Sog‘inch guli

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 418
  • Коммент: 0
Sog‘inch guli
Bu yil bahor har yilgidan kech keldi. Ko‘klamni sog‘inganimdan yuragim o‘rtanib, har kuni derazadan termilaman. Martning o‘rtalari bo‘lishiga qaramay, odamlarning chehrasida qishning charchog‘i sezilib turibdi. O‘tgan yili bu paytda bodom, gilos daraxtlari gullab, o‘rikka navbat yetgandi. Bu yil esa barchasi atayin kuttirmoqchidek imillaydi. Inson kutishni yoqtirmaydi. Lekin taqdir uning bardoshini sinamoqchidek har kuni, soniyada kutishga ro‘para qilaveradi. Har yili bahorni bunchalik intiqib kutmaganimdan bu kechikish ko‘nglim xalovatini o‘g‘irlagandek go‘yo. Pushtirang gullagan o‘rik daraxti tushlarimga kirib chiqadi. Uning xotiralaridan yuragim hislar ummoniga g‘arq bo‘ladi. Bu hisni menga o‘n besh yil avval bahordagi o‘rik guli tortiq etgan. “Meni sog‘insang, o‘rik guliga qara. Har yili bahorda men seni ko‘rgani kelaman!..” degandi u ko‘zimga tikilib.
O‘shanda o‘n olti yoshli soddagina qiz edim. Onam kasalmand bo‘lib, tez-tez kasalxonada davolanib chiqardi. Uning mazasi qochganida qo‘shnimiz Salima opanikiga yugurardik. Bitta ukol urib, kasalxonaga borishimiz kerakligini aytib ketardi. Har doim ahvol shu, qo‘shnimizning ukolidan keyin onam kasalxonada yotadi.
— Qizim, maktabni tamomlasang, do‘xtirlikka o‘qishga kirasan, — dedi onam bir kuni menga kirtaygan ko‘zlarini tikib.
— Men huquqshunos bo‘laman! Ukoldan qo‘rqaman! —deb yubordim bexosdan.
Onam menga ma’yus kuldi. Uning sarg‘ish yuzi, bo‘rtgan yanoqlari, oqish labi titrab ketgandek bo‘ldi.
— Ona, men do‘xtir bo‘laman! Ukolni o‘zim urib qo‘yaman. O‘shanda kasalxonada yotmaysiz, — dedi singlim meni turtib.
Men o‘zimga ishongan, orzulari cheksiz qiz edim. Bilimim, harakatim bilan orzularimga yetib, mansabdor ayol bo‘laman deb o‘ylardim.
Ertasiga onamni kasalxonaga yotqizdik. Tuman markazidan qaytgan otam meni onamning yoniga oborishini aytdi.
— Nimaga men? Nargiz borsin, — dedim iddao bilan.
— Sen borasan, — dedi otam qat’iy.
Uning gapidan damim ichimga tushib ketdi. Yuvilgan ko‘ylagimni sumkaga joylab, otamning orqasidan ergashdim. Bu gal onamning qon bosimi juda ko‘tarilib ketgan, o‘rnidan turishi mumkin emasmish.
— To onangni ahvoli yaxshilanguncha qarashib turasan, — dedi otam ketayotib.
Men indamadim. Chunki kasalxonada qolishga sira xohishim yo‘q. Kasalxona palatasi ko‘rimsiz, hayhotdek xonada to‘rtta krovat, eshigi sinib, qiyshaygan pastak shkaflardan bo‘lak jihoz yo‘q. Pardasiz deraza oldida kosada ovqat, qatiqli banka turardi. Menimcha, bu ovqatni kasalxonadan berishgan. Uning isi dorilarning hidi bilan ayqashib ketgandi.
— Och qolgan bo‘lsang, anavini yeb ol, — dedi onam kosaga imo qilib.
— E, bu ovqatni yegim kelmaydi, — dedim yuzimni burishtirib.
Onam og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Keyin ko‘zini yumib, o‘zini uxlaganga soldi.
Men zerikishdan naq yorilayozdim. Deraza oldiga borib, tashqarini kuzatdim. Oq xalat kiygan xodimlar daraxt taglarini yumshatib, bir-birlari bilan gap sotishardi. Kichik yo‘lakdan uyoqdan buyoqqa o‘tayotgan yo‘lovchilar notanish. Fayzsiz manzaradan zerikib, ortimga o‘girildim.
— Uf, tezroq sog‘aying, bu turishda siqilib ketaman, — dedim krovatga o‘tirarkanman.
— Ah, bolam-a, menga ham shu yerlarda yotish yoqmaydi. Noshukrlik bo‘lmasin, kasal bo‘lish jonimga tegdi, — dedi onam yig‘lamsiragan ovozda.
— Essiz, bironta kitobimni olib kelmabman-da, bekorchilikda o‘qib yotardim, — dedim biroz yumshab.
Onam indamadi. O‘rnimdan turib dahlizga chiqdim. Yo‘laklarda to‘shalgan gilamlarning rangi uniqib ketgan bo‘lishiga qaramay, top-toza. Yo‘lak boshidagi dahlizchada kichkinagina televizor qo‘yilgan, ikki ayol uni ko‘rmay, gaplashib o‘tirashardi.
— Kino, kontsert bermayaptimi? — dedim televizor murvatini burayotib.
Ayollar ensasi qotib menga tikilishdi.
— O‘lay agar zerikib ketdim, — dedim xafsalasizlik bilan.
— Kasalmisiz? — so‘radi ayollardan biri istehzo bilan, — qaysi palatada yotibsiz?
— Yo‘q, onam kasal, men qarashib yotibman..
Yaxshiyamki, televizordan mashhur qo‘shiqchining qo‘shig‘i eshitildi-yu, ayollarning nigohi unga qadaldi. Men bo‘rining changalidan omon qolgan quyondek yengil nafas olib, o‘rindiqqa cho‘kdim.
Dahlizdan ship-ship etgan oyoq tovushi eshitildi. O‘girilib, biz tomon kelayotgan hamshiraga ko‘zim tushdi.
— Hamidovaning qizi sizmi? — so‘radi hamshira.
— Ha nimaydi?
— Bu nima yurish? Onangizning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun sizni yoniga qo‘yganmiz. Kirib, choy-poy qilib bersangiz bo‘lmaydimi?
— Choy? Choyni qaerda qaynataman? — dedim jahl bilan.
— Har holda mening boshimda emas! Oshxonaga boring, tefal choynak turibdi, — dedi hamshira iddao bilan.
Ayollar menga g‘alati tikilib turishganidan o‘zimni o‘ng‘aysiz sezib, xona tomon yurdim. Onam o‘rnida derazaga termilib yotardi.
— Choy ichishingizni o‘zimga aytsangiz bo‘lardi-ku. Anavi hamshira meni xotinlarning oldida izza qildi, — dedim tajanglik bilan.
Onam xo‘rsinib qo‘ydi. Men shkafdan choynakni olib, oshxonaga bordim. Keksaroq bir ayol choy damlayotgandi. Salomimga boshini qimirlatib alik oldi.
— Qizim, senam yaqiningga qaragani keldingmi? — so‘radi ayol menga sinchkovlik bilan tikilib.
— Onamga qarayapman.
— Menam o‘g‘limning yonida yotibman! Uni yuragi kasal. — Ayolning xo‘rsinig‘i alamli edi.
Uning ko‘zida g‘amning zalvorini ko‘rib, cho‘chib ketdim. Onamning ko‘zi g‘amli, ma’yus deb o‘ylardim. Lekin bu ayolning ko‘zlari onamnikidan ham battar ma’yus.
— O‘g‘lingiz yosh bolami?
—Yo‘q, u kap-katta yigit, — dedi ayol xo‘rsinib, — dunyoning ishlari-da, bu qizim. Aslida ota-ona keksaysa, kasal bo‘lsa farzand unga suyanchiq bo‘ladi. Men shu yoshimda bolamning orqasidan kasalxonama-kasalxona yuribman. Bu minnat emas, unga jonim achiydi. Bechora bolamning umri kasalxonada o‘tyapti...
Ayolning qayg‘uli gaplaridan menda uning o‘g‘lini ko‘rish ishtiyoqi uyg‘ondi. Biron bahona bilan xonasiga kiraman degan o‘yda palata raqamini so‘radim.
— Uchinchi xonada yotibmiz. Qizim yoshsan, oyoq-qo‘ling yengil. Bugun- erta uyimga ketaman, o‘g‘lim yolg‘iz qoladi. Malol kelmasa, o‘g‘limga ham choy-poy damlab berib tursang devdim, baraka topkur, — dedi ayol.
Uning mehrli, javdirab turgan ko‘ziga qarab rad eta olmadim.
— Mayli, siz xavotirlanmang, — dedim ishonch bilan. — Albatta, o‘zim xabardor bo‘lib turaman.
Ayol yelkamga qoqib, choynagini ko‘targancha oshxonadan chiqib ketdi.
Ertasi kuni onamga issiqqina choy olib kelayotsam, qarshimda kechagi ayol paydo bo‘ldi.
— Qizim, uyimda ham bolalarim bor. Menga ularning tashvishi yetarli, uyga bormasam bo‘lmaydi. Hozir ketyapman, kechagi gapim esingdan chiqmadimi?
— Yo‘g‘-e, esimda turibdi. Onamga choy olib kirganimdan keyin o‘g‘lingizga damlab beraman.
Ayol meni duo qilib, dahliz bo‘ylab ketdi. Onamning choyini tumbochka ustiga qo‘ydim-u, oshxonaga oshiqdim. Tavba, biron ishga bunchalik oshiqmagandim. Boyagi ayolning o‘g‘liga choyini olib kirishimni o‘ylab, yuragim qinidan chiqqudek hapqirardi. Hovliqqanimdan undan choynak so‘rashni ham unutibman. Oshxonadan chiqib, xona eshigini taqillatdim.
— Kiring, — ichkaridan erkak kishining ovozi eshitildi.
Eshikni ochib, asta mo‘raladim. Krovatda kitob o‘qib yotgan erkakka ko‘zim tushib, salom berdim.
— Vaalaykum, — dedi erkak menga savol nazari bilan qarab.
— Choynakka keluvdim. Onangiz choy damlab berishimni aytuvdi, — dedim tutilib.
— Eh, — u ayanchli jilmaydi va o‘rnidan turib shkaf ichidagi choynakni qo‘limga tutqazdi.
— Men hozir choy olib kelaman, — deb ortimga o‘girildim.
U qo‘liga kitobini olib, boshini qimirlatdi. Dahlizga chiqib, terlab ketganimni sezdim. Choynak tutgan qo‘lim ham yengil titrardi. Men ayolning o‘g‘li yoshgina, kelishgan yigit bo‘lsa kerak deb o‘ylovdim. Biroq krovatdagi yoshi o‘ttizlardan oshgan, g‘amgin erkakni ko‘rib, to‘g‘risi, o‘shanda bir muddat xafsalam pir bo‘ldi. Biroq uning nimasidir odamni esankiratib qo‘yar, besh daqiqa o‘tar-o‘tmas uni qayta ko‘rish istagi yuragimni to‘ldirgandi. Qo‘shni xonadan chiqqan ayolning nigohlaridan qochib, oshxonaga kirdim. Choyni damlab, orqamga qaytdim.
— Mana choyingiz, issiqqina ichib oling, — dedim tumbochka ustiga choynakni qo‘yib.
— Hozircha shart emas edi, mayli rahmat, — dedi u horg‘in ovozda.
Shu damda uning qarshisiga o‘tirgim, gaplashgim kelardi. Biroq u kitobdan boshini ko‘tarolmayotganini ko‘rib, ketishga chog‘landim.
— Endi choy olib kelishingiz shart emas, o‘zim eplayman, — dedi u eshik yoniga yetganimda.
— Hm-mm... — dedim hafsalam pir bo‘lib.
Eshikni yopdim-u, yuragim huvillab qolgandek bo‘ldi. Mendan kamida o‘n besh yosh katta erkakning nimasi o‘ziga tortayotganini tushunolmasdim. Yuragim alamga to‘lgandi. Xonaga kirib, onamning qarshisiga o‘tirdim.
— Choy ichib ol, men ichdim, — dedi onam yuzimga termilib.
Soat o‘n birdan o‘tgan bo‘lsa ham hanuzgacha nonushta qilmagandim. Shkafdan non, qand-qurs olib, dasturxonga qo‘ydim. Onamni ham yeyishga undadim.
— Ishtaham yo‘q, bir pas yotay, — dedi onam majolsizlanib.
Choyimni ichib, yana bekorchiga aylandim. Anavi kishidan kitob so‘ramaganimga afsuslandim. Shiftga termilib xayol surib yotgandim, eshik ochilib, otam kirib keldi. Uning qo‘lida issiq ovqat, non borligini ko‘rib, sevindim.
Ovqatni muzlatkichga olib borib qo‘yishimni aytib, xonadan chiqdim. Shu payt miyamga ovqatdan anavi kishiga ham bersam-chi, degan xayol keldi. Hozir ayni mavridi ekanligini bilib, uning eshigini taqillatdim.
— Kiring.
— Sizga ovqat olib kelgandim, uydan olib kelishdi, — dedim istihola bilan.
— Yo‘q, shart emas! — dedi u qovog‘ini uyub.
Chorasiz ortimga o‘girildim. Eshikka yetganimda undan so‘radim:
— Juda zerikib ketdim! Agar iloji bo‘lsa, kitob berib turing, men ham o‘qiy.
— Nechanchi sinfda o‘qiysan? — dedi u yumshoqlik bilan.
— O‘ninchi sinfda.
— Kitob o‘qishni yoqtirasanmi? Qaysi kitoblarni o‘qigansan o‘zi? — so‘radi u qiziqish bilan.
Oramizdagi to‘siq qulaganidan sevinib, krovat chekkasiga o‘tirdim. Badiiy kitoblarni o‘qish jonu dilim ekanligini, shu kungacha o‘qigan kitoblarimning nomlarini aytdim.
— Uh-hu, yaxshigina kitobxon ekansan-ku, — dedi u jilmayib.
Uning maqtovidan yayrab ketdim. O‘rnimga yaxshilab joylashib oldim. Shu payt uning yuziga qaradim-u, ko‘zidagi mungni ko‘rib, yuragim uvishib ketdi. Onasining ko‘zidan ham g‘amgin. Yuragimni achinish hissi tildi.
— Yuragingizning mazasi yo‘q deb eshituvdim, shu bilan ham kitob o‘qiyapsiz-a? — so‘radim hayratlanib.
— Kitobdan boshqa do‘stim, sirdoshim yo‘q-da.
— Onangiz-chi?..
— Onamning mendan boshqa yana qancha tashvishi bor. Kap-katta odamman, endi hamma narsani ham onamga aytolmayman-da...
Uning yonida bir necha daqiqa qolgan bo‘lsam-da, juda uzoq vaqt o‘tirgandek bo‘ldim. Negadir yana ortimga qaytgim kelardi. Lekin kirishga uyalim. Muzlatgichga ovqatni qoldirib, xonaga kirdim. Otam ketib, onamning yolg‘iz o‘zi qolgan ekan.
— Sen qiz, qaerlarda yuribsan o‘zi? — dedi onam mendan ranjib, — otang kuta-kuta uyga ketdi, — buguncha yonimda qol, ertaga otang bilan uyga qaytasan. Sen bu yerda bo‘lsang, ukalaringni ahvoli nima kechadi?..
Onamning gaplaridan yuragim g‘ashlandi. Bu yerdan sira ketgim kelmayotgandi.
— Siz sog‘aysangiz, birga ketamiz!
— Tunov kuni qolishni istamayotganding-ku. Bekorchilikda yotish yoqib qoldimi deyman, — dedi onam kesatib.
Onamning gaplaridan o‘zim ham g‘alati bo‘lib ketdim. Tunov kuni kasalxonada bir daqiqa ham qolishni, bugun esa ketishni istamayapman. Go‘yo o‘zgarayotganimni onam sezib, urishib beradigandek shitob bilan dahlizga chiqdim. Televizorni yoqib, xorijiy film ko‘ra boshladim. Devorda osilgan soat tushlik bo‘lganini ko‘rsatardi. Onamga ovqatini isitib berib, yana o‘sha xonaga yo‘l oldim.
— Sizga choy qilib bergani keldim, — dedim eshikdan boshimni suqib.
U mendek o‘jar, quloqsiz qizga gap uqtirish befoydaligini anglab, xiyol kulimsiradi. Shkafdan choynakni olib, zipillab chiqib ketdim. Xonaga qaytib kirganimda u krovat chekkasida o‘tirardi.
— Istasang, bir pas o‘tir, zerikdim, — dedi u o‘tinchli ohangda.
Ichimda jon deb turgan bo‘lsam-da, biroz o‘ylandim. Keyin fikridan qaytmasin deb krovat chekkasiga o‘tirdim.
— Shunday qilib kitob o‘qishni yoqtiraman de. Men sendek paytimda kitob o‘qishni unchalik xushlamasdim. Chunki unda bemalol o‘ynab-kulishim, yugurishim mumkin edi. Tashvishing bo‘lmasa, ko‘ngling tusagan ishni qilishing mumkin.
— Endi-chi?.. — so‘radim hayron boqib.
— Endi kasalxonaning bir xonasida qamalib o‘tirishdan boshqa choram yo‘q. Yolg‘izligimni, zerikkanimni his qilmaslik uchun kitob o‘qiyman.
— Lekin inson aslida kitobni ma’naviy dunyosi boy bo‘lishi uchun o‘qishi kerak , — dedim o‘qituvchimdan eshitganlarimni qaytarib.
— Sen ma’naviyatingni boyitish uchun o‘qisang arziydi. Kelajakda nufuzli institutga kirib, oliy ma’lumotli bo‘lasan. O‘z kasbingni fidoyisiga aylanganingda bugungi o‘qiganlaring asqotadi.
Uning gaplari borgan sari xush yoqardi. Gapirishdan to‘xtamasligini istardim.
— Endi bor, onangning choy ichgisi kelgandir, — dedi u nihoyat.
Chorasizgina o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Eshik yoniga yetganimda ortimga o‘girildim. Menga tikilib turgan nigohlardan butun vujudimga titroq kirdi.
— Yana chiqsam maylimi? — so‘radim beixtiyor.
U boshini qimirlatib kuldi. Men baxtiyor edim. Unga yaqinlashayotganimdan, o‘zimga suhbatdosh topganimdan sevinchim ichimga sig‘masdi.
Uch kun o‘tdi. Onamning ahvoli endi yaxshilanib qoldi. Erta-indin shifokorlar ruxsat berishini aytishdi. Zerikkanimdan yana dahlizga chiqdim. Hech kimsa yo‘q. Oyoqlarim beixtiyor yana o‘sha xona tomonga yetakladi.
— Kirsam maylimi? — so‘radim eshikni ochib.
— Kel, ko‘rinmay qolganingga xavotirlanayotgandim, — dedi u tik turgancha.
Uning gapidan yuragim orziqib ketdi.
— Onamning ahvoli yaxshi, bugun erta ketsak kerak, — dedim gapni nimadan boshlashni bilolmay.
— Shunday de, — dedi u to‘satdan ma’yus tortib, — ketarkansan-da.
— Kasalxonada zerikib ketdim. Qishlog‘im yaxshi, barcha odamlar tanish, qarindoshlar. Zeriksang birontasinikiga borasan...
— Kasalxonada vaqt to‘xtab qolgandek bo‘ladi. Bir kuning bir asrga tengdek. Qarindoshlarning oldida o‘zingni kuchli, hech narsaga muhtoj emasdek his etasan. Bu yerda bo‘lsa, chorasiz notavonga aylanasan. Balki atrofdagilar senga kasalmand, bechora deb qarashganidan, achinishganidan bo‘lsa kerak. Chorasizlik irodani zaiflashtiradi.
— O‘zi nimaga yuragingiz og‘riydi? — so‘radim beixtiyor.
Uning yuzida ayanchli kulgi zohir bo‘ldi. Uni bunday kulganini sira ko‘rmagandim.
— Bu gaplarni senga aytishim to‘g‘rimi-yo‘qmi, bilmadim. Lekin hech kim bilan senchalik ochilib gaplashgandim. Aslida yuragim xasta bo‘lib tug‘ilganman. Maktabda o‘qib yurganimda yoshlik shijoati bilan bu dardni his qilmadim. Ulg‘ayganimda tez-tez kasalxonaga yotib davolanishim kerakligini bildim. Odamlarning yuragi bir zaylda tursa, meniki kun sayin kattalashayotganmish. Bu ahvolda ko‘ksimni yorib chiqib ketadimi degan xavotirdaman. Bolalagimda boshqalardan ajralib turishni istardim. Afsus, bugun boshqalarga o‘xshashni istayman!
— Yo‘g‘-e, yurak ham yorib chiqadimi?
Savolim unga erish tuyuldimi, yoki soddaligimdanmi miriqib kuldi.
— Bolalaringiz bormi? Ular sizni ko‘rgani kelishmadi-ku?
— E, o‘zim bir yurak kasal odam bo‘lsam. Yana bir qizni yurak kasali qilmay deb, uylanmadim. Axir mendek yuragi katta, kuni kasalxonada o‘tadigan odam bilan yashash oson emas-da, to‘g‘rimi?
— Bilmasam,— deb yelkamni qisdim.
— Sen bilan gaplashish, qarshimda o‘tirishing menga yoqyapti. Qaniydi, o‘n yil keyin tug‘ilganimda... Seni topib, bir umr gaplashib o‘tirishga ham rozi bo‘lardim. Sen bilan suhbatlashib, umrimning qadriga yetdim. Qiziq, odam nega yashashga to‘ymaydi desam, topganlarini yo‘qotishni istamas ekan-da. Axir topish uchun qiyinchiliklarni yengish kerak!..
Uning gaplari qulog‘imga xush yoqardi-yu, yuragimda allaqanday hadik g‘imirlardi.
— Men ketdim, — deb o‘rnimdan turdim.
— Mayli, bora qol, — dedi u xo‘rsinib va eshik yoniga yetganimda to‘xtatdi, — ketib qolgudek bo‘lsang, seni qayta ko‘rolmasligim mumkin. Yaxshilab o‘qib, institutga o‘qishga kir. Sening dunyoqarashing keng ekan, intilishing bilan maqsadlaringga, yetasan! O‘shanda meni ham eslab qo‘y. Orzularingga yetishingni, baxtli bo‘lishingni men ham istaganimni unutma!
— Siz? Siz qaerda yashaysiz o‘zi?.. — tilimga kelgan so‘z shu bo‘ldi.
— Menmi? — dedi u kulimsirab va mehribonlik bilan davom etdi, — meni yashash manzilimni baribir topolmaysan! Agar esingga tushib qolsam, suhbatlarimizni sog‘insang bahorda gullagan o‘rik daraxtiga qara. Men o‘rik gulini juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, pushtirangini. U menga orzularga to‘la yoshlikni, to‘kilishi esa uning xazon bo‘lishini eslatadi. Eng gullagan, chiroyli davringda xazon bo‘lish ayanchli...
U gapini tugatib, derazaga qarab oldi. Yuragimga alamli og‘riq qadaldi. Hoziroq yig‘lab yuborishimni o‘ylab, eshik tutqichiga qo‘l cho‘zdim.
— O‘rik gulini ko‘rsang, meni eslab tur!..
Uning gapini oxirigacha eshitmay, o‘zimni dahlizga urdim. Shu paytda to‘yib yig‘lagim kelardi.
Ertasiga do‘xtir onamga javob berdi. Narsalarimizni sumkaga joylab, otamning kelishini kutardik. Paytdan foydalanib, o‘sha xonaga otlandim. Eshikni taqillatdim, javob bo‘lmadi. Yuragim noxush dukurlab, eshikni ochdim. Xonada hech kim yo‘qligini, krovatdagi choyshablar almashtirilganini ko‘rib, yuragim uvishib ketdi. Jon holatda shkafni ochdim. Bir-ikkita yelim bo‘sh xaltadan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi.
— Siz bu xonada nima qilyapsiz? — so‘radi eshikdan kirgan farrosh ayol.
— Bu xonadagi kishi qani? U kishida bir narsam qolib ketgandi...
— Kechasi bechoraning yuragi xuruj qilib qolibdi. Do‘xtirlarning yordami, dori-ukol ham naf bermabdi. Yoshgina edi, hali yashasa bo‘lardi...
Ayolning gaplarini tushunmadim. Keyin “O‘ldi” deganini eshitdim-u, tashqariga otildim. Bo‘g‘zimni alamli og‘riq kuydirib borayotgandek edi...
O‘shanga ham o‘n besh yil bo‘ldi. Maktabni tamomlab, institutga o‘qishga kirdim. Ota-onamning roziligi bilan turmushga chiqdim. To‘kis baxtimdan mamnun ayolman. Biroq har yili bahorda o‘rik gulini ko‘rganimda yuragimni tushunuksiz o‘ylar chulg‘ab oladi. Qaniydi, o‘rikning gullari sira to‘kilmasa...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.