Suratdan najot izlagandim

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 11.01.2016
  • Просмотров : 453
  • Коммент: 0
Bu bola keyingi paytlarda mutlaqo o‘zgarib ketdi. Darsga ham, yo‘qlab kelgan jo‘ralari-yu, uy yumushlariga ham e’tibor bermaydi. Shodiboy o‘g‘lidagi o‘zgarishni payqasa ham, u hozir shunaqa o‘tish yoshida, degan o‘y bilan beparvoroq tutdi o‘zini. Ammo bir kuni ko‘chada yuzlashib qolgan o‘g‘lining domlasi masalaga oydinlik kiritdi-qo‘ydi:
– O‘g‘lingizda o‘qishga umuman xush yo‘q. Dars vaqtida ham, tanaffusda ham qandaydir rasmga tikilib o‘tiradi. O‘qituvchi u yoqda tursin, o‘rtoqlari bilan ham gaplashgisi kelmaydi.
Obbo, bola tushmagur-yey, gap bu yoqda ekan-da! Maktabni tamomlamay... Shu bugun o‘g‘lining qo‘yniga qo‘l solib ko‘radi. Albatta, bunaqa nozik masalada jahldorlik joiz emas. Shundoq ham Shavkatning rangi bemor odamdek kundan kunga sarg‘ayib borayapti. Xonasida tonggacha chiroq yoniq turishining sababi ham ayon bo‘ldi endi. Nahotki u shuncha vaqt bir suratga termulib o‘tirsa?!
Oqshom mahali kechki ovqatdan so‘ng ancha taraddudlangan ota baribir o‘g‘liga so‘z qotishga botinolmadi. Rosti, bolasidagi qiyofa cho‘chitdi uni. Shavkat borliq uchun yot odamga aylangan go‘yo. Ha, bu hazilakam dard emas. Shodiboy ancha oldin boshidan kechirgan bu savdoni. Dunyo go‘zal edi o‘shanda. Oshiq nazdida nainki qayg‘u-hasrat, balki o‘limning o‘zi ham yo‘qdek edi bu dunyoda. Lekin o‘lim bor ekan...
Shavkat esa bolaligidan o‘yinqaroq, bitiruvchi sinfga ko‘chganida ham irodasi mustahkam bola edi. Undan faqat qo‘rs javob eshitgan sinfdosh qizlari Shavkat kabi yigitning kimgadir ko‘ngil qo‘yishi mumkinligiga o‘laqolsa ishonmasdi. Faqat uning noma’lum qiz suratiga soatlab termulib o‘tirishini bilish, o‘sha qiz kim bo‘lishi mumkinligi haqidagi o‘y esa barining ichiga o‘t yoqar edi. Biroq jur’at qayoqda bu xususda so‘rash uchun? Yoki yigitning o‘ziga yaqinlashib, qo‘lidagi suratga bir martagina qarash uchun ham otning kallasidek yurak kerak. Chunki Shavkat nafaqat xomush, balki asabiy ham bo‘lib qolgandi. Shu holatida bitta-yarim jig‘iga tekkan qizni qulochkashlab tushirib yuborishdan ham toymaydi u. Kimga yoqadi kaltak yeyish?
Shodiboy faqat xotiniga yorildi.
– O‘zingiz gaplashib ko‘ring, – dedi ona. – Faqat muloyimroq bo‘ling. Men ham uning ahvolini ko‘rib, kechalari uyqum kelmaydi. Agar sizga hech narsa aytmasa, keyin o‘zim urinib ko‘raman.
Shodiboy tag‘in bir kun tadorik ko‘rdi. Gapni nimadan boshlab, qayerda tugatish taxminigacha chamaladi. Lekin ota bo‘lib, bardoshi yetmadi bunga baribir. Oxiri payt poylab, bir oqshom o‘g‘li uyda yo‘qligida uning xonasiga kirdi. Shundoqqina stoli ustida turgan, bir tomoni yirtilgan rasmga ko‘zi tushdi-yu, "olib ketmabdi" degan o‘y kechdi ko‘nglidan. Suratni qo‘liga olib qarashi bilan esa tanish qiyofa ro‘parasida yuragi to‘xtab qolgandek tuyuldi. Qora sochlari yelkasi bilan bitta bo‘lib yotgan, o‘zi beg‘ubor jilmayib turgan qiz bir parcha qog‘ozdan ma’sum boqardi. Qog‘oz emas edi bu aslida, bir bo‘lak o‘t! O‘zi qo‘lni, ta’siri dilni kuydirib kul qiluvchi o‘t. Shunchalar shirin va achchiq ediki bu o‘t, Shodiboy kulimsirab yig‘lay boshladi.
Xuddi shu payt eshikdan shahd bilan kirgan Shavkat avvaliga nima qilarini bilmasdan bir muddat qotib turdi. So‘ng otasining qo‘lidagi rasmni olmoqchi bo‘lib qo‘l uzatdi-yu, qo‘li muallaq holda tag‘in avvalgi holatiga qaytdi. Ayni dam unga otasi telba bo‘lib ko‘rindi.
– Qayerdan olding buni? – dedi Shodiboy sekin, bo‘g‘iq tovushda.
– Yig‘layapsizmi, dada?
– Qayerdan olding deyapman! – bu safar ovozi bir parda ko‘tarildi.
– Topib oldim, – o‘g‘il boshini egdi.
– Taniysanmi uni?
– Yo‘q.
– Eh... jinni bola! – zo‘raki kuldi ota. – Tanimasang, nega unga buncha bog‘landing?
– Men uni topaman, – dedi Shavkat o‘sha holatda.
Shodiboy ko‘z yoshini artib, chap qo‘lini o‘g‘lining yelkasiga qo‘ydi.
– Topolmaysan, bolam. Lekin men uni taniyman.
O‘g‘li "yalt" etib qaradi unga. Rosti, shu on afsus paydo bo‘ldi ko‘nglida. Ko‘ngli hamma narsadan sovib, sirini otasi bilan baham ko‘rmagani uchun. Axir, mana, otasi u qizni tanirkan!
– Kim u, dada? – sal iltijoli ohangda so‘radi.
Shodiboy og‘ir o‘ylandi Burnini tortib qo‘ydi. Va nihoyat o‘g‘liga qaramay gapirdi:
– Bilasanmi, yigirma yil bo‘ldi bu rasmni yo‘qotganimga. Lekin u tirik bo‘lganida, men onangga uylanmas edim. ...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.