Yomg‘irli kunlar uzayib ketdi. Bahor oyi boshlangan bo‘lsa-da, qishning qahri kesilmagandi. Bog‘dan eshitilib turadigan qushlarning ovozi ham siyraklandi. Sakkizinchi qavatning oynavand ayvoni raxiga qo‘ngan bir-ikki qush to‘kilgan non ushoqlarini tez-tez cho‘qilaydi-da, boshini yelkalari orasiga olib, xomush tortadi.
— Jonivorlar yegulik topolmayaptimi, deyman, — buvim qushlarni uchirib yuborishdan cho‘chib ayvonga to‘shalgan ko‘rpachaga astagina o‘tiradi, — yomg‘ir ham ezib yubordi.
Onam endi qushlarga ko‘proq urvoq qo‘yadigan bo‘ldi. Barvaqt turib kuzatsam, to‘rt-besh kabutar bir-birini itarib donlashardi.
— Yaqinlashma, bolam, hurkitib yuborasan, — buvim o‘tirgan joyida qo‘li bilan meni yoniga imladi: — otang yoshligida rosa kaptar boqqan — butun boshli tomning bo‘g‘otiga in o‘rnatgan. Har yili sandiq-sandiq bug‘doy edirardi. Bu qush o‘zi mushtdekkina bo‘lsayam, uch-to‘rttasi dunyoni donini ko‘rdim, demasakan.
— Bizlarga adam bu haqda hecham gapirmaganlar-ku!
— Nimani? — yotoqxona eshigi ochilib otamning ovozi eshitildi.
— Kaptar boqqanlaringni aytaman-da, bolam, buvim qo‘llarini tizzalariga qo‘yib o‘rnidan turdi. — Oq kaptarlaring bor edi-ku, paypoqli, dermidinglar...
— Ha-a-a, rosmana paypoq kiyib olganga o‘xshardi-da, — otamning chehrasi yorishib, ko‘zlari kuldi.
— Bu kaptar degani odamga o‘xshab mehr ko‘rsatganni bilarkan, bolam, — bir xo‘rsinib davom etdi buvim. — Yillar o‘tib, uylar ham, inlar ham buzildi. Bir kuni tongda to‘da kabutarlar hovliga gur-gur etib qo‘ndi. Bundoq o‘girilsam, o‘sha oq kaptar bosh, qur-qurlashib aylanib yotibdi. Bolalar yotgan uyning pardasini ko‘tarib, hoy, tez chiqinglar, tezroq, dedim o‘zimga sig‘may. Ulg‘ayib qolgan bolalarim yarimyalang yugurib chiqdi-yu, tanish kaptarlarni ko‘rib: "voy, haliyam borakan-ku”, dedi biri. "Esidan chiqarmabdi-ya”, dedi kichkina amaking. Otang ovoz bergandi, shartta kelib yelkasiga qo‘nsa bo‘ladimi?.. Hammamiz yosh boladek quvongandik... Mana, ayvoninggayam o‘rnashibdi ular. O‘choqqa kirib chiqqanmi, hammasining bo‘yog‘i bir xil.
Otam oyna tomon yaqinlashgandi, «pir» etgan ovoz bilan kabutarlar ham ko‘tarildi. Ertasi kuni otam ikki xaltada bug‘doy va tariq olib keldi-da: — har kuni sochib turinglar, — dedi.
Onam ikkimiz barvaqt turdik. Achchiq shamol bilan yomg‘ir oynaga uriladi. Donlarni sepishimiz bilan sovqotgan kabutarlar ketma-ket uchib kela boshladi. Burchakdan maza qilib kuzatardik, hammasi deyarli bir xil ko‘rinsa-da, aslo o‘xshashmasdi: o‘rtasidagisi ingichkaroq bo‘yni atrofi siyoh sochilgandek yaltirab turardi. Bo‘yni yo‘g‘onining qanoti uchlari shaxmat kataklaridek oqish kulrang, chetdagisi esa ko‘zlari ham sovuq — qanotlarini yoyib yoniga sheriklarini yo‘latmaydi — sinfimizdagi urushqoq bolaga o‘xshaydi. Ukam uydan yugurib chiqqandi, ular «pir» etib ko‘tarildi.
— Hah, bolasi tushmagur-a, — dedi buvim qoshlari ko‘tarilib, — nima qilib qo‘yding?..
Dam olish kuni kechroq turdim. Onam oshxonada nonushta tayyorlayotgan ekan.
— Kelaqol, seni kutib turgandim, donlarni o‘zing sep, — dedi.
Men onamning aytganlarini qildim, ancha paytgacha birorta qush ko‘rinmadi. Buvimning yoniga o‘tirgan ham edimki, ketma-ket qanotlarning silkingani va qushlarning qo‘nayotgani eshitildi. Qarasam, juda ko‘p kabutarlar: o‘ntadan ortiq, sanolmadim. Oqish ranglilari ham qo‘shilibdi. Oralaridagi qoramtir kaptar qanotlarini keng yoyib atrofdagilarni cho‘qib, o‘zidan itara boshladi. Ikki-uchtasi kir yoyishga tortilgan arqonga qo‘nsa-da, ko‘zini dondan uzmasdi. Yomg‘ir tezlashdi, yon qo‘shnimiz derazasini qattiq yopgan edi, ular ko‘tarilib ketdi... Biroz kutdik, qaytmadi.
— Meniyam qo‘limdan don yesin, — otam xaltachani olib, tariq sepdi va kuzatib turaverdi. Zum o‘tmay qushlar dondan ancha nariga qo‘na boshladi, otam boshini parda bilan berkitgan bo‘ldi. Qushlar kechagidan ham ko‘payishgan edi. Donlashga joy yetmasdi. Uch-to‘rt kabutar tumshuqlarini tumshuqlariga tekkizib chug‘urlashardi. Yana ikkisi esa sheriklarining ustida turib to‘xtovsiz donlashga ulgurardi. Ular bir cho‘qiganda uch-to‘rt donni olar, boshini ko‘tarib yutinib qo‘ygandek bo‘lardi...
Kutilmaganda yomg‘ir tezlashdi. Тo‘qqizinchi qavatdagi deraza qarsillab ochildi. Kaptarlar «pir» etib ko‘tarildi. Peshonasida xoldek sutrang belgili kabutar qanotini yoyib deraza tarafga qattiqroq suykalib olgan, sirayam qo‘zg‘algisi kelmasdi. Keyin qo‘shni kir yoydi shekilli, tepadan suv sharillab tusha boshladi. Endi aniq uchib ketadi, deb ko‘zimizni undan uzmasdik... Ammo u indamay turaverdi. Qo‘shnining derazasi yopildi. Yoygan qalin kiyimlaridan chakillab suv tomardi...
Birozdan so‘ng kabutar donga yaqinlashdi, orqasidan kichkinagina targ‘il kabutarcha ergashdi. Hayron bo‘ldik. Keyin bilsak, u qanotlari orasiga bolasini yashirib olgan ekan... ...