Qaytish

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 357
  • Коммент: 0
Qaytish
Qishlog‘ingni sog‘inib ketasan... Avtobus seni tuproq yo‘llar boshiga tashlab o‘tadi. Hozir butun qishloq qarshingga chiqadigandek. Shaharda o‘qishingni ko‘rsatib qo‘ymoqchisan, shimingning balog‘ini turib olasan. Gals¬tuk bo‘yningda salqi osilgan. Ko‘hna tutning soyasida singilchang o‘ynab o‘tiribdi. Tagida eski olacha. Qo‘g‘irchoqlari cho‘pdan, kiyimi – latta-putta. Bo‘shagan atir shishasiga havasakka suv to‘ldirib olgan. U: «Akam keldi!» – deb o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi, bo‘yningdan quchadi. Olib kelgan ikkita xo‘rozqandingdan boshi ko‘kka yetadi. Bilmaydiki, buni uyoqlarda... nazariga ham ilishmaydi. Onang peshvoz chiqadi, necha yildirki senga qadrdon bo‘lib ketgan ko‘ylagi bilan, qalampirmunchoq hidini tuyasan. Qarshingda loysuvoq uying. Kuni bilan qizib yotgan tuproq kechqurun suv sepilgach, yoqimli hid taratadi. Sal chang tegsa, ustini o‘n marta qoqadigan shaharliklar bu hovlini ko‘rsa, nima qilishar ekan – o‘ylaysan... Quyoshning botishini kuzatib o‘tirarkansan, iting kelib yaltoqlanadi, qo‘lingni yalayveradi, dumini likillatadi, kuni kecha sen boshlig‘ingga elanganing kabi. Kechasi otang kirib keladi. O‘ylab qolasan, kuyovligidan ke¬yin biror marta yangi kostyum kiyganmikin? Padari buzrukvoring Toshkentning tinchligidan so‘raydi. Tezda qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ yig‘iladi. Dasturxonda non, qatiq, chakki, sarimoy, meva... Kunning qahramoniga aylanib ketasan. Shahar haqida aytilgan gaplarni xuddi kino ko‘rganday tinglashadi. Mutlaq haqiqatday qabul qilishadi. Bu gaplar esa og‘zingning bir chekkasidan chiqib ketaveradi. Toshkentga qachonlardir borgan tog‘ang sen bilan metro haqida tortishadi. Boshqalar kimga qo‘shilishini bilmay hayron. Onaizoring senga tikilib-tikilib oladi, xuddi tush ko‘rayotganday... Qishloq odamlarining yuragi kabi keng, cheksiz osmon tagiga joy solinadi. Shahar va qishloq qizlarini solishtirib ko‘zing ilinadi. Bir uyg‘onsang, onang boshingda o‘tiribdi, sochingni silab. Otang ertaga bozorga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytadi. Senga berib yuborish uchun pul kerak. Qo‘y sotishmoqchi. Ertalab tursang, sutli choy tayyor. Ukang yirtiq tufli bilan maktabga bormayman, deb xarxasha qilyapti. Onang qo‘shnilarnikiga chiqib ketgan, oyoq kiyim izlab. Singling ikki paqir suv ko‘tarib kelib qoladi, qishloqning narigi chekkasidan. Chiqib ketasan. Jo‘ralar, do‘stlar davrasi. Dalani, tog‘ni aylanasan, maktabga borasan, domlalarni yo‘qlab. Uyda ko‘zi to‘rt bo‘lib seni kutib o‘tirgan bo‘lishadi. Tong. Safaring qaridi, endi shaharga qaytish kerak. Onang boshqalarga bildirmay, senga qarab-qarab oladi. Uzoqdan avtobus ko‘rinish beradi. Momong qo‘lini duoga ochadi. Uzun duodan so‘ng o‘n-o‘n besh juft qo‘l yuzni silaydi. Avtobus to‘xtamay o‘tib ketadi. Qo‘shni xotinlar haydovchini qarg‘ab qoladi. Yana duo. Navbatdagi avtobusga amallab chiqib olasan... Ko‘zing o‘ngida onangning termulgan nigohi, momongning nuroniy chehrasi, eski atir idishini ko‘tarib yurgan singling, yangi tufli deb xarxasha qilayotgan ukang, seni deb duoga ko‘tarilgan qo‘llar... Qulog‘ing tagida bobongning nasihatlari jaranglaydi. Senga ancha mas’uliyat yuklab qo‘yishdi. Otang esingga tushadi: eng so‘nggi pulini ham farzandlarini ilmli qilishga sarflagan tanti o‘zbekning siymosi emasmi? ...Nimadir orqada qolib ketganday bo‘laveradi. Qo‘lingni sumka ichiga tiqib ko‘rasan: «Ha, shu yerda turibdi!»


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.