SURUR

  • Жалоба на материал
  • Автор: TezkorPRO
  • Дата: 13.01.2016
  • Просмотров : 476
  • Коммент: 0
SURUR
Uning xayollari o‘zida emas – osmonlarda uchib yurardi, labida esa nim tabassum, tepalikka qiyalab chiqib borarkan, goh-goh o‘zicha sakrab, qo‘llarini havoda o‘ynatib qo‘yadi. Oyog‘i ostidagi o‘nqir-cho‘nqir yo‘l ham uni chalg‘ita olmas, aksincha past-balandliklar uning yurishiga yordam berayotgandek edi.
Adirning chap tarafida olma bog‘i yastanib yotibdi. O’ng tomonida esa paxta paykali. Olmalar kuzgi quyoshning zaif nurida yaltirab, go‘yo ko‘z qisib turganday. Quyosh ham kuni bilan nur sochib charchagan shekilli, tog‘ ortiga horg‘in bosh qo‘ymoqda. Bahrom shu boqqa qaraydi. Mana, hozir yig‘im-terim payti, hosilni yig‘ishtirib olish kerak. Shu adirning eng tepa qismida u buvisi bilan yashaydigan uy joylashgan. Hoynahoy buvisi qovoqxo‘rda qilib, uni kutib o‘tirgandir. Bu ovqat haqida balki siz bilmassiz, lekin bir marta tatib ko‘rsangiz, oshqovoqdek shirin ne’mat borligiga yana bir karra amin bo‘lasiz. Ana o‘sha oshqovoqni sigirdan yangi sog‘ilgan sutga qo‘shib qaynatilsa, eng mazali qovoqxo‘rda tayyor.
Bahromni quvnoq kayfiyatda ko‘rib, Rizvon buvining ham yuziga tabassum yugurdi, lekin baribir bu sayoq nevarasini koyimoqchi bo‘ldi.
– Hoy, Bahrom, senmisan, bolam? Shu paytgacha qayoqlarda yuruvding? Bu yoqda shuncha ish qop ketdiyu.
Bahrom bu gaplarga e’tibor bermadi. Qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilib, so‘riga uzala tushib yotib oldi. U hamon samolarda uchib yurardi. Rizvon buvi turgan joyida qotib qoldi. Axir hamisha salom berib kelardi-da. Bugun negadir boshqacha bo‘lib tuyuldi. O’zi bilan o‘zi ovora. Sen kimga gapiryapsan, demaydi ham. Rizvon buvining endi rostakamiga jahli chiqib ketdi. Kosaga nevarasining sevimli ovqatini suzib, dasturxonga qo‘ygach, sekin Bahromni chaqirdi:
– Hoy, bola, senga nima bo‘ldi?
Bahrom hech narsa bo‘lmaganday yerga qarab yotardi. Rizvon kampirni yomon xayollar o‘rab oldi. Tavba, nima bo‘ldi ekan, a? Hech bunaqa odati yo‘q edi-ku. Kampir endi baqirishga tushdi:
– Bahrom! Hoy, Bahrom!
Va nihoyat bola bu olamga qaytdi. Boshini ko‘tarib, qarshisida qoshlarini chimirib turgan buvisini ko‘rdi. Shundagina qaerda ekanligini angladi. Darhol o‘zini o‘nglab, buvisiga salom berdi.
– Valeykim, – dedi Rizvon kampir zaharxandalik bilan. – Ha, Bahromboy, nima bo‘ldi? Ja boshqacha ko‘rinasiz...
Bola buvisining fe’lini yaxshi biladi. Jahli chiqadi-yu, ammo biror yomonlikni o‘ylamaydi. Shuning uchun ham Bahrom erkalik qilaveradi. Rizvon buvi esa birinchi nevarasi bo‘lgani uchun uni boshqacha ko‘radi. Koyib-koyib, yana erkalab ketaveradi.
– Hech nima bo‘lmadi, buvi. Pastga paxta tergani kelishibdi. Shularni ko‘rgani tushuvdim, – u shunday dediyu yuzi qizarib ketdi.
Ammo Rizvon kampir qorong‘ida buni sezmadi. Menga nima, deganday qo‘l siltadiyu o‘z yumushlariga sho‘ng‘idi...
Bahrom oppoq tishlarini ko‘rsatib, bir iljaydiyu huzur bilan qovoqxo‘rdasini, undan keyin o‘choqda qaynatilgan choyni ichdi. Buvisining sigirlarga yem ber, degan eslatmasidan keyin uyning orqa tomoniga – adirning eng tepa qismiga olib chiqadigan yo‘lga o‘tdi. Bog‘ning tugash joyida molxona bor edi. Ikkita ena-bola sigir, ulardan sal nariroqda esa bir buqacha boylangan. Buqachani Bahromning shaxsan o‘zi boqyapti. Oppoq mayin yunglari, munchoqdek mo‘ltirab turgan ko‘zlari, peshonasidagi qora qashqasi va ayniqsa, yarim qarichcha keladigan shoxlari Bahromning diydasini yumshatib, unda novvoschaga nisbatan yanada ko‘proq mehr uyg‘otardi.
Hozir ham sigirlarga yemini bergach, o‘z “suyuklisi”ning oldiga bir tog‘ora ko‘sak qo‘ydi. Ko‘sak mollarning sevimli yemishi, qolaversa, semirtiradi. Buqachaning og‘zini ko‘pirtirib ko‘sak yeyishini zavq bilan tomosha qilib turgach, bo‘ynidagi yungini asta siladi. Novvos xalal berma, degandek go‘yoki qozig‘ini sug‘urib yuboradigan darajada bir pishqirib qo‘ydi. Hech qancha vaqt o‘tmay, tog‘ora taraqlay boshladi – buqacha ko‘sakni yeb bo‘lib, tog‘orani yalab-yulqayotgan edi. Bahrom novvosdan tog‘orani bazo‘r tortib oldi-da, oy shu’lasi yoritib turgan tepalikka chiqmoqchi bo‘ldi.
Osmon ochiq, yulduzlar porlab turibdi. Oy ham to‘lin. Atrof xuddi kunduzdek yop-yorug‘. Bir yoqda chigirtka nag‘ma qiladi, uzoqroqdagi zovurdan esa qurbaqalarning sayrashi eshitiladi. Bahrom tepalikka chiqqach, ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi. So‘ng maysalar ustiga chalqanchasiga cho‘zildi. Qo‘llarini yozib, tepasidagi oyga tikildi. Shu asnoda boyagina xayollarini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan qiz haqida o‘ylay boshladi...
Bahrom bog‘ning quyi qismida olma terayotganida katta yo‘l bo‘yidagi eski shiyponga ikkita avtobus kelib to‘xtadi. Ichkaridan qiy-chuv qilib, talabalar tushishdi. Bahrom barcha ishini yig‘ishtirib, o‘sha tomonga yugurdi. Talabalar avvaliga yangi joyni ko‘zdan kechirib chiqishdi. Keyin esa avtobusdan yuklarini tushira boshladilar.
Bahrom beixtiyor avtobus yoniga borib qoldi. Hasharchilarning goh adirlarga, goh uzoqdan ko‘rinib turgan tog‘larga tikilib turishini kuzatib, yoniga kelgan qizni payqamadi.
– Hey, sizga gapiryapman.
Bola yoniga qaradiyu, yuragi tez urib ketdi. Qip-qizil g‘uncha lablar, qop-qora charos ko‘zlar, ayniqsa, uning husniga husn qo‘shib turadigan yuzidagi kulgichi Bahromni bir ko‘rishdayoq o‘ziga maftun etdi. Uzun kipriklar ostida taajjubli tikilib turgan xumor ko‘zlarga bolaning ko‘zi tushib, ikki yuzi qizarib ketdi.
Qiz quvnoq ovozda yana so‘z qotdi:
– Bolalar tarqab ketishdi. O’zim qiynalyapman, sumkamni ko‘tarishvoring.
Bahrom endi o‘ziga keldi. Baxtiyor qizning to‘rvasini qo‘liga oldi.
U qiz bilan gaplashishni juda-juda istardi. Ammo biror so‘z topolmadi. Qiz ancha shaddod ekan, o‘zi bolani so‘roqqa tutdi:
– Otiz nima?
Bu kutilmagan savoldan bola esankirab qoldi. Nahotki uning ismini bilgisi kelyapti?! Bahrom quloqlariga ishonmadi. Beixtiyor ismini aytdiyu sarmast holda osmonda ucha boshladi. U shu paytgacha bunday holatga tushmagan edi. Oldinlari qizlarni ko‘rganda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdi.
– Meniki Shohida, – dedi qiz o‘sha-o‘sha quvnoq ohangda. O’rtoqlarim Shohi deb chaqirishadi. Siz yaxshi bola ekansiz. Shu yerlikmisiz?
Nahotki u ham qizga yoqib qolgan bo‘lsa?! Bo‘lmasa, bunchalik so‘rab-surishtirmasdi. Balki qo‘l berib ko‘risharman, deb o‘yladiyu darrov yuzi pomidor bo‘lib ketdi. Qizning ingichka qoshlarini kerib, labini cho‘chchaytirib turishi bolaning qalbiga yana o‘t qaladi. Hali-hamon javob talab qilib turgan nigoh bilan Bahromning ham nigohi to‘qnashdiyu darhol ko‘zini chetga oldi.
– Ha, shu yerda bog‘imiz bor. Har yili kuzda hosilni terish uchun kelaman.
Uning gapi uzilib qoldi. Nariroqda bir necha qiz ular tomonga qarab kelishayotgan edi. Qizlar ikkovini ko‘rib, qiqir-qiqir kulishdi. Bola battar xijolat bo‘ldi. Endi bu yerda ortiqchaligini sezib, orqasiga burildi. Kelgan joyiga qaytib ketmoqchi edi, boyagi quvnoq ovoz uni yana to‘xtatdi. Bahrom yuragi zirillab, ortiga qaradi. O’zi bilmagan holda ko‘zini yumib olgan ekan, qizning chaqiruvidan so‘ng o‘ziga keldi. Shohida unga qo‘lini cho‘zib turardi. Bola endi tamomila karaxt bo‘lib qoldi. U asta o‘ng qo‘lini ko‘tarib, qizning mayin qo‘lini ushladi. Shunda uning badani chumoli o‘rmalagandek jimirlab ketdi. Shunchalik sarxushligidan hushini yo‘qotayozdi. Ko‘zlari suzilib, gandiraklab ortiga qaytdi. U yo‘qolgan bir qop oltinini qayta topib olgan odamday osmonlarda uchib borardi...
Bahrom ikkala qo‘lini boshining tagiga yostiq qilib qo‘ydi-da, oyoqlarini chalkashtirib, tepasida turgan oyga yaxshilab razm soldi. Oymoma doimgidan ko‘ra sal kattalashgandek ko‘rindi. Yoki o‘ziga shunday tuyuldimikan? U yanada sinchkovlik bilan nazar soldi. Shu qadar berilib tikildiki, go‘yo oy bilan yonma-yon turgandek his qildi o‘zini... Keyin oyda o‘sha tanish qiyofa namoyon bo‘la boshladi. Avval ko‘zlar, qoshlar, kipriklar rasmi chizildi, so‘ngra qizg‘ish lablar va bejirimgina burun tasviri paydo bo‘ldi. Asta-sekin oy o‘rnini qizning ruxsori egalladi.
Bahrom unga shunchalar yaqin turganidan xijolat tortib, yuzini orqaga oldi. Tik turgan joyida yana o‘sha mayin qo‘l taftini his qildi. Bola endi o‘ziga bo‘ysunmadi. Qizning qo‘lidan mahkam ushlab, qirlarga qarab yugurib ketdi. Ikkovlon kuchlari yetgan joygacha chopishdi. Eng yuqori cho‘qqiga chiqishgach, oyoqlari ostidagi lolaqizg‘aldoqlar quchog‘ida ancha vaqtgacha bir-biriga tikilib o‘tirishdi. Qancha paytdan beri bir-biriga to‘ymagan ko‘zlar bugun ayrilishni hech ham istamasdi. Visol damlari yetib kelgani har ikki oshiq yurak uchun ham aniq bo‘lib tursa-da, jur’at etib bir nima qilishga botina olmasdi. Hatto bir so‘z deyishga-da hojat yo‘q edi. Faqat nigohlar so‘zlashar va bu tilni faqatgina oshiq yuraklar tushuna olardi.
Ular uzoq vaqt shu zaylda o‘tirishdi. Lekin hech bir-biriga to‘yishmadi. Aksincha yanada ko‘proq termulib turishni xohladilar. Qizning lablari tabassumga moyil tarzda jilmayganida uning kulgichi bolaning diliga qayta o‘t yoqdi. Yulduz chaqnab turgan qizning ko‘zlarida chuqur muhabbat izhori yashirin ekanligi shundoqqina bilinib turardi. Labining chetiga tushib turgan bir tutam sochi esa qizning jahlini chiqarmasdi. Aniqrog‘i, Shohida bunga e’tibor bermagandi. Bola ikki barmog‘i bilan o‘sha zulfni qizning qulog‘i orqasiga o‘tkazib qo‘ydi. Shundagina hayodan qizargan yuzlar ko‘zdagi nigoh bilan birga quyiga egildi. Keyin qiz uning qo‘lidan yulqib chiqib, nariroqqa bordi-da, qo‘llari bilan yuzini to‘sib oldi.
Bahrom o‘zida yo‘q xursand, baxtidan sarmast edi. Hozirda undan baxtli odam topilmasdi. Oppoq tishlarini ko‘rsatib, jilmaydi-da, gullar ustiga asta cho‘zildi. Ko‘zlarini yumib, lahzalar ichida ro‘y bergan voqealar haqida ko‘proq o‘ylashga urina boshladi...
– Hoy, sizga gapiryapman.
Bu tanish ovozdan Bahrom ko‘zlarini ochdi. Quyosh tikkaga kelib qolgan, atrofida esa bir necha qiz unga qarab turishardi. Qizlarning oldida cho‘zilib yotgani o‘ziga ham erish tuyulib ketdi, shekilli, darhol o‘rnidan sakrab turdi. Shunday shirin tushning beliga tepgani uchun ularni bir so‘kmoqchi bo‘ldiyu, lekin boyagi tanish ovoz uning quloqlari ostida jaranglagandek yana yangradi:
– Hey, eski tanish, paxtazorda yurgan buqacha sizga qarashlimi?
Bu o‘sha qizning ovozi edi. Nahotki uni topib kelgan bo‘lsa? Bu yerga qanday chiqishdi ekan? Yoki shunchalik ko‘p uxlab yubordimi? U savollariga javob topgunicha qiz yana gap tashladi:
– Sizni buvingiz qidirib yuribdi. Pastga tushsangiz, yaxshi bo‘lardi, – ular shunday deb, ortiga qarab ketishdi. Shohida keta turib, unga o‘girildi. Qo‘lini ko‘tarib, xayrlashgan bo‘ldi-da: – Bundan keyin bunaqa joylarda uxlamang, – deb shirin kulgichini unga hadya qilib ketdi.
Bola to o‘ziga kelib olgunicha qizlar paxtazor ichida g‘oyib bo‘lishdi. Nima deyishdi? Buqacha bo‘shalib ketibdimi? U darrov yana paxtazorga qarab yo‘l oldi. Endi u dunyodagi eng baxtiyor inson edi. Yugurib borarkan, qip-qizil tusga kirgan yuzidan tabassum arimasdi...


Раздел: Стихи / Рассказы
ПОХОЖИЕ ПУБЛИКАЦИИ
КОММЕНТАРИИ НА САЙТЕ
ДОБАВИТЬ КОММЕНТАРИЙ
Имя:*
E-Mail:*
b i u color hide l c r
emo
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.