimni vayron qiladigan gaplar edi.

— Bolalarga men qarayman. Ovqatni ham o`zim solaman. Siz boring, eringiz kelishiga o`zingizga qarab oling, — derdi ba`zan qaynonam o`g`lidagi o`zgarishni sezgandek.

Bu gaplar qalbimga nashtardek sanchilardi. Zahrimni qaynonamga sochardim:

— Qanday bo`lsam shundayligimcha qabul qilsin! Men o`ynab yurib shu holga tushmayapman. Uning bolalari, ro`zg`orini deb o`zimga qarashga ulgurmayapman!

— Men qarashaman, deyapman-ku! — bosiqlik bilan derdi qaynonam. — Boring, yasan-tusan qilib oling.

Yana mag`rurligim tutdi. Atay vaqt ajratib turmush o`rtog`imning kelishiga pardoz qilishni istamadim. Bu bilan o`zimni yaltoqlanayotgandek his qildim.

Afsuski...

Bu mag`rurlik va kibr menga faqat azob olib keldi. Umr yo`ldoshimning hayotida boshqa ayol paydo bo`lganini bilib qoldim. Janjal qildim, baqirdim, yig`ladim, qarg`adim...

— O`zingizni bosing. “Ot aylanib qozig`in topar, er aylanib yozig`in topar!” — dedi qaynonam kuyinib. — Bu alpozda hech narsaga erishmaysiz. Qaytanga uni qo`ldan boy berasiz. Yaxshisi, sabr qiling. O`zingizga qarang, muloyim bo`ling!

— O`g`lingizning yonini olyapsizmi? Chidab yashashim kerakmi? Chidab bo`pman! — yana alamimni qari qaynonamdan oldim.

Rostdan ham chiday olmadim. Ikki qizimni olib, ota uyimga jo`nadim.

Ikki bor ortimdan borgan qaynonamning nasihatlari osmonga uchdi. Oyoq tirab turib oldim:

— Bormayman! O`sha topib olgan megajini kelib ro`zg`orini qilsin!

— Men sizni tan olaman. Uni uyga yaqinlashtirmayman! — zorlandi qaynonam.

Men esa bo`sh kelmadim:

— Sizning tan olganingizni boshimga uramanmi? Asabimga tegmang!

Albatta bu gaplarim qaynonamning ko`nglini og`ritgandir? Biroq uzoq yillik tajriba va keksalikning donishmandligi ustun keldi:

— Hozir jahlingiz chiqib turibdi. Lekin kun kelib, mening tan olganim nima ekanligini tushunasiz!

Baribir qaynonamga quloq osmadim. U uyga qaytib bormadim. Lekin dunyodagi eng azobli iztirobni unsiz yutishimga to`g`ri keldi. Chunki ko`cha-ko`yda erimning o`sha ayolga uylanmoqchiligini, farzand kutayotganini eshitaman. Tish yorib uydagilarga biror nima deya olmayman. Yana bilganim, qaynonam va qaynopam erimga tish-tirnog`i bilan qarshi. Bu ming azobimga bir taskin bo`ladi. Kechalari pishillab uxlayotgan qizlarimga termulib yig`layman. Shu zaylda bir yilni o`tkazdim. Turmush o`rtog`im men tugul, bolalarini ham yo`qlamadi. Eshitishimcha, u o`g`il ko`rish umidida osmonu falakda uchib yurganmish. Vaqt o`tgani sari men ado bo`layotgandim. U ayolning o`g`il tug`ishi — oilamizning butkul vayron bo`lgani, ilinib turgan rishtalarning uzilgani edi.

Allaqachon uning ko`zi yoriydigan payt bo`ldi. Lekin hamma jim. Hatto, qaynonam ham kelmadi. Battar ezila boshladim.

“O`g`il ko`rishgani aniq! Bu hammasini eritgan. Bizni unutishgan. Nega o`shanda qaynonamning gapiga kirib bormadim? Nima uchun uyda o`tiravermadim? Hammasini boy berdim...”

Dardim ichimda yurgan kunlarning birida qaynopam qo`ng`iroq qilib qoldi:

— Kelin, bir tanishimdan pul berib yuboryapman. Bozorga tushing-da, o`zingizga, qizlaringizga eng chiroyli kiyimlarni oling. Ikki kundan keyin markazdagi suratxonaning yonidagi restoranda to`y. O`g`illarimga hatna to`y qilyapmiz. Pulni tejab, yana allambalolarni sotib olmang. Bergan pulimga yarasha eng zo`r kiyim oling va go`zallik saloniga ham kiring. Restoranda kutamiz sizni! Oyimning fikri bu! Yana aynib o`tirmang!

Bu gapdan hayron bo`ldim. Biror savol berishga esa jur`atim etmadi. Qaynopamni tanishi berib ketgan pul esa kapalagimni uchirdi. Juda ko`p edi.

“Demak, bu erda bir gap bor! Ammo nima? Qaynonam bu ishning boshida turgan bo`lsa, xayrlidir? Avval ham u kishining gapiga kirmay ko`p pand eganman. Endi so`zidan chiqmayman!” — o`zimga o`zim shunday deb bozorga yo`l oldim. Qaynopam aytganidek pulni tejab o`tirmadim. O`zimga ham, qizlarimga ham qimmatbaho, chiroyli liboslarni sotib oldim. To`yga borishdan oldim, go`zallik saloniga kirdim. Ko`zni quvnatadigan bo`lib, ikki qizimni qo`g`irchoqdek yasantirib etaklab, to`yga kirib bordim.

Albatta, hammaning e`tiborini tortdik. Chunki erim o`sha ayol bilan kelgan ekan. Ilk bor kundoshimni ko`rib turgan bo`lsam-da, ichim kuymadi. Chunki uning oldida o`zimni o`n chandon go`zal his qildim. Sezdim, erim ham qizlariga ham, menga ham boshqacha termuldi.

— O`zim aylanib ketay, sizlardan! — peshvoz chiqdi qaynonam.

Xuddi har kuni ko`rishib, dardlashib yurgandek o`ziga yaqin oldi. Bu ham kundoshimga zarba bo`lgani aniq.

Bir soatcha o`tirganimizdan so`ng qaynonam shipshidi:

— Endi sekingina uyga boring. Otangiznikiga emas, o`z uyingizga! Bilaman, eringiz ortingizdan boradi. Agar ota uyingizga ketsangiz, borolmasligi mumkin. Har holda qizlaringizni tirik etim qilish niyatingiz yo`qdir? Qo`rqmang, o`g`lim sizni deydi! Anuv megajin ko`chada ilashgani uchun ko`chada qoladi. Albatta, qizini qarovsiz qoldirmaymiz...

Angladimki, qaynonam hamon bizni yarashtirish ilinjida. Yana kundoshim ham qiz tuqqan, mendan ziyoda joyi yo`q!

Bu safar qaynonamning izmidan chiqmadim. To`g`ri o`z uyimizga bordim. Baxtim, oilam, xotirjamligim sari o`zim qadam tashladim va yanglishmadim. Qaynonam yana haq bo`lib chiqdi — o`g`li ortimdan keldi!

Buning uchun qaynonamdan bir umr minnatdorman! Yuragimda u kishiga atagan gaplarim bir dunyo! Kun kelib, ularni o`ziga aytarman! Demoqchi bo`lganim, keksalar biz bilmagan, ko`rmagan haqiqatni ko`ra oladi. Ularga quloq osmoq, e`zozlamoq, kaftimizda tutmoq bizning burchimiz...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.