Qizg'aldoq

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 494
  • Коммент: 0
Turdixolning eri askarlikka ketdi-yu, qaytmadi. O’lik-tirigidan darak yo‘q. Yesir boshi bilan ko‘zining oqu qorasi bir o‘g‘il, bir qizini elga qo‘shaman, deb yoshini yashamay, yalmog‘izning singlisiday qaridi-qoldi. Bu orada ochiq boshi ne bir malomatlarga qolib, taqdirining issiq-sovug‘i yuziga chang solib, izg‘irin shamollari sochini yuldi. Yelkasidan qamchi yeb, tovoni yorildi. Ammo kimsaning eshigidan mo‘ralamadi, birovning o‘ngirini ushlamadiyam.
Qizg‘aldoq – keng dara. Qishloqning kalulog‘i Turdixol, yemagi makkajo‘xori, no‘xat bo‘ldi. Og‘zi zog‘arayu yovg‘on oshga yetib turdi. Qizini nomusi, o‘g‘lini ori bildi. Tunlarni uzundan-uzoq ertak aytib tonglarga uladi. Ertaklarida yuragi yoldor botir yigit musofir yurtda adashib, o‘z tuprog‘iga qayta olmay darbadar kezdi, keksaymadi. Bitta, o‘nta, mingta ertak aytdi. Barchasida – shu ko‘zlari cho‘g‘ uzoq safardagi yigit!
Sag‘irlarini dam-badam ilingan it qopib, eshak tepib turishi yetmaganiday toshga turtinib, kesakka surinib ulg‘aydi. O’g‘li o‘g‘il bo‘lib, qizi qiz bo‘ldi. Endi Turdixol kampirning eriga erkalik qila olmay, boshqalar og‘zida ermak bo‘lib o‘tgan yillari unut, yaralari but.
Qizg‘aldoqlik yigitning bari Turdixolning qiziga oshiq, beqarorlariyam kam emas. Ular o‘zlaricha talashib-mushtlashib yurdi. Qizi qurmag‘ur qizg‘aldoqlikman deb ko‘ksiga urib yurgan ko‘plarga ko‘ngil bermay sarson-sargardon etdi. Hatto qosh qoqish nari tursin, bir bora qiyoyam boqmadi. Eshik qoquvchilar, ostona hatlab qizni so‘rovchilar ko‘paydi.
Ohorsiz ko‘ylagu ro‘mol orasida To‘lg‘onoy qiz to‘lgan oydan-da suluv! O’sha xushro‘yning onasi Turdixol ahli Qizg‘aldoqning biroviga singil, boshqasiga jiyan, yana biriga checha bo‘lishini kun o‘tib mana, endi biladi. Jelagini sudrab bo‘sag‘asini hatlagan xotin borki, «shu qizgina begona bo‘lmasin» deb keldim deydi. Turdixol qizginaning hali «bir tovoq unni elab uddasidan chiqolmas»ligini aytib javobini bersa, «Seni odam bilib keluvdim! O’zimga teng ko‘rib adashibman! Attang! Turgan turishingga qara, dimog‘ingga tushgan qurtdan o‘rgilay!» deb eshikni taraqa-turuq yopib, qo‘nqillab ketganlar ko‘paydi. Kelib-ketarlar odam topilmasa, soyasi bilan so‘zlashib, to‘ymaydi.
Turdixol shu pichir-pichirlardan qo‘rqqanidan mard ketdi. Yo‘g‘-a, mard ketmadi, mo‘rt ketdi. «Jesirga sovchi ayol bo‘ladi. Qizginani so‘rab kelguvchi er bo‘ladi-da, endi!». Tilidan chiqqani yoqasiga yetmay ostonasida Eshpo‘lat dallol ko‘rindi. Qizg‘aldoqda kim ot sotar, kim mol sotar, kim duldul, kim xo‘tik olar bo‘lsa, shu Eshpul dallol narx bichadi. Baraka olib, baraka sochadi. Sotguvchi ham shu, olguvchi ham shu Eshpul!

* * *

Eshpul choyni issiq-issiq ho‘pladi. «Shashting bir ercha bor, checha!», deb Turdixolni ko‘ylagiga sig‘dirmay, ko‘klarga parvoz ettirdi. Ayol qushday bo‘ladi. Qushdaygina bo‘lmaydi, ayol asli zoti qush bo‘ladi. Uchsa qo‘nar joyini bilmay qoladi.
Parvoz qushga yarasharkan. Ayol aslo uchmasin ekan.
– Checha, choyni kim damlagan?
– Kim damlardi, To‘lg‘onoy-da.
– Eh-he, To‘lg‘onoy singlimiz choy damlaydigan bo‘ldimi, a?
– Og‘ajon, siz To‘lg‘onoyning choy damlaganiga ishonmaysiz, men xamir qorishiga. Bilmayman, Qizg‘aldoqning ko‘ziga shu oyqizimdan, suluvimdan boshqa ko‘rinmay qolgan. Duch kelgani, eshigimga soya solib ermaklaganday bir so‘raydi.
– Eh, nima deyapsiz unda, checha?!
– Biror nima deganimcha yo‘q.
– Demaysiz! To‘lg‘onoyni boshqalarga berib qo‘yadigan Olloni bandasimas!
– Ei-i-y. Bu nima deganingiz bo‘ldi?
– To‘lg‘onoyni o‘zim kelin qilaman!
– Shoshilmayapsizmi? Bola-da!
– El so‘rayaptimi, bolaligi qolmabdi, checha!
– Qizginani ko‘ngli deganday…
– Ey, ko‘ngil ham gap bo‘libdimi, – Eshpul og‘ziga kelgan gapni ichiga yutib g‘o‘ldirab qo‘ydi. Yigitga qizning ko‘nglini olish «enangni...» deganidan oson-ku!
Topgan gapiga ich-ichidan quvondi. Quvonchi ichiga sig‘may yana iljayib Turdixol kampirga quloq tutdi.
– Endi, aytaman-da…
– Bizdiyam eshiting unda, checha. To‘lg‘onoyning otasi ikki tomir oshgan akamiz bo‘lardi. Buni bilasiz!
– Bilmay o‘libmanmi.
– Bilsangiz, sulton suyagini xo‘rlamas, deb ostonangizga kelib ayb qilibmiz-da!
– Unday… undaylar demang-a…
– Demasak, gapingizga qarang-da. Hali bola deysiz, hali ko‘ngil deysiz. Ko‘ngli o‘lgur qo‘tir bo‘lmasa, chimildiqdayam binoyiday topishib ketadi. Yo akam bilan Nazabuloq etagida qizg‘aldoq teribmidingiz?! Mana – keliningiz, eh-hiy, qudag‘ayingiz, menga atalganida enasining qornida bo‘lgan. «Ostona supur-sidir» qilingan. Yo u zamonlar o‘tib, bizniki gunoh bo‘ldimi?!
Eshpulning gapi Turdixolning ko‘kayiga botdi. Kampirning qaysar tomiri tortdi. Dallolning gapi-da og‘zida qoldi.
– Qaynim-ov! Ayol boshim bilan biror narsa deya olmayman. Mengayam, To‘lg‘onoygayam Safar ega! U opasini kimga bersa, qizim shuning o‘ngiridan tutadi.
Eshpul mum tishladi... Ikkovining ham qulog‘i ding! Tillari o‘z o‘rasiga cho‘kkan! Ko‘zlari dasturxon gardishidagi qora mag‘izga qizil ip bilan uquvsizlarcha tikilgan gulga qadalgan! Bu o‘ng‘aysiz holat ro‘zi mahshar qadar boradiganday! Guyo Isrofilning surini kutishayapti!
Kirligidan yog‘ bosib tusini, tusiga qarab tikilgan gulini farqlash qiyin bo‘lib qolgan qalpog‘ini o‘ng qo‘liga olib, so‘liga «qars-qars» urmoqchi bo‘ldi-yu, chekindi. Qo‘shqo‘llab g‘ijimladi. «Beayb Parvardigor. Suyaksiz til boshga balo», deb g‘o‘nqillab dallolning tili chiqdi.
– Checha, unday bo‘lsa, Safarboyni chaqirmaysizmi?
– Uni Abray oqiraq hayrovga olib ketgan. Hafta-o‘n kunda kelib qolar. Sabr qilsangiz, Safarning javobiniyam olarsiz. Xudoyimni dargayida o‘n kun o‘tmay qolmas.
– Himm, shunday deng! – deya chuqur nafas olb kutilmaganda tizzasiga qarsillatib do‘ppisini urib...
– Checha, sizday xotin har mahalda bir tug‘ilsa kerak. Buyam elni obro‘si. Hali mo‘yiga ustara tegmagan ulini shuncha izzat qilish. Endi, bu oqil xotindi ishi-da! Bo‘larmanning bolasi yettisida bosh bo‘lar, bo‘lmag‘urning bolasi yetmishidayam yosh, degan burungilar. Safarboyyam suriqday yigit bo‘libdi-da. Kecha qorong‘u olish payt Jinjakli bozoridan qaytib kelayotsam, Boyirko‘lni soyida bir to‘da yigit kurashib yotibdi. Birpas tuyoqdam qilib, olishni kuzatdim. Safarboyga tirashadigani topilmadi. Bizniyam tomirdan davragir chiqarkan-ku, deb xursand bo‘lganimdan tishimgacha terlab ketdi. Ro‘zg‘oringizga Safarboyni bosh bilganingiz durust. Men bekorga shashtingiz ham, gap-so‘zingiz ham bir ercha bor, deb aytmadim. Qizg‘aldoq katta el, ko‘rib-bilib yuribmiz.
– Og‘ajon, og‘rinmang, og‘rinmasangiz-chi! Siz nima desangiz shu-da. Men nimayam derdim. Sultonman deyapsiz-ku! Iloyo sulton boshingiz omon bo‘lsin. Sulton og‘amdan aylanay.
– To‘yni qachon boshlaymiz?
– Endi, Safarboyni oldidan bir o‘taylik...
– Sizning berganingizmi, checha!
Ularning gurungi ustidan jimlik g‘olib keldi. Turdixol kampir boshini shu jimlik egdi. Qayta-qayta bosh irg‘adi...
– Ha, qaddingni urg‘urni chechasi!
To‘lg‘onoy choynakdan hol so‘rar bo‘lib eshik tirqishidan mo‘raladi. Onasining ko‘zi Eshpulning og‘zida. Qiz tomoq qirdi. Yana-yana tomoq qirib, tovush berdi. Eshik tirqishidan so‘z qanot yozdi: «Hu-uv qizgina, o‘zim boraman».
Qoraqumg‘on shaqir-shuqur qaynar, qopqog‘i o‘ynar, xushro‘y qiz kul titardi. Turdixol kampirning yonoqlariga kulgi yugurib, yoshidan yosharib choynak tutdi. «Qizgina, choyni damla! Hayitligingni yeyin, senginani sotdim, yelkamdan oshirib otdim». To‘lg‘onoyning mushtdek jussasiga minglab qumursqalar o‘rmaladi. Tilidan otilmish so‘roq tishlarining orasidan chiqmadi. Ko‘zlari «Kimga, kimga?» deya so‘zladi. Onasi: «O’z qoning o‘zingga bo‘ldi, qizim! Qoshu qabog‘im bo‘lasan. Hu-uv peshonamda turasan. Shu qarindoshga, qarindoshning uliga berdim!». Turdixol kampirni taniy olmayotgan qizi onasining jinjigidan pilayogan Eshpul dalloldan ijirg‘anib, yer singalagancha mo‘ltirab ovoz berdi.
– Qondosh bo‘lsa-da, yondosh emas, nomussiz, deb qarg‘ardingiz-ku, ena!
– Ollo kechirimli bo‘lganida, bandasiga yo‘l bo‘lsin, bolam! Kechirimlini Egamning o‘zi suyadi, suyaydi.
– Ena, kechirimli bo‘ling, mayli! Qizg‘aldoqda Mashi masxaradan boshqa tengim yo‘qmi?
– Mamashukurboyni masxara degani uyalmaysanmi, hademay ering bo‘ladi. Og‘zim bor deb gapiraverasanmi, – deyishga dedi-yu, masxarani Muhammadshukurboy deyishga kampirning farosati yetmadi.
Kampirni ostonada «tegmayman-tegmayman» degan hirqiroq ovozlar quvib yetsa-da, parvo qilmay ichkariladi.
– Checha, nima gap?
– To‘lg‘onoy-da…
– Him-m-m… Tegmasmishmi… Hech bir mahalda qiz tegaman deganmi o‘zi? Qiz tegmayman deb tegadi, yigit olaman deb oladi. Azaldan yo‘rig‘i shunday.
Turdixol xayol og‘ushida. O’z baxti – bolalarining toleidan sarmast. Hovlisi bir etak qorako‘z qiy-chuviga to‘lsa. To‘y-to‘ylarga ulansa, o‘g‘liyam Qizg‘aldoqda bir odam tengiga o‘tsa. Gulday qizni kelin qilsa, ul kelin Turdixolning ko‘nglidan yaralsa. Armon ne bilmasa. Baxt degani bo‘lsa, gul yetimlarining peshonasida ko‘rsa.

* * *

Eshpul mol sotadigan odamning qo‘lini silkilab-silkilab dilidagini oshkor qildi. Bozorga kirgan semiz qo‘chqorning quyrug‘idan changallab, «To‘ybop ekan-da!», deya sir berdi. Qulog‘i og‘irga qichqirib, otliga munkayib, eshakliga gerdayib aytdi. «To‘lg‘onoyni kelin qildim!», deb Qizg‘aldoqqa jar soldi.
Safari qarigan qish kunda Qizg‘aldoqni ikkiga bo‘lib o‘tgan damariqda Abray oqiroq boshchi hayrovchilardan oldin loyqa suv keldi. Suv hapqiri Safarboy hovliqib ham qaytdi. Qulog‘i bitib, boshi qotdi. Ammo norizolik qilib og‘iz juftlay olmadi. Onasini koyishga tili bormay Eshpul dallolni, Mashi masxarani bo‘ralatib so‘kib, yuragining cherini yozdi. Elni «Eshpul Turdixol kampirning qizini kelin qilibdi», degan ovoza tutdi.
Necha alplar To‘lg‘onoyga dirayalmay to‘lin oy bilan sirlashib kelayotgandi. Ularning barchasi ko‘ksini zax yerga, Turdixol esa qizini Mashi masxaraga berdi. Mashining muchali maymunligi boismi, bolaligidan daraxtga tirmashib yurardi. Elning og‘ziga shamol o‘ynatib Razzoq mirshab to‘yiga masxara olib keldi. Masxaralar Qizg‘aldoq darasiga dor qurdi. Dorda sakrab-sakrab umbaloq oshib chopdi. Nay chalib, ilon o‘ynatdi. Yelkasiga maymun mindirib ahli Qizg‘aldoq lipasidagi bir tangasidan tortib sariq chaqasigacha shilib oldi. Shu kundan buyon Mashiboy dom-daraksiz...
Keyin ko‘p bora bodom gulladi, to‘kildi, yong‘oq pishdi, qarg‘a olib qochdi. Yana-yana bodom gulladi, to‘kildi. Yong‘oq qarg‘aning og‘zida ketdi. Yo‘lbarsdan qochgan quyon yurt kezib, el oraladi. Dumini o‘ynatib dikka-dikka sakragan quyon qisir chiqdi. Yer oriqlab it semirdi. Ko‘zini yog‘ bosgan it g‘arib egasini tuyaning ustida qopdi. Dasht odamlari qatrlagan qavirg‘a bo‘lib qolgan ushoq jonlig‘ini o‘raga butidan sudrab tashladi – og‘izlar oqliqqa yetmay qoldi. Eshpo‘lning esa kuni tug‘di...
Bir qarasang hamsaya-xaloyiqning echki-ulog‘ini Jinjakli bozoriga quvib ketaveradi. Ertasiga Nayzabuloqda eshikma-eshik yurib «Huv birodar! Molingni harom qotirmay menga ber, pullab beraman», deb qora mol teradi. So‘ng kuni Qorabo‘riqqa karvonini boshlab ketadi. Molni tong otguncha ko‘targaniga sotadi. Egasiga terisining haqiniyam bergisi kelmay bo‘za simiradi. Bir qo‘lida soch tolasiday kesilgan achchiq piyoz, ikkinchisi issiq kabob bilan band. Og‘zini katta ochib omonat tishlari bilan yog‘li etni sixdan sug‘irdi. Egilgan boshini biroz ko‘tarib terak bo‘yi balandlikka yuzlandi-yu «do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lab qotti-qoldi. Dallolning nima deyayotganini uning ko‘zlari tikilgan tomonga qaramagan kishi bilmasdi.
Qo‘qib yotgan jun bozori-yu changib yotgan un bozori oralig‘ida dorbozlarning dori bo‘y ko‘rsatib to‘ribdi. «Do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lagani bilan Eshpo‘l unga qarab chopmadi. Yurak oldirib qo‘ygan. Avvallari hovliqib borar, duch kelgan masxaradan pushti kamari – erkatoy o‘g‘li Mashiboyni so‘rardi. Endi bo‘lsa uzoqdan o‘g‘ri mushukday poylaydi. Masxaraning ko‘zlariga tikiladi, o‘zida bir ajib tuyg‘u tuymasa sira bormaydi. Bora olmaydi. Qaysi bir yili, adashmasam to‘ng‘iz yilida Jinjakli bozorida o‘yin ko‘rsatayotgan dorbozu masxaralar oldiga borib dallol o‘g‘lini surishtiradi. Masxara bo‘lsa «Ota-otajon! Mana men o‘g‘lingizman, tanimadingizmi?» deb davraga olib chiqadi. Va besh-oltita tuxumni osmonga otib almashtira boshlaydi. Tuxum esa bitta bo‘lib qoladi. Tomoshatalablar ham, Eshpo‘l ham hayronu lol. Masxara katta va keng yamoqdor chalvarining tizzasigacha keladigan kissasini teskari qilib osiltirib, egnidagi kamzulining ham shu ahvolga tushiradi. Odamlar masxarani ko‘zbo‘yamachilikda ayblab boshlaganida Eshpo‘lning yelkasiga zarb bilan bir uradi-yu ketidan beshta tuxum tushiradi. Shu-shu dallol masxaralardan qo‘rqadi. Oldiga bormay zimdan termuladi.
Chollarga ergashib bozorga kelgan bolakaylar ularga sherik kattalar qurshovidagi dor tagidagi olomonga dallol kelib qo‘shilganida usta dorboz Masxarani bir shapaloq tushirdi-da, dorga chiqa boshladi. Alamzada masxara soxta yig‘lab ortidan dor ustuniga tirmashdi. Dorboz langar tayog‘ini olib dorning narigi boshiga yugurib o‘tdi. Masxara esa dor ustunlarining ayri joyiga o‘tirib olib uniga rag‘bat berayotgan bolalarga yuzlandi: ikki yonog‘i qip-qizil olma rang, qalin lablari pishganidan yorilgudek gilos tus, burni misoli bemaza bodring, yuqori va quyi qovoqlari g‘o‘r olma, ko‘zlarida bir sog‘inch, bir mung ufurib turibdi. Uni bo‘lsa qalbaki kiprik lashkari to‘sish bilan ovvora.
Pushti panoh – Eshpo‘l tanidi-bildi. O’z zurriyodi yer qolib, ko‘kda kimsaning ko‘nglini ovlayapti. Otaning mehri iyib tikilib qolganida usta dorboz dordan ikki bora umbaloq oshib masxaraning oldida paydo bo‘lib, langar tayog‘ini tutqazib, o‘zi qo‘llarini langar qilib ortga qaytdi.
Mashiboy bir-ikki-uch qadam tashladi. Laylak turish qilib qanot qoqdi. Bir necha bor chumchuq sakrash qilib o‘ynadi. Dallol atrofidagilariga «hu-u dorboz mening o‘g‘lim» deb gurraydi. Orziqib kutilgan, Tangridan tilangan diydor ko‘zlaridan qalqib toshdi. Odimlarini tezlashtirayotgan masxara yugurmoqchi bo‘ldi-yu, arqonni eshak qilib minib qoldi. Dor arqonini qo‘sh qo‘llab mahkam ushlagancha chinqirdi. Kiprik qoqquncha yong‘oq shoxiga osilgan o‘g‘ri qarg‘aday osildi-qoldi. Yoqasidan zarang yerga bir tuxum tushib yorilib ketdi. Tomoshatalab bolalardan bir «U aldabdi. Yutib yuborgan moyagi qo‘ynida ekan-ku!» deya qichqirdi. Xuddi u masxaraning bor firibi yengi orqali qo‘yniga tuxum o‘tkazganini ko‘rganday.
Dor tomoshasi shu tariqa tarqagan. Eshpo‘l Qorabo‘riq bozoridan otga mina olmagan o‘g‘lini xurjunining bir qo‘njiga tosh solib, ikkinchisiga Mashiboyni oyog‘ini tiratib, kindigini egarga mahkam bosib kelganini tun qo‘ynida dallolning zavjasidan boshqa hech kim ko‘rmagan. Bu taqir tarixni Qizg‘aldoqda Eshpo‘l, musichaiy bezalol ayoli va Mashi masxaradan boshqa bilmaydi-bilaolmaydi.
To‘lg‘onoy termulgan ko‘zlarni kuydiradigan, oyni suqlantiradigan kelinchak bo‘ldi. Oy va yulduzlarni bulut qamal qilgan kecha zimiston bo‘ldi. Tongga bormay Turdixol kampir uvvos tortib yig‘ladi. Yig‘i olamni tutib, osmon ham unga ergashdi. Ikkovi o‘pkasini bosolmay, qora yerni azonga qo‘ymay shitta loy qildi.
Turdixolning holi tang. Tilini yutgan. Ne qilarini, ne deyarini bilmay hayron qotgan. Nimayam desin, qizg‘aldoqlik qolib, Qizg‘aldoqqa qishlamoq uchun qo‘ngan qora qarg‘alar-da bir tunda o‘n to‘rt kunlik oyni xijolat qiladigan gul qizini «To‘lg‘onoy buzuq, To‘lg‘on buzuq»qa chiqarib, qag‘illab «buzuq-buzuq», deya qanot qoqib ketgan.
Safarboy yer mushtlab na’ra tortib yotibdi. Alamdan o‘kirganini eshitgan keksa tog‘larning oppoq sochlari to‘kilib ketdi. Olam gumburlab chaqmoq chaqdi. To‘lg‘onoy etini yulib, o‘zini otib, qon yutib, kun ko‘rmay o‘tkazib borliqni ko‘kartirib yubordi. Kampir holiga dunyoyam kul-di. Yashnadi, yoshardi.
Eshigidan it mo‘ralamay qo‘ygan, el o‘zini olib qochgan kunlarning birida bo‘sag‘ani Buxor mulla bosdi.
– Turdixol, tuzukmisan?
– Mulla aka, Egamning o‘zi manglayimni sho‘r emas, zuvalamni balchiqdan olganmi, deb o‘tiribman-da.
– Esipastlik qilma. Hali bir kunlar kelar, huv-ana shunda noshukurliginingdan muztar bo‘lib qolasan!
– Yaratganning yorug‘ kuni, baxt qushi bo‘lsa, odam qurib sherigi shayton jesirni boshiga qo‘narmidi?!
– Tilingga erk bermay, To‘lg‘onoyingni chaqir, o‘zing ham beri kel!
Qarg‘a ko‘rganini cho‘qiganiday, Buxor maxsum ham bilganicha o‘qib, «suflab-suflab» damsuv ichirib, achchiq-achchiq tanbeh berib tadbir qilishini aytdi.
Kampirning patagiga qurt tushib, jinjaklik Moxov folchiga chopdi. Folchi doyrasini chertib-chertib kun botarda kul tutganga chiqazib, davosi kulrang tovuq ekanidan so‘zladi va faqat momo chiroqni Mang‘it qushnoch o‘tkazishini tayin etdi.
To‘lg‘onoyning peshonasi tovuq qoni rangini oldi. So‘ng uni jandaga soldi, olov bilan savalab qoqa boshladi. Qizning ko‘ziga qushnoch qo‘lidagi olov qizg‘aldoq bo‘lib ko‘rindi. Xayolini onasining tongi yiroq tunlarda aytgan ertagi o‘g‘irladi.
Qadim-qadimda bo‘ri bakovul, tulki yasovul, qarg‘a qaqimchi, chumchuq chaqimchi bo‘lgan paytda ilonu chayon ham tek emas ekan. U paytlardayam kambag‘alni tuyaning ustida it qoparkan, g‘aribning poyini poylab chaladiganlar bo‘lar ekan. Ey, nimasini aytayin, onangni qozi o‘ynasa, dodingni kimga aytasan, degan zamon ekan-da. Kichik bir yurt Xoqonning mulki ekan. Mol-mulkka mukkasidan ketgan Xoqon atrofidagi ellar orasida nizo chiqarib, ustiga ot haydar, bag‘riga tig‘ sanchar ekan. Tig‘ sanchishni qo‘ymas, mol-dunyoga to‘ymas Xoqon saroyi xotin-xalajga, qiz-juvonga liq to‘la ekan. O’sha zo‘r xizmatiga shay xufiyalar son-sanog‘i yo‘q ekan. Ular el oralab, yurt kezib, qaerdaki husndor qiz bo‘lsa, Xoqonga xabarini yetkazar ekan.
Kunlardan birida shumqadamlar ko‘zi bir bechora cholu kampirning qiziga tushibdi. Xoqon xufiyalari o‘zini sovchi deb aytib, ovchilikka qilganida navkarlarsiz yurmaskan. Qizni olib ketishga kelganida chol ularni o‘toviga chorlab, non-namak tutib, o‘z o‘tmishidan doston kuylabdi. Yigitlik chog‘ida Xoqonning otasiga navkarlik qilib, bir jangda o‘ng qo‘li qilich zarbidan uzilib, soniga nayza sanchilib, yana qaysidir yurt oshganida yuzi kuyganini aytib, yoshi o‘tgach jangu jadallarga yaramay qolib, olaxurjunni bo‘yniga olib, qiz ko‘rganini va yolg‘iz zurriyoti shu ekanini aytibdi. Xufiyalar qizini ul zotga munosib bilgani va navkarlar kelganiga mamnunlik bildirib, qizi bilan xayr-xo‘shlash uchun bir tun so‘rab yalinib-yolvoribdi. Keksa navkarning yuzidan o‘ta olmagan yigitlar saharda kelishini tayin qilib, jo‘nab ketishibdi.
Chol «Kunim bitgan, paymonam to‘lgan ko‘rinadi. Sen qizingni olib qoch yo yashir», desa, kampiri ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, uni o‘tmishda ko‘p kishilarning yostig‘ini quritganlikda ayblab, «Xudoyimning omonatini qaerdayam asrash mumkin?!», deb zor qaqshab, Xoqonning qo‘li uzunligi, qo‘lidan tig‘i uzunligini aytib, o‘z peshonasidan domongir bo‘libdi.
Ota-onasining dardidan voqif qiz oydin tun qo‘ynida ko‘klam tuhfa etgan oq chechaklarni oralab, changqovuzni «biyov-biyov-biyov»latib chala boshlabdi. Tizzalariga urib turgan oq chechaklarga havasi ketib, dilini changqovuzga jo‘r etib chertaverib-chertaverib, o‘zini butkul unutibdi. Gulg‘unchadek lablari qonab, oq chechak kosasiga tomib, behol yiqilibdi.
Ko‘klam tongining shabadasi dalada yastanib yotgan chechaklarni qizartirib yuboribdi. Qon libosini kiygan oq chechaklarni cholu kampir qizg‘aldoq qizim deb quchib ovoz chiqargani, aza ochgani olis-olis o‘lkalargayam yetibdi.
Xoqon yurtida «Qizg‘aldoq bo‘lib yashayotgan qiz elda teng-tengi bilan bo‘lmaguncha qaytmas emish… Qizligini sog‘ingan qizg‘aldoq esa har bahor qir-adirlarga chiqib, kishilarga mo‘ltirab turishiyam shundan ekan…», degan uzuq-yuluq gaplar tomir otib og‘izdan-og‘izga, quloqdan-ko‘ngilga o‘taveribdi...
To‘lg‘onoyning xayolini soniyaga o‘g‘irlagan ertak asta-astalik bilan butun aqlu hushini band etib oldi. Oyning to‘lin bo‘lishini, qizg‘aldoqning qiyg‘os ochilishini kutdi. Kunduzi onasiga ham ko‘rinmaydigan, tunda esa changqovuz chertib tentiraydigan odat chiqazib, «Qizg‘aldoqman!», deb da’voyam qila boshladi. Kampir qizini jin chalgan bilib, fol ko‘rdirib, kulrang tovuq qoni enmaganiga yo‘yib, ko‘k uloqning ham boshini oldirib yurgan kunlarning oydin tunida To‘lg‘onoy qizg‘aldoqlar orasida changqovuz chala-chala g‘oyib bo‘lib qoldi. U oyga yo‘l oldimi, qaro yerga qorishdimi, unisini Qizg‘aldoq odamlari bilmaydi.
Turdixol kampirning «Oy-kuni to‘lib tug‘ilmagan To‘lg‘onoy qizim-ay, bilarmiding dunyoning o‘zi sharmanda ekanligin? Qornimga joy bo‘lgan oyqizim, ilon el bo‘lgan, chayon siqqan dunyo torlik qilgan qizim-ay! Ey dunyo, tor qornimcha yo‘qsan!» degan iddaolariga hamma ko‘nikib ketdi. El endi birov-yarim dunyodan norizo bo‘lsa, «Turdixol kampir bo‘lib ket-ey», deya ermak qilar odat chiqardi...
Turdixol – bu dunyodan ham qari kampir ayozdan ko‘klamni, ko‘klamdan qizg‘aldoqni, qizg‘aldoqdan qizini ilhaq kutadi. Oydin tunda changqovuz chertib, «Qizg‘aldoq bo‘laman!», deb yig‘laydi. Safarboyning bir etak nevaralari kampirning ko‘zidan Qizg‘aldoqni yashirib sarson. Ular tomlar ustida, devorlar bo‘g‘otida o‘sgan azalgi oq chechaklarni olib qochsa, «qizg‘aldoqni bosma-ey! O’z bag‘rini tig‘lagan qizdir u!», «qizg‘aldoqni yulma, qon yig‘lagan qizdir u!», «Qizg‘aldoq gul qizim-ku!», deya To‘lg‘onoyni yo‘qlay-yo‘qlay tili ich-ichiga tortib ketadi.
Kampirni «ana ketdi-mana ketdi»lab bolalari «chopha-chop»ga tushib qoladi. Mulla Maxsum kampirning kaftiga kaftini qo‘yib kalima qaytarib o‘tiradi. Kampir ne mahalga borib, yana «To‘lg‘onoy keldimi?!», deya turadi. Bolalari o‘pkasini bosib oladi – o‘z yumushi bilan andarmon bo‘lib ketadi.
Tol tush Qizg‘aldoqning osmonidagi quyosh tik kelib, soya bermay qo‘ygan palla. Kecha tili tortib ketgan Turdixol kampir to‘rt oyoqlab tom oldiga o‘rmalab bordi. Umidvor bo‘lib olis-olislarga qaradi-yu, ikki odim nariniyam ilg‘ay olmadi. «Qizg‘aldoq, Qizg‘aldoq, To‘lg‘onoy, To‘lg‘on-hov», deya tovush berdi. Tovushini kampirning o‘ziyam eshitmaydi, dunyodan umidiniyam uzolmaydi. O’zi turgan taqir yerdan emaklagancha qo‘llari bilan paypaslab qizg‘aldoq izlaydi... ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.